METEOROLOGIK MA’LUMOTLAR
REJA:
1. Meteorologik ma’lumotlar va ularni taqdim etish usullari.
2. Sinoptik tahlilda va ob-havo prognozida qo‘llaniladigan meteorologik
ma’lumotlar.
3.Meteorologik ma’lumotlar turlari. Meteorologik ma’lumotlar aniqligi.
Meteorologik ma’lumotlarga qo‘yiladigan asosiy talablar.
4. Meteorologik ma’lumotlar manbalari.
5. Sinoptik stansiyalar tarmog‘i.
6. Aerologik stansiyalar tarmog‘i.
7. Meteorologik ma’lumotlarni to‘plash va tarqatish tizimi.
8. Jahon ob-havo xizmati. Butun Jahon Meteorologik tashkiloti.
9. O‘zbekiston Respublikasida ob-havo xizmati.
TAYaNCh SO‘Z VA IBORALAR: Sinoptik, meteorologiya, tadqiqot, usul,
qisqa muddat, ob-havo, prognoz, rivojlanish, bosqich, kamchiliklari, xalq xo‘jaligi,
davriy, nodavriy, karta, aerologik, to‘plash tarqatish, tizim,
Meteorologik ma’lumotlarning turlari va manbalari, ularga qo‘yiladigan
talablar
Atmosfera jarayonlari tahlilining to‘g‘riligi va tuzilayotgan prognozlarning
muvaffaqiyatligi meteorologik ma’lumotlarning o‘z vaqtida yetib kelishiga va
uning sifatiga bog‘liq.
Atmosfera yoki alohida ko‘rilayotgan meteorologik kattaliklarning holati
to‘g‘risida ma’lumotlar majmui meteorologik ma’lumot deb ataladi.
Meteorologik ma’lumotlar ikki turga bo‘linadi:
1. Bevosita meteorologik kuzatishlar natijasida qabul qilingan ob-havo
to‘g‘risidagi birlamchi ma’lumotlar;
2. Ikkilamchi ma’lumotlar – bu turli jadvallar, sinoptik xaritalar, aerologik
diagrammalar, vertikal qirqimlar, yer sun’iy yo‘ldoshlaridan qabul qilingan bulutlar
xaritalari ko‘rinishida kuzatilayotgan ob-havo to‘g‘risidagi meteorologik
ma’lumotlardir. Bular ob-havoni oldindan aytib berish va tahlil qilishning
vositalaridir.
Meteorologik prognozlar tuzishda atmosferaning holati bir qator parametrlar
bilan xarakterlanadigan murakkab tizim sifatida qaralishi kerak. Bu
parametrlarning kompleksiga atmosfera bosimi, havoning harorati va namligi,
shamolning yo‘nalishi va tezligi, bulutlilik, yog‘inlar, tuman va turli atmosfera
hodisalari (chaqmoq, changli bo‘roni va h.k.) kiradi.
Ob-havo xizmati uchun kuzatishlar zichligini va optimal tezligini aniqlash
muhim masala bo‘lib, bunda o‘lchash tarmog‘ining zichligi ko‘zda tutiladi. Bunday
o‘ta murakkab masalaning yechimi asosida boshlang‘ich ma’lumotlar, bizni
qiziqtiradigan atmosfera jarayonlarining vaqt va fazo bo‘yicha tuzilishi,
prognozlarning davri va ularning oldindan aytib berilishi, texnik va iqtisodiy
imkoniyatlar yotadi. Bu omillarni tahminan hisobga olinishi shuni ko‘rsatadiki,
qisqa muddatli meteorologik prognozlar (1-2 sutka) tuzishda tahminan 107 km2 ga
teng bo‘lgan maydonda, kuzatish zichligi 200-300 km va bir sutkada 4-6 marta
o‘lchangan ma’lumotlar bo‘lishi kerak.
Ob-havo hizmatida qo‘llaniladigan birlamchi meteorologik ma’lumotlar
ba’zi umumiy talablarga javob berishi kerak. Bu talablar, birinchidan, atmosfera
jarayonlarining tuzulishi va rivojlanishi qonuniyatlari, tahlil va prognoz usullari
bilan, ikkinchidan, meteorologik ma’lumotlarga isteamolchi tomonidan bildirilgan
istaklar bilan belgilanadi. Shu talablarga binoan meteorologik ma’lumot global,
uch o‘lchamli, kompleks, sinxron, muntazam va operativ bo‘lishi lozim.
