ORFOGRAFIYA VA UNING TAMOYILLARI
REJA:
1. Orfografiya haqida umumiy ma’lumot.
2. Orfografiya tamoyillari:
1) fonetik tamoyil;
2) morfologik
3) etimologik tamoyil.
4) tarixiy-an’anaviy tamoyil.
5) differensiatsiya tamoyili.
3. Orfoepiya haqida umumiy ma’lumot.
4. Unli fonemalar orfoepiyasi.
5. Undosh fonemalar orfoepiyasi.
6. Transkripsiya(fonetik yozuv).
Orfografiya ( grekcha orphos – to’g’ri, grapho- yozaman) so’zlar va ularning
shakllarini yozish haqidagi qoidalar tizimidir.
Qoidalar o`z navbatida yirik qoidalar yig`indisiga jamlanadi. Bu jamlanma
tamoyillar (prinsiplar) deb yuritiladi.
Bu qoidalar orfografiyaning quyidagi tamoyillari asosida yaratiladi : fonetik
tamoyil, morfologik tamoyil, etimologik tamoyil, tarixiy-an’anaviy tamoyil,
differensiatsiya tamoyili.
Fonetik tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra so’zlar va so’z tarkibidagi affikslar
qanday talaffuz qilinsa, xuddi o’shanday yoziladi. Masalan, 1) ong so’ziga –la
affiksini yoki son so’ziga -a affiksini qo’shish bilan yasalgan so’zlar ongla yoki sona
tarzida emas, angla, sana tarzida talaffuz qilinadi va shunday yoziladi; 2) oxiri a
unlisi bilan tugagan so’zlarga v yoki q undoshi bilan boshlanadigan affikslar
qo’shilganda, a unlisi o tarzida aytiladi va shunday yoziladi: tanlov (tanla+v),
ishlovchi (ishla+ vchi), taroq (tara+q),qaynoq (qayna +q), sayroqi (sayra +qi); 3)
oxiri i unlisi bilan tugagan so’zlarga v undoshi bilan boshlanadigan affikslar
qo’shilganda, i unlisi u tarzida aytiladi va shunday yoziladi: o’quv (o’qi +v),
to’quvchi (to’qi+vchi ); 4) q yoki k undoshi blan tugagan so’zlarga egalik
qo’shimchasi qo’shilganda, q undoshi g’ tarzida, k undoshi g tarzida aytiladi va
shunday yoziladi: qishlog’i (qishloq+i), etagi (etak+i); 5) o’g’il, og’iz, singil, burun,
zahar, shahar kabi so’zlarga egalik affikslari qo’shilganda, ikkinchi bo’g’indagi a,
i, u unlilari talaffuzda ham, yozuvda ham tushub qoladi: o`g`li, burni, shahri kabi.
Ko’rinadiki, orfografiyaning fonetik tamoyili yozuvni jonli talaffuzga
yaqinlashtiriladi.
Morfologik tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra so’zlar va ularning tarkibiy qismlari
talaffuz qilinishiga qarab emas, asliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) maktab, kitob,
borib, kelib, yuzlab, kuylab, ozod, obod kabi so’zlarning oxiridagi b va d undoshlari
p va t tarzida aytilsa ham, asliga muvofiq b va d yoziladi; 2) bog’bon, kaptarboz
kabi so’zlar tarkibidagi yasovchilardan b undoshi v tarzida aytilsa-da, asliga muvofiq
b yoziladi; 3) shanba, manba, sunbul kabi so’zlar tarkibidagi n undoshi m tarzida
aytilsa ham, asliga muvofiq n yoziladi; 4) do’st, past, sust, farzand, xursand kabi
so’zlarda yonma-yon kelgan undoshlarning oxirgisi talaffuz qilinmaydi, ammo
yozuvda saqlanadi.
Morfologik tamoyil orfografiyaning yetakchi tamoyili sanaladi.
Tarixiy-an’anaviy tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra, boshqa tillardan (masalan,
arab, rus yoki rus tili orqali boshqa tillardan) o’zlashgan so’zlar hozir ham
o’tmishdagi shakliga muvofiq yoziladi. Masalan: 1) muomala, muhokama,
munosabat kabi so’zlar arab tilidan o’zlashgan bo’lib, ularning uchinchi bo’g’inidagi
a unlisi i tarzida aytiladi, ammo yozuvda tarixiy-an’anaviy shaklini saqlaydi; 2) rus
tilidagi schyot, shyotka so`zlari o`zbek tiliga cho`t, chotka tarzida o`zlashtirilgan. Bu
so`zlarning manba tilda asli qanday yozilishi ma’lum bo`lsa ham, an’anaga muvofiq
cho`t, chotka tarzida yoziladi.
Etimologik (yoki grafik) tamoyil. Bu tamoyilga ko’ra, boshqa tillardan
(masalan, arab, rus yoki rus tili orqali boshqa tillardan) kirgan so’zlar o’zi mansub
bo’lgan tildagi shaklini o’zbek imlosida ham saqlagan holda yoziladi. 1) ocherk,
tonna, kosmos, pochta kabi so’zlarning urg’uli bo’g’inidagi o unlisi o’zbekcha o’
tarzida aytilsa ham, rus tilidagi shakliga mos ravishda o yoziladi. 2) samolyot,
kometa, morfema, direktor, traktor kabi so’zlarning urg’usiz bo’g’inidagi o unlisi a
yoki i tarzida aytilsa ham, rus tilidagi shakliga muvofiq ravishda o tarzida yoziladi;
3) televizor, telefon, gerbariy kabi ruscha–baynalminal so’zlarning urg’usiz
bo’g’inlarida kelgan e unlisi i tarzida talaffuz qilinadi, lekin rus tilidagi shakliga mos
ravishda e saqlanadi.
