O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA MATN TADQIQIGA DOIR ISHLAR TAHLILI
Yuklangan vaqt
2024-03-11
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
11
Faytl hajmi
27,5 KB
O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA MATN TADQIQIGA DOIR ISHLAR
TAHLILI
REJA:
1. Matnni muayyan belgi-xususiyatlarga ega bo‘lgan statik (turg‘un) obʼekt
sifatida tadqiq etish.
2. Matn tilshunosligining nazariy muammolari
3. Matnlarning lingvistik talqini
Tayanch so’z va iboralar: matn, matnshunoslik, kogerent, pragmatika,
mikromatn, makromatn, ilmiy matn, badiiy matn, kommunikativ nutqiy butunlik,
nutq generatsiyasi, matn kogeziyasi, matn retrospektsiyasi.
Matn nutqning yirik ko‘rinishi bo‘lib, vazifasi jihatdan tugal nutqiy butunlik
sanaladi. Matnning murakkabligi va hajmi, kommunikativ vazifasi, muayyan janr
talablariga mosligi va matn qismlarining xarakteri singari masalalar keyingi 20-30
yildan buyon o’zbek tilshunoslarining ham diqqat eʼtiborida bo’lib kelmoqda. O’z
vaqtida akademik A.N.Kononov murakkab fikrni ifodalashda yakka gapning o’zi
kifoya qilmaydi, uni boshqa gaplar qurshovida tekshirish lozim, degan fikrni olgʼa
surgan edi. Keyinchalik o’zbek tili sintaksisiga bagʼishlangan tadqiqotlarda gapdan
yirik birliklarni ifodalovchi “murakkab sintaktik butunlik”, “diskurs”, “mikromatn”,
“makromatn”
singari
atamalar
qo’llaniladigan
bo’ldi.
Sh
Butunittifoq
turkiyshunoslar anjumanida (Toshkent, 1980) akad.Gʼ.Abdurahmonov “Matn
nazariyasi” mavzuida maʼruza qilgan edi. Аna shu maʼruzada taʼkidlanishicha,
maʼlum bir matn tuzilishida faollashadigan sintaktik munosabatlar mazmuniy
munosabatlar bilan uygʼunlashib, o’ziga xos sintaktik-semantik xususiyat kasb
etadi. Аna shu sababli matn mazmun va shakl uygʼunligiga ega bo’lgan lisoniy
qurilma bo’lib, uning qismlari (komponentlari)ga ham maʼlum miqdorda sintaktik
va mazmuniy jihatdan mustaqillik belgilari xarakterlidir.
Maʼlumki, matnni muayyan belgi-xususiyatlarga ega bo’lgan statik (turgʼun)
obʼekt sifatida tadqiq etish uni boshqa aspektlarda o’rganishga aslo monelik
qilmaydi. Matnning lisoniy tabiati, uning tuzilishi, asosiy kategoriyalari matn
tilshunosligi fani uchun qanchalik muhim ahamiyatga ega bo’lsa, matn
generatsiyasi, matnning yaratilish jarayoni kabi masalalar ham bu fan uchun
shunchalik muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning bu fikrimiz birinchi navbatda badiiy
matnlarga tegishlidir. Nutq generatsiyasi nuqtai nazaridan matn statik hodisa emas,
balki dinamik hodisa hisoblanadi. Matnning qo’lyozma varianti ustida ishlash yoki
asarni qayta nashrga tayyorlash jarayonida yozuvchi (matn ijodkori) tomonidan
butun matnga yoki uning muayyan qismlariga maʼlum o’zgarishlar kiritiladi.
Bunday o’zgarishlar natijasida butun matnning yoki uning biror qismining o’ziga
xos qo’shimcha nushalari, variantlari yuzaga keladi. Matnning qo’shimcha nusxasi
yoki varianti deyilganda, mazkur matnda tasvirlangan voqea-hodisalarning boshqa
voqea-hodisalar bilan almashuvi emas, balki o’sha voqea-hodisalarni tasvirlovchi
vositalarning boshqa ifoda vositalari bilan almashinuvi ko’zda tutiladi. Masalaga
ana shu nuqtai nazardan qaraganda, I.Qo’chqortoev va H.Nizomxonovlarning
“Badiiy asarning tekstual variantlari – lingvostilistik tadqiqot obʼektlaridan biri”
nomli ilmiy maqolasi o’zbek matnshunosligida alohida o’rin tutadi. Keyinchalik
R.Qo’chqortoeva, H.Nizomxonov, M.Aminova kabi olimlar Abdulla Qahhor,
Oybek, Hamza kabi ijodkorlarning qo’lyozma matnlar ustida ishlash mahoratini
maxsus tadqiq etdilar.
