MIXAIL IVANOVICH GLINKA HAYOTI VA IJODI (1804-1857)
Reja:
1. Glinkaning musiqa olamida tutgan tarixiy roli.
2. Glinka ijodiyotining tadqiqotchilari
3. Glinka ijodiy hayot yo’li va ijodiga xarakteristika.
4. Glinka opera dramaturgiyasi.
5. Glinka simfonik musiqasi.
6. Glinkaning romans va qo’shiqlari.
1. Glinkaning musiqa olamida tutgan tarixiy roli. Glinkaning musiqa
olamidagi tarixiy tutgan o’rni rus adabiyoti olamidagi Pushkin bilan hamohangdir.
Bu ikki zamondosh buyuk insonlarning ijodiyotlari ham xarakter jixatidan bir biriga
o’xshash va bir biri bilan uzviy bog’langan. Tanqidchi Belinskiy aytganiday ; Bu
ikki insonning rus klassik madaniyatiga qo’shgan hissalari juda katta,ular rus adabiy-
musiqiy klassik madaniyatining ochilmagan yangi qirralarini ochib bera olgan,
rivojlantirish jarayonida yangi turkumlar,yangi janrlar,umuman olganda rus
madaniyatida keskin yangilik yaratishga asos solgan tarixiy insonlardir . Pushkin
singari Glinka xam o’z asarlarida rus hayoti,rus xarakterining negizi tomonlarini
ko’rsata oldi.Glinka rus klassik operasi va rus klassik romanslari yaratuvchisidir.
Glinkaning buyuk tarixiy ahamiyatiga tegishli yana bir narsani ta’kidlab o’tishimiz
kerak. U nafaqat kompozitor balki, turli xil millatlarning dunyoqarashini, ichki
hissiyotini , hayotning ideologik taraflarini his etib, ko’ra bila olgan ruhshunos,
buyuk insondir.Glinka ijodining “gullab yashnash”i romantizm davriga to’g’ri
keladi. Glinkaga romantiklarning milliy o’ziga xosligi va xarakteri mohiyati yaqin
edi. Ammo Glinka romantik bo’lmadi uning “ Ruslan va Lyudmila” rangdor
fantastik operasida kishini ulug’lovchi hislar majmui yo’q.
2. Glinka ijodiyotining tadqiqotchilari. Glinka ijodiyoti davri romantizm
davriga to’g’ri keladi. Glinkaga romantizm oqimining xarakteri, ya’ni xalk
qadriyatlariga asoslangan xarakteri ma’qul keldi, lekin Glinka xaqiqiy romantik
bo’lmadi. “Ruslan va Lyudmila” operasida romantizm xarakteri ifoda
topmagan,aksincha fantastik syujetlarga boy. Rus musiqa tarixida Glinka
birinchilardan bo’lib xaqiqat va go’zallikni, obrazlarning hayot tarzini jonli ifodalab,
ko’rsatib bera olgan kompozitordir.
Rossiya san’atshunoslari uchun Glinka ijodiyoti katta musiqali estetik izlanishlar
uchun ob’ektdir. Ijodiyotining tahlillar asosi professional adabiy musiqani
ko’rsatmoqda. Glinka asarlari tarixiy,estetik ruhda,musiqali ijod aspektlarida(nuqtai
nazar, jihat, tomon)idan tahlil qilinmoqda. Uning asarlari tanqidiy maqolalar
predmetiga ,musiqali teatr va musiqali ijro, opera dramaturgiyasi, simfonizmning
printsiplari, musiqa matnlari spetsifika(o’ziga xoslik) mavzusiga tegishli dolzarb
muammolar echimini topish, izlanishlari uchun bebaho namuna bo’lmoqda. V.F.
Odoevskiy ,A.N Serov,B.V Asafev ,D.D Shostakovich, G A. Larosh, P.P Veynmarn,
A.N. Rimskiy-Korsakov kabi san’atshunos olimlar va kompozitorlar Glinka
ijodiyotini o’rgangan va hanuzgacha o’rganib kelayotgan insonlardir. M.I.
