OTLARDAGI ALOQA-MUNOSABAT KATEGORIYALARI
REJA:
1.Otlarda aloqa-munosabat kategoriyalari haqida umumiy ma’lumot.
2. Otlardagi egalik kategoriyasi.
3. Kelishik kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot.
4. Otlardagi kelishik shakllarining morfologik-sintaktik xususiyatlari.
Predmet yoki predmetlik tushunchasining uch shaxsdan biriga (ba’zan
predmetga) taalluqli ekanligini ko`rsatuvchi umumiy ma’nolar va bu ma’nolarni
ifoda etuvchi shakllar tizimiga egalik kategoriyasi deyiladi.
Predmet yoki predmetlik tushunchasining uch shaxsdan biriga, ya’ni
so`zlovchi (I shaxs), tinglovchi (II shaxs), o`zga (III shaxs) shaxsga taalluqliligini
ifodalaydigan affikslar egalik affikslari deyiladi. Egalik affikslari shaxs ma’nosi
bilan birga uning sonini (birlik yoki ko`plik ma’nosini) ham ifodalaydi. Egalik
affikslari quyidagi jadvalda berilgan.
Shaxs
Birlik
Ko`plik
I shaxs
-(i)m
-(i)miz
II shaxs
-(i)ng
-(i)ngiz
III shaxs
-i, -si
-i, -si
Jadvaldan ko`rinadiki, III shaxs egalik affiksi birlik va ko`plik son uchun
umumiy. Predmetning bir shaxsga yoki ko`p shaxsga taalluqliligi egalik affiksi olgan
ot bog`lanib kelgan so`zning grammatik son shakliga qarab aniqlanadi: uning kitobi
– birlik, ularning kitobi – ko`plikdir.
Shuningdek, egalik affikslari ot negizining unli yoki undosh tovush bilan
tugashiga qarab ikki xil shaklda qo`llanadi.
Shaxs
Birlik
Ko`plik
unlidan so`ng
undoshdan
so`ng
unlidan
so`ng
undoshdan
so`ng
I shaxs
sovg`a+ -m
daftar+ -im
sovg`a+ -miz
daftar+ -imiz
II shaxs
sovg`a+ -ng
daftar+ -ing
sovg`a+ -ngiz
daftar+ -ingiz
III
shaxs
sovg`a+ -si
daftar+ -i
sovg`a+ -si
daftar+ -i
Egalik affikslari odatda, ko`plik affiksidan keyin qo`shiladi: kitob+ -lar+ -im
kabi.
Egalik affiksi qo`shilgan ot, odatda, qaratqich kelishigidagi (belgili va belgisiz
shakldagi) boshqa ot, olmosh va otlashgan so`z bilan bog`lanadi: daraxtning bargi,
ipak qurti, mening vazifam, yaxshining so`zi kabi. Bu bog`lanish egalik affiksini
olgan ot anglatgan predmetning qaratqich kelishigida kelgan so`zga qaramli
ekanligini ko`rsatadi.
Egalik affiksini olgan ot ba’zan chiqish kelishigidagi ot bilan ham bog`lanishi
mumkin. Masalan: talabalardan bir guruhi kabi. Bunday bog`lanishda egalik
affiksini olgan ot yuqoridagi kabi qarashlilik ma’nosini emas, balki aloqadorlik,
mansublik ma’nosini ifodalaydi. Demak, bu holda faqat grammatik egalik
(aloqadorlik, mansublik) ma’nosi mavjud.
Egalik affiksi I va II shaxsda predmetning qaysi shaxsga tegishli ekanligini
aniq ko`rsatadi. Chunki bu shaxslar har vaqt kishilik olmoshlari bilan ifodalanadi.
Masalan: mening burchim, sening burching, bizning burchimiz, sizning burchingiz
kabi. III shaxsda esa egalik affiksini olgan ot qaratqich kelishigida kelgan olmosh
bilan ham, ot va otlashgan so`zlar bilan ham bog`lana oladi: uning burchi,
farzandning baxti, ko`plarning orzusi kabi.
Ba’zan uslub talabi nuqtai nazaridan shaxs va egalik affiksini olgan ot
orasidagi munosabat o`zgacha bo`lishi mumkin, ya’ni II shaxs birlik sondagi egalik
affiksini olgan ot shu shaxsning ko`pligi uchun qo`llanishi mumkin: senlarning
maqsading kabi. Yoki, aksincha, otning II shaxs ko`plik shaklidagi egalik affiksini
olgan ot shu shaxsning birligi uchun qo`llanishi mumkin: sizning opangiz kabi.
Birinchi holda kamsitish, kesatiq kabi ma’nolar, ikkinchi holda esa hurmat ma’nosi
ifodalanadi.