Bunday muammo o’z vaqtida A.Shomaqsudov (1971), Q.Samadov (1967, 1981),
I.Qo’chqortoev (1976) kabi olimlarning ishlarida ham o’rganilgan edi.
Adabiyotshunos olim S.Meliev sheʼriy matnlarda so’zning badiiy funktsiyasini
maxsus tadqiq etdi. Jumladan, olim kontekstda so’z dinamikasini ochib berish uchun
shoir Husniddin Sharipovning “Baliq falsafasi” nomli sheʼrida “Dumingni
likillatasan, olgʼa ketasan” misrasining takrori yaxlit bir matnni, tugal sheʼriy matnni
vujudga keltirganini uch yarusda tadqiq etadi hamda shunday xulosaga keladi:
“Dumingni likillatasan, olgʼa ketasan” zamirida achchiq zaxarxanda bor. U
dumini likillatib umr kechiruvchi kishilarning “olgʼa ketishiga” to’sqinlik qilib,
ularni hajv zarbi bilan yanchib tashlaydi... Matnni o’qir ekansiz, baliq inson
tasavvuridan butunlay chiqib ketmaydi. Zero, lagandardorning baliqqa o’xshash
tomonlari ham yo’q emas. Baliqning suvda sollanib, silliq suzishi hayotning
sermashaqqat yo’llaridan ravon o’tib ketishga ruju qo’ygan laganbardor
“falsafasi”ga mos keladi.
Mutlaq bir xil ikki misra “Dumingni likillatasan, olgʼa ketasan” ning
takrorlanishi natijasida bu sheʼr tugal badiiy asar (poetik matn) qiyofasiga kiradi.
So’zlarning aytilish ohangida ham baliqning suzishiyu
itning dum likillatishini eslatadigan nimadir bor. Ana shu o’xshashlik
laganbardor kimsalarning yashash falsafasini nafrat va zaxarxanda o’tiga duchor
qiladi.
Kontekst (matn)da so’z dinamikasi keng tushuncha. U faqat muayyan
kontekst doirasi bilan cheklanmay, so’zning voqelik bilan “oldi- berdi”sini ham
o’zida qamrab oladi. Demak, so‘z dinamikasi turli kontekstda turlicha ko’rinishga
ega bo’ladi. Keltirilgan sheʼr matnida baliqdan boshqa narsa yo‘q. Ammo dum
likillatish birikmasining harakat doirasi shunchalik kengki, u avval it, keyin
laganbardor odam qiyofasini kitobxon zehnida jonlantiradi. Har ikki holda ham
harakatchan dinamik so‘z va birikmalar yuksak badiiy kontekst (matn)ni vujudga
keltiradi. Keyinchalik S.Meliev sheʼriy kontekstda so’zning badiiy funktsiyasi
tahliliga oid nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan edi.
M.To’xsanov “Mikromatn va o‘zbek badiiy nutqida uning kogerentligini
ifodalovchi vositalar (so’z almashtirish va takror)” mavzuida nomzodlik ishini
himoya qildi.
Olimning fikricha, tilshunos olimlar tomonidan tekst (matn) termini tor va
keng maʼnoda ishlatiladi. Tor maʼnoda tugal fikr anglatuvchi bir (baʼzan) yoki bir
necha gapdan iborat bo’lgan jumla tushunilsa, keng maʼnoda qissa, roman, gazeta,
jurnal maqolasi, ilmiy monografiya, turli hujjat va hokazolar nazarda tutiladi.
Bulardan birinchisi mikrotekst, ikkinchisi makrotekst deb ham ataladi.
Mikrotekst grammatika, yaʼni sintaksisning o’rganish obʼekti sanaladi.
Makrotekst esa sotsiolingvistika, funktsional stilistika, pragmalingvistika,
adabiyotshunoslik, poetika kabi bir qator filologik fanlarning obʼekti deb qaraladi.
Bundan ko‘rinadiki, tekst (matn) lingvistikasi ikki obʼektli fan bo’lib, uning
predmeti mikrotekst ekanligiga asos bo‘luvchi modellarni o’rganish tashkil etadi28.