Glinkaning ijodiy hayoti uning “Zapiskax”( Xotiralar) hayotiy kechinmalarini yozib
qoldirib ketgan kitobida aks etgan. Bu kitobda Glinkaning hayoti 4 davrga bo’lingan.
1.Bolalik va yoshlik,ijodiy printsiplarining shakllanish.
2.Usta darajasigacha yo’l (1830-1836)
3 Markaziy davr (1844-yilgacha bo’lgan davr)
4 So’nggi davr (1844-1854)
Uning bu kundalik kitobida kompozitorning oddiyliligi, insoniyligi, o’ziga
bo’lgan talabchanligi yaqqol namoyon bo’ladi. M.I .Glinka, janubiy musiqa
madaniyatini to’la o’rganib chiqqan holda, ustamonlik bilan o’zining estetik qarash
tizimini ishlab chiqdi.U rus klassikasi maktablariga fundament(poydevor) yaratib,
milliy ruhda va rus klassika musiqa tilini yaratdi. Glinkaning musiqasida ajralib
turuvchi element bu --- kuydir. Asosan kuy uning asarlarida o’zining kuychanligi
bilan ,tekis ravon yo’nalishi bilan vokal va ijrochilik yo’nalishlarida asosiy partiyani
o’ynaydi. Xalq qo’shiqlari,lad va ritmlari ,xalq kuylarini Glinka o’z asarlarida
yaqqol ifoda etgan.
3 . Ijodiy hayot yo’li va ijodiga xarakteristika. Hayoti. M.I Glinka 1804-yil
Smolensk guberniyasi( viloyati) Novospassda tug’ildi. Yoshligidan rus xalq
qo’shiqlarini eshitishni yoqtirgan. Uning amakisi qaramidagi dehqonlar orkestri
dasturida rus qo’shiqlari, klassik p’esalar va raqslar bor edi. U bolalik davridan
boshlab skripka va fortepiano asboblari ta’limini o’zlashtirgan. 1818-1822 yillar
mobaynida Peterburg shahrida umumiy ta’lim olish bilan birga adabiyot, teatr,
poeziya, musiqa sohalarini ham o’zlashtirgan. Glinkaning hayotida uning ustozi Sh.
Mayer unga nafaqat pianino chalishni, balki kompozitorlik musiqa asarlarini yaratish
sohasini ham o’rgatdi. 1825-yillarda Glinkaning tabiatan tug’ilgan kompozitorlik
iste’dodi paydo bo’lib, o’zini to’laqonlik bilan ijodga bag’ishlaydi. Uning birinchi
tajribasi ostida fortepiano variatsiyalari tsikli, uvertyuralarning xomaki nusxasi,
kamer ansambllari asarlari paydo bo’ladi. Undan so’ng “Ne iskushay” (Vasvasaga
tushma), “ Bedno’y pevets» (Bechora qo’shiqchi),“Ne poy krasavitsa pri
mne”( Nozanin mening oldimda qo’shiq kuylama) kabi rus xalq qo’shiqlari
mavzusiga ahamiyatli romanslari yaratiladi. Bir paytning o’zida uning pianinochi-
ijrochi va xonanda mahorati ham shakllana boshlaydi. 20-yillarga kelib Glinka juda
mashhur bo’la boshlaydi.Atrofidagi muhit neki berayotgan bo’lsa hammasidan
ozuqa ola boshlaydi. Glinka Pushkin, Griboedov, Jukovskiy, Mitskevich kabi
shoirlar bilan yaqin edi. Odoevskiy va Varlamov kabi muzikantlar bilan birga polyak
millatiga mansub pianinochi Mariya Shimanovskaya xonadonidagi namoyishlarda
chiqish qilar edi. Glinka nafaqat rus musiqasini o’rganibgina qolmay, G’arb musiqa
madaniyati bilan tanishib chiqishga ham harakat qiladi. 1830-yilda birinchi bor xorij
safariga jo’naydi. U Italiyaga ketadi va u erda Milanda yashab Neapol, Rim,
Venetsiya shaharlarida ham bo’ladi. U erda italyan opera madaniyatini o’rganadi.