Alohida ta’kidlash kerakki, bu talablar majmuada bajarilishi kerak, chunki ulardan
birontasining bajarilmasligi kelgan ma’lumotlarning qimmatini ancha pasaytiradi.
Meteorologik ma’lumotning globalligi bu ma’lumot qit’a va okeanlar bilan,
ba’zida yarimsharga teng bo‘lgan xuddudlardan olinishini anglatadi.
Meteorologik ma’lumotning uch o‘lchamligi bu ma’lumot nafaqat Yer sirti
yaqinidan, balki atmosferaning yuqori qatlamlaridan ham olinishini bildiradi.
Meteorologik ma’lumotning kompleksligi bu ma’lumot barcha meteorologik
kattaliklar va hodisalarni qamrab olishi lozimligini bildiradi.
Meteorologik ma’lumotning sinxronligi deyilganda, barcha meteorologik
stansiyalarda kuzatishlar bir xil vaqt momentida olib borilishi tushuniladi.
Meteorologik ma’lumotning muntazamligi kuzatishlar muntazam ravishda
olib borilishini anglatadi.
Meteorologik ma’lumotning operativligi kuzatish natijalari mumkin bo‘lgan
qisqa vaqtda iste’molchiga yetkazib berilishining zarurligini bildiradi.
Meteorologik ma’lumotlarga qo‘yilgan talablarning bajarilishi murakkab
masaladir. Ularni bajarish uchun halqaro miqyosda tashkil qilingan va mukammal
meteorologik ma’lumotlarni kuzatish tizimi mavjud bo‘lishi kerak.
Hozir meteorologik ma’lumotlarni olishning quyidagi tizimlari mavjud:
1.
Yer usti sinoptik stansiyalari tarmog‘i;
2.
Yer usti aerologik stansiyalari tarmog‘i;
3.
Kemalarda o‘rnatilgan, statsionar va erkin suzuvchi avtomatik dengiz
gidrometeorologik stansiyalari;
4.
Meteorologik radiolokatsion stansiyalar;
5.
Kosmik meteorologik tizim;
6.
Ob-havoni aviatsion kuzatish.
Meteorologik ma’lumotlarning asosiy manbalarini va turlarini ko‘rib
chiqamiz.
Sinoptik stansiyalar tarmog‘i
Butun Yer shari gidrometeorologik stansiyalar tarmog‘i bilan qoplangan (bir
necha ming stansiyalar).
Aholi zich yashaydigan joylarda stansiyalar orasidagi masofa 100-150 km ni
tashkil etadi, boshqa joylarda (sahro, tog‘li hududlar, botqoqlik, o‘rmonlar va h.k.)
va Dunyo okeanida masofa ancha katta.
Bu stansiyalarda yer sirti yaqinida atmosfera holati sutkasiga 8 marta (o‘rta
grinvich vaqti bo‘yicha soat 00, 03, 06, ..., 21 larda) kuzatiladi. Atmosferaning 15
ga yaqin xarakteristikalari vizual va asboblar yordamida aniqlanadi, jumladan
havoning bosimi, harorati va namligi, shamolning yo‘nalishi va tezligi,
bulutlarning turi, miqdori va quyi chegarasining balandligi, gorizontal
yo‘nalishdagi ko‘rinuvchanlik masofasi, yog‘inlarning turi va miqdori va shu bilan
birga atmosferaning o‘ziga xos hodisalari (tuman, chaqmoq, changli bo‘ron,
yaxmalak va h.k.) kuzatiladi. Gidrometeorologik stansiyalardan olingan
meteorologik ma’lumotlar asosida yer yaqini ob-havo xaritalari tuziladi.
Kuzatishlarning asosiy sinoptik muddatlarida (o‘rtacha grinvich vaqti bo‘yicha soat
00, 06, 12, 18) qit’alar o‘lchamiga teng bo‘lgan katta hududlar bo‘yicha ob-havo
xaritalari tuziladi. Qo‘shimcha kuzatish muddatlarida esa (soat 03, 09, 15, 21)
kichik hududlar bo‘yicha «xalqa» ob-havo xaritalari tuziladi.