Differensiatsiya tamoyili. Bu tamoyilga ko’ra, shakli yoki talaffuzi bir xil
bo’lgan so’zlar yozuvda turli shartli belgilar vositasida (yoki ba’zan ma’noga ko’ra)
farqlanadi. Masalan: 1) urg’u vositasida farqlash: atlás – mato, átlas – geografik
atlas, – ot, fizík – sifat (fizik hodisalar); 2) unlining qisqa yoki cho’ziqligini farqlash :
she’r –sher, ta’na –tana , da’vo - davo (she’r, ta’na, da’vo so’zlaridagi a unlisining
cho’ziqligi ayirish (tutuq) belgisi orqali ko’rsatilgan; 3) boshqa-boshqa tovush
ifodalovchi harflar vositasida farqlash: shoh – podshoh, shox – daraxtning shoxi,
urush – jang, urish – qo`l bilan urmoq.
Ko’rinadiki, fonetik va morfologik tamoyillar o’zbek orfografiyasining asosiy
tamoyillari bo’lib, morfologik tamoyil yetakchi, chunki imloga oid ko’pchilik
qoidalar ana shu tamoyil asosida yaratiladi.
1995-yil 24-avgustda qabul qilingan asosiy imlo qoidalari quyidagi bo‘limlarni
o‘z ichiga oladi:
1. Harflar imlosi:
a) unlilar imlosi (1-7-bandlar);
b) undoshlar imlosi (8-32-bandlar).
2. Asos va qo‘shimchalar imlosi (33-37-bandlar)
3. Qo‘shib yozish (38-50-bandlar)
4. Chiziqcha bilan yozish (51-56-bandlar)
5. Ajratib yozish (57-65-bandlar)
6. Bosh harflar imlosi (66-74-bandlar)
7. Ko‘chirish qoidalari (75-82-bandlar)
О‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI1
1995-yil 24-avgust 339- son Toshkent shahri
О‘ZBEK TILINING ASOSIY IMLO QOIDALARINI
TASDIQLASH HAQIDA
О‘zbekiston Respublikasining “Lotin yozuviga asoslangan о‘zbek alifbosini joriy
etish tо‘g‘risida”gi Qonunini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. О‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari tasdiqlansin (ilova qilinadi).
2. Respublika vazirliklari, idoralari, mahalliy hokimiyat va boshqaruv idoralari,
ommaviy axborot vositalari lotin yozuviga asoslangan о‘zbek alifbosidagi barcha
turdagi yozishmalarda, matbuotda, ish yuritishda ushbu qoidalarni joriy qilish
yuzasidan tegishli tadbirlarni ishlab chiqsinlar va amalga oshirsinlar.
3. О‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va о‘rta maxsus ta’lim
vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Davlat matbuot qо‘mitasi uch oy muddat ichida
1 Qarang: T.Tog‘ayev va boshq. O‘zbek tilining kirill va lotin alifbolaridagi imlo lug‘ati. – T.: Sharq, 2004. – 31-48-
betlar.
maktablar uchun qо‘llanma sifatida о‘zbek tilining imlo lug‘atini, kishi ismlari va
joy nomlari lug‘atlarini tayyorlasinlar va nashr etish choralarini kо‘rsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ta’lim
va fan hamda Ijtimoiy masalalar va madaniyat bо‘limlariga yuklansin.
VAZIRLAR MAHKAMASINING RAISI I. KARIMOV
O‘ZBEK TILINING ASOSIY IMLO QOIDALARI
Harflar imlosi
Unlilar imlosi
1. Aa harfi:
1) aka, alanga, aloqa, og‘a; sentabr, noyabr kabi sо‘zlarda old qator keng unlini
ifodalash uchun yoziladi;
2) bahor, zamon; savol, gavda; vasvasa kabi sо‘zlarning oldingi bо‘g‘inida, vaqt,
vahm kabi sо‘zlarda a aytiladi va yoziladi.
2. Oo harfi:
1) ona, omon, quyosh, fido, baho, xola, lotin; mukofot, mahorat kabi sо‘zlarda
orqa qator keng unlini ifodalash uchun yoziladi;
2) boks, poyezd, tonna, talon; agronom, mikrofon; direktor, termos kabi
о‘zlashma sо‘zlardagi unlini ifodalash uchun yoziladi.
3. Ii harfi:
1) ish, iz, qil; xirmon, ilhom, ikki, ixtisos, shoyi, tulki; volida, piramida; bilan,
biroq, sira, qishloq, chiroq kabi sо‘zlarda old qator tor unlini ifodalash uchun
yoziladi;
2) о‘tin, о‘rik, bо‘lim kabi oldingi bо‘g‘inida о‘ unlisi keladigan sо‘zlarning
keyingi bо‘g‘inida i aytiladi va yoziladi.