Bu ish o’zbek tilshunosligidagi mikromatn va uning kogeziyasini monografik
yo’nalishda o’rganishga bagʼishlangan dastlabki tadqiqotlardan biri ekanligi bilan
eʼtiborga molik.
H.Usmonov esa o‘zbek badiiy matnlarida so’zlashuv nutqi xususiyatlarini
maxsus tadqiq etdi. Prof. A. Mamajonov “Tekst lingvistikasi” nomli o’quv
qo’llanmasini nashr ettirdi. Bu ishda matn haqidagi ilmiy-nazariy qarashlar maʼlum
darajada tahlil qilingan, matn tushunchasining mohiyati, tiplari va komponentlari,
bu
komponentlarning o’zaro bogʼlanishi va matn qismlarining bogʼlovchi
vositalari, matn birliklariaro sinonimiya, sintaktik-stilistik figuralar masalalari
taʼlimiy nuqtai nazardan o’rganilgan. Keyinchalik А.Mamajonov M.Аbdupattoev
bilan hamkorlikda “Matn sintaksisi” nomli o’quv qo‘llanmasini ham nashr ettirdi.
Taʼlimiy xarakterga ega bo’lgan bu qo’llanmada matnning struktur-semantik va
uslubiy jihatlari, matn birliklaridagi tema-rematik munosabat masalalari tahlil
qilingan hamda shu asosda o’zbek tilidagi matnlarning sintaktik tabiati haqida
tegishli umumiy xulosalar bayon qilingan.
O‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab o‘zbek olimlari matn tilshunosligining
nazariy muammolari bilan shugʼullana boshladilar. Bu jihatdan B.O‘rinboev,
R.Qo‘ng‘urov, J.Lapasovlarning “Badiiy tekstning lingvistik tahlili” nomli o‘quv
qo‘llanmasi alohida ahamiyat kasb etadi. Bu asarning “Kirish” qismi “Tekst –
lingvistik tahlil obʼekti” deb nomlanadi. Bunda matn tiplari, ularning umumiy va
o’ziga xos belgilari, matnni lisoniy tahlil qilishning metodologik tamoyillari, matn
yaratish myammolari, ifoda vositalarining tanlanishi va ularning matn tuzilishidagi
roli singari dolzarb masalalar o’zbek tili faktlari misolida yoritilgan32. Shundan
keyin asarda Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Hamza
Hakimzoda Niyoziy, Gʼafur Gʼulom, Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor,
Komil Yashin kabi shoir, yozuvchi va dramaturglarning sheʼriy, nasriy va dramatik
asarlaridan matnlar keltirilib, ularni lisoniy jihatdan tahlil qilish namunalari berilgan.
Bu asarda to’gʼri taʼkidlanishicha, “umumiy tilshunoslikdagi nazariy fikrlar asosida
tekst (matn)ning mohiyati, tuzilishi, mazmuni, fikrni yuzaga chiqarishdagi roli kabi
qator muammolarni yoritish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biridir”.
J.Lapasov “Badiiy matn va lisoniy tahlil” nomli qo‘llanmasida badiiy matnning
lisoniy tahlili haqida umumiy maʼlumot beriladi, matn tuzilishida ifoda-tasvir
vositalarining ahamiyati, remarka va replika, leksik va uslubiy vositalar, stilistik
figuralarning matnni shakllantirishdagi o‘rni, matn tahlilida lugʼat ustida ishlash
usullari kabi masalalar o‘rganilgan hamda sheʼriy, nasriy va dramatik matn tahliliga
doir namunalar keltirilgan.
M.Hakimovning nomzodlik dissertatsiyasida ilmiy matn va uning birliklari
orasidagi mazmuniy munosabatni ifodalovchi bogʼlovchilar, ularning o’ziga xos
xususiyatlari va vazifalariga aniqliklar kiritilgan, ilmiy matnda muallifning xususiy
munosabati va uning turlari, o‘zbekcha ilmiy matnlarning sintagmatik va pragmatik
xususiyatlari keng tahlil qilingan. Bu ishda o’zbek tilining ilmiy uslubi matn
kategoriyasi
aspektida o’rganilgan, gumanitar fanlarga oid ilmiy matn namunalari bu ish
uchun faktik material manbai bo’lib xizmat qilgan.