Ot ko`plik son shaklida kelib, ko`plik ma’nosini ifodalaganda, egalik affiksi –
lar qo`shimchasidan keyin qo`shiladi: opalarim kabi. Lekin hurmat ma’nosi
ifodalanganda, egalik affikslari –lar qo`shimchasidan oldin qo`shiladi: opamlar,
akamlar kabi.
Egalik affikslari otning gapdagi sintaktik vazifasini ko`rsatmaydi.
Ba’zi otlarga egalik affikslari qo`shilganda, so`z tarkibida turli fonetik
o`zgarishlar ro`y beradi. Bular quyidagilar:
1. k, q undoshi bilan tugagan ko`p bo`g`inli so`zlarga, shuningdek, bek kabi
ayrim bir bo`g`inli so`zlarga egalik affikslari qo`shilganda, k undoshi g undoshiga,
q undoshi g` undoshiga aylanadi va bu holat yozuvda ham saqlanadi: tilak – tilagi,
yurak – yuragi, bek – begi, kubok – kubogi, qishloq - qishlog`i kabi. Lekin ko`p
bo`g`inli o`zlashma so`zlarga, bir bo`g`inli so`zlarga (ko`p hollarda) egalik affikslari
qo`shilganda k, q undoshi asliga mos holda aytiladi va yoziladi: ishtirok – ishtiroki,
ocherk – ocherking, erk – erki; huquq - huquqim, zavq - zavqi kabi.
2. O`rin, qorin, burun, o`g`il, bo`yin, ko`ngil, singil kabi otlarga egalik
affikslari qo`shilganda, ikkinchi bo`g`indagi i, u unlilari talaffuzda aytilmaydi va
yozilmaydi: o`rin - o`rnim, qorin - qornim, burun – burning, o`g`il - o`g`lim, ko`ngil
– ko`ngli, singil – singlim kabi.
3. Parvo, obro`, mavqe, avzo, mavzu so`zlariga I va II shaxs egalik affikslari
qo`shilganda, so`z tarkibida bir y tovushi qo`shib aytiladi va shunday yoziladi:
parvoyim, parvoying, obro`yim, obro`ying kabi; III shaxsda esa parvo, obro`, mavqe,
avzo so`zlari parvoyi, obro`yi, mavqeyi, avzoyi kabi, mavzu so`zi esa mavzusi tarzida
aytiladi va yoziladi.
Kelishik kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot
Ot (yoki otlashgan so`z)ning boshqa so`zlarga bo`lgan sintaktik munosabatini
ko`rsatuvchi ma’nolar va bu ma’nolarni ifodalovchi shakllar tizimiga kelishik kategoriyasi
deyiladi. Kelishik kategoriyasi oltita grammatik ma’no va uni ifoda etuvchi shakllarni o`z
ichiga oladi. Bularga bosh kelishik, qaratqich kelishik, tushum kelishik, jo`nalish kelishik,
o`rin-payt kelishik va chiqish kelishik kabi grammatik ma’nolar hamda bu ma’nolarni
ifodalovchi –ning, -ni, -ga (-ka,-qa), -da, -dan kelishik shakllari kiradi. Har bir kelishik
o`z nomi, ifoda shakliga ega, ma’lum bir so`roqlarga javob beradi.
Kelishiklar
Turlanishi
So`roqlari
Bosh kelishik
Saida, kitob, Toshkent
kim? nima? qayer?
Qaratqich kelishigi
Saidaning,
kitobning,
Toshkentning
kimning?
nimaning?
qayerning?
Tushum kelishigi
Saidani, kitobni, Toshkentni
kimni? nimani? qayerni?
Jo`nalish kelishigi
Saidaga, kitobga, Toshkentga kimga? nimaga? qayerga
O`rin-payt kelishigi
Saidada, kitobda, Toshkentda kimda? nimada? qayerda
Chiqish kelishik
Saidadan,
kitobdan,
Toshkentdan
kimdan?
nimadan?
qayerdan?
Otlarda kelishik affikslari turlovchi affikslar deb ham yuritiladi. Otlarning
kelishiklar bilan o`zgarishi turlanish deb yuritiladi.
Kelishik affiksi yo`q holat bosh kelishik bo`lib, bunday shakldagi ot ko`pincha
boshqa so`zni o`ziga tobelaydi. SHuning uchun ham bosh kelishik deb yuritiladi.
Qaratqich, tushum, jo`nalish, o`rin-payt chiqish kelishigi shaklidagi ot gapda boshqa
so`zlarga grammatik jihatdan tobe bo`ladi. Bu kelishiklar vositali kelishiklar deyiladi.