4. Uu harfi:
1) uy, kun; buzoq, buloq, Buxoro; butun, uchuq, usul, yulduz; mafkura; kо‘zgu,
uyqu; aluminiy, yubiley kabi sо‘zlarda orqa qator tor unlini ifodalash uchun yoziladi;
2) qovun, sovun, tovush, yovuz, qirg‘ovul, chirmovuq kabi so‘zlarning oldingi
bо‘g‘inida o unlisi kelsa, keyingi yopiq bо‘g‘in boshidagi v undoshidan keyin u
aytiladi va yoziladi.
5. О‘о‘ harfi о‘t, о‘q, о‘zbek, о‘simlik, dо‘ ppi; bо‘takо‘z, semizо‘t, gulkо‘rpa,
noо‘rin kabi sо‘zlarda orqa qator о‘rta-keng unlini ifodalash uchun yoziladi.
6. Ee harfi ekin, esla, evara, ekran, eksport; kel, zehn; kecha, behi; telefon, teatr;
poyezd, atelye; e’lon, ne’mat, she’r kabi sо‘zlarda old qator о‘rta-keng unlini
ifodalash uchun yoziladi.
7. Yonma-yon keladigan unlilar imlosi:
1) unlilar orasiga ba’zan y undoshi qо‘shib aytilsa ham, yozilmaydi:
a) ia: material, milliard, radiator; tabiat, shariat kabi;
b) io: biologiya, million, stadion, radio kabi;
d) ai: mozaika, ukrain, said, maishat kabi;
e) oi: alkoloid, ellipsoid, doim, shoir, oila kabi;
f) ea: teatr, okean, laureat kabi;
2) ae, oe unlilar sо‘z ichida kelganda ikkinchi unli y aytilsa ham, asliga muvofiq
e yoziladi: aerostat, poema kabi.
Boshqa hollarda yonma-yon kelgan unlilar odatda aynan aytiladi va yoziladi:
manfaat, kauchuk, aorta, saodat, burjua, shuaro, inshoot, sanoat, vakuum, muammo,
matbuot, tabiiy, rioya va boshqalar.
Undoshlar imlosi
8. Bb harfi:
1) bobo, bahor, bir, majbur, zarb kabi sо‘zlarda jarangli portlovchi lab undoshini
ifodalash uchun yoziladi;
2) kitob, yuzlab, kelib kabi sо‘zlar oxirida p aytilsa ham, b yoziladi;
3) qibla, tobla kabi sо‘zlarda ba’zan v aytilsa ham, b yoziladi.
9. Pp harfi paxta, pichoq, opa, tepa, tup, yop kabi sо‘zlarda jarangsiz portlovchi
lab undoshini ifodalash uchun yoziladi.
10. Vv harfi:
1) ov, suv, kuyov; ovoz, savol; volida, vatan kabi sо‘zlarda ovozdor sirg‘aluvchi
lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) avtobus, avtomat kabi о‘zlashma sо‘zlarda v ba’zan f aytilsa ham, v yoziladi.
11. Ff harfi:
1) fan, fe’l, futbol, fizika; asfalt, juft; insof, isrof kabi sо‘zlarda jarangsiz
sirg‘aluvchi lab undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) fasl, fayz, Fotima, fursat kabi sо‘zlarda f tovushi ba'zan p aytilsa ham, asliga
muvofiq f yoziladi.
12. Mm harfi moy, muborak, tomon, ilhom kabi sо‘zlarda ovozdor lab-lab burun
undoshini ifodalash uchun yoziladi.
13. Dd harfi:
1) dala, odat, bunyod, modda, jiddiy kabi sо‘zlarda til oldi jarangli portlovchi
undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) odob, savod, marvarid; zavod, pud, sud; badqovoq, badxо‘r kabi sо‘zlarda t
aytilsa ham, d yoziladi.
14. Tt harfi tong, tun; butun, o‘tin, о‘t, kut kabi sо‘zlarda til oldi jarangsiz
portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
15. Zz harfi:
1) zar, zamon; toza, о‘zbek; yoz, g‘oz kabi so‘zlarda til oldi jarangli sirg‘aluvchi
undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) iztirob, izquvar, bо‘zchi, tuzsiz kabi sо‘zlarda jarangsiz undoshdan oldin s
aytilsa ham, z yoziladi.
16. Ss harfi sog‘, somon, oson, asos, olmos kabi sо‘zlarda til oldi jarangsiz
sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
17. Sh sh harflar birikmasi shahar, shisha, shodlik; ishq, pishiq; bosh, tosh kabi
sо‘zlarda til oldi jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
S h harflari ikki tovushni ifodalasa, ular orasiga tutuq (’) belgisi qо‘yiladi: Is'hoq,
as'hob kabi.
18. Jj harfi:
1) jon, jahon, jiyda, tijorat; rivoj, vaj kabi sо‘zlarda til oldi jarangli qorishiq
undoshni ifodalash uchun yoziladi;
2) jurnal, projektor; gijda, ajdar, tiraj kabi о‘zlashma sо‘zlarda til oldi jarangli
sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
19. Ch ch harflar birikmasi choy, chevar, chiroyli, chaman; achchiq, uchun,
bichiqchi; kuch, kech kabi sо‘zlarda til oldi jarangsiz qorishiq undoshni ifodalash
uchun yoziladi.
20. Rr harfi rahmat, rohat, orom, doira, bor, diyor kabi sо‘zlarda til oldi ovozdor
titroq undoshni ifodalash uchun yoziladi.
21. Ll harfi lola, loyiq, la’l; iloj, mahal kabi sо‘zlarda sirg‘aluvchi ovozdor yon
undoshni ifodalash uchun yoziladi.
