OTLARNING YASALISHI, TUZILISH JIHATDAN TURLARI, ULARDA MODAL SHAKLLAR YASALISHI
Yuklangan vaqt
2024-10-01
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
8
Faytl hajmi
19,8 KB
OTLARNING YASALISHI, TUZILISH JIHATDAN TURLARI,
ULARDA MODAL SHAKLLAR YASALISHI
REJA:
1. Otlarning yasalishi.
2. Otlarning tuzilish jihatdan turlari.
3. Otlarda modal shakllar yasalishi.
Otlarning yasalishi
Hozirgi o`zbek tilida ot so`z turkumi lug`at tarkibida mavjud bo`lgan
so`zlarning miqdorini tashkil qiladi. Chunki ot so`z turkumi boshqa so`z
turkumlariga nisbatan yangi so`zlar hisobiga tez boyib boradigan turkumdir.
O`zbek tilida ot morfologik, sintaktik va abbreviatsiya usullari bilan yasaladi.
Morfologik usul bilan ot yasash. Bu usulga ko`ra so`z negiziga maxsus ot
yasovchi affikslarni qo`shish bilan yangi ot yasaladi. Ot yasovchi affikslar ot, sifat,
son, olmosh, fe’l va ravish kabi mustaqil so`z turkumlari, shuningdek, modal va
taqlid so`z negizlaridan yasaladi.
Morfologik usul bilan ot yasovchi affikslar ma’no jihatdan quyidagi
guruhdagi otlarni yasaydi:
1.Shaxs va kasb-hunar otlarini yasovchi affikslar.
2.Narsa, qurol, o`lchov birligi otlarini yasovchi affikslar.
3.O`rin-payt otlarini yasovchi affikslar.
4.Abstrakt ot yasovchi affikslar.
Shaxs va kasb-hunar oti yasovchi affikslar, asosan, ot negiziga qo`shilib,
negizdan anglashilgan predmet bilan bog`liq shaxs otlarini va ma’lum bir soha, kasb
bilan shug`ullanuvchi kasb-hunar otlarini yasaydi.
Bu affikslarga quyidagilar kiradi:
-chi: tarbiyachi, terimchi, sportchi, tijoratchi, navbatchi
-dosh: fikrdosh, kursdosh, zamondosh, suhbatdosh, muallifdosh
-gar,-kor: zargar, kimyogar, g`allakor, san’atkor
-bon:,-boz: bog`bon, darvozabon, darboz, bedanaboz
-paz: oshpaz, somsapaz, kabobpaz
-kash: suratkash, aravakash, mehnatkash
-dor: chorvador, mulkdor
-shunos: tilshunos, tuproqshunos, tabiatshunos
-xon: kitobxon, gazetxon, g`azalxon
-soz: mashinasoz, traktorsoz, soatsoz
-do`z: do`ppido`z, etikdo`z, mahsido`z, gilamdo`z
-xo`r: choyxo`r, oshxo`r.
Shaxs va kasb-hunar oti yasovchi affikslardan –chi eng mahsuldor ot yasovchi
affiks sanaladi.
Yuqorida qayd etilgan –kash, -xo`r, -paz, -do`z, -boz, -gar, -soz, -xon, -
shunos so`z yasovchi affikslari tojik tilida fe’l o`zaklari bo`lib, o`zbek tilida so`z
yasovchi affiks vazifasini bajaradi.
Narsa, qurol, o`lchov birligi otlarini yasovchi affikslari, asosan, fe’l negiziga
qo`shilib negizdan anglashilgan ish-harakat va holatning natijasi bo`lgan yoki ish-
harakatni bajarish uchun qo`llaniladigan narsa, qurol otini yasaydi. Kam hollarda ot,
sifat, taqlid so`z negizlari narsa, qurol, o`lchov birligi otlarini yasashga asos bo`la
oladi. Bu affikslar quyidagilar:
-k (-ik), -ak, -q (-iq, -uq), -oq: elak, kurak, teshik, pirpirak, bo`lak, bo`yoq,
so`roq, chopiq, topshiriq, yutuq, o`roq kabi.
