Milliy tarbiyaning asosiy tamoyillari. Boshlang‘ich sinflarda “Tarbiya” fanini
o‘qitish.
Reja:
1. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik tamoyillar.
2. Maktab o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik va ijtimoiy tamoyillar.
3. Maktab o‘quvchilari tarbiyasi metodlari. Didaktikaning asosiy tamoyillari.
4. “Milliy tarbiya” fanini o‘qitish metodlari va texnologiyalari.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik tamoyillar.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalash jarayoni o‘ziga xos tamoyillarga
asoslanadi. Bunda asosiy e’tibor boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy, yosh,
aqliy va ruhiy imkoniyatlariga qaratilishi kerak. Shu ma’noda boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari tarbiyasida quyidagi pedagogik tamoyillarga asoslanish zarurat
hisoblanadi:
- bola shaxsini hurmat qilish;
- bolaning imkoniyatlarini hisobga olish;
- bolani yo‘naltirish;
- bolani ko‘niktirish.
Bu pedagogik tamoyillar o‘quvchilarning shaxsida mavjud bo‘lgan tug‘ma
his-tuyg‘ularni rivojlantirish bilan amalga oshiriladi.
Mazkur o‘rinda ushbu ko‘nikmalarning quyidagi mazmuniga e’tibor bering:
a) bola shaxsini hurmat qilish: bolaga xos xarakterni, qiliqlarni va
intilishlarni tabiiy qabul qilish;
b) bolaning imkoniyatlarini hisobga olish: bunda bolaning jismoniy, aqliy,
ruhiy va sensor xususiyatlarini bilish;
v) bolani yo‘naltirish: bolani fazilatlar, hislatlar va bilish jarayoni sari
yo‘naltirish;
g) bolani ko‘niktirish: bolani tarbiya olish, bilimni egallash va o‘zgalar bilan
ijtimoiy munosabatga kirishishga yo‘naltirish.
Bunday yondashuv asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida amalga
oshiriladigan va suyaniladigan pedagogik tamoyillar o‘zlashtiriladi. Shu sababli
bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga ana shularni o‘zlashtirish tavsiya etiladi.
Mamlakatimizda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik
tamoyillarga asoslanish bo‘yicha o‘ziga xos tajribalar mavjud. Bu tajribalarning
negizini ilg‘or va fidoiy boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining faoliyati tashkil etadi.
Ta’lim tizimining barcha bosqichlariga nisbatan boshlang‘ich ta’limda
o‘qituvchilar pedagogik tamoyillarga qat’iy amal qilishi bilan ajralib turadi. Shu
sababli oliy pedagogik ta’lim jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari
pedagogik tamoyillarni ko‘nikma va malaka sifatida o‘zlashtirishi shart. Buning
uchun Ustozlardan tushunmaganlarini va bilmaganlarini so‘rash, pedagogik va
malakaviy amaliyot davrlarida faol bo‘lish kerak. Pedagogik tamoyillarni
o‘zlashtirish jarayonida amaliyotda o‘rganganlarini sinab ko‘rish muhim o‘rin
tutadi. Hozirgi zamon boshlang‘ich ta’lim metodikasida nazariya va amaliyot
uyg‘unligiga asoslanish muhim ahamiyatga ega.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik va ijtimoiy
tamoyillar. Mamlakatimizda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalashning
nazariyasi va metodikasi takomillashib bormoqda. Bunda milliy pedagogik tajriba
va halqaro ta’lim dasturlari talablariga asoslanish asosiy yo‘nalish hisoblanadi. Shu
jihatdan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik tamoyillarga
amal qilish samarali bo‘lishini ta’kidlash joiz.
Jahon Pedagogikasi fanida quyidagi psixofiziologik tamoyillar alohida
ta’kidlanadi:
1) o‘quvchilarning jinsini hisobga olish (o‘g‘il va qiz bolalarga xos bo‘lgan
fazilatlarni shakllantirish);
2) o‘quvchilarning jismoniy, aqliy va ruhiy uyg‘un rivojlanishini amalga
oshirish;
3) o‘quvchilarning tug‘ma layoqatlarini rivojlantirish;
4) o‘quvchilarning bilim olish va tarbiyalanish masalalari bo‘yicha estetik
didini shakllantirish.
