O‘ZBEK XONLIKLARI DAVRI MADANIYATI (XVI-XIX asrlar)
Yuklangan vaqt
2024-07-28
Yuklab olishlar soni
2
Sahifalar soni
22
Faytl hajmi
41,4 KB
O‘ZBEK XONLIKLARI DAVRI MADANIYATI (XVI-XIX asrlar)
1.XVI-XIX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoning ijtimoiy-madaniy holati.
Ma'naviy madaniyat va diniy mutaassiblik.
2.Moddiy madaniyat. Xonliklardagi o’ziga xoslik.
3.Teatr.Masxarabozlar teatri, qiziqchilar teatri, qo’g‘irchoq teatri va uning
namoyondalari.
Tayanch tushunchalar: Quyi maktab, qorixona, otinoyi, madrasa,
shaharsozlik, o’ymakorlik, naqqoshlik san’ati, miniatyura san’ati, musiqa san’ati.
5.1. XVI-XIX asrning birinchi yarmida Markaziy Osiyoning ijtimoiy-madaniy
holati. O’zbek xonliklarida ilm-fan, maorif va ta’lim
XVI asrdan boshlab ijtimoiy-siyosiy hayotda yuz bergan o’zgarishlar, ya’ni
temuriylar imperiyasining inqirozi, ko’chmanchi o’zbeklarning Shayboniyxon
boshchiligida Movarounnahrni bosib olishi, Buxoro va Xiva xonliklarining vujudga
kelishi mamalakat madaniy hayotiga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi.
Mamlakatda hunar va savdo-sotiq ishlarining rivojlanishi, ilm ahllari
doirasining kengayishiga olib keldi. Muhammad Shayboniyxon, Ko’chkinchixon va
Ubaydullaxonlar o’z davrining o’qimishli kishilari bo’lib, turkiy va forsiy tillarda
ijod qilganlar. Abdulazizxon va Abdullaxon II davrida katta kutubxona mavjud
bo’lgan. Bu davrda matematika, astronomiya, tibbiyot, tarix, adabiyot sohalarida
ko’plab asarlar yaratildi. Maorif keng rivojlandi. Ma’lum doiralarda, asosan o’ziga
to’q tabaqalarda xususiy muallimlar yollab bolalarga ta’lim berish ancha keng
tarqalgan edi. Odatda, bunday muallimlar shoir, yozuvchi yoki biron diniy idora
vakili bo’lar edi. Undan tashqari, shahar va qishloqlarda maktablar ham mavjud
bo’lgan. Bolalar olti yoshdan maktabga borgan. Ular alifbodan saboq chiqarar edi.
Bunday maktablarda odatda masjid imomi saboq berar edi. O’quvchilar maktabdan
madrasaga o’tib, din asoslaridan ta’lim olar edi. Yuqori bosqichda diniy ilmlar bilan
birga grammatika, mantiq, aljabr, xandasa, hisob amallari o’rgatilgan. Madrasani
bitirganlar qozi, uning yordamchisi, masjid imomi lavozimlarida ishlaganlar,
mudarrislik qilganlar. Hisob-kitob, she’r o’qish san’ati, musiqa kabi maxsus ilmlar
madrasadan tashqarida o’qitilgan. Madrasa tinglovchilari uch guruhga – quyi, o’rta
va yuqori guruhlarga bo’linib, har bir guruhda 8 yil o’qishar edi. Madrasalarda islom
dini ruhoniylari tayyorlanar edi.
Bu davrda fanning bir qator tarmoqlari keng rivojlanadi. Masalan, tibbiyot
sohasida katta siljishlar ro’y beradi. 1541 yilda Muhammad Husayn ibn al Mironi
as-Samarqandiy tibbiy dorishunoslik risolasi yozib, unda shifobaxsh o’simliklar,
dori tayyorlash va saqlash sirlarini suratlar bilan ko’rsatib beradi. XVI asrning yana
bir tabibi Sultonali Xo’jandiy «Dastur ul-iloj» asarini yozgan va unda kasalliklarni
davolash to’g’risida maslahatlar berilgan. Bu davrda Yusuf Tabibiyning «Jome al-
favoid» («Foydali ma’lumotlar to’plami») degan asari ham keng tarqalgan edi.
