O’qitishning texnik vositalari va ular bilan ishlash texnologiyasi
Fan va texnikaning rivojlanishi bilan maktab geografiyasining oldiga
qo’yiladigan talablar ham ortib boradi. Mazkur talablarni bajarish uchun o’qitish
shakllari va metodlarini takomillashtirish lozim bo’ladi. Bu esa o’quvchilar bilish
faoliyatini jadallashtiradi, ularni fikrlashga va ilmiy mushoxada qilishga undaydi
hamda o’rganayotgan geografik voqea va xodisalar bilan hayot o’rtasidagi
aloqalarni tushunishga yordam beradi. Yangi o’quv vositalarini qo’llash
o’quvchilarni dunyoqarashini shakllantirishga, shaxs sifatida rivojlanishiga ijobiy
ta’sir ko’rsatadi. O’qitishning texnik vositalari o’qituvchi yordamida qo’yilgan
maqsadga erishishga, o’tkazilayotgan mashg’ulotlarni samaradorligini keskin
oshirishga imkon beradi.
Texnik vositalarni qo’llashni quyidagi afzalliklari mavjud:
- qiziqarliligi, o’quvchilar birinchidan texnika vositalarini o’ziga qiziqsa,
ikkinchi tomondan uni ishlatishga va unda ko’rsatilgan ma’lumotlarga qiziqishadi;
- voqealarni tez rivojlanishi va aniq ko’rsatilishi o’quv materiallarini tez
o’zlashtirishga yordam beradi. Masalan, tabiiy geografik jarayonlarni sodir
bo’lishi, tekislik va tog’ relyefining turlari va ularning o’ziga xos xususiyatlari,
tropik o’rmonlarning sharoiti, ishlab chiqarish jarayoni va h.k.
- texnik vositalar orqali murakkab o’quv materialini oson tushuntirish
mumkin. Masalan, havo massalarini vujudga kelishi, imkoni va antitsiklonlarni
shakllanishi, tornado, tsunami va boshqa tabiiy geografik jarayonlarni hosil
bo’lishi va ularning oqibatlari;
- o’quvchilar qabul qilishi murakkab bo’lgan geografik obbektlarni texnik
vositalar orqali osongina bajarish mumkin. Masalan, temir yo’l paromi, dengizdagi
neft qazib oladigan moslamalar va h.k.
O’qitishning texnik vositalarini qo’llashda quyidagi qoidalarga amal qilinishi
lozim:
- texnik vositalarda ko’rsatiladigan geografik voqea va hodisalar dars
mavzusiga mos bo’lishi lozim;
- texnik vositalarni qo’llash oldidan uning ishlash tamoili, mazkur darsda
nima ko’rsatilishi haqida o’qituvchi axborot bermog’i lozim;
- o’qitishni texnik vositalari avvaldan ishga tayyorlab qo’yilishi lozim. Uni
dars jarayonida sozlash o’quv soatini ancha qismini olib qo’yishi mumkin;
- texnik vositalar orqali ma’lum bir mavzuni o’rganishda uni alohida
qismlarga bo’lish lozim;
- har bir qismda ko’zda tutilgan material tugallangandan so’ng o’qituvchi
izoh berishi, namoish qilingan geografik voqea va hodisalarni o’quvchilar qanday
qabul qilganini tekshirib ko’rishi mumkin. Ko’zda tutilgan materiallar namoyish
qilib bo’lingandan so’ng o’qituvchi darsni yakunlashi lozim;
- namoish etilgan material aniq va ravshan ko’rinishi lozim.
Geografiya darslarida foydalaniladigan o’qitishning texnik vositalarini
quyidagi guruhga bo’lishimiz mumkin:
- o’qitishni audiovizual vositalari;
- o’qitishda videotexnika vositalaridan foydalanish;
- o’qitishda axborot vositalaridan foydalanish.
O’qitishni audiovizual vositalariga o’quv kinosi, teleeshittirishlar, diafil’mlar,
diopozitivlar, transparantlar kiradi.
Video texnika vositalariga turli xil videomagnitafonlar kiradi. O’qitishni
axborot vositalariga kompiyuterlar, internet imkoniyatlari, masofaviy o’qitish
vositalari kiradi.
O’qituvchi o’quv yilini boshida texnika vositalardan foydalanish rejasini
tuzishi va u asosida texnika vositalari hafta boshida tayyorlab qo’yilmog’i zarur.
O’qitishni audiovizual vositalariga o’quv kinosi, teleeshittirishlar,
diafil’mlar, diapozitavlar va transparantlar kiradi.