Bularning barchasi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik
tamoyillarga asoslanish samarali ekanligini ko‘rsatadi. YUNESKO tomonidan
e’tirof etilgan “Pedagogika” darsligida (Sankt Peterburg, 2001) o‘quvchilarning
psixofiziologik tamoyillarga asosan tarbiyalanishi ularning shaxsida
umummadaniylikni tarkib topishi tahlil qilib berilgan. Unga ko‘ra, psixofiziologik
tamoyillarga asoslangan tarbiya jarayoni natijasida o‘quvchi shaxsi madaniylashib
boradi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik tamoyillar negizini
ularning shaxsida umummadaniylik ko‘nikmasini tartib toptirish tashkil etadi.
Hozirgi zamon pedagogik kontseptsiyaga ko‘ra, umummadaniylik ko‘nikmasining
asoslari quyidagilardan iborat:
- shaxs o‘z jamiyatidagi turli qadriyatlar va madaniy muhitlarga
moslashtirilishi lozim;
- shaxs madaniyatlararo muloqot ko‘nikmasini egallashi kerak;
- shaxs o‘zga xalqlarning urf-odatlari va turmush tarziga oid xususiyatlarni
hurmat qilish ruhida voyaga yetishi darkor.
Shu jihatdan mamlakatimizning boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarning jinsi,
yoshi va anatomik imkoniyatlaridan qat’iy nazar ular ana shunday tamoyillar
asosida psixofiziologik jihatdan tarbiyalanishi lozim. Buning natijasida
o‘quvchilarning ongi, axloqi va jismida o‘ziga xos xususiyatlar, hislatlar hamda
fazilatlar tarkib topadi. Bu hol boshlang‘ich sinf bitiruvchilarini keyingi ta’lim
bosqichlariga tayyorlashda ham muhim ahamiyatga ega.
Pedagog olimlarning umumiy fikricha, hozirgi zamon tarbiya jarayonida
psixofiziologik tamoyillarga asoslanish o‘quvchilarning biologik, fiziologik va
ijtimoiy shakllanishini tartibli asosda amalga oshiradi. Shu sababli keyingi besh yil
davomida jahon ta’lim-tarbiya jarayonida psixofiziologik tamoyillarning
ustuvorligiga ahamiyat berilmoqda. Bu masalada bizning pedagogik
manbalarimizda ham tavsiyalar mavjud. Misol uchun, Ibn Sinoning “Donishnoma”
asarida bolalarni beshikdan boshlab to 12 yoshgacha psixofiziologik tamoyillar
asosida oila va ta’lim muassasasida tarbiyalash metodikasi ishlab chiqilgan. Oliy
pedagogik ta’lim jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘quvchilari mazkur asar
bilan tanishishi taqozo etiladi.
Hozirgi zamon globallashuv sharoiti insonning ijtimoiylashuvini, ya’ni
jamoatchilik ichida yashash va faoliyat ko‘rsatishini ustuvor darajada belgilaydi.
Chunki insoniyat oldida turgan ijtimoiy muammolarni faqat ijtimoiy faol shaxslar
hal etishi ma’lum. Fransuz adibi Alber Kamyuning “Begona” asarida insoniyatning
birlashuvi o‘quvchilik davridan boshlanishi asoslab berilgan. Shu sababli bugungi
kunda butun dunyo ta’lim tizimida tarbiya jarayonida shaxsni ijtimoiylashuvi
asosiy masala sifatida olingan.
Bularning barchasi boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida ijtimoiy
tamoyillarga asoslanishini taqozo etadi. Bu tamoyillarning
asosiylari
quyidagilardan iborat:
1) 7-11 yoshli shaxsning ongini ijtimoiylashtirish;
2) mazkur toifadagi o‘quvchilarda faollik, tashabbuskorlik va fidoiylik kabi
ijtimoiy fazilatlarni shakllantirish;
3) bu toifa o‘quvchilarni ijtimoiy munosabatlarga olib kirish;
4) o‘quvchilarning ijtimoiy ko‘nikmasini shakllantirish.