Tibbiyotning
rivojlanishi
yirik
shaharlarda
shifoxonalar
(darushshifo),
Subhonqulixon davrida esa maxsus shifoxona madrasasi va tibbiyot kutubxonasi
tashkil etiladi.
XVI asrning mashhur olimi Amin Ahmad Roziy bizgacha yetib kelgan «Haft
iqlim» («yetti iqlim») nomli jo’g’rofiy asarini (1594 y.) yozadi. U shahar va
mamlakatlar haqida, ularning jo’g’rofiy o’rni, diqqatga sazavor joylari, xalqi va
uning hayoti, mashg’uloti va urf-odatlari, iqtisodiyotiga oid qimmatli ma’lumotlar
keltiradi. XVII asrda esa yirik qomusiy olim Mahmud ibn Vali fanning juda ko’p
sohalarini, jumladan tarix, jo’g’rofiya, astronomiya, mineralogiya kabi sohalarni
qamrab olgan «Bahr ul-asror fi manoqib ul-ahyor» («Olijanob kishilarning jasorati
haqida sirlar dengizi») nomli asarini yozadi.
Biroq shuni ta’kidlash joizki, XVI-XVII asrlarda dunyoviy fanlar o’rnini
musulmon diniy aqidalari egalladi. Aniq va tabiiy fan namoyandalari ta’qib qilinadi.
Matematika, astronomiya kabi fanlar Markaziy Osiyo xalqlari o’tmishida muhim
o’rinni egallagan bo’lsa, bu davrga kelib bu fanlardan ayrim amaliy vazifalarni hal
qilishdagina foydalaniladi.
XVI-XVIII asrlarda ilg’or ijtimoiy falsafiy fikr Davvoniy, Qorabog’iy,
Mashrab, Turdi, Bedil kabi shoir va yozuvchilarning asarlarida rivojlantirildi. Mirzo
Abulqodir Bedilning (1644-1720) asarlari xalq orasida katta shuhrat qozongan edi.
Bedil tabiatni abadiy deb bilib, materiya, ruh va ilohiy substansiyaning uzviy birligi
haqidagi fikrni rivojlantirdi. Bedil o’zining «Chor unsur» asarida mavjudotning
asosini havo deb, «Ifron» asarida uni «mavjudu mavjud», ya’ni mavjudotning
yaratuvchisi deb bilgan. Bedil o’z asarlarida hunarmandchilik, dehqonchilik,
hurfikrlilik va ilmni kuylagan. Uning falsafiy ta’limoti butun XVIII-XIX asr
faylasuflariga amaliy yo’nalish berdi.
XVI asrning birinchi yarmida yashab o’tgan buxorolik Navkabiy musiqa
ilmiga oid ajoyib asar yozgan edi. Darveshali Samarqandiy tomonidan musiqa fani
to’g’risida 12 maqomdan iborat «Risolai musiqiy» asarining yozilishi ham XVI-
XVII asrlarga to’g’ri keladi. Bu asarda musiqa, kuy, cholg’u asboblari, musiqa
san’atiga doir asarlar yozgan olimlar va shoirlar to’g’risida ma’lumotlar berilgan.
XVI-XVII asrlar madaniyatining o’ziga xos xususiyatlaridan biri shundaki,
bu davrda Movarounnahrda ko’plab adabiy va tarixiy asarlar yaratildi. Ayniqsa,
tarixshunoslik keng rivoj topdi. XVI asrda Ro’zbehxon, Isfahoniy, Binoiy,
Muhammad Solih, Bobur, Xofiz Tanish Buxoriy va boshqalar eski o’zbek va fors-
tojik tillarida asarlar yozishgan.
Tarixiy asarlar ichida muallifi noma’lum bo’lgan «Tavorix-i guzide
nusratnoma» alohida o’rin tutadi. Bu asar 1502-1505-yillar orasida yozilgan bo’lib,
unda qadimgi turklar, Chingizxon va uning avlodi tarixidan boshlab, to
Shayboniyxon tomonidan Markaziy Osiyoni istilo qilinishigacha bo’lgan tarixiy
voqealar bayon etilgan.