-gich (-g`ich, -kich, -qich): suzgich, o`chirg`ich, qirg`ich, ko`rsatkich, tutqich,
qisqich.
-gi (-ki,-qi,-g`i,-g`u): supurgi, kulgi, tepki, chopqi, tutatqi, yoqilg`i, cholg`u.
-m (-im,-um): to`plam, tishlam, chimdim, kiyim, unum.
-ma: qiyma, qatlama, dimlama (mahsulot nomi), tenglama, ayirma (matematik
terminlar), isitma, jamg`arma.
-don: qalamdon, guldon.
-indi: yuvindi, chirindi, qirindi.
-qin (-qun, -g`in, -g`un): to`lqin, toshqin, uchqun, yong`in, yulg`un.
-in (-un, -on): yig`in, tugun, to`zon.
-ak (-oq): qarsak, varrak, qaltiroq.
-a: sharshara, jizza.
-os: gulduros, chuvvos.
-gak (-kak): ilgak, eshkak.
-doq: qovurdoq.
-moq (-mak): quymoq (ovqat turi), chertmak.
-cha: qizilcha, olacha.
-chiq: yopinchiq.
-ildoq: shaqildoq.
-machoq: bekinmachoq, tortishmachoq.
-noma: taklifnoma, tashakkurnoma, vasiyatnoma.
Yuqorida sanalgan affikslardan –a, -os, -gak, -doq, -moq, -cha, -chiq, -ildoq,
-machoq affikslari ot yasashda kam unum so`z yasovchi affikslar sanaladi.
O`rin-joy oti yasovchi affikslar, asosan, ot negiziga qo`shilib, negizdan
anglashilgan predmet mavjud bo`lgan, ekiladigan, dam oladigan, yashaydigan o`rin-
joy otini yasaydi. Bu affikslarga quyidagilar kiradi:
-zor: olmazor, gulzor, bug`doyzor
-loq: o`tloq, toshloq, qumloq
-iston: O`zbekiston, guliston, qabriston
-goh: oromgoh, sayilgoh
-xona (affiksoid): choyxona, oshxona, yotoqxona, sartaroshxona
-qoq: botqoq (fe’l negizidan yasalgan o`rin-joy oti).
Abstrakt ot yasovchi affikslar ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish, ba’zan
modal so`z negizlariga qo`shilib, negiz anglatgan tushuncha bilan bog`liq abstrakt
ma’nodagi ot yasaydi. Bular quyidagilar:
-lik (-liq): go`zallik, mardlik, yaxshilik (ot negizidan yasalgan); ko`plik, tezlik
(ravish negizidan); birlik, yuzlik (son negizidan); qarindoshlik, bolalik (ot
negizidan); o`zlik, manmanlik (olmosh negizidan); yo`qlik, borliq (modal so`z
negizidan).
-ch (-inch): sevinch, quvonch, tayanch, qo`rqinch (fe’l negizidan yasalgan)
-chilik, -garchilik: pillachilik, temirchilik, ipakchilik, odamgarchilik (ot
negizidan), xursandchilik (sifat negizidan), yo`qchilik (modal so`z negizidan
yasalgan).
-gilik, -kilik: ko`rgilik, ichkilik (fe’l negizidan yasalgan).
Sintaktik usul bilan ot yasash. Bu usulga ko`ra ikki va undan ortiq so`z
shakllari Biron qolipda birikib, bir predmetni anglatadigan yangi ot yasaladi.
Sintaktik usulga ko`ra qo`shma va juft otlar yasaladi.
Qo`shma ot ikki va undan ortiq so`zning birikishidan hosil bo`lib, bir
predmetni anglatadigan yangi ot. Qo`shma ot tarkibidagi so`zlar dastlab ma’no va
grammatik jihatdan tobelanish yo`li bilan (qo`shimcha aniqlovchi+aniqlanmish)
tuzilgan so`z birikmasi bo`lib, keyinchalik shu sintaktik munosabatning yo`qolishi
natijasida bir tushunchani, yangi bir predmetni ifoda etadi: ko`zoynak, belbog`,
o`rinbosar kabi. Qo`shma ot bir bosh urg`u bilan aytiladi.