Geografiya darslarida kinofil’mlardan foydalanish.
Kinofil’mlardan geografiya darslarida foydalanish dars mavzusi, dars turi,
boshqa holat va sharoitlarga qarab turlicha bo’lishi mumkin.
Dars jarayonida kinofil’mlardan to’la foydalanish mumkin, uning
bo’limlaridan va qism yoki lavhalaridan foydalanish mumkin. Kinofil’mni
namoish qilishni darsning turli xil bosqichlarida amalga oshirish mumkin.
Ayrim kinofil’mlardan to’la, ayrimlaridan qisman foydalanish mumkin.
Kinofil’mlar dars jarayonida foydalanishga ko’ra quyidagi guruhlarga
bo’linadi:
-maxsus o’quv maqsadlarida chiqarilgan fil’mlar;
-ilmiy- ommabop kinofil’mlar;
- tabiat komponentlarining ayrim qismlariga bag’ishlangan
fil’mlar (tog’lar,o’rmonlar, daryolar, ko’llar, hayvonot dunyosi va h. k.)
-badiiy fil’mlar;
-videofil’mlar.
Maxsus o’quvfil’mlari aniq bir mavzuga bag’ishlangan bo’ladi. Masalan,
tog’lar, Sahroi Kabir cho’li, Tundra, o’rmonlar va h.k.
Ilmiy-ommabop kinofil’mlar asosan keng halq ommasiga mo’jallab
chiqariladi. Dars jarayonida uning ayrim qismlaridan foydalanish mumkin.
Tabiat komponentlarini ayrim qismlariga bag’ishlangan kinofil’mlardan
ham dars jarayonida foydalanish mumkin. Masalan, hayvonlarni ayrim
turlariga, okean mavjudotlariga, aholiga va uning turmush tarziga bag’ishlangan
fil’mlar.
Badiiy fil’mlarni ham ayrim dars mavzusiga oid qismlaridan foydalanish
mumkin. Bunday fil’mlar toifasiga sarguzasht fil’mlar ko’proq kiradi. Unda
tasvirlangan tabiat manzaralari, o’simlik va hayvonot dunyosidan dars
jarayonida foydalanish mumkin.
Turli xil videofil’mlardan ham mavzuga mos joylaridan foydalanish
mumkin.
Yuqorida aytilganidek kinofil’mlardan darsning boshida, ya’ni o’tilgan
darslarni takrorlashda, yangi mavzuni o’tishda, olingan bilimlarni
mustahkamlashda foydalanish mumkin.
Takrorlash darslarida mavzu bo’yicha kinofil’m yoki uning bir qismi
namoyish qilinadi va o’quvchilardan unga izoh berish yoki uni tushuntirib
berish talab qilinadi.
Yangi mavzuni o’rganishda mavzuga oid kinofil’m to’la ko’rsatiladi.
Bunda fil’mga o’qituvchi izoh beradi.
O’tilgan mavzuni mustahkamlashda ham kinofil’mlardan foydalanish
mumkin. Bunda kinofil’m namoyish qilinadi va uning mazmuni o’quvchilardan
so’raladi.
Ayrim xollarda kinofil’mlar darsni kirish qismi sifatida ko’rsatiladi.
Fil’mni dars jarayonidagi o’rni darsning maqsadi, mazmuni va o’ziga
xos xususiyatlari bilan aniqlanadi. O’quv fil’mlaridan bilim olish manbai
sifatida ham
foydalanish mumkin. Undan mustaqil ishlarni bajarish bo’yicha o’quv qo’llanma
sifatida ham foydalansa bo’ladi. Masalan, berilgan savollarga javob topish,
namoyish qilinayotgan materiallarni mavjud (bor) material bilan, darslik bilan,
o’qituvchini ma’ruzasi, qator boshqa fil’mlarni mazmuni bilan solishtirish.
Fil’mlar o’quvchilar bilimini tekshirishda va o’rganilgan mavzu mazmunini
o’zlashtirish darajasini aniqlashda, o’tilgan materiallarni umumlashtirishda yoki
ma’lum mavzuni umumiy tavsifini o’tishda foydalanish mumkin. Bundan tashqari
fil’mlar yordamida sinf sharoitida sayohatlar ham uyushtirish mumkin yoki
bo’lmasa o’quvchilar bevosita ko’rolmaydigan jarayonlarni ko’rsatish mumkin.