Muhammad
Solihning
«Shayboniynoma»
she’riy
dostonida
Shayboniyxonning hayoti va u olib borgan urushlari haqida hikoya qilinadi. Bu
asarda Shayboniy qo’shinlarining yovuzliklari, Qorako’l, Qarshi va G’uzorda
Shayboniylarga qarshi ko’ratilgan xalq qo’zg’olonlari haqida, shuningdek, unda
jug’rofiya va etnografiyaga doir ma’lumotlar ham bor.
Muhammad Haydarning «Tarixi Rashidiy» asarida o’zbek va qozoqlarning
tarixi yoritilgan. XVI asrning yirik tarixchi olimi, iste’dodli shoiri va sarkardasi,
temuriylar avlodining vakillaridan biri Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530)
edi. U Farg’ona hokimi Amir Temurning nabirasi Umar Shayx Mirzoning to’ng’ich
o’g’li bo’lib, 12 yoshida taxtga o’tirgan edi. Bobur juda murakkab hayot, kurash va
ijodiy faoliyat yo’lini bosib o’tdi. U inqirozga yuz tutgan temuriylar davlatini saqlab
qolish va mustahkamlash uchun, bobosi Amir Temurdek Markaziy Osiyoda
markazlashgan yirik davlatni tuzish uchun uzoq vaqt kurash olib bordi. Ammo 1504-
yilga kelib Shayboniyxon bilan kurashda mag’lub bo’lib mamlakatdan chiqib
ketishiga majbur bo’ladi. O’sha yili Bobur Qobulni egallagan. U 1514-1526-yillar
orasida Shimoliy Hindistonni bo’ysundirish uchun kurash olib boradi. 1526-yilda bu
o’lkani o’ziga bo’ysundirib, tarixda Boburiylar (g’arbda - Buyuk mo’g’ullar)
imperiyasi nomi bilan mashhur bo’lgan davlatga asos soldi. Bu imperiya to 1858-
yilgacha, ya’ni Hindistonni ingliz mustamlakachilari bosib olgunga qadar yashadi.
Bobur shoh bo’lishi bilan birga ko’pqirrali iste’dod sohibi ham edi. Boburning
she’rlaridan bizgacha 100 dan ortiq g’azal va 200 ga yaqin ruboiysi yetib kelgan. Bu
she’rlarda shoir Vatanga muhabbat, ona diyorga sog’inch, dildagi g’am-hasrat
kuchli ifoda etiladi.
Boburni dunyoga tarixchi sifatida tanitgan asari «Boburnoma»dir. Bu asar
tarixiy manba bo’lishi bilan birga, o’zbek prozasining qimmatli yodgorligi
hisoblanadi. «Boburnoma» tarix, jug’rofiya, etnografiya, tabiiyot, xalq tibbiyoti va
boshqa ilmiy sohalar bo’yicha ham qimmatli ma’lumotlar beruvchi asardir. Bobur
huquqshunoslikka oid «Mubayyin» («Bayon etilgan»), aruz vazni va qofiya
masalalari haqida «Mufassal», musiqa bo’yicha «Musiqiy ilmi», harbiy ish
to’g’risida «Harb ishi» kabi asarlar ham yozgan. Arab alifbosining o’zbek tili va
195
talaffuziga uncha muvofiq kelmasligi uchun Bobur «Xatti Boburiy» asarida bu
alifboni isloh qiladi. Ammo bu alifbo hayotga tatbiq qilinmagan bo’lsa ham, undagi
alifboni tilga muvofiqlashtirishga urinish Bobirning katta yutug’i edi.
Bobur mohir tarjimon ham edi. U 1528-yilda Xo’ja Ahrorning «Volidiya»
risolasini forschadan o’zbek tiliga she’riy usul bilan tarjima qilgan. Bobur 1530-
yilning 26-dekabrida Agrada vafot etdi. Keyinchalik uning avlodlari uning hokini
Qobulga ko’chirib, maqbara qurdirdi.
«Boburnoma»ni ingliz tiliga tarjima qilgan Ersin Boburga shunday ta’rif
beradi: «...saxovatliligi, mardligi, tantiligi, fanga, san’atga muhabbati va ular bilan
muvaffaqiyatli shug’ullanishi jihatidan olib qaraganda Osiyodagi podsholar ichida
Boburga teng keladigan bironta ham podshoh topolmaymiz».