Mazkur tamoyillar boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini tarbiyalashda muhiti
ahamiyatga ega. Bu o‘rinda ushbu tamoyillarning quyidagi mazmuniga e’tibor
bering:
a) boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ongini ijtimoiylashtirish: bunda 7-11
yoshli o‘quvchilar ongida jamiyat ehtiyojlari, ideallari va maqsad-muddaolari
ularning imkonipyatiga mos ravishda tarkib toptirib boriladi;
b) boshlang‘ich sinf o‘quvchilarida fazilatlarni shakllantirish: bunda ijtimoiy
fazilatlar o‘zgalarning manfaatini hisobga olishiga e’tibor beriladi, ya’ni faollik,
tashabbuskorlik, fidoiylik kabi fazilatlarda shaxs va o‘zgalarning manfaatlari
uyg‘un mujassam ekanligiga diqqat qilinadi;
v) boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini ijtimoiy munosabatlarga olib kirish: bunda
o‘quvchilar sinfdoshlariga, maktab jamoasiga, o‘qituvchilarga va o‘zgalarga
nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishga ko‘niktirib boriladi;
g) boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ijtimoiy ko‘nikmasini shakllantirish:
bunda o‘quvchilarning jamoada va jamoatchilik orasida o‘zini tuta bilish
ko‘nikmalari shakllantiriladi.
Aynan mana shunday yondashuv asosida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari
tarbiyasida ijtimoiy tamoyillarni tarkib toptirish ishi amalga oshiriladi. SHu sababli
oliy pedagogik ta’lim jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari
pedagogik turkumdagi fanlar mashg‘ulotlarini chuqur o‘zlashtirishi va mustaqil
ta’lim imkoniyatlaridan oqilona foydalanishi tavsiya etiladi. Aslida pedagog kasbi
mana shunday ijtimoiy va pedagogik kompetensiyalarni o‘zlashtirishdan iborat.
Hozirgi zamon o‘quvchilari juda yoshlikdan boshlab ijtimoiylashga boshlaydi.
Bunda Internet tarmog‘ida berilayotgan axborotlarni o‘rni muhim. SHu sababli
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari o‘quvchilarning ijtimoiylashuv jarayonini tartibga
solib borishi taqozo etiladi. Bunda aniq, gumanitar va tabiiy fanlarni o‘qitish
jarayonida, ayniqsa “Tarbiya” fanini o‘qitish vositasida o‘quvchilarning
ijtimoiylashuvini amalga oshirish muhim hisoblanadi. Bugungi kunda boshlang‘ich
sinf o‘qituvchilari oldidagi eng muhim vazifa o‘quvchi tarbiyasida yangicha
yondashuvlarga tayanishdan iborat.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasi metodlari. Boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari tarbiyasida metodlarni belgilash va ularga asoslanish muhim
hisoblanadi. Buning uchun quyidagilarga e’tibor berish maqsadga muvofiq bo‘ladi:
- boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy, yosh va ruhiy xususiyatlarini
hisobga olish;
- oddiydan murakkablikka qarab rivojlanadigan metodlarni tanlash;
- imkon qadar ta’lim jarayoni va pedagogik tajribalardan o‘tgan metodlarga
tayanish;
- zamonaviy texnik jihozlarga mos tushadigan metodlarni kengroq qo‘llash.
Bunday yondashuv boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida oqilona
metodlarni tanlash imkonini beradi. Shu jihatdan bu o‘rinda eng muhim
metodlarning tahliliga e’tiboringizni tortamiz.
1. Ko‘niktirish metodi. Tarbiya jarayoni asosan rag‘batlantirish, ko‘niktirish
kabi usullarga tayanadi. Aksincha, avtoritar usullar tarbiyaning sifat
samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari jamoaparvarlikka, o‘zgalarni hurmat qilishga va o‘zini tuta olishga
ko‘niktirib borilishi kerak. SHu tariqa ularning kelgusi faoliyati uchun bunday
ko‘nikma muhim o‘rin tutadi. Ko‘niktirish metodi tarbiya jarayonida ko‘ndirish,
tarbiyalanuvchini hurmat qilish va uni tinglash imkoniyatlarini beradi.
2. O‘rgatish metodi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida bu metod eng
muhim yondashuvlarni beradi. Shu jihatdan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari
insoniylik, ezgulik, adolat kabi fazilatlarga o‘rgatilishi kerak. Buning uchun
o‘quvchilarda uchraydigan egoizm, tushunmaslik, noto‘g‘ri tushunish kabi illatlar
bosqichma-bosqich isloh qilib borilishi kerak. O‘quvchilarni tushunish ularni
fazilatlarga o‘rgatishning eng muhim yo‘lidir. Buning uchun o‘qituvchilar hamisha
o‘quvchilarni tushunishi taqoza etiladi.
3. Yo‘naltirish metodi. Bu metodga ko‘ra, o‘quvchilar ideal maqsad va
intilishlarga yo‘naltirilishi kerak. Bilim to‘g‘ri berilsa, tarbiya jarayonida
o‘quvchilarda ana shunday intilishlar tarkib topadi. Keyingi paytlarda pedagogik
ilmiy- tadqiqotlarimizda ideal maqsad va uning ahamiyatini tadqiq etish susaygan.
Aslida ideal maqsad o‘quvchilar ongida boshlang‘ich ta’limda shakllantirilishi
kutilgan samarani beradi. O‘quvchilarning qiziqishi, xohishi va istagi hisobga
olingan holda ideal maqsadlarga yo‘naltirilishi tarbiyaning sifatini oshiradi.
E’tibor berilsa, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida oddiy, lekin samara
beradigan metodlarga tayanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mamlakatimiz ta’lim tizimida amal qilinayotgan tarbiya tamoyillari milliy va
umuminsoniy xususiyatlarga egaligiga e’tibor berish lozim. Shu sababli hozirgi
zamon boshlang‘ich ta’limi istiqbolli mo‘ljallab amalga oshirilayotganligi bilan
ajralib turadi. Oliy pedagogik ta’lim jarayonida mazkur masalalarga e’tibor berish
va ta’lim tamoyillarini chuqur o‘zlashtirish bo‘lajak boshlang‘ich sinf
o‘qituvchilarining kasbiy kompetensiyalari tarkibiga kiradi.
Didaktikaning asosiy tamoyillari. “Didaktika” atamasi grekcha bo‘lib,
o‘qitish va o‘rgatish ma’nolarini anglatadi. Didaktika deganda ta’lim nazariyasi
tushuniladi. Shu jihatdan didaktika pedagogikaning nimaga o‘qitish, nimani
o‘qitish va qanday o‘qitish kabi masalalariga javob beradi.
Didaktikaning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:
1) didaktik vositalar va tarqatmalar: zaruriy jihozlar kompьyuter vositalari,
modellar va maketlar, ko‘rgazmalar va texnik vositalar;
2) didaktik materiallar: pedagogtomonidan tayyorlanadigan dars materiallari
va mustaqil ta’lim topshiriqlari.
Didaktikaning asosini qobiliyat tashkil etadi. Bunda bo‘lajak
o‘qituvchilarning qobiliyatini rivojlantirish ularni didaktik texnologiyalar bilan
qurollantirish nazarda tutiladi. Bu o‘rinda didaktikaning asosiy tamoyillarini
taqdim etamiz.
Eng avvalo didaktika nazariyasi tamoyilini o‘zlashtirish maqsadga muvofiq
bo‘ladi. Bugungi kunda didaktika nazariyasiga doir quyidagi kontsepsiyalar
mavjud:
1) didaktik qomusiylik konsepsiyasi: bunda pedagogik ta’lim bo‘yicha to‘liq
ilmiy ma’lumot berish nazarda tutiladi;
2) didaktik pragmatizm konsepsiyasi: bunda amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim
berishga asoslaniladi;
3) funksional materializm didaktik konsepsiyasi: bunda fanlarning o‘zaro
bog‘liqligi asosida ta’lim berishga ustuvor darajada qaraladi;
4) o‘qitishning manfaatli didaktik konsepsiyasi: bunda ta’lim oluvchilarning
xoxish istaklarini hisobga olgan holda ta’lim beriladi.
Didaktika nazariyasiga oid bu konsepsiyalar asosida o‘qitish jarayoni tashkil
etiladi.
Didaktikaning asosiy tamoyillaridan biri
amaliyotdir. Bu tamoyil
quyidagilarni qamrab oladi:
1) dars maqsadini belgilash;
2) darsda eng ilg‘or innovatsion texnologiyalarni qo‘llash;
3) ta’lim oluvchilarning bilim va ko‘nikmasini rivojlantirishga e’tibor berish;
4) ta’lim oluvchilarning bilim va tarbiya darajasini baholab borish.
Bularning barchasi o‘qitishning maqsadli tashkil etish va unda ko‘zlangan
samaraga erishishning asosi hisoblanadi. Shu sababli “Tarbiya” fanini o‘qitish
didaktikasini ishlab chiqish zaruriyat bo‘lib turibdi. Mazkur masalada bizning
yondashuvimiz quyidagicha:
- “Tarbiya” fanini o‘qitishda tarbiyalanuvchining huquqlarini ustuvor bilish;
-
mazkur fanni o‘qitishda eng ilg‘or pedagogik va innovatsion
texnologiyalarga tayanish;
- har chorak so‘ngida fanning o‘qitish natijalarini monitoring qilib borish.
Bunday yondashuv asosida “Tarbiya” fanini o‘qitish didaktikasini maqsadli
shakllantirish imkoniyati mavjud.
Mazkur asoslar asosida “Tarbiya” fanini o‘qitishning yangilangan
didaktikasini ishlab chiqish imkoniyati bor. Buning uchun O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-oktyabrdagi 235-sonli Qarori
bilan tasdiqlangan “Tarbiya” fani bo‘yicha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari
o‘quvchilariga qo‘yiladigan malaka talablari”ga asoslanish maqsadga muvofiq
bo‘ladi. Mazkur Malaka talablarining “Tarbiya” fanini o‘rganish bosqichlariga
e’tibor bering:
Standart
darajasi
Ta’lim bosqichi
Darajaning nomlanishi
A2
Umumiy o‘rta ta’lim 4-sinf
bitiruvchisi
“Tarbiya”
fanini
o‘rganishning tayanch
darajasi
E’tibor berilsa, “Tarbiya” fanini o‘rganishda boshlang‘ich sinflar tayanch
daraja hisoblanadi. Shu sababli boshlang‘ich sinf o‘quvchilari mazkur fanni
o‘zlashtirishda quyidagi malakalarga ega bo‘lishi kerak:
- mas’uliyat va majburiyatga amal qiladi;
- hislarini anglaydi va nazorat qila oladi;
- mustaqil sog‘lom fikrlaydi;
- pul topish va sarflash ko‘nikmalariga ega bo‘ladi;
- liderlik sifatini namoyon etadi;
- kreativ sifatlarini namoyon qila oladi va h.k.
Aynan mana shu malaka talablari asosida “Tarbiya” fanini o‘qitishning
didaktik asoslarini ishlab chiqish mumkin. Buning natijasida ushbu fanning
didaktik asoslari zamon talablari va fanning vazifalarini amalga oshirishga tayanch
bo‘ladi.
“Tarbiya” fanini o‘qitish metodlari. Hozirgi zamon O‘zbekiston
boshlang‘ich ta’limida “Tarbiya” fanini o‘qitish metodlarini aniq belgilab olish
zaruriyat bo‘lib turibdi. Mazkur masalada bizning fikrimizcha, quyidagi o‘qitish
metodlari muhim o‘rin tutadi:
1) o‘qitishning innovatsion metodlariga tayanish;
2) “Tarbiya” fanini o‘qitishda eng oson va eng qulay metodlarga tayanish;
3) mazkur fanni o‘qitish jarayonida modellashtirishga asosiy e’tiborni
qaratish.
Bu metodlar quyidagi mazmunlarga ega:
a) o‘qitishning innovatsion metodlari: axborot-kommunikatsion vositalariga
tayangan metodlar majmui;
b) eng oson va qulay metodlar: maktab sharoitiga mos tushuvchi va
o‘quvchilarning imkoniyatlarini hisobga oluvchi metodlar majmui (tushuntirish,
o‘qitish, o‘rgatish, o‘zlashtirish, yo‘naltirish va h.k.);
v) “Tarbiya” fanini o‘qitish jarayonida modellashtirish: bunda har bir dars
maxsus reja va maxsus metodlar hamda texnologiyalardan foydalangan holda
yangicha uslubda o‘tkazilishi nazarda tutiladi.
Bunday yondashuv asosida mazkur fanning o‘qitish metodlarini oliy
pedagogik ta’lim jarayonida o‘zlashtirish kutilgan samarani beradi. Shu sababli bu
borada bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari Ustozlar bilan ishlash masalasiga
alohida e’tibor berish lozim.
Bugungi kunda “Tarbiya” fanini o‘qitishning metodlarini tanlashda
quyidagilarga asoslanish kutilgan samarani beradi:
- butun hayot davomida tarbiya olish;
- tarbiya bo‘yicha eng yaxshi tajribalarni o‘zlashtirish;
- dunyoqarash va axloq uyg‘unligiga erishish;
- tarbiyalanuvchining ma’naviy, hissiy, iroda va aql tuyg‘ularini rivojlantirish.
Bunday yondashuv boshlang‘ich ta’limda “Tarbiya” fanini o‘qitishning o‘ziga
xos tamoyillarini tanlashga va samarali metodlarga asoslanishga yo‘l ochadi. Oliy
pedagogik ta’lim jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari boshlang‘ich
ta’limda “Tarbiya” fanini o‘qitish metodlari butunlay yangicha asosda bo‘lishini
anglab olishi lozim. Shu jihatdan ta’kidlangan metodlarni negizida quyidagi
yo‘nalishlar mavjud bo‘ladi:
- o‘qitish va tarbiyaning qadriyatlarga asoslanishi;
- tarbiyalanuvchining iroda va aqliy imkoniyatlarini rivojlantirish;
- tarbiyalanuvchida mustaqil fikr va ijtimoiy munosabatlarni shakllantirish.
Bu omillar “Boshlang‘ich ta’limda “Tarbiya” fanini o‘qitish metodikasi”
o‘quv fanining asoslarini tashkil etadi. Chunki bu fan aynan tarbiya masalasida
milliy tajribaning ustuvorligiga ahamiyat beradi va o‘qitishning halqaro
tajribalaridan ijodiy foydalanadi.
Hozirgi zamon jahon Pedagogikasida tarbiya yo‘nalishi ko‘p hollarda
elektron-modulli tizimga o‘tmoqda. Bu tizim shaxs tarbiyasida zamonaviylik va
amaliylikni ilk rejaga qo‘yadi. Shu sababli bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari
tarbiya masalasida milliy va jahon xalqlari tajribasini uyg‘un o‘zlashtirishi taqozo
etiladi.
“Tarbiya” fanini o‘qitish texnologiyalari. Boshlang‘ich ta’limda “Tarbiya”
fanini o‘qitishning eng ilg‘or texnologiyalariga asoslanish lozim. Shu ma’noda
bunday texnologiyalarning eng muhimlarini diqqatingizga taqdim etamiz.
1. O‘qitishning elektron-modulli texnologiyasi. Bu texnologiya an’anaviy va
noan’anaviy dars shakllarida kompьyuter asosida o‘qitishga tayanadi. Unga ko‘ra,
kompьyuterda maxsus dastur vositasida o‘qituvchi tomonidan dars materiallari
to‘liq tayyorlanadi va ta’lim oluvchilarning imkoniyatlariga qarab taqdim etib
boriladi. Bu texnologiyada dars materiallarini yangi ma’lumotlar asosida yangilab
borish va multimediyali axborotlarni berish imkoniyatlari mavjud.
2. O‘qitishning masofaviy ta’lim texnologiyasi. Bu texnologiyaga ko‘ra,
“Tarbiya” fani onlayn tarzida o‘qitiladi. Unda ta’lim oluvchilar bevosita virtual
aloqaga kirishadi. Ayni paytda, mazkur texnologiyada mustaqil ta’lim topshiriqlari
ko‘p bo‘lishi taqozo etiladi. Ta’lim oluvchilar aynan mustaqil ta’lim topshiriqlarini
bajarishi bilan fanni o‘zlashtiradi.
3. Ustoz-shogird texnologiyasi. Bu texnologiyaga ko‘ra, har bir o‘quvchi
boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga biriktiriladi. Bunda har bir o‘qituvchi o‘z
o‘quvchisining tarbiyalanish jarayonini kuzatib boradi va bu ishlarni “Tarbiya” fani
o‘qituvchisi muvofiqlashtiradi. Mavjud ta’limga oid me’yoriy hujjatlar asosida
o‘quvchisining tarbiyalanganlik darajasi yuqori bo‘lgan o‘qituvchilar Maktab
rahbariyati tomonidan moddiy rag‘batlantirib boriladi. Mazkur texnologiya
boshlang‘ich ta’limda “Tarbiya” fanini o‘qitishda eng muhim yondashuvlardan
hisoblanadi.
Hozirgi zamon oliy pedagogik ta’lim jarayonida o‘qitishning ana shu
innovatsion texnologiyalari amalga kiritilmoqda. Shu sababli “Tarbiya” fanini
o‘qitish texnologiyalari tanlanayotganligida ana shunday zamonaviy ta’lim va
tarbiya texnologiyalarini tanlashga e’tibor berish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Chunki bugungi tarbiya jarayoni rivolanayotgan texnik vositalarga asoslanishi
bilan muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda texnik vositalarga asoslangan
texnologiyalar asosida mazkur fanni o‘qitish jarayonida o‘quvchilarda quyidagi
ko‘nikmalarni shakllantirishga diqqat qilish kerak:
- o‘quvchilarga kompyuter, mobil aloqa vositasi o‘qishning va tarbiya
olishning tayanchi ekanligini tushuntirish;
- o‘quvchilarning texnik vositalardan bilim olish yo‘lida foydalanishga
o‘rgatish;
- texnik vositalarning imkoniyatlarini baholashda ularning axborot manbaiga
e’tibor berish madaniyatini shakllantirish.
Buning natijasida texnik vositalarga asoslangan texnologiyalardan “Tarbiya”
fanini o‘qitishda oqilona foydalanish malakasiga ega bo‘linadi.
E’tibor berilsa, “Tarbiya” fani didaktikasi butunlay yangicha yondashuvlar,
tamoyillar va texnologiyalarga asoslanadi. Bizning yondashuvimizga ko‘ra,
mazkur fanning didaktikasi o‘ziga xos tarzda va pedagogik tajribalarning ilg‘or
yondashuvlari asosida ishlab chiqilishi kerak. Shu sababli oliy pedagogik ta’lim
jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining “Tarbiya” fani didaktikasi
bo‘yicha tushuncha, bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishda innovatsion
yondashuvlarga asoslanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Mustahkamlash uchun savollar va topshiriq:
1. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik tamoyillar deganda
nimalarni tushunasiz?
2. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixofiziologik va ijtimoiy
tamoyillarini nimalar tashkil etadi?
3. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasi metodlari deganda nimalar
nazarda tutiladi?
4. Abu Ali Ibn Sinoning “Donishnoma” (Toshkent, 1990) asarini o‘qib
chiqing.
5. Didaktikaning asosiy tamoyillari deganda nimani tushunasiz?
6. “Tarbiya” fanini o‘qitish metodlarini nimalar tashkil etadi?
7. “Tarbiya” fanini o‘qitish texnologiyalarini bilasizmi?
1-4 -sinf “Tarbiya” darsliklarini o‘rganib chiqing.
Milliy tarbiyaning asosiy tamoyillari. Boshlang‘ich sinflarda “Tarbiya” fanini
o‘qitish
Reja:
1. Tarbiya nazariyasining umumiy xususiyatlari
2. “Milliy tarbiya” fani asoslari
3. “Milliy tarbiya” fanini o‘qitish zaruriyati
Tayanch tushunchalar:
Tarbiya, nazariya, fan, asos, me’yor, hujjat, o‘qitish, zaruriyat, qaror, bilim,
ko‘nikma, uquv, kompetensiya, amaliyot.
Boshlang‘ich ta’limda tarbiya jarayonini amalga oshirish o‘ziga xos asosiy
tamoyillar va metodlarga asoslanadi. Mazkur mavzuni o‘zlashtirishda
quyidagilarga e’tibor berish tavsiya etiladi:
-boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik tamoyillar masalasini
aniqlab olish;
-boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida psixologik tamoyillarni belgilab
olish;
-boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida ijtimoiy tamoyillarni belgilash.
Bunday yondashuv e’tibor berilsa, uchta tamoyilga asoslanishi ma’lum
bo‘ladi. Bular pedagogik tamoyillar (bolaparvarlik, jismoniy yetuklik, aqliy
shakllanganlik), psixologik tamoyillar (ruhiy yetuklik, tasavvurga egalik,
xotiraning rivojlanganligi) va ijtimoiy tamoyillar (bolaning ijtimoiylashuvi,
maktab jamoasiga moslashuvi, faollik). Mazkur tamoyillar asosida boshlang‘ich
sinf o‘quvchilarini tarbiyalash lozim bo‘ladi.
Boshlang‘ich ta’limda tarbiyaning quyidagi metodlariga asoslanish zaruriyat
hisoblanadi:
-
tushuntirish;
-
o‘rgatish;
-
ko‘niktirish;
-
odatlantirish.
Bunda tushuntirish metodi boshlang‘ich sinf o‘quvchisini ongini
shakllantirishga asoslanadi. O‘rgatish metodi mazkur toifadagi o‘quvchilarda
axloqiy fazilatlarni shakllantirishga tayanadi. Ko‘niktirish metodi boshlang‘ich
sinf o‘quvchilarida ijtimoiylikni tarkib toptirishni nazarda tutadi. Odatlantirish
metodi esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bilim olishga va axloqiy faol
bo‘lishga ko‘niktirishga asoslanadi. Bu metodlar vositasida boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari dastlabki bosqichda pedagogik, psixologik va ijtimoiy jihatdan
tarbiyalanadi.
Shu sababli oliy pedagogik ta’lim jarayonida bo‘lajak boshlang‘ich sinf
o‘qituvchilarining tarbiyaning asosiy tamoyillari va metodlarini o‘zlashtirishi
taqoza etiladi. Buning uchun o‘zlashtirilgan tarbiya tamoyillari va metodlari
pedagogik amaliyot davrida sinovdan o‘tkazilishi kerak.
Mavzu bo‘yicha tarbiyaning asosiy tamoyillari va metodlarini o‘zlashtiring.
1-topshiriq: Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tarbiyasida pedagogik va
psixofiziologik tamoyillarining o‘zaro bog‘liqligini jadvalda qayd eting:
№
Tarbiya qonuniyatlari
Tarbiyaning qaysi tamoyillari
asosida namoyon bo‘ladi
1
o‘quvchilarning jismoniy, aqliy
va ruhiy uyg‘un rivojlanishini
amalga oshirish
2
bolani ko‘niktirish: bolani tarbiya
olish, bilimni egallash va o‘zgalar
bilan ijtimoiy munosabatga
kirishishga yo‘naltirish