Yer sirtining 3/5 qismini Dunyo okeani egallaydi. Dunyo okeani atmosferani
suv bug‘i bilan ta’minlab turuvchi asosiy manbadir. Dunyo okeani yozda o‘zida
issiqlikni to‘plab, qishda uni atmosferaga beradi va shu sababli atmosferada
rivojlanayotgan ob-havo jarayonlariga nihoyatda katta ta’sir ko‘rsatadi.
Atmosferaning umumiy sirkulyatsiyasi, issiqlik va namlik almashinuvi
jarayonlarida Dunyo okeanining ahamiyati beqiyos. Shuning uchun ham Dunyo
okeanining akvatoriyasidan meteorologik ma’lumotlarga ega bo‘lish nihoyatda
katta ahamiyat kasb etadi.
Dunyo okeanidan muntazam ravishda meteorologik ma’lumotlarni yetkazib
beradigan manbalar – bu orollarda tashkil qilingan gidrometeorologik stansiyalar
va «ob-havo» kemalaridir.
Orollardagi gidrometeorologik stansiyalarda kuzatishlar tizimi va tartibi
quruqliklarda joylashgan gidrometeorologik stansiyalar kabi olib boriladi.
«Ob-havo» kemalari – maxsus meteorologik kuzatish asboblari bilan
jihozlangan dengiz kemalaridir. Bu kemalarda kuzatishlar to‘liq dastur bo‘yicha
bajarilib, tezkorlik bilanda prognostik markazlarga jo‘natiladi.
Tabiiyki, bu meteorologik ma’lumotlar yetarli emas. Meteorologik
ma’lumotlar hajmini yanada orttirish maqsadida barcha yo‘lovchi, yuk tashuvchi
va balik ovlovchi kemalarda avtomatik rejimda ishlaydigan gidrometeorlogik
stansiyalar o‘rnatiladi. Hozirgi vaqtda Dunyo okeanida bunday kemalarning soni
7000 dan ortiq. Bundan tashqari, statsionar va erkin suzuvchi platformalarda ham
avtomatik rejimda ishlaydigan kuzatish komplekslari o‘rnatilib, meteorologik
kuzatishlar olib boriladi. Kuzatish natijalari kodlangan holda radio orqali
prognostik markazlarga yuboriladi.
Dunyo okeani akvatoriyasini meteorologik ma’lumotlar bilan yoritish
maqsadida ko‘rilayotgan choralar muammoni hal qilmaydi. Bu maqsadda keng
ko‘lamda Yer sun’iy yo‘ldoshlarini qo‘llash lozim.
Aerologik stansiyalar tarmog‘i
Atmosferadagi jarayonlar uch o‘lchamli fazoda va vaqt bo‘yicha
rivojlanganligi sababli ularni o‘rganish uchun faqat meteorologik stansiyalardan
olingan ma’lumotlar yetarli emas. Atmosfera parametrlarni turli balandliklarda
o‘lchash uchun aerologik stansiyalarning tarmog‘i mavjud. Yer sharining aholi zich
joylashgan hududlarida radiozondlash punktlari bir-biridan tahminan 350-500 km
uzoqlikda joylashgan.
1930 yilda P.A.Molchanov tomonidan ixtiro qilingan radiozond asbobi
yordamida atmosferaning vertikal tuzulishi bilvosita usullar yordamida emas (er
sirti kuzatishlari asosida), balki bevosita kuzatishlar natijasida aniqlanadigan
bo‘ldi.
Aerologik stansiyalarda masofaviy vosita – radiozond yordamida
atmosferani vertikal zondlash amalga oshiriladi. Yengil gaz bilan to‘ldirilgan
rezina qobiqqa radiozond bog‘lanib uchiriladi. Yuqoriga ko‘tarilgan sari radiozond
30-35 km gacha turli balandliklardagi havoning bosimi, harorati va namligi,
shamol yo‘nalishi va tezlik qiymatlarini avtomatik rejimda o‘lchab, radio orqali
qabul markaziga yuboradi. Atmosferani radiozondlash bir sutkada 4 marta
o‘tkaziladi. Bulardan o‘rtacha grinvich vaqt bo‘yicha soat 00 va 12 dagi kuzatish
muddatlari asosiy, soat 06 va 18 dagilari esa qo‘shimcha muddat hisoblanadi.