Ashtarxoniylar davridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi tanazzul
madaniy hayotga ham salbiy ta’sir ko’rsatdi. Dindorlar mavqeining kuchayishi aniq
fanlarga nisbatan e’tiborni pasaytirdi. XVII asrda Buxoro xonligida 150 dan ortiq
madrasa faoliyat ko’rsatgan bo’lsa-da, ularda zamon taraqqiyotiga ta’sir ko’rsatish
darajasidagi allomalar yetishib chiqqani yo’q. Ammo bu dunyoviy ilmlar sohasida
umuman ish qilinmadi degani emas. Matematika, astronomiya, ayniqsa, tibbiyot,
tarixnavislik va adabiyot sohasida bir qancha yangi asarlar yaratildiki, ularni XVII
asr va XVIII asrning birinchi yarmidagi o’zbek xalqi ma’naviy merosining buyuk
namunalari sifatida qayd etish mumkin. Boboxo’ja ibn Xoja Orif Samarqandiy,
Mullo Tursun Faroyiziy Samarqandiylar falakiyot sohasida, Subhonqulixonning
“Lubb ul-lavoyih ul-qamar fil-ixtiyorot”, “Ihyo at-tabibi Subhoniy”, Sa’id
Muhammad Tohir ibn Abulqosimning “Ajoyib ul-tabqot” asarlari shu davrdagi
ko’zga ko’ringan asarlar sirasiga kiradi.
Bu davr ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti haqida ma’lumot
beruvchi Mirzo Sodiq Munshiyning “Dahmay shohon” majmuasi, Muhammad
Balxiyning “Subhonqulinoma” masnaviysi, Muhammad Amin Buxoriyning
“Ubaydullanoma”, Muhammad ibn Muhammad Zamon Buxoriyning “Muhit ut-
tavorix”, Abdurahmon Tole’ning “Abulfayzxon tarixi”, Muhammad Yusuf
Munshiyning “Muqimxon tarixi” va boshqa asarlar shu davr madaniy hayotining
ajoyib namunalaridir.
Buxoro, Xiva va Qo’qon xonliklari tarixini yoritishda Abulg’oziy
Bahodirxonning «Shajarai turk» va «Shajarai tarokima», Muhammad Yoqubning
«Gulshan ul-muluk», Muhammad Mir Olimning «Tarixi amir Nasrullo», Mulla
Ibodulla va Mulla Muhammad Shariflarning «Tarixi amir Haydar», Muhammad
Hakimxon To’raning «Muntaxab ub-tavorix», Zayniddin Vosifiyning «Badoe ul-
vaqoe» («Nodir voqealar»), Mulla Avaz Muhammadning «Tarixi jahonnumoyi»,
Mulla Niyoz Muhammadning «Tarixi Shohruhi», Muhammad Solihxo’janing
«Toshkentning yangi tarixi» kabi asarlar muhim o’rin egallaydi.
Buxoro shahri amirlik davrida ham islom dinining markazi hisoblangan. Bu
davrda boshlang’ich ta’lim maktabi va oliy ta’lim beruvchi madrasalar faoliyati ham
ancha yuksaldi. Bu yerda faqat Markaziy Osiyodangina emas, balki Volga bo’ylari,
Shimoliy-G’arbiy Hindiston, Afg’oniston va boshqa mamlakatlardan ham bilim
olish uchun toliblar kelishar edi. Bu paytda Buxoro amirligining har bitta shaharida
madrasalar bo’lib, Buxoro shahrining o’zidagi 103 ta madrasadan 60 tasi asosiy
ta’lim maskani sifatida mashhur bo’lgan. Madrasada o’qitish 3 bosqichda amalga
oshirilgan bo’lib uning barcha xarajatlari, mudarrislar va boshqa xizmatchilarning
maoshi, talabalar nafaqasi, kutubxona xarajatlari va boshqalar madrasaga
biriktirilgan vaqf yerlaridan keladigan daromad hisobiga qoplangan. Madrasada
fiqh, shariat asoslari, adabiyot, til, tarix, falakiyot, mantiq, falsafa, matematika
fanlari o’qitilgan bo’lsa-da dunyoviy ta’limga nisbatan diniy- axloqiy ta’lim
berishga asosiy e’tibor qaratilgan. Bu davr madaniy hayoti haqida adabiyot, tarix,
hattotlik, musiqa san’ati yodgorliklari, me’morchilik obidalari muhim ma’lumotlar
beradi.