Italyancha mavzuda fortepiano uchun yozilgan variatsiyalarida uning Italiya
madaniyatiga bo’lgan qiziqish va muhabbatini ko’rish mumkin. Berlinda Glinka
muzikant-nazariyotchi Zigfrid Den rahbarligi ostida nazariy bilimlarini tartibga
solib, polifonik xat texnikasi ustida ishlaydi.1834-yilda Glinka vataniga qaytib kelib,
rus milliy operasi “Ivan Susanin” operasini yaratish g’oyalarini tuzadi. U katta
qahramonnona opera yaratish orzusida bo’ladi. “Ivan Susanin” operasi syujeti
Jukovskiy tomonidan taklif qilingan bo’lib, bu opera ustida katta ish boshlanadi.
Ammo operaning librettosi yo’qligi bir qancha qiyinchiliklar tug’diradi. Opera
matnini yozish G.F.Rozenga topshiriladi. Dastavval “Ivan Susanin” operasi nomi
“Shoh uchun hayot” deb nomlangan, ammo xalq fojeasini va Vatan uchun jonini fido
qilgan dehqon jasoratini ko’rsatish uchun keyinchalik “ Ivan Susanin” nomiga
o’zgartirildi. Opera taqdimoti 1836-yil 27 noyabrda namoyish qilinib, katta
muvaffaqiyat qozonadi. Operani ulkan tarixiy voqea deb qabul qilgan Pushkin,
Gogol, Odoevskiylar operani sharafladilar. Qo’shiq ishqibozi bo’lgan ba’zi
oqsuyaklar “izvoshchilar musiqasi” deb qarama-qarshi fikrlarni ham yuritdilar.
Glinka ijodining “gullab yashnash”davri boshlandi.Uning san’ati vatanida va
xorijda rag’bat qozonadi. Glinka “Ruslan va Lyudmila”operasi, N.K.Kukolnikning
“Knyaz Xolmskiy” fojeasiga musiqa yaratishni, “Prohanie s Peterburgom”
(Peterburg bilan xayrlashuv) romanslar majmui ustida ish boshlaydi. Bu davrning “
Somnenie” (Shubha), “Nochnoy smotr”(Tungi ko’rik), “Ya pomnyu chudnoe
mgnovene”(Ajib bir lahza hamon yodimda) kabi romanslari juda mashhurdir.
“Ruslan va Lyudmila” operasi 1842- yil 27 noyabrda namoyish etildi. Opera
taqdimotida imperator va uning a’yonlari opera tugamasidan zalni tark etganlariga
qaramasdan, musiqiy tanqidchilar operani yuqori baholashgan.1840-yillar
Glinkaning estetik qarashlari shakllangan davrdir. Ammo Glinkaning tashqi hayoti
sharoitlari noqulay va nomuvofiq edi. Saroy qoshidagi ashulachilik jamoasida
kompozitor bo’lib ishlasada, saroy xizmatkori bo’lib ishlayotgani unga alam qilar
edi. Jamoaning mayda hasadlari va ayblashlari Glinkaning ijod mehnatiga xalaqit
berar edi. Glinkaning ijodiyoti bir maromda omadli kechayotgan bo’lsada, uning
shaxsiy hayotini baxtli deb bo’lmasdi. Atrofidagi insonlarning hasadgo’yliklari va
uning ijodiyotiga befarq bo’lgan oqsuyak boy pomeshchik qizi, uning rafiqasi M.P.