Qo`shma ot qismlari orasidan quyidagi sintaktik munosabatlarning yo`qolishi
natijasida hosil bo`ladi:
1.Aniqlovchi+aniqlanmish: bilaguzuk, achchiqtosh, oshqozon, toshko`mir,
bedapoya, so`zboshi, Beshariq, Kattaqo`rg`on.
2.Ega+kesim: Soykeldi, qoryog`di.
3.To`ldiruvchi+kesim: dunyoqarash, kungaboqar, muzyorar, otboqar, ish
tashlash.
4.Hol+kesim: besh otar, iskabtopar, bosvoldi.
5.Kesim+undalma: Yoriltosh, ochildasturxon.
O`zbek tilida rus, tojik va boshqa tillardan o`zlashgan parovoz, aeroport,
dushanba, chorshanba, obdasta kabi otlar kelib chiqishiga ko`ra qo`shma ot bo`lsa-
da, o`zbek tilida qo`shma ot ekanligi anglashilmaganligi tufayli sodda ot deb
qaraladi.
Juft ot bir xil grammatik shaklda kelgan ikki so`zning grammatik jihatdan teng
bog`lanishidan tuzilgan jamlovchi, bir umumiy ma’noni anglatadigan yangi ot. Juft
ot qismlari orasidagi tenglik munosabati yozuvda chiziqcha bilan ko`rsatiladi.
Bunday juft otning qismlari 2 xil bog`lanadi: a) bog`lovchilarsiz: ota-ona, gul-lola;
b) bog`lovchi vazifasidagi –u, -yu yuklamalari yordamida: tog`-u tosh, olma-yu o`rik
kabi.
Juft ot qismlari bir so`z turkumiga oid bo`lib, qismlarining har biri o`z
urg`usiga ega bo`ladi. Juft otlarning ma’nosi qismlar ma’nosining yig`indisidan
kelib chiqadi: kuch-quvvat, aql-xush, ota-ona.
Juft ot tarkibidagi qismlar quyidagi ma’no munosabatlarini ifodalaydi:
Har doim ham ikkita otning juftlanishidan yangi ot yasala bеrmaydi. Juft
so‘zning turkumini qismlarning qaysi turkumdan ekanligiga qarab emas, balki juft
so‘zning butunligicha qanday ma'no anglatishiga qarab aniqlash kеrak bo‘ladi. Shu
jihatdan qaraganda, quyidagi turkum so‘zlar juftlanib, ot yasaladi:
1. Ot:
yor-birodar, to‘y-tomosha.
2. Sifat:
oq-qora, issiq-sovuq.
3. Ravish: kam-ko‘st.
4. Sof fе'l: ur-yiqit, kеldi-kеtdi.
5. Fе'lning harakat nomi shakli: yurish-turish, yozuv-chizuv.
6. Taqlidiy so‘zlar: adi-badi, qiy-chuv.
Juft otlar quyidagicha yasaladi:
1.Juft otning har ikala qismi mustaqil ma’noli so`zlardan tuziladi: o`yin-kulgi,
opa-singil
2.Juft otning bir qismigina mustaqil ma’noga ega bo`ladi: kiyim-kechak,
bozor-o`char
3.Juft otning har ikki qismi mustaqil ma’noga ega bo`lmagan so`z bo`lishi
mumkin: g`ala-g`ovur, dali-g`uli.
Juft otlar takrorlangan holda kelishi mumkin, lekin bunday ot yasama ot
sanalmaydi: choy-poy, ish-pish, don-dun kabilar. Bunday juft otlar modal ma’no
ifodalaydi.
Abbreviatsiya usuliga ko`ra turg`un so`z birikmalarini turli usullar bilan
qisqartish orqali qisqartma ot hosil qilinadi. Qisqartma otlar abbreviaturalar deb
yuritiladi. Bu usul bilan so`z yasash o`zbek tiliga rus tilidan o`zlashtirilgan bo`lib,
nutqda ixchamlikka erishish maqsadida qo`llaniladi.
Hozirgi kunda rus tilidan aynan o`zlashtirilgan bir qator qisqartma otlar bir
qatorda rus tilidagi qisqartma otlarning o`zbek tilidagi shakli ishlatilmoqda. GES,