22. Nn harfi:
1) non, nomus; ona, tana; bilan, tomon kabi sо‘zlarda til oldi ovozdor burun
undoshini ifodalash uchun yoziladi;
2) shanba, yonbosh, jonbozlik; yonma-yon, kо‘rinmaslik kabi sо‘zlarda n tovushi
ba’zan m aytilsa ham, n yoziladi.
23. Gg harfi gul, gо‘zal; ega, gugurt; teg, eg kabi sо‘zlarda til orqa jarangli
portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
24. Kk harfi kо‘l, kо‘ylak; uka, moki; tok, bilak kabi sо‘zlarda til orqa jarangsiz
portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
25. Yy harfi yо‘l, yigit, yetti, yaxshi, yoz, yulduz; tuya, dunyo, tayyor; soy, tuy
kabi sо‘zlarda til о‘rta sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
26. Ng ng harflar birikmasi yangi, kо‘ngil, dengiz, singil, keling, bordingiz;
tong, ming, teng kabi sо‘zlarda til orqa ovozdor burun tovushini ifodalash uchun
yoziladi.
27. Qq harfi qizil, qimiz, qirq, haqiqiy, aql kabi sо‘zlarda chuqur til orqa jarangsiz
portlovchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
28. G‘g‘ harfi g‘oz, bag‘ir , tog‘ kabi sо‘zlarda chuqur til orqa jarangli
sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
29. Xx harfi xabar, xо‘roz, xohish, xushnud, baxt, axborot, mix kabi sо‘zlarda
chuqur til orqa jarangsiz sirg‘aluvchi undoshni ifodalash uchun yoziladi.
30. Hh harfi hosil, hamma, bahor; isloh, nikoh kabi sо‘zlarda jarangsiz
sirg‘aluvchi bо‘g‘iz undoshini ifodalash uchun yoziladi.
31. Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi:
1) baland, Samarqand, poyezd; dо‘st, artist, g‘isht kabi sо‘zlarda d, t tovushi
ba'zan aytilmasa ham, yoziladi;
2) metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi о‘zlashma sо‘zlar oxirida bir undosh
aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday sо‘zlarga xuddi shu tovush bilan
boshlanadigan
qism
qо‘shilsa,
sо‘z
oxiridagi
bir
harf
yozilmaydi:
metall+lar=metallar, kilogramm+mi=kilogrammi kabi.
32. ’ – tutuq belgisi:
1) a’lo, ba’zan, ma’yus, ta’zim, ra’y, ta’b; e’lon, e’tibor, e’tiqod, me’mor, ne’mat,
she’r, fe’l; Nu’mon, shu’la kabi о‘zlashma sо‘zlarda unlidan keyin shu unli
tovushning chо‘ziqroq aytilishini ifodalash uchun qо‘yiladi; mо‘jiza, mо‘tadil,
mо‘tabar kabi sо‘zlarda о‘ unlisi chо‘ziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qо‘yilmaydi;
2) in’om, san’at, qat’iy, mas’ul kabi о‘zlashma sо‘zlarda unlidan oldin shu unli
oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qо‘yiladi.
Asos va qо‘shimchalar imlosi
33. Qо‘shimcha qо‘shilishi bilan sо‘z oxiridagi unli о‘zgaradi:
1) a unlisi bilan tugagan fe’llarga -v, -q, -qi qо‘shimchasi qо‘shilganda a unlisi o
aytiladi va shunday yoziladi: sayla-saylov, sina-sinov, aya-ayovsiz; sо‘ra-sо‘roq,
bо‘ya-bо‘yoq; о‘yna-о‘ynoqi, sayra-sayroqi kabi;
2) i unlisi bilan tugagan kо‘pchilik fe’llarga -v, -q qо‘shimchasi qо‘shilganda bu
unli u aytiladi va shunday yoziladi: о‘qi - о‘quvchi, qazi - qazuvchi, sovi - sovuq
kabi. Lekin i unlisi bilan tugagan ayrim fe’llarga -q qо‘shimchasi qо‘shilganda bu
unli i aytiladi va shunday yoziladi: og‘ri-og‘riq, qavi-qaviq kabi.
Eslatma:
1) undosh bilan tugagan barcha fe’llarga -uv qо‘shiladi: ol-oluv, yoz-yozuv kabi;
2) undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor fe’lga -uq qо‘shiladi: uz - uzuq, yut -
yutuq kabi.
Lekin uyushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi so‘zlarning
uchinchi bо‘g‘inida i aytiladi va shunday yoziladi.
34. k, q undoshi bilan tugagan kо‘p bо‘g‘inli sо‘zlarga, shuningdek, bek, yо‘q kabi
ayrim bir bо‘g‘inli sо‘zlarga egalik qо‘shimchasi qо‘shilganda k undoshi g
undoshiga, q undoshi g‘ undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak - tilaging,
yurak-yuragim,
kubok-kubogi,
bek-begi;
tayoq-tayog‘i,
qо‘shiq-qо‘shig‘i,
yaxshiroq-yaxshirog‘i, yо‘q-yо‘g‘i kabi. Lekin kо‘p bо‘g‘inli o‘zlashma sо‘zlarga,
bir bо‘g‘inli ko‘pchilik sо‘zlarga egalik qо‘shimchasi qо‘shilganda k, q tovushi
aslicha aytiladi va yoziladi: ishtirok-ishtiroki, ocherk-ocherki, erk-erki, huquq-
huquqim, ravnaq-ravnaqi, yuq-yuqi kabi.