Mang’itlar hukmronligi davrida ham o’rta asr tarixnavisligining yetakchi
an’analari saqlanib qolganligini quyidagi asarlarda ko’ramiz: Mullo Ibodullo va
Muhammad Shariflarning “Tarixi amir Haydar” va “Dastoni amironi mang’it”,
Mirolim Buxoriyning “Fathnomayi-sultoniy”, Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi
salotini mang’itiya”, “Dahmayi shohon” kabi asarlari, Muhammad Sharif ibn
Muhammad Naqining “Toju tavorix” asarini, Ahmad Donishning “Mang’itlar
xonadoni hukmdorlari tarixidan qisqacha risola” asarini va Mirzo Sodiq
Munshiyning “Tarixi silsiloti mang’itiya” (“Mang’it hukmdorlari tarixi”) asarlari
mang’it amirlari tarixi haqidagi birlamchi manbalardir.
Abulg’oziyxon “Shajarayi Turk”, “Shajarayi tarokima” asarlari bilan Xorazm
tarixnavislik maktabini boshlab bergan bo’lsa, Munis va Ogahiylar tarixnavislik va
tarjimonlik maktabini yaratib, “Firdavs ul-iqbol”, “Zubdat ut-tavorix”, “Riyoz ud-
davla”, “Gulshan ul-davlat”, “Jomiy ul-voqeoti sultoniy”, “Shohid ul-iqbol” asarlari
bilan tarix sohasini rivojlantirdilar. Bayoniyning “Shajarayi xorazmshohiy”,
“Xorazm tarixi” asarlari yuqoridagi asarlar kabi Xiva xonligi tarixini o’rganishda
asosiy manba hisoblanadi.
5.2. O’zbek xonliklaridagi adabiy-badiiy muhit
Bu davrning adabiyoti to’g’risida so’z yuritar ekanmiz, shuni aytib o’tish
joizki, XVI- XVIII asrlar ijtimoiy hayotdagi jarayonlar badiiy adabiyotda ham o’z
aksini topdi. She’riyat juda ravnaq topgan edi. Masalan, shayboniylar davri
to’g’risida Hasan Buxoriy Nisoriy va Mutribiy tazkiralarida 250 ga yaqin shoir va
olim tilga olinadi.
Bu davr adabiyotida ma’rifatparvarlik ulug’lanadi, fan va madaniyat targ’ib
qilinadi, xalqparvarlik kuylanadi, xalq og’zaki ijodi va hajviy janr keng rivojlanadi.
Turdi, Nasafiy, Mushfiqiy, Mashrab, Huvaydo, Shavqiy, Kattaqurg’oniy, Nishoniy,
Munis Xorazmiy, Nodira, Gulxaniy, Ogahiy, Uvaysiy va boshqa ko’plab shoirlar
ijodida bu o’z ifodasini topdi.
Abdurahmon Mushfiqiy (1538-1588) o’zbek adabiyotida saroy shoiri sifatida
tanilgan, lekin o’zining g’azallari, qasidalari va dostonlarida o’sha davr boshqaruv
tartiblarini, boy amaldorlarni, hatto ruhoniylarni tanqid ostiga oladi. U xalq orasida
«Mulla Mushfiqiy» nomi bilan latifalar qahramoni sifatida tanilgan shaxs edi.
Shoir Sayyido Nasafiy (1687-1710) o’z ijodida mehnatkash xalqni
ulug’lagan. O’sha davrning buyuk siymolaridan biri Boborahim Mashrab (1640-
1711) edi. U Andijonda tug’ilgan. Uning g’azal, doston, musta’zod, musaddas va
boshqa she’riy asarlari davrlar sinovidan o’tib kelmoqda. Balx hokimi Mahmudni
tanqid qilib yozgan bir she’ri uchun Mashrab dorga osib o’ldiriladi. Uning she’rlari
jo’shqin hissiyotlarga boy, musiqiy:
Ko’rsat jamoling mastonalarga,
Ishqingda kuygan parvonalarga.