Atmosferani radiozondlash natijasida olingan meteorologik ma’lumotlar
asosida barik topografiya, maksimal shamol, tropopauza xaritalari va
atmosferaning vertikal qirqimlari tuziladi.
Meteorologik radiolokatsiya stansiyalari
Yer sirtida joylashgan sinoptik va aerologik stansiyalar orasidagi masofa
katta bo‘lganligi uchun atmosferada ro‘y berayotgan ba’zi mezomasshtabli
meteorologik hodisalar kuzatilmasdan qolishi mumkin. Bularga, birinchi navbatda,
to‘p-to‘p yomg‘irli bulutlar, jala yog‘inlar, momaqaldiroq va boshqa hodisalar
kiradi. Meteorologik radiolokatsiya stansiyalari tarmog‘i ushbu muammoni bartaraf
qilishga imkon beradi.
Zamonaviy meteorologik radiolokator o‘z atrofida 150 km masofadagi
fazoni kuzatishi mumkin. Meteorologik radiolokatsiya stansiyalarining yordamida
bulutlar zonasi, ularning mikrotuzulishi, suvliligi, 0°S izotermaning joylashishi,
ya’ni bulutlilikni eng muhim fizikaviy xarakteristikalari, hamda yog‘inlarning
jaddalligi aniqlanishi mumkin.
Meteorologik radiolokatsiya stansiyalari xavfli atmosfera hodisalarini
aniqlash va prognoz qilishda, tropik siklonlarni aniqlab, ularning tuzulishini
o‘rganishda katta rol o‘ynaydi.
Dopler radiolokatorlari yordamida shamol tezligi va yo‘nalishi ham
o‘lchanishi mumkin.
Meteorologik radiolokatsiya stansiyalari tarmog‘i birlamchi meteorologik
ma’lumotlar beradigan tizimda o‘ziga munosib muhim o‘rnini egallaydi.
Kosmik meteorologik tizim
Yer sun’iy yo‘ldoshlarining (ESY) yaratilishi va uchirilishi fan uchun, shu
jumladan, meteorologiya fani uchun ham yangi keng ko‘lamdagi imkoniyatlar
ochdi. Yo‘ldoshlardan olingan dastlabki ma’lumotlar nafaqat ilmiy maqsadlarda,
balki ob-havo hizmatida ham qo‘llanilishi mumkin.
Yer shariga yaqin joylashgan kosmik fazoda uchayotgan kosmik apparatlarni
uchga bo‘lish mumkin: navbatchi rejimda ishlaydigan avtomatik YeSY (“Meteor”,
“Molniya”, “Raduga” va h.k.), boshqariladigan kosmik kemalar (“Soyuz”) va
yashash mumkin bo‘lgan va avtomatik rejimlarda ishlaydigan orbital kosmik
stansiyalar (“Salyut”).
Meteorologiya fani, ob-havo xizmatining operativ faoliyati uchun to‘g‘ri
keladigan va eng qulay ma’lumot – bu maxsus meteorologik avtomatik YeSY
tizimidan olingan meteorologik ma’lumotdir.
Meteorologik kosmik tizim (MKT) ikkita tarmoqdan iborat: kosmik va
Yerda joylashgan tizimlar. Kosmik tarmoqqa orbitada joylashgan maxsus YeSY lar
kiradi, Yerda joylashgan tarmoq esa Yerdagi ma’lumotlarni qabul qiladigan, uni
qayta ishlaydigan va tarqatadigan komplekslarni o‘z ichiga oladi.
Meteorologik YeSY lar maxsus ilmiy qurilamlar bilan jihozlangan. Bu
qurilmalar elektromagnit spektrning turli uchastkalarida (optik ko‘rinuvchan,
infraqizil va radiodiapazon) atmosferani faol yoki passiv zondlash prinsiplarida
ishlaydi. “Meteor” YeSY dan televizion va infraqizil diapazonlarda bulutlilik
maydonlari, qor va muz qoplamlarining zonalari, yog‘inlar zonalari joylanishining
rasmlari qabul qilinadi. Yo‘ldoshda o‘rnatilgan aktinometrik asboblar Yer va
atmosfera nurlagan va qaytargan oqimlar xaqida ma’lumotga ega bo‘lishga imkon
beradi.