35. Quyidagi qо‘shimchalar qо‘shilishi bilan sо‘zning tarkibida tovush tushadi
yoki ortadi:
1) о‘rin, qorin, burun, o‘g‘il, bо‘yin, ko‘ngil kabi ba’zi sо‘zlarga egalik
qо‘shimchasi qo‘shilganda, qayir, ayir kabi fe’llarga nisbat shaklini yasovchi -il
qо‘shimchasi qо‘shilganda, ikki, olti, yetti sо‘zlariga -ov, -ala qо‘shimchalari
qo‘shilganda ikkinchi bо‘g‘indagi unli aytilmaydi va yozilmaydi: o‘rin-о‘rnim,
qorin-qorni, burun-burning, о‘gil-о‘g`ling, kо‘ngil-kо‘ngli, yarim-yarmi; qayir-
qayril, ulug‘ - ulg‘ay, sariq-sarg‘ay, ikki-ikkov, ikki-ikkala, yetti-yettov kabi;
2) u, bu, shu, о‘sha olmoshlariga -da, -dan, -day, -dagi, -da, -gach, -cha
qо‘shimchalari qо‘shilganda n tovushi qо‘shib aytiladi va shunday yoziladi: unda,
bunday, shunda, о‘shancha kabi; bu olmoshlarga egalik qо‘shimchalari quyidagicha
qo‘shiladi: buningiz, о‘shanisi kabi;
3) o, о‘, u, e unlilari bilan tugaydigan sо‘zlarga egalik qо‘shimchalari quyidagicha
qо‘shiladi:
a) kо‘pchilik sо‘zlarga egalik qо‘shimchalari -m, -ng, -si; -miz, -ngiz, -si (yoki -
lari) shaklida tovush orttirmay qо‘shiladi: bobom, bobong, bobosi; bobomiz,
bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusi
kabi;
b) parvo, obrо‘; mavqe, mavzu, avzo sо‘zlariga I, II shaxs egalik qо‘shimchalari
qo‘shilganda bir y tovushi qо‘shib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim,
parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obrо‘yim, obrо‘ying; obrо‘yimiz, obrо‘yingiz
kabi; III shaxs egalik qо‘shimchasi parvo, avzo, obrо‘ ; mavqe so‘zlariga -yi
shaklida, xudo, mavzu so‘zlariga esa -si shaklida qо‘shiladi: avzoyi, mavzusi kabi
(dohiy kabi y undoshi bilan tugagan sо‘zga ham III shaxsda -si qo‘shiladi: dohiysi
kabi);
4) men, sen olmoshlariga -ni, -ning, -niki qо‘shimchalari qо‘shilganda
qо‘shimchadagi n tovushi aytilmaydi va yozilmaydi: meni, mening, meniki; seni,
sening, seniki kabi.
36. Quyidagi qо‘shimchalarning birinchi tovushi ikki xil aytilsa ham, bir xil
yoziladi:
1) -bon, -boz qo‘shimchalari ba’zan -von, -voz aytilsa ham, hamma vaqt -bon, -
boz yoziladi: darvozabon, masxaraboz kabi. Lekin -vachcha qо‘shimchasi hamma
vaqt shunday aytiladi va yoziladi: amakivachcha, xolavachcha kabi;
2) о‘rin kelishigi va chiqish kelishigi qо‘shimchasining, о‘tgan zamon yasovchisi
va III shaxs ko‘rsatkichi -di qo‘shimchasining boshidagi undosh ba’zan t aytilsa
ham, hamma vaqt d yoziladi: ishda, misdan, ketdi, kelmabdi kabi.
37. Quyidagi qo‘shimchalarning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday
yoziladi:
1) taqlid sо‘zlardan fe’l yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qо‘shimchasi sо‘z
tarkibida v yoki u tovushi bolganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla,
lovulla, gurulla kabi;
2) nisbat shaklini yasovchi -dir qо‘shimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir
bо‘g`inli sо‘zlarga (kel sо‘zidan boshqa) , shuningdek, z undoshi bilan tugagan
orttirma nisbat yasovchisidan keyin qо‘shiladi: quvdir, egdir, kuldir, yondir;
о‘tkazdir, tomizdir kabi. Qolgan barcha hollarda bu qо‘shimcha -tir aytiladi va
shunday yoziladi: tiktir, kestir, uyaltir, chaqirtir kabi;
3) jо‘nalish kelishigi qо‘shimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh
shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gudek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan,
buyruq maylining II shaxs kо‘rsatkichi -gin, shuningdek, -gina qо‘shimchasi uch xil
aytiladi va shunday yoziladi:
a) k undoshi bilan tugagan sо‘zlarga qо‘shilganda bu qо‘shimchalaming bosh
tovushi k aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yо‘lakkacha, kо‘nikkach, zerikkuncha,
tо‘kkani, kechikkudek, bukkan, ekkin, kichikkina kabi;
b) q undoshi bilan tugagan sо‘zlarga qо‘shilganda bu qо‘shimchalarning bosh
tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach,
chiqquncha, chiniqqani, qо‘rqqudek, achchiqqina kabi;
d) qolgan barcha hollarda, sо‘z qanday tovush bilan tugashidan va bu
qо‘shimchalarning bosh tovushi k yoki q aytilishidan qat’i nazar, g yoziladi: bargga,
pedagogga, bug‘ga, sog‘ga, og‘gan, sig‘guncha kabi.