Mendin duodir, sendin ijobat,
Jonim tasadduq jononalarga.
XVII asr o’zbek she’riyatining eng ko’zga ko’ringan namoyandalaridan biri
Farg’oniy taxallusi bilan ijod qilgan shoir Turdidir. Uning o’zbek urug’larini o’zaro
kelishmovchiliklarga barham berib birlashishga undovchi quyidagi satrlari e’tiborga
loyiqdir:
Tor ko’ngillik beklar, manman demang, kenglik qiling,
To’qson ikki buli o’zbek yurtidir, tenglik qiling.
Birni qipchoqu, xitoyu birni yuz, nayman demang,
Qirqu yuz ming son bo’lub bir xon oyinlik qiling.
Qo’qon xoni Umarxon davrida shakllangan va rivojlangan Qo’qon adabiy
muhiti ta’sirida yaratilgan adabiyot va she’riyat namunalari madaniyat rivojining
o’ziga xos ko’rinishi bo’ldi. Umarxon buyrug’i bilan Fazliy va Mushriflar
tomonidan tuzilgan “Majmuat ush-shuaro” nomli tazkira XVIII asr oxiri XIX asr
boshlarida Qo’qonda yashab ijod qilgan ijodkorlar haqida muhim ma’lumotlar
beruvchi qimmatli asardir. “Devoni Huvaydo”, “Rohati dil” asarlarining muallifi
Xo’janazar Huvaydo, “Hapalak”, “Ta’rifi viloyati Qurama” kabi she’rlar ijodkori
Maxmur, hajvchi shoir Gulxaniy (u “Zarbulmasal” asari bilan mashhur), Fazliy,
Mushrif, G’oziy, Sodiq, Xotif, Amiriy va boshqalar bu davrning ko’zga ko’ringan
ijodkorlaridir. Bu davr adabiy hayotining muhim jihatlaridin biri ayollar ichidan
Nodira, Uvaysiy, Dilshodi Barno, Mahzuna kabi iste’dodli shoiralarning yetishib
chiqishidir. Nodiraning (1792-1842) asl ismi Mohlaroyim edi. Bu o’zbek
shoirasining Komila va Maknuna kabi taxalluslari ham bo’lgan. Shuni ham ta’kidlab
o’tish lozimki, taqdir Nodiraga Qo’qon xoni Umarxondek ham shoh, ham shoir bilan
umr kechirishni nasib etgan edi. Umarxon Amiriy taxallusi bilan she’rlar bitgan.
Nodira o’zbek va fors-tojik tillarida ijod qilib, 10 ming misraga yaqin she’rlar bitgan.
Nodira ijodining asosiy mavzusi ayollarning oliyjanobligi, vafodorligi, iztiroblari,
jaholatga qarshi kurashlari tashkil etadi. 1842-yilda Buxoro amiri Nasrullo
Qo’qonga bostirib kirib, Nodirani qatl ettiradi.
O’sha davrning buyuk shoiralaridan yana biri marg’ilonlik Jahon Otin (1779-
1845) «Uvaysiy» taxallusi bilan ijod qildi. Shoira she’rlarining mavzusi unga
zamondosh Nodira she’riyati bilan hamohangdir. U o’z asarlarida inson
muhabbatining ziynati bo’lgan vafo, sadoqatni, fidoyilikni chuqur va o’tkir ichki
kechinmalari orqali ifodalaydi.
Shuni ta’kidlash joizki, XVIII asrda Qo’qon xonlikning she’riyat va madaniy
markaziga aylangan edi. XVIII asrning oxirida qo’qonlik shoir Mahmur ijod qilgan.
Mahmur o’zining qator satirik asarlarida o’z davrining ziddiyatlarini, ayrim
amaldorlar va din ahllarining yaramasliklarini fosh qildi. Uning «It boqar qozi»,
«Hoji Niyoz», «Hapalak», «Karimqul mehtar» kabi hajviyalari xalq orasida mahur
bo’lgan.
XVIII asrning oxiri - XIX asr boshlarida ijod qilgan atoqli yozuvchi Gulxaniy
(asl ismi Muhammad Sharif) o’zining «Zarbulmasal» asarida saroydagi ma’naviy
tuban hayotni hajvga oladi.
