METEOROLOGIK STANSIYALAR VA POSTLARNI TASHKIL QILISH
Mashg‘ulotning maqsadi: Meteorologik stansiyalar va postlarni tashkil
qilish tamoyillari bilan tanishish hamda meteorologik maydonchaning tuzilishini
o‘rganish.
Topshiriqlar:
1. Darslik va o‘quv qo‘llanmalardan foydalanib, meteorologik stansiyalar va
postlarni tashkil qilishni o‘rganish;
2. Meteorologik maydoncha va postning tarxini chizish;
3. Meteorologik maydoncha va postda o‘rnatiladigan asboblar-ning o‘rnatish
tartibini ishchi daftarga yozing;
4. Kuzatish muddatlari va kuzatish tartibini daftarga yozing.
Kerakli materiallar va asboblar: meteorologik stansiya ma’lumotlari,
darslik va o‘quv qo‘llanmalar, jadvallar, meteorologik maydoncha tarxi, ishchi
daftar, chizg‘ich va boshq.
1.1. Meteorologik stansiyalar va postlar
Atmosferadagi fizikaviy jarayonlarning hosil bo‘lishida ishtirok etadigan
kattaliklarga meteorologik elementlar deyiladi. Insoniyatning xo‘jalik faoliyatiga
kuchli ta’sir ko‘rsatadigan asosiy meteorologik elementlarga quyosh radiatsiyasi,
atmosfera bosimi, havo harorati va namligi, shamol, bulutlilik, yog‘inlar, tuproq
harorati va namligi, bug‘lanish kabilar kiradi.
Meteorologik tadqiqotlar asosan kuzatish, ma’lumotlarni tahlil qilish orqali
olib boriladi. Meteorologik kuzatishlar maxsus asboblar yordamida meteorologik
elementlarning son qiymatlarini aniqlaydi. Atmosferadagi hodisalarni vizual
ravishda kuzatish natijasidagina ularni tavsiflash mumkin.
1
Dunyoning barcha meteorologik stansiya va postlarida yagona dastur asosida
kuzatish olib boriladi. Ob-havo to‘g‘risida ma’lumotlarni tuzishda Yerning sun’iy
yo‘ldoshlari, tele- va radiometrik, aviatsion va avtomatik stansiyalardan olingan
ma’lumotlar nihoyatda qimmatli hisoblanadi. Meteorologik stansiyalar va postlar
bajaradigan ishining hajmiga ko‘ra bir necha (I, II, III) turlarga, bajaradigan
ishining mazmuniga ko‘ra esa asosiy va maxsus stansiya va postlarga bo‘linadi.
Asosiy meteorologik stansiyalar va postlarda havo harorati va bosimi,
shamol tezligi va yo‘nalishi, atmosfera yog‘inlari va qor qoplamining qalinligi,
zichligi va undagi suv zaxirasi, meteorologik ko‘rinuvchanlik uzoqligi, tuproqning
yuzasidagi va turli chuqurliklardagi harorati o‘lchanadi.
Maxsus stansiya va postlar xalq xo‘jaligining turli sohalarini kerakli
ma’lumotlar bilan ta’minlaydi. Agrometeorologik stansiyalar maxsus postlar
qatoriga kirib, qishloq xo‘jaligini zarur agrometeorologik ma’lumotlar bilan
ta’minlashga xizmat qiladi. Agrometeorologik stansiya va postlarda kuzatishlar
parallel ravishda (bir tomondan meteorologik elementlar, ikkinchi tomondan
o‘simliklarni rivojlanish holati) olib boriladi. Meteorologik elementlarga
qo‘shimcha ravishda ularda tuproq namligi, harorati, bug‘lanish, tuproqning
muzlash chuqurligi kabi kattaliklar ham kuzatiladi. Shuningdek, fermer
xo‘jaliklarida ekinlarninng o‘sishi va rivojlanishi fazalari, meteorologik
hodisalardan (do‘l, jala, qurg‘oqchilik, qora sovuq va boshq.) zararlanish,
zararkunandalar va kasalliklarning salbiy ta’siri, o‘simliklarning biologik
mahsuldorligi va hosildorligi, ekinlarning qalinligi, begona o‘tlar bilan
ifloslanganligi va boshqalar kuzatib boriladi. Bulardan tashqari yilning sovuq
davrida ekin ekiladigan tuproq harorati, dalaga tushgan yog‘in miqdori, ekish
davridagi tuproq namligi, bug‘lanish, tuproqning muzlashi, qishki ekinlar va
daraxtlarning holati haqida ham ma’lumotlar yig‘ib boriladi. Ob-havo haqida
olingan ma’lumotlar asosida, ekish muddatlari, bahorgi va kuzgi sovuqdan
zararlanish ehtimoli, agrotexnik tadbirlar muddati, qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun
noqulay sharoit haqida meteorologik postlar, stansiyalar, tegishli tashkilotlarga
ma’lumotlar beradi. Ayrim meteorologik elementlar, bir hududdan ikkinchi
hududga ko‘chishda mahalliy sharoitga bog‘liq holda o‘zgaradi. Qor bo‘roni, jala
2
yog‘inlari, momoqaldiroq shunday elementlarga kiradi. Bu hodisalarni kuzatish
uchun meteorologik postlar tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan barcha meteorologik
stansiyalar va postlar O‘zgidromet (O‘zbekiston gidrometeorologiya xizmati
markazi) ga bo‘ysunadi. Uning tarkibiga viloyat va Qoraqalpog‘iston respublikasi
gidrometeorologiya boshqarmalari, ob-havo byurolari, zonal ilmiy- tadqiqot
institutlari kiradi. Meteorologik stansiyalar va postlar kuzatish natijalarini
O‘zgidrometning o‘sha yerdagi tezkor organlariga ma’lum qiladilar va
hududlardagi korxona hamda fermer xo‘jaliklariga kunlik, 3 kunlik, haftalik va
dekadalik ob-havo ma’lumotlarini, agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish muddatlarini,
ekinlarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zgidrometga etkazib beradi.