Masalan: Pokiza aql insonni ayb va kamchiliklardan qutqaradi (U.Mahkamov). Bu gapda
aql so`zi bosh kelishikda bo`lib, affiksi bo`lmagan shaklda qutqaradi fe’liga nisbatan
hokim holatda; insonni so`zi –ni tushum kelishigi shakli vositasida, ayb (-dan),
kamchiliklardan so`zlari –dan chiqish kelishigi vositasida qutqaradi fe’liga tobe bo`lib
kelgan.
Kelishik shaklidagi otlar boshqa so`zlar bilan o`zaro sintaktik munosabatga
kirishadi.
Qaratqich va qisman bosh kelishik shakli ot bilan otning, tushum, jo`nalish, o`rin-
payt va chiqish kelishiklari, odatda, ot bilan fe’lning sintaktik munosabatini ko`rsatadi:
oilaning ko`rki, onani ardoqlamoq, sayohatga bordi, maktabdan qaytdi.
Ba’zan kelishik shaklidagi otlar sifat, son, olmosh, ravish, undov bilan ham
bog`lanib, ularga tobe bo`lib keladi: ipakdan mayin, talabalardan beshtasi, Barnoning o`zi,
xonada ko`p, holiga voy kabi.
Kelishik shaklida kelgan otning ma’nosi va vazifasi uning leksik, grammatik
ma’nosi, qanday so`zlar bilan (fe’l, ot) bog`lanishiga qarab aniqlanadi. Masalan: jo`nalish
kelishigining asosiy ma’nosi harakatning yo`nalish o`rnini ko`rsatishidir: maktabga bordi.
Bu ma’nodan tashqari jo`nalish kelishigida kelgan ot vosita, payt, atash, maqsad
ma’nolarini ifoda qiladi: rasmga qaradi, kuzga qoldirildi, singlisiga oldi, o`qishga keldi
kabi. Lekin kelishik ma’nolaridan biri asosiy ma’no sanaladi, kelishik nomi shu asosiy
ma’noga ko`ra nomlanadi.
Otlardagi kelishik shakllarining morfologik-sintaktik xususiyatlari
Bosh kelishikdagi ot shaxs, predmet, voqea-hodisalarning nomini ataydi. Kim?
nima? qayer? kabi so`roqlardan biriga javob beradi. Bu kelishikning ko`rsatkichi yo`q,
ya’ni nol ko`rsatkichli shaklda keladi. Bunday shakl tahlilda Ø belgisi bilan ifodalanadi.
Bosh kelishik shaklida kelgan otning asosiy sintaktik vazifasi ega vazifasida
kelishdir. Masalan: Himmatlilik o`zining saxovati bilan odamlar qalbiga singib ketadi.
(O`.Mahkamov)
Nutqda oz uchrasada, ega vazifasidagi so`z qaer? so`rog`iga ham javob bo`lib
keladi, bunday holda o`rin predmeti ma’nosi anglashiladi. Masalan: Toshkent – tinchlik
shahri.
O`zbek tilida bosh kelishikdagi ot yana bir necha sintaktik vazifani bajaradi.
1.Kesim vazifasida keladi: Ilm – insoniyat gavhari (Bedil).
2.Izohlovchi vazifasida keladi: Navro`zda ona tabiat uyg`onadi.
3.Sifatlovchi vazifasida keladi: Po`lat pichoq qinsiz qolmas (Maqol). Bunda bosh
kelishik shaklida kelgan ot boshqa ot oldida kelib, qanday? qanaqa? so`roqlaridan biriga
javob beradi.
4. Hol vazifasida keladi: Yulduzlar chaman-chaman yonadi (O).
5. Undalma vazifasida keladi: Yaxshilik qil, bolam, yomonlikni ot! Undalma
vasifasida kelgan bosh kelishikdagi ot gap bo`laklari bilan grammatik jihatdan
bog`lanmaydi.
6.Nominativ (atov) gap vazifasida keladi: Subhidam. Quyosh yotog`idan bosh
ko`tardi (T.Q.).
Bundan tashqari bosh kelishikdagi otlar ko`makchi shaklda kelib to`ldiruvchi va hol
vazifasini ham bajaradi. Masalan: Igna bilan quduq qazib bo`lmas (Maqol). Yuksak quyosh
kabi, yuksak oy kabi. Sep bilan bezalsin yurtning fazosi (Uyg`un).
Qaratqich kelishigi biror predmetning shu kelishikdagi otdan anglashilgan
predmetga yoki shaxsga qarashli ekanligini ifodalaydi. Qaratqich kelishigida kelgan ot
kimning? nimaning? qaerning? kabi so`roqlardan biriga javob beradi. –ning affiksi bilan
shakllanadi. Masalan: Bilim va donishmandlik insonning bezagidir (A.Navoiy).
Ba’zan she’riyatda qaratqich kelishigi egalik affiksidan so`ng –n shaklida ham
qo`llanadi: Har bolam ufurgan nafasin atrii. She’rimning eng yetuk, eng yaxshi satri
(G`.G`ulom).