Kelajakda YeSY da spektral asboblar yordamida havo harorati, namligi va
bir qator boshqa meteorologik kattaliklarning vertikal kesimlarni (profillarni) qayta
tiklash imkoniyati vujudga kelishi mumkin. Shu holdagina meteorologik
ma’lumotlar bilan ta’minlash muammosi hal bo‘ladi va sinoptik va aerologik
stansiyalar tarmog‘ining hojati qolmaydi. Bir nechta aylana qutbiy orbitalarda
uchadigan YeSY lar qisqa muddat davomida deyarli butun Yer sharidan
meteorologik ma’lumotlarni ta’minlab beradi, ya’ni prognostik markazlar global
meteorologik ma’lumotga ega bo‘ladi.
YeSY lar ikkita rejimda ishlashi mumkin: eslab turish va bevosita uzatish
rejimlarida.
Birinchi rejimda ishlayotgan YeSY bir nechta aylanishlarda (vitokda)
meteorologik ma’lumotni hotirasida ushlab, Yerdagi qabul punkti ustidan uchib
o‘tganida meteorologik ma’lumotni uzatadi. Bu ma’lumot – global masshtabga ega
bo‘lgan ma’lumotdir.
Bevosita uzatish rejimida ishlayotgan YeSY o‘lchashlar bajarilgan zahoti uni
Yerdagi qabul punktiga uzatadi. Katta hududlar qamrab olingan bo‘lsa ham, bu
meteorologik ma’lumot lokal (mahalliy) xarakterga ega bo‘ladi.
Yerdagi qabul punktlariga kelgan kosmik meteorologik ma’lumot qayta
ishlanib, tegishli tashkilotlarga jo‘natiladi.
YeSY dan olingan meteorologik ma’lumot siklon, antisiklon, tropik tayfun
va tez havo oqimlari tahlilida katta yordam beradi. Bundan tashqari sinoptik
stansiyalar siyrak joylashgan hududlarda atmosfera holatini tahlil qilishda yo‘ldosh
ma’lumotlari bebaho hisoblanadi.
Butunjahon ob-havo xizmati
O‘tgan asrning 60-yillarida ilmiy-texnika imkoniyatlarining mislsiz
rivojlanib, meteorologiya fanining tarraqiyotida yangi imkoniyatlar ochilishi
munosabati bilan, Butunjahon ob-havo xizmatini tashkil etish haqida fikrlar yuzaga
keldi. Butunjahon ob-havo xizmatini tashkil etish rejalarini ishlab chiqishda
dunyodagi barcha yirik olimlar, shu jumladan, V.A.Bugaev, Ye.K.Fedorov,
K.Ya.Kondratev va boshqalar ishtirok etdi.
Butunjahon ob-havo xizmati oldida sanoat, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya, suv
va quruqlikdagi transportlarning meteorologik ta’minotini yaxshilash va o‘ta xavfli
ob-havo hodisalarini yanada aniqroq va vaqtida ogohlantirish imkoniyatlarini
yaratish maqsad qilib qo‘yilgan.
1967 yilda Butunjahon meteorologik anjumani Butunjahon ob-havo
xizmatini tashkil etish haqidagi rejani qabul qildi.
Hozirgi vaqtdagi Butunjahon ob-havo xizmati faoliyati Butunjahon
meteorologik tashkiloti tomonidan muvofiqlashtiriladigan milliy moliyalashtirish
va hizmatlardan tashkil topgan jahon meteorologik tizimidir. Bu tizim Butunjahon
meteorologik tashkilotiga a’zo bo‘lgan mamlakatlarning ilmiy va operativ ishlari
uchun kerak bo‘lgan birlamchi va qayta ishlangan meteorologik ma’lumotlar bilan
ta’minlaydi.
Butunjahon ob-havo xizmati uchta asosiy tarkibiy qismlardan iborat.
1. Kuzatishlar global tizimi. Bunga sinoptik va aerologik stansiyalar
tarmog‘i va meteorologik ma’lumotlarni yetkazib beradigan boshqa vositalar
kiradi.