Qo‘shib yozish
38. Xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab
kabi sо‘zlar yordamida yasalgan qо‘shma ot va qо‘shma sifatlar qо‘shib yoziladi:
qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat,
orombaxsh, kamquvvat, bug`doyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab
kabi.
39. -(a) r (inkori -mas) qо‘shimchasi bilan tugaydigan qо‘shma ot va qо‘shma
sifatlar qо‘shib yoziladi: о‘rinbosar, otboqar, chо‘lquvar, ishyoqmas, qushqо‘nmas
kabi.
40. Takror taqlid sо‘zlarga qо‘shimcha qо‘shish bilan yasalgan ot va fe’llar
qо‘shib yoziladi: pirpirak (pir-pir+ak), hayhayla (hay-hay+la), gijgijla (gij-gij+la)
kabi.
41. Narsani (predmetni) boshqa biror narsaga nisbatlash (qiyoslash), о‘xshatish
yо‘li bilan bildiruvchi qо‘shma ot va qо‘shma sifatlar qо‘shib yoziladi: karnaygul,
qо‘ziqorin, otquloq, oybolta, devqomat, sheryurak, bodomqovoq, qirg‘iykо‘z kabi.
42. Narsani uning rangi, mazasi, о‘zidagi biror narsasi va shu kabi belgilari
asosida bildiruvchi qо‘shma otlar qо‘shib yoziladi: olaqarg‘a, qizilishton,
achchiqtosh, mingoyoq kabi.
43. Narsaning biror maqsad, ish uchun mо‘ljallanganligini bildiruvchi qо‘shma
otlar qо‘shib yoziladi: kirsovun, qiymataxta, tokqaychi, oshrayhon, molqо‘ra,
nosqovoq, kо‘zoynak kabi.
44. Narsani joyga nisbat berish asosida bildiruvchi qо‘shma otlar qо‘shib yoziladi:
tog‘olcha, chо‘lyalpiz, suvilon, qashqargul kabi.
45. Marosim, afsona kabilarni bildiruvchi qо‘shma otlar qо‘shib yoziladi:
kiryuvdi, kelintushdi, qoryog‘di, Urtо‘qmoq, Ochildasturxon kabi.
46. Qaratuvchili birikmaning bir sо‘zga aylanishi bilan yuzaga kelgan qо‘shma
otlar qо‘shib yoziladi: mingboshi, sо‘zboshi, olmaqoqi kabi.
47. Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki obod sо‘zi bilan ifodalangan joy nomlari
qо‘shib yoziladi: Yangiyо‘l, Tо‘rtkо‘l, Mirzaobod, Xalqobod kabi. Lekin ikkinchi
qismi atoqli ot bо‘lgan joy nomlari ajratib yoziladi: О‘rta Osiyo, Kо‘hna Urganch,
О‘rta Chirchiq kabi.
48. Rus tilidan aynan о‘zlashtirilgan yoki sо‘ma-sо‘z tarjima qilish yо‘li bilan
hosil qilingan qо‘shma so‘zlar qо‘shib yoziladi: kinoteatr, radiostansiya,
fotoapparat, elektrotexnika, telekо‘rsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi.
49. Qisqartmalaming barcha turlari va ularga qо‘shiladigan qо‘shimchalar qо‘shib
yoziladi: SamDU, ToshDUning kabi. Lekin yonma-yon kelgan ikki qisqartma ajratib
yoziladi: О‘zXDP MK (О‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi)
kabi.
50. Bir tovush ikki yoki undan ortiq tovush tarzida aytilsa, bunday holat harfni
takror yozish bilan kо‘rsatiladi: yо‘о‘q , nimaa, himm, ufff kabi.
Chiziqcha bilan yozish
51. Juft sо‘z va takror sо‘z qismlari chiziqcha bilan yoziladi: el-yurt, mehr-
shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-tо‘rt,
о‘n-о‘n beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-
moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, о‘ylab-netib, sо‘ramay-netmay, kiyim-kechak,
adi-badi, ikir-chikir, duk-duk, taq-tuq, yop-qop, ming-ming (ming-minglab), bitta-
bitta
(bitta-bittalab),
baland-baland,
chopa-chopa,
ishlay-ishlay,
yaqin-
yaqinlargacha, hamma-hammasi, uy-uyiga, ich-ichidan kabi.
Eslatma:
1) juft sо‘zdan qо‘shimcha yordamida yasalgan sо‘zlar ham chiziqcha bilan
yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xо‘shlashmoq kabi;
2) juft sо‘z qismlari orasida -u (-yu) bog‘lovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha
qо‘yiladi va juft sо‘z qismlari ajratib yoziladi: dо‘st-u dushman (dо‘st-dushman),
kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi;
3) yetakchi va kо‘makchi fe’l bir xil shaklda bо‘lsa, chiziqcha bilan yoziladi:
yozdi-oldi, borasan-qо‘yasan, uxlabman-qolibman kabi.
52. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi,
tо‘ppa-tо‘g‘ri, bab-barobar kabi sо‘z shakllari chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq
sо‘zi qо‘shib yoziladi).
53. Sо‘zning -ma, ba- qо‘shimchalari yordamida birlashgan qismlari chiziqcha
bilan yoziladi: kо‘chama-kо‘cha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin
mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday sо‘zlar qо‘shib yoziladi:
rо‘barо‘, darbadar kabi.