Qaratqich kelishigidagi ot egalik affiksini olgan ot bilan grammatik jihatdan
bog`lanib, gapda aniqlovchining turi qaratuvchi vazifasida keladi. Qaratqich kelishigidagi
so`z qaratuvchi, unga bog`lanib kelgan egalik affiksini olgan ot esa qaralmish sanaladi.
Masalan: Guruchning kurmagi bor, yomonning to`g`mog`i bor (Maqol).
Qaratqich kelishigi ikki xil – belgili yoki belgisiz shaklda qo`llanadi.
Qaratqich kelishigi –ning (-n) affiksi bilan qo`llansa, belgili sanaladi. Belgili
qaratqich kelishigidagi ot aniq qarashlilik ma’nosini ifodalaydi: daraxtning ildizi, onaning
baxti kabi.
Qaratqich kelishigi –ning affiksi bilan qo`llanmasa, belgisiz sanaladi: umid uchquni,
bahor fasli kabi. Belgisiz qaratqich kelishigidagi ot o`zi bog`lanib kelgan ot anglatgan
predmetning qaratqich kelishigidagi ot anglatgan predmetga aloqador hodisa ekanligini
ifodalaydi.
Belgisiz qaratqich kelishigidagi ot o`zi bog`langan ot bilan ma’no va grammatik
jihatdan juda zich bog`langan bo`lib, ular orasiga boshqa so`z kiritish mumkin emas.
Qaratqich kelishigi quyidagi hollarda belgili qo`llanadi:
1.Qaratqich kelishigidagi ot shaxs otlari bo`lganda: Zulfiyaning xati, talabaning
bahosi kabi.
2.Butunning qismini anglatgan otlar: uzukning ko`zi, stolning oyog`i.
3.Qaratqich kelishigidagi so`z o`zi bog`latgan otdan anglashilgan predmet bilan
o`zaro genetik aloqada bo`lsa: buvining nevarasi, sherning bolasi.
4.Qaratqich kelishigidagi so`z manba ma’nosini ifodalaganda: olimning ma’ruzasi,
talabaning fikri.
5.Qaratqich kelishigidagi so`z bilan qaralmish o`rtasida boshqa so`zlar kelganda:
shaharning baland imoratlari, yozning issiq shamoli kabi.
6. Qaratqich kelishigida ot o`zining maxsus aniqlovchisiga ega bo`lganda: alo’chi
o`quvchining hulqi kabi.
7. Qaratqich kelishigidagi so`z tarkibida –lar ko`plik affiksi qo`llanganda:
qizlarning raqsi, gullarning hidi kabi.
8. Qaralmish otlashgan so`zlar bilan ifodalanganda: olmaning shirini, so`zning ozi,
do`stlarning uchtasi kabi.
Qaratqich kelishigi quyidagi hollarda belgisiz qo`llanadi:
1. Qaratqich kelishigi shaklidagi ot abstrakt otlar bilan ifodalanganda: muhabbat
sehri, bilim manbai, ilm ahli, tafakkur gulshani kabi.
2. Qaratqich va qaralmish munosabatidagi otlar payt ma’nosini anglatganda: bahor
fasli, oqshom payti, tong chog`i, yakshanba kuni kabi.
3. Qaratqich kelishigi shaklidagi ot ifodalagan predmetning qaralmish ifodalagan
predmetga umumiy xosligini bildirganda: ipak qurti, er islohoti kabi.
4. Qaratqich kelishigi shaklidagi ot nomiga qo`yilgan, atab qo`yilgan otlar bilan
ifodalanganda: Navoiy teatri, Orol dengizi, Toshkent shahri kabi.
5. Qaratqich kelishigi shaklidagi otlar bir-biriga tobe holda birin-ketin kelganda, eng
so`nggisidagi oldingilari belgisiz shaklda qo`llanadi: Toshkent Davlat pedagogika
universiteti, boshlang`ich ta’lim va defektologiya fakulteti boshlang`ich ta’lim bo`limining
talabasi kabi.
Tushum kelishigi ot ish-harakatni o`z ustiga olgan predmetni anglatadi. Tushum
kelishigidagi ot, odatda, ish-harakatni o`z ustiga olgan predmetni, ya’ni ob’ekt ma’nosini
ifodalaganda kimni? nimani? so`rog`iga javob beradi: Hayot harakatni talab qiladi
(Arastu).
Tushum kelishigidagi otning negizi o`rin ma’nosini anglatsa, qaerni? so`rog`iga
javob beradi: Hujrani yasatganmisan? (A.Qahhor). To`rtta karnay, oltita surnayning
shovqini ko`kni tutdi (O.).
Tushum kelishigi –ni affiksi bilan shakllanadi: Ulug` kishilarni mehnat etiltiradi
(«Tafakkur gulshani»).