XIX asr adabiy hayotining ko’zga ko’ringan namoyondalari Mirzo Sodiq
Munshiy, Hoziq, Mujrim, Muhammad Sharif Shavqiy, Mulla Qurbon Xiromiy,
Ahmad Donish, Ochildi Murod Meri Kattaqo’rg’oniy va boshqalar o’z asarlari bilan
adabiyot rivojiga katta hissa qo’shganlar. “Mang’it hukmdorlari tarixi” she’riy
usulda bitilgan “Chor darvesh”, “To’tinoma”, “Poraxo’r qozilar”, “Murid ovlovchi”
kabi asarlar bu davr adabiyotining ajoyib namunalaridir.
Xiva xonligida o’zbek adabiyoti rivojida Shermuhammad Munis Xorazmiy,
Ogahiy, Feruz, Komil Xorazmiy, Kamron, Bayoniy, Xusraviy, Murodiy, Rojiy,
Mutrib, Laffasiylarning asarlari o’ziga xos o’ringa ega.
Xiva xonligida turli millat vakillari yashagan va bu davr adabiyotida ham o’z
aksini topdi. Turkman shoiri Maxtumquli, qoraqalpoq shoiri Berdaq ijodi alohida
ajralib turadi. Ular o’z asarlarida xalqni birlikka, birodarlikka chaqiradilar. Xiva
xonligida fan jonlandi. Xorazim tarixi yozildi. Bu ishlarin amalga oshishida taniqli
shoir va tarixchi Munis Xorazmiy (asl ismi Shermuhammad Avazboy o’g’li, 1778-
1829) va uning jiyani Ogahiy (1809-1874)larning o’rni katta.
XIX asr boshlarida ijod qilgan xorazmlik Ogahiy o’zbek mumtoz adabiyotinig
yirik namoyondalaridan biri edi. Ogahiy o’z zamonasida iste’dodli shoir, usta
tarjimon, yirik muarrix, tarixchi olim sifatida shuhrat qozondi. U bizga 20 ming
misradan oshiq she’riy meros qoldirgan. Dehlaviy, Nizomiy, Jomiy kabi
shoirlarning asarlarini va «Qobusnoma»ni o’zbek tiliga tarjima qilgan.
O’zbek xalqining atoqli shoiri ma’rifatparvari birinchi o’zbek publitsisti
Zokirjon Furqatdir (1858-1909). U fan va madaniyatni o’z xalqi istiqboli uchun katta
ahamiyatga ega ekanligini anglab yetgan mutafakkir edi. U o’zining
ma’rifatparvarlik g’oyalarini targ’ib qiluvchi «Gimnaziya», «Ilm xosiyati», «Teatr
haqida manzuma», «Vistavka xususida», «Safarnoma», va boshqa asarlarida bir
tomondan qoloqlikni, madaniyatsizlikni qoralaydi, ikkinchi tomondan ilmga,
taraqqiyotga intilish zarurligini ta’kidlaydi:
Ko’rar ko’zlarni (ng) nuri ilmdandur
Kerak har ilmdin bo’lmoq xabardor,
Bular har qaysi o’z vaqtida darkor...
Ilg’or qarashlarning rivojlanishida qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri
Berdimurod Berdaqning (1827-1900) xizmatlari kattadir. Shoir o’z she’rlarida va
«Ahmoq podsho» dostonida Xiva xonligi hukmdorlarini tanqid qilib, xalqning
huquqlari va erkinliklari bo’g’ib qo’yilganligini ko’rsatgan edi. Berdaq inson uchun
eng oliy baxt Vatanga, xalqga xizmat qilish deb hisoblagan:
Ishni ishla, tug’ilgan el uchun,
Joningni ayama, elda er uchun,
Kindik qoni tomgan aziz yer uchun,
O’lib ketguningcha xizmat yaxshiroq...
O’zbek xalqining yana bir mashhur shoiri Muhammad Aminxo’ja
Muqimiydir (1850-1903). Muqimiy o’zining «Sayohatnoma», «Tanobchilar»,
«Moskovchi boy», «Choyfurush», va boshqa asarlarida xalqining og’ir ahvolini, ikki
tomonlama zulm chekayotganini ifoda etib, mavjud tartibga qarshi kurashga
chorlaydi.