“O’zbekcha diniy matnlar ekzotik leksikasi” mavzuidagi nomzodlik ishida
tadqiqotchi N.Uluqov diniy matnlar tilshunoslikda o’ziga xos alohida matn turi
sifatida o’rganilishi maqsadga muvofiq, degan fikrni ekzotik leksika materiallari
misolida asoslashga intiladi.
1997 yilda Toshkentda o’tkazilgan “O’zbek tili” anjumanining to’rtinchi
yigʼini bevosita “Taʼlim jarayonida matn ustida ishlashning asosiy omillari”
mavzuiga bagʼishlangan edi. Bu anjuman materiallari yirik to’plam sifatida nashr
etilgan. Bu esa mamlakatimizda matn tilshunosligi yutuqlarining taʼlim jarayoniga
keng tatbiq etilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1998
yilda
SamDUda
“Maxsus
matnlarning
lingvistik
talqini
(interpretatsiyasi) va chet tillarida muloqot qilishni faollashtirish” mavzuidagi
xalqaro ilmiy-nazariy anjuman o’tkazildi. Bunda Abxay Morye (Hindiston), Su Fan
Syu (Xitoy), D.Loxer (Shvetsariya), V.Revitskiy (Belarus), J.A.Kareneyeva
(Qozogʼiston) singari xorijlik olimlar hamda mamlakatimizning barcha oliy o’quv
yurtlaridan filolog mutaxassislar ishtirok etdilar hamda matn va uning lingvistik
talqini bilan bogʼliq bir qancha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Prof.E.Qilichevning “Matnning lingvistik tahlili” nomli o’quv qo’llanmasida
matnning ko’rinishlari va uni lisoniy tahlil qilish namunalari berilgan. Eng muhimi,
bu ishda poetik va nasriy matnlarni shahrlab o’qish hamda tahlil qilish, matnni
“lingvistik mikroskop ostida” o’rganish (fonetik, leksik, morfemik, morfologik,
sintaktik tahlil usullari)ga oid mashq namunalari keltirilgan.
2000 yilda Samarqandda “Matn va uning talqini” mavzuida xalqaro ilmiy-
nazariy konferentsiya o’tkazildi. Bu anjumanda matnning informativligi,
kogeziyasi, bo’linuvchanligi, retrospektsiyasi, ichki va tashqi derivatsiyasi kabi
dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Maʼlumki, pragmatika tilshunoslik fanining yangi bir nazariy va amaliy
tarmogʼi sifatida insonning ijtimoiy faoliyatini o’zida mujassamlashtirgan nutqiy
jarayon, nutqiy vaziyat taʼsiri bilan namoyon qiluvchi nutq ishtirokchilariga xos
kommunikativ niyat bilan aloqador masalalarni o’rganadi. “Pragmatika tilshunoslik
fanining yangi sohalaridan biri bo’lib, uning nazariy manbai Ch.Pirs, U.Djems,
D.Dyun, Ch.Morris kabi taniqli faylasuf olimlarning ilmiy-nazariy qarashlari bilan
bogʼliq. Ularning tadqiqotlarida X1X asrning oxiri va XX asrning boshlarida
belgilar sistemasi va lingvistik belgi funksionalligi xususidagi gʼoyalar o’rtaga
tashlanib, semiotika haqidagi asosiy tushunchalar aniqlanadi, sintaksis, semantika
va pragmatika o’rtasidagi o’zaro farqlar ko’rsatib beriladi”. Lingvistik
pragmatikaning o’zbek tilshunosligida shakllanishida M.Hakimovning tadqiqoti
alohida ahamiyat kasb etadi. Negaki olim o’zbek tilidagi matnning pragmatik
talqiniga bagʼishlangan doktorlik dissertatsiyasida matn lingvistik pragmatika,
nutqiy akt nazariyasi tamoyillari asosida o’rganilgan, matnda ochik va yashirin
(eksplitsit va implitsit) shaklda ifodalanadigan mazmunlarning o’ziga xos
qonuniyatlari ko’rsatib berilgan, ularning semantik, sintaktik, presuppozitsion va
pragmatik xususiyatlariga doir qoidalarga aniqliklar kiritilgan. Bu ish o’zbek tilidagi
matn tilshunosligi muammolariga nazariy jihatdan tamoman yangi fikr-mulohazalar
bayon etilgan.