Masalan, “Qora metallurgiya”, “Sintetik tolalar”, “Tropik o’rmonlar”, “Cho’llar”,
“Dashtlar”
Dars jarayonida fil’mlar bilan ishlash metodikasi quyidagi qismlardan iborat:
a) o’quvchilarni ma’lum bir mavzu bo’yicha kinofil’mni ko’rishga tayyorlash; b)
o’quvchilarni fil’mni ko’rish jarayonidagi ishlarini tashkil qilish; v) ko’rilgan fil’m
mazmunini mustahkamlash; g) kinolashtirilgan darsni samaradorligini tekshirish.
O’quvchilarni dars oldidan aniq fil’mni ko’rishga tayyorlash fil’m mazmunini
faol tushunishga va uni to’la o’zlashtirishga imkon beradi. Fil’mni o’quvchilar
o’qituvchi kuzatuvida ko’rishadi. Agar fil’mni ko’rish jarayonida nazorat bo’lmasa
o’quvchilar fil’mga diqqat berishmaydi va boshqa narsa bilan shug’ullana
boshlaydilar yoki bir-biri bilan gaplashib o’tirishadi. Natijada fil’m mazmuni
yuzaki o’zlashtiriladi.
Agar fil’m qiziqarli bo’lsa o’quvchilar uni qiziqib diqqat bilan tomosha
qilishadi. Ammo ularni faoliyati shunda ham nazorat qilinsa fil’mni mazmunini
tahlil qila olishmaydi. Shuning uchun fil’m boshlanishidan oldin o’qituvchi fil’mni
maqsadini, unda nimalar tasvirlanganini, qanday savollarga qo’uvchilar javob
topishini kirish suhbatida tushuntiradi. Bundan tashqari o’qituvchi kirish suhbatida
fil’mni qaerlariga e’tibor berishni, qaerlarini alohida ajratib tahlil qilinishini
tushuntradi. Masalan, O’zbekiston tabiiy geografiyasi kursida “Qizilqum”
mavzusini o’tishda A.Nizomovning “Qizilqum” o’quv fil’midan foydalanish
mumkin. Ushbu fil’mni ko’rish jarayonida quyidagilarga e’tibor berish lozim:
- asosiy relyef shakllariga;
- o’simlik bilan qoplanish darajasiga;
- hayvonot dunyosiga.
Fil’mni ko’rish jarayonida o’quvchilar qo’yidagi savollarga javob berishlari
lozim: “Barxan nima”, “Qum tepaliklari” nima; cho’lda asosiy transport vazifasini
bajaruvchi hayvonni aniqlang.
Geografiya ta’limida o’quv kinofil’mlarini yana bir asosiy shartlaridan biri
o’qituvchini fil’m namoyishida faol ishtirok etishidir. Eng yaxshi va qiziqarli fil’m
bo’lgan taqdirda ham o’qituvchi darsni boshqarishi shart hisoblanadi. Fil’m
namoyishi jarayonida o’qituvchi ko’rsatilayotgan kinolavhalarga izoh berib borish
lozim. Kerakli joylarda fil’m namoishini to’xtatib bilimlarni chuqurlashtirishi
mumkin. Ayrim nazariy qonun qoidalarni kengroq tushuntirib berishi, so’ngra
fil’m namoyishini davom ettirishi mumkin.
Fil’mni ko’rish davomida o’qituvchini izoxlari o’quvchilarga xalaqit
bermasligi lozim. Shuning uchun faqat kerakli joylaridagina izox berish lozim.
Agar kinofil’mda metodik xatolar bo’lsa o’qituvchi uni to’g’rilab ketishi lozim.
Ma’lum bir voqea xodisalarni moxiyatini o’quvchilar yaxshirioq tushunib olishlari
uchun fil’mni namoyishini biroz to’xtatib turish mumkin.
Namoyish etilgan fil’mda berilgan bilimlarni mazmunini mustaxkamlash.
Bunda fil’mda keltirilgan dalillar, mulohazalar, ta’surotlar, ilgari olingan bilimlar
bilan solishtiriladi. Fil’mda olingan bilimlar bilan darslik matni orasidagi aloqalar
ochib beriladi. Dars yakunlanadi va xulosa qilinadi. Mazkur ishlarni amalga
oshirish uchun o’qituvchi o’quvchilar bilan suhbat o’tkazadi va suhbat davomida
frontal so’rov amalga oshiriladi. Fil’mni ko’rib bo’lgandan so’ng xomaki
chizmalar, rasmlar chizish mumkin, jadvallar to’ldirish mumkin, fil’mga
annotatsiya tayyorlash mumkin, fil’mga taqriz yozish mumkin yoki maxsus yozma
ish tayyorlatish mumkin.