Toshkent
shahridagi
Gidrometeorologiya
ilmiy-tadqiqot
instituti
agrometeorologiya va gidrometeorologiya sohasida ilmiy tadqiqotlar olib
bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 17 noyabrda
“O‘zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Unda suv
va qishloq xo‘jaligi, energetika, shaharsozlik, sanoat, transport va turizm kabi ob-
havoga bog‘liq iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishi va faoliyat
ko‘rsatishiga ko‘maklashuvchi gidrometeorologik xizmatlar sifatini rivojlantirishga
katta e’tibor qaratilgan. Hozirgi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha
viloyatlarda gidrometeorologik stansiyalar va postlar ishlab turibdi.
1.2. Meteorologik maydonchaning tuzilishi
Meteorologik stansiyalar meteorologik maydoncha va xizmat binosidan
iborat bo‘ladi. Meteorologik maydonchada meteorologik elementlarni o‘lchaydigan
asboblar o‘rnatiladi. Meteorologik stansiya va postlar atrofi ochiq, ya’ni daraxt va
binolar bilan to‘silmagan bo‘lishi kerak. O‘rnatilgan asboblardan olingan
ma’lumotlar shu joy uchun xarakterli bo‘lgan meteoelementlarning haqiqiy
qiymatini ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir. Meteorologik maydonchaga
o‘rnatilgan asboblardan olingan ma’lumotlarni solishtirish mumkin bo‘lishi uchun
3
maydonchaning joyi to‘g‘ri tanlanishi va asboblar qat’iy talab va tartib asosida
o‘rnatilishi kerak.
1.2.1-rasm. Meteorologik maydonchaning ko‘rinishi
Maydoncha relefi tekis gorizontal holatdagi yerdan to‘g‘ri to‘rtburchak
shaklida tanlanib, tomonlari shimoldan janubga va sharqdan g‘arbga yo‘nalgan
bo‘lishi lozim (1.2.1-rasm). Meteorologik maydonchaning o‘lchami mazkur
stansiyada o‘rnatiladigan asboblar soni, ish hajmiga bog‘liq. Standart
maydonchaning o‘lchami 26x26 m (1.2.2-rasm), eng kichik maydonchaning
o‘lchami 20x10 m bo‘lishi mumkin. Aktinometrik kuzatishlar olib boriladigan
stansiyalarda maydonchaning o‘lchami esa 26x36 m bo‘lishi lozim. Bunda
to‘rtburchakning uzun tomoni shimoldan janubga qaragan bo‘ladi. Maydoncha
tekislanadi, o‘simlik ildizlari va boshqa halaqit beradigan narsalardan tozalanadi.
Agrometeorologik postlardagi maydonchaning o‘lchami 6x5 m bo‘ladi. Tanlangan
maydonchaning chegarasi sim to‘r bilan o‘rab chiqiladi. Maydoncha yog‘och
panjara bilan o‘ralganda, panjaradagi reykalar oralig‘i 20 sm qilib qo‘yiladi.
Maydonchaning shimol tomonidan kirish uchun eshik o‘rnatiladi.
Barcha meteorologik stansiyalar maydonchasidagi asboblar bir-biridan va
atrofdagi to‘siqlardan 4-6 metr masofada, bir birini to‘smaydigan va erkin havo
4
aylanishini ta’minlaygan holda joylashtirilishi kerak. Maydonchaning shimol
tomonida nisbatan baland- flyuger, anemorumbometr, yaxmalak o‘lchagich
o‘rnatiladi. Uning janubiy qismida tabiiy holati saqlangan va tuproq haroratini
o‘lchash uchun o‘tdan tozalangan yumshatilgan yer ajratiladi. Tabiiy holati
saqlangan joyning janubiy qismiga qor o‘lchagich reykalar o‘rnatiladi.
Maydonchaning o‘rta qismiga psixrometrik budka, o‘ziyozgich asboblar uchun
budka, yog‘in o‘lchagich va plyuviograf o‘rnatiladi.
Aktinometrik asboblar maydonchaning tabiiy qoplamali joyining janubiy
qismiga o‘rnatiladi. Boshqa barcha asboblar, bir-biriga xalaqit bermaydigan holda.
maydonchaning shimol tomonida o‘rnatiladi. Meteorologik maydoncha va
postlarning tabiiy holatini saqlash maqsadida asboblardan hisob olish uchun
boriladigan yo‘laklarning eni 40-50 sm bo‘lishi va kuzatuvchi asboblarga shimol
tomonidan kelishi kerak. Qor bir tekis yoqqanda yo‘laklarni qordan tozalash
tavsiya qilinmaydi. Bahor va yozda o‘simliklarning balanligi 20 sm dan
oshmasligi, o‘rilgan o‘tlar maydonchadan tashqariga olib chiqilishi lozim.
Agrometeorologik postlarning joyini tanlash talabi meteorologik
stansiyalarni tanlash talabi bilan bir xil. Agrometeorologik postda Selyaninov
budkasi va yog‘in o‘lchagich o‘rnatiladi. Tuproq termometrlari o‘tdan tozalangan
va tuprog‘i yumshatilgan kichik maydonchaga o‘rnatiladi. Tuproq termometrlariga
yaqin yerga qor o‘lchagich reykalar ham o‘rnatiladi. Aspiratsion psixrometr ham 2
metr balandga osib quyiladi.
5