M.Hakimova
vaqt
maʼnoli
birliklarning
matnni
shakllantirishdagi
imkoniyatlarini tadqiq etib, nomzodlik ishini himoya qildi. Ishda taʼkidlanishicha,
vaqt maʼnoli (temporal) leksemalar matnni nursimon va zanjirsimon usullarda
bogʼlay oladi. Nursimon bogʼlanishda vaqt maʼnoli leksema o’zining vaqt
mundarijasi asosida matn boshida yetakchi so’z bo’lib turadi. Hamma voqea-
hodisalar shu so’z ifodalagan vaqt ko’lamida yuz beradi. Zanjirsimon bogʼlanishda
muayyan leksema maʼnosidagi butun yoki umumiy vaqt qism va xususiyliklar
tarzida matn komponentlarini bogʼlashga xizmat qiladi (kun: ertalab, tush,
kechqurun kabi). Bunda dastlabki bosh (butun, umumiy) temporal sememaning
muayyan semalari keyingi jumlalarda sememalar maqomini kasb etadi. Shuningdek,
vaqt maʼnosini denotatini voqelik sifatida tasdiqlash (atov gap), keyingi fikr yoki
tavsifning temporal predmetini tema sifatida avval tasdiq yo’li bilan berish kabi
kommunikativ ehtiyojlar ham matn shakllantiruvchi omillardandir.
Vaqt maʼnoli so’zlar matn shakllantirish va uning yaxlitligini taʼminlashda
temporal maydonning boshqa birliklari bilan hamkorlikda faoliyat ko’rsatadi.
M.Yo’ldoshev badiiy matn lingvopoetikasi bilan jiddiy shugʼullanib, shu
mavzuga doir bir qator monografiyalar yaratdi hamda doktorlik dissertatsiyasini
himoya qildi. Xuddi shuningdek,
S.Boymirzaeva badiiy matnda qo’shma gap shakllarining qo’llanish
xususiyatlari, matnning modalligi va unda temporallik mazmuni semantikasi
tahliliga doir mazmundor monografiyalar nashr ettirdi hamda doktorlik
dissertatsiyasini himoya qildi. Sh.Turniyozovaning nomzodlik ishi esa matn
shakllanishining derivatsion xususiyatlari tahliliga bagʼishlangan edi. Ishda
haqqoniy taʼkidlanishicha, “matn derivatsiyasi o’ziga xoslikka ega bo’lib, uning so’z
birikmasi, gap, murakkab sintaktik qurilma materialida shakllanishi abzats va bob
materialida voqelanishidan farq qiladi. So’z birikmasi, gap va murakkab sintaktik
qurilmalarning matn maqomida kelishida ularning sintaktik derivatsiyasi tamoyillari
odatdagi operand, operator va derivat kabi sodda tushunchalarga asoslanadi. Аbzats
derivatsiyasida esa mazkur tushunchalar murakkab xarakter kasb etadi”.
Keyingi yillarda o’zbek tilshunosligida matn muammosini u yoki bu jihatdan
o’rganishga aloqador bo’lgan bir qator ilmiy maqolalar ham eʼlon qilindi.
Shunday qilib o’zbek tilshunosligida matn muammolarini tadqiq etishda
salmoqli yutuqlarga erishildi. Endigi vazifa ana shu yutuqlarni yanada
mustahkamlash, matn tilshunosligi muammolariga doir monografik tadqiqotlar
yaratish, matnning turlari, uning pragmatik imkoniyatlari kabi masalalarni keng
miqyosda chuqurroq tadqiq etishdan iboratdir.
Nazorat savollari:
1.“Matnshunoslik”, “matn” (tekst) atamalarining izohi haqida.
2.Matn tilshunosligi taraqqiyotida Samarqandda o’tkazilgan ikki xalqaro
konferentsiya (1998, 2000), “O’zbek tili” doimiy anjumanining to’rtinchi yigʼilishi
(1997) ning o’rni..
3.“Kontekstda so’z dinamikasi” tushunchasining izohi va konkret misollar
asosidagi tahlili.
4.O’zbek tilshunosligida matn va uning turlari tahlilida “Badiiy tekstning
lingvistik tahlili” (1990), “Badiiy matn va lisoniy tahlil” (1995) asarlarining tutgan
o’rni.
5.Lingvistik pragmatika va uning xususiyatlari tahlilida M.Hakimov
tadqiqotlarining o’rni.