54. Rus tilidan aynan yoki sо‘zma-sо‘z tarjima qilish yо‘li bilan olingan sо‘zlar
asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.
55. -chi, -a (-ya) , -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari chiziqcha bilan
yoziladi: sen-chi, boraylik-chi, sen-a, kutaman-a, bola-ya, mingta-ya, keldi-ku,
kelgan-u, yaxshi-yu, yaxshi-da, qо‘y-e, yashang-e, о‘g‘lim-ey, keldi-yey kabi. Ammo
-mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamalari о‘zidan oldin kelgan
sо‘zga qо‘shib yoziladi: keliboq, о‘ziyoq, kо‘rganov, kо‘rdiyov, mengina,
qо‘shiqqina kabi.
56. Tartib son arab raqamlari bilan yozilsa, -nchi qо‘shimchasi о‘miga chiziqcha
(-) qо‘yiladi: 7- sinf, 5-“A” sinfi, 3-, 7-, 8- sinf о‘quvchilari, 60-yillar, 1991-yilning
1-sentabri kabi. Tartib sonni kо‘rsatuvchi rim raqamlaridan keyin chiziqcha
yozilmaydi: XX asr, X sinf kabi.
Ajratib yozish
57. Qо‘shma fe’lning qismlari ajratib yoziladi: sarf qil, ta’sir et, tamom bо‘l, sotib
ol, olib kel, olib chiq, miq etma kabi.
58. Kо‘makchi fe’l va tо‘liqsiz fe’l mustaqil fe’ldan ajratib yoziladi: aytib ber,
olib kо‘r, sо‘rab qо‘y, kо‘ra qol, bera boshla, yiqila yozdi; ketgan edi, ketgan ekan,
ketgan emish kabi. Lekin mustaqil fe’l bilan yordamchi fe’l orasida tovush о‘zgarishi
bolsa, bunday qismlar qо‘shib yoziladi: aytaver (ayta ber), boroladi (bora oladi),
bilarkan (bilar ekan) kabi.
59. Kо‘makchilar ajratib yoziladi: shu bilan, soat sayin, borgan sari, bu qadar,
kun bо‘yi kabi. Lekin bilan kо‘makchisining -la shakli, uchun kо‘makchisining -
chun shakli chiziqcha bilan yoziladi: sen-la, sen-chun kabi.
60. Hamma, har, hech, bir, qay, u, bu, shu, о‘sha so‘zlari о‘zidan keyingi yoki
oldingi sо‘zdan ajratib yoziladi: hamma vaqt, har kim, hech qaysi, qay kuni, u yerda,
shu yoqdan, о‘sha yoqqa kabi. Lekin birpas, biratо‘la, birvarakayiga, birmuncha,
buyon sо‘zlari qо‘shib yoziladi. Shuningdek, qay sо‘zi yoq, yer sо‘zlari bilan
ishlatilganda bir y tovushi tushsa, bu sо‘zlar qо‘shib yoziladi: qayoqqa, qayerda
kabi.
61. Sifat oldidan kelib, belgining ortiq yoki kamligini bildiradigan tо‘q, jiqqa,
tim, liq, lang, och kabi sо‘zlar ajratib yoziladi: tо‘q qizil, jiqqa hо‘l, tim qora, liq
tо‘la, lang ochiq, och sariq kabi.
62. Murakkab son qismlari ajratib yoziladi: on bir, besh yuz, qirq ming olti yuz
bir, bir ming yetti yuz sakson beshinchi kabi.
63. Yildan yilga, tomdan tomga kabi birinchi qismi chiqish kelishigida, ikkinchi
qismi jо‘nalish kelishigida bо‘lgan birikmalar ajratib yoziladi.
64. Belgining ortiqlik darajasini bildiruvchi kо‘pdan kо‘p, tekindan tekin,
yangidan yangi, ochiqdan ochiq, qizigandan qizidi kabilar ajratib yoziladi.
65. Izofali birikmalar ajratib yoziladi. Bunda izofa undosh bilan tugagan sо‘zlarga
i shaklida, unli bilan tigagan sо‘zlarga yi shaklida qо‘shiladi: dardi bedavo, nuqtayi
nazar, tarjimayi hol kabi. Lekin izofa yozilmaydigan sо‘zlar, shuningdek,
qismlaridan biri yoki har ikkisi о‘zbek tilida mustaqil ishlatilmaydigan sо‘zlar
qо‘shib yoziladi: gulbeor (guli beor), dardisar kabi.
Bosh harflar imlosi
66. Kishining ismi, ota ismi, familiyasi, taxallusi, ramziy atoqli oti bosh harf bilan
boshlanadi: Dilbar, О‘rinova Muhabbat Majidovna, Azamat Shuhrat о‘g‘li, Hamza
Hakimzoda, Muhammadsharif Sо‘fizoda, Mannon Otaboy, Navoiy, Furqat;
Yelpig‘ichxon, Salomjon Alikov kabi.