Ma’rifatparvar, xalqparvar shoirlar Ubaydullo Solih Zavqiy (1853-1921),
xivalik Avaz O’tar o’g’li (1884-1919) o’z she’rlarida jaholatga qarshi kurashga
da’vat etdilar. Xalq ichidan chiqgan, butun umrini xalqga xizmat qilishga
bag’ishlagan Zavqiy o’z asarlarida mehnatkash xalqining og’ir ahvolda yashashidan
qayg’uradi va bir hovuch tekinxur, nodonlarning rohatli hayotini fosh qiladi:
Bevayu bechora, kosiblarga hurmat qolmadi,
O’g’rilar atlas kiyib, boy bo’ldi ko’p to’rt ko’zlar...
Avaz O’tar o’zining «Ajab ermak» she’rida kelajakda baxtli hayot qurilishiga,
zolimlar hukmronligining abadiy yo’qolishiga qat’iy ishonch bildiradi. Avaz O’tar
ham, boshqa tillarni, fanni, texnikani o’rganishni targ’ib qiladi:
Har tilni bilu emdi boshi odama jondur,
Til vositai robidan olami yondur...
Lozim sizga har tilni bilu ona tilidek,
Bilmakka ani g’ayrat eting foydali kondur.
Bu davrda o’zbek xotin-qizlari orasidan ham mashhur shoiralar yetishib
chiqdi. Ulardan, Toshkentlik shoira Nozima Xonim va Qo’qonlik Anbarnisolar ijodi
diqqatga sazovordir. Nozima Xonim o’zbek xotin-qizlaridan birinchi bo’lib ijtimoiy
va milliy zulmga qarshi kurashga qo’shildi. Uning ijodida ma’rifatni, xotin-qizlar
ozodligi va teng huquqligini targ’ib qilish asosiy o’rinni egallaydi.
«Ayo mahkumalar» she’rida Nozima Xonim shunday deb yozadi:
Yetar, baskim biza behad balo sangi nasib o’ldi,
«Zaifu notavonlar» deb bizga qullik nasib o’ldi,
Ki ul zulmatni timsoli chodir-chimmat nasib o’ldi...
Ochib yuz ma’rifat sari, eting barbod xurofotni.
Shoira Anbarniso ham jaholatga qarshi nafrat bilan bitilgan she’rlar yozadi va
ayollar hayoti haqida zavq hamda achinish bilan gapiradi: «Ona Aristotel va
Platonni, Ulug’bek va Jomiyni, Uvaysiy va Sa’diyni, Firdavsiyni, va ko’pgina buyuk
kishilarni dunyoga keltirdi, ularga hayot berdi, lekin onaning o’ziga esa hech qanday
hurmat yo’q».
XVII-XVIII asrlarda o’zbek xalq og’zaki ijodida bir muncha taraqqiyotga
erishildi. Xalq dostonlari «Yusuf va Zulayho», «Tohir va Zuhra», «Oshiq G’arib va
Shohsanam», «Bo’z o’g’lon», «Yusuf va Ahmad» va «Go’ro’g’li», «Alpomish»
kabi dostonlar xalq orasida turli variantlarda keng tarqaldi. Xalq baxshilari,
o’lanchilari, shoirlari hikoyalar, masallar, matallarni keng targ’ib qildilar. Boshqa
xalqlarniki singari o’zbek xalqining ham og’zaki ijodi uning ijtimoiy qarashlari,
axloqiy va estetik fikrlarini aks ettiradi. Ular yozma adabiyot tili va badiiy tasvir
vositalari rivojiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Xalq ijodi ta’sirida Sayqaliy «Bahrom va
Gulandom», «Qissai Hamroh va Huriliqo» dostonlarini, shoir Sayyodiy «Tohir va
Zuhra» dostonini yaratdilar. Xalq ijodi to’g’risida so’z borar ekan, o’sha davrda
qiziqchi va qo’g’irchoqbozlar, o’yinchi san’atkorlar ijodini ham aytib o’tish
o’rinlidir. Ular shahar maydonlarida xalq hayoti to’g’risida tomosha ko’rsatishar edi.
XIX asrning oxirida yangi ijtimoiy fikr taraqqiyoti