6.Badiiy matn lingvopoetikasi va matnning kommunikativ - pragmatik
mazmunini shakllantiruvchi kategoriyalar tadqiqida M.Yo‘ldoshev, S.Boymirzaeva
tadqiqotlarining tutgan o’rni.
Berilgan matnni lingvistik tahlil qiling. Nutqdagi aniqlik va ixchamligini
ta’minlagan so‘zlarni aniqlang
Pochcham har kuni to‘qqiz pul choy-chaqa beradi. Men pulni olib, ko‘chaga
shataloq otaman. Bu mahalladan ham yangi og‘aynilar orttirganman. Kamalak
otamiz, oshiq o‘ynaymiz, it urishtiramiz.
Bir kuni pochchamning ko‘ppagini yashirib olib chiqib, urishtirdim. Oldingi
bir oyog‘i sinib qaytdi va bir umr cho‘loqlanib qoldi.
Yoz payti pochchamning o‘rtoqlari qovun sayliga chaqirgan. Bir tarafi
hayitlashib ham kelaman-ku, degan niyat bilan yoniga tozisi, ham qarchig‘ayini olib,
matrab ko‘tarib uch-to‘rt kunga dalaga chiqib ketdi. Ketar oldida menga uchta buxor
tanga berib:
-Qushlarning ovqatidan xabar olib tur, ochiqib qolmasin, - deb tayinladi. Men
juda quvondim – mana endi o‘sib ham qoldim, yoshim o‘n to‘rtga kirdi, odamlar
menga ishonadigan bo‘lib qoldi, deb ich-ichimdan sevindim: kimsan miqqiy, kimsan
qirg‘iy, deganday sohibchangal qushlarning ixtiyori mening qo‘limda.
Qushxonaga kirdim, uyning bir burchagida miqqiy, bir burchagida qirg‘iy –
boshlarini yerga tiqib qo‘ndoqda o‘tirar edilar.
Ov qushlarining tezagi oppoq bo‘lar ekan. Qatiq icharmikan-a? Albatta, qatiq
ichadi, bo‘lmasa tezagi oq bo‘lmasa kerak deb o‘yladim.
Ammamdan yashirib, oshxonaga kirdim-da, katta xurmachani ko‘tarib
bozorga ketdim. Bir tangani maydalab, bir paqirga(ikki tiyin) bir xurmacha qatiq
olib, uyga keldim. Ikki kosani qatiq bilan to‘ldirib, har ikki qushning oldiga
qo‘ydim. Har ikki qush ham ovqatga qo‘noqdan turib sipohgarchilik bilan bir
ko‘zlab qaradi-da, yuzini chertta teskari o‘girib oldi.
Nima ham qilsa zotdor, tagi ko‘rgan qushlarda, kishi oldida och bo‘lsa ham
ovqatga qaramaydi. Tovuq bo‘lganda edi, pastlik bilan uyalmasdan o‘zini ovqatga
urar edi, deb o‘yladim.
Matnni o‘qing va qahramon nutqidagi SHU so’zining ma’no
tashiyotgani yoki tashimayotganini izohlang.
Xo‘jayin, shu, shu, desangiz. Shu… Bizni mashina dovonning
naryog‘ida, shu, radiator teshilib, shu, qolib ketibdi.
-Qanaqa mashina? – dedi hayron bo‘lib Mirvali.
-Hozir Toshket tomonidan, shu… Kelayotgan, shu, bir “Jiguli” garajga
kelib shundoq dedi.
- Qanaqa mashina, deb so‘rayapman.
-Shu… asalchining yukini Toshkentga, shu, olib ketgan mashuna,
shu…
-Nega menga aytasan, garaj mudiriga ayt.
-Shu, xotini kasal bo‘lib, shu, kasalxonaga olib ketgandi.
-Bo‘pti, bosh mexanikka ayt.
-Qorovul shu deb yana nimadir demoqchi edi; Mirvali qo‘l siltab,
“ketaver” ishorasini qildi. (Said Ahmad “Jimjitlik”)
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
1.Yo‘ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tshlili asoslari. Toshkent, 2008.
2.Yo‘ldoshev M. Badiiy matn lingvopoetikasi. Toshkent, “Fan”, 2008.
3.Yo‘ldoshev M. Badiiy matnning lisoniy tahlili. Toshkent, 2010.
4.Мамажонов А. Текст лингвистикаси. Тошкент, 1989.
5.Internet ma’lumotlari. wwwziyouz. kutubxonasi