67. Joy nomlari bosh harf bilan boshlanadi: Andijon, Yangiyо‘l (shaharlar),
Naymancha, Buloqboshi (qishloqlar), Bodomzor, Chig‘atoy (mahallalar), Zavraq
(dara), Yorqoq (yaylov), Qoratog‘, Pomir (tog‘lar), Oqtepa, Uchtepa (tepalar),
Zarafshon, Sirdaryo (daryolar), Yoyilma (kanal); Turkiya, Hindiston (mamlakatlar)
kabi. Bunday atoqli ot tarkibidagi sifatlovchi ham bosh harf bilan yoziladi: Shimoliy
Kavkaz, Markaziy Qizilqum kabi.
68. Yulduz va sayyoralar, boshqa xil osmon jismlarining atoqli oti bosh harf bilan
boshlanadi: Hulkar, Qavs, Mirrix (yulduz va sayyoralar nomi), Tinchlik dengizi
(Oydagi relyef nomi) kabi. Yer, quyosh, oy turdosh otlari sayyora nomi bо‘lib
kelgandagina bosh harf bilan yoziladi: Yer Quyosh atrofida, Oy Yer atrofida
aylanadi.
69. Madaniy-maishiy va savdo korxonalariga, adabiyot va san’at asarlariga,
sanoat va oziq-ovqat mahsulotlariga, shuningdek, transport vositalari, sport
inshootlariga qо‘yilgan nomlar bosh harf bilan boshlanadi: “Tong” (mehmonxona),
“Saodat” (firma), „Navrо‘z” (xayriya jamg‘armasi), “Kamalak” (matbaa
birlashmasi), „G‘uncha” (bog‘cha), “Botanika” (sanatoriy), “Paxtakor” (stadion),
“Qutlug‘ qon” (roman), “Dilorom” (opera), “Tanovar” (kuy), “Ozodlik” (haykal),
“Jasorat” (yodgorlik), “Sino” (sovutgich) kabi.
70. Muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi sо‘z bosh
harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navrо‘z
bayrami kabi.
71. Davlatlarning, davlat oliy tashkilotlari va mansablarining, xalqaro
tashkilotlarning nomidagi har bir sо‘z bosh harf bilan boshlanadi: О‘zbekiston
Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Misr Arab Respublikasi, О‘zbekison
Respublikasi Prezidenti, О‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi,
О‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining Raisi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti,
Jahon Tinchlik Kengashi kabi.
Boshqa tarkibli nomlarda oliy mansabni bildiruvchi birinchi sо‘zgina bosh harf
bilan boshlanadi: Bosh vazirning о‘rinbosari; Mudofaa vaziri, Yozuvchilar
uyushmasi, О‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi kabi.
Vazirliklar va idoralar, korxonalar va tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi sо‘z
bosh harf bilan boshlanadi: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Fan va texnika davlat
qо‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Tilshunosl instituti kabi.
72. Davlatning oliy darajali mukofoti nomi tarkibidagi har bir sо‘z bosh harf bilan
boshlanadi: “О‘zbekiston Qahramoni” (unvon), “Oltin Yulduz” (medal). Boshqa
mukofotlar, faxriy unvonlar, nishonlar nomidagi birinchi sо‘zgina bosh harf bilan
boshlanadi: “Sog‘lom avlod uchun” (orden), “О‘zbekistonda xizmat kо‘rsatgan fan
arbobi” (faxriy unvon), “Matbaa a’lochisi” (nishon) kabi.
73. Gapning birinchi sо‘zi bosh harf bilan boshlanadi: Yer tagidan Muqaddasga
bir qarab oldim.
Eslatma:
1) kо‘chirma gapdan keyin kelgan muallif gapining birinchi sо‘zi (agar u atoqli ot
bо‘lmasa) kichik harf bilan yoziladi: “Bu men”, – qо‘rqibgina javob berdi kо‘laga
(O.Yoqubov);
2) xatboshiga gapning sanaluvchi qismlari chiqarilganda bunday qismlar oldidan
chiziq qо‘yiladi va ular kichik harf bilan yoziladi:
Ma’muriy huquqbuzarlik tо‘g‘risidagi ishni kо‘rishga tayyorlash vaqtida tegishli
organ (mansabdor shaxs) quyidagi masalalarni:
– mazkur ishni kо‘rib chiqish uning huquq doirasiga kirish-kirmasligini;
– ma’muriy huquqbuzarlik tо‘g‘risidagi protokol va ishga oid boshqa materiallar
tо‘g‘ri tuzilgan-tuzilmaganligini ... hal qiladi;
3) gapning qismlari qavsli raqam yoki qavsli harf qо‘yib sanalsa, bunday qismlar
ham kichik harf bilan yoziladi:
Hozirgi о‘zbek adabiy tilining lug‘at boyligi asosan besh manba negizida tarkib
topgan:
1) umumturkiy sо‘zlar; 2) о‘zbekcha sо‘zlar; 3) tojik tilidan kirgan sо‘zlar; 4)
arab tilidan kirgan sо‘zlar; 5) rus tilidan kirgan sо‘zlar (“О‘zbek tili” darsligidan).
74. Tarkibli nomlarning bosh harfidan iborat qisqartmalar, atoqli ot bо‘lmagan
ba'zi birikmalarning qisqartmalari bosh harf bilan yoziladi: AQSH (Amerika
Qо‘shma Shtatlari), BMT (Birlashgan Millatlar Tashkiloti), AES (atom elektr
stansiyasi) kabi. Qisqartma tarkibida bо‘g‘inga teng qism bо‘lsa, uning birinchi
harfigina bosh harf bilan yoziladi: ToshDTU (Toshkent davlat texnika universiteti)
kabi.
Kо‘chirish qoidalari