Ivanovaga omadsiz uylanganligi Glinkaning ijod qilishiga ba’zan xalaqit berar
edi.Mana shularning barchasi Glinkaning oqsuyak, zodagonlar olami bilan aloqasini
uzishga olib keldi. 1844-yilda xorijga Frantsiya va Ispaniyaga jo’nab ketadi. Parijda
Glinka Gektor Berlioz bilan tanishadi. Parijda uning asarlaridan tuzilgan kontsert
dasturi omadli o’tadi. Hayotining so’nggi yillarida Glinka Peterburgda, Varshavada,
Parij va Berlinda yashaydi. Uning uyida doimo, yozuvchilar, shoirlar xonandalar,
aktyorlar va yosh muzikantlar Balakirev, musiqiy tanqidchilar Serov, Stasov kabilar
yig’ilar edilar. 1857-yilda Glinka Berlinda hayotdan ko’z yumdi va uning hoki
Peterburgga olib kelindi.
4.Opera dramaturgiyasi. Glinka tomonidan 2 ta etakchi opera janridagi
xalq tarixiy musiqali dramasi” Ivan Susanin”,xamda ertak-epik operasi “Ruslan va
Lyudmila” yaratildi.”Ivan Susanin” Glinkaning etilgan ijodiy davridagi mahsulotidir.
Opera syujeti Jukovskiy tomonidan yozilgan. Bu syujetda 1612-yilda bosqinchilar
tomonidan Rossiyaga qilingan bosqinchilik davrida qaxramonlik bilan jasorat
ko’rsatgan dehqon Ivan Osipovich Susanin xaqida tarixiy fakt kiritilgan. ”Ruslan va
Lyudmila“ operasi an’anaviy ertak syujetida yozilgan bo’lib, Glinka bu operada
fantastik, sehrli, turli xil personaj va obrazlarni yaratish uchun musiqaning turli xil
variatsion shakllaridan foydalangan.Bu
operada turli xarakterdagi
obrazlar,personajlar galereyasi mavjud . Ular orasida olijanob,mard ro’tsar Ruslan,
latofatli Lyudmila, ilhomlangan Bayan, sadoqatli Gorislava, sahiy Fin,makkora
Naina, qahrli Chernomor obrazlari shular jumlasidandir.
“ Ruslan va
Lyudmila“ertak-epik operasining yangi janri musiqali dramaturgiyada o’z
afzalliklari bilan ajralib turadi.Musiqiy tanqidchi Stasov, Glinka asarlarida xalq
eposiga bo’lgan qiziqishni, rus badiiy san’atiga keng ko’lamda yo’naltirilgan xalq
poeziyasini yuksak darajada baholagan.
“Ivan Susanin” operasi mazmuni: Domnino qishlog’i dehqonlari ko’ngilli
askarlarni jo’shqin kayfiyatda kutib olmoqdalar. Faqatgina Antonida g’amgin. U
o’zining ko’ngilli qo’shin bilan polyak mayda dvoryanlarini (zodagonlarini) yakson
qilish uchun ketgan kuyovi bo’lmish Bogdan Sobininni kutmoqda. Susaninga
qizining hissiyotlari tushunarli bo’lsada, u qizini og’ir yil sinovlariga bardosh
berishini hohlaydi.Hozirgi og’ir paytda to’y xaqida o’ylash mavridi emas. To’satdan
daryo tomonidan qo’shiq ovozi kela boshlaydi. Sobinin ko’ngilli qo’shin bilan qaytib
kelmoqda. Ular yaxshi xabar olib keldilar . Minin va Pojarskiylar rus qo’shiniga
etakchilib qilib, har tomondan ularga harbiy askarlar oqib kelmoqda.Dehqonlar
ozodlikka erishish yaqin qolganidan shodlanmoqdalar.Susaninning to’yni keyinga
qoldirish fikri Sobininni ranjitmoqda,axir u to’y uchun jonajon qishlog’iga qaytib
kelgan edi. Avval Susanin gapida qattiq turib oldi, ammo Moskvada dushmanlar
qamal qilinganini eshitib to’y o’tkazilishiga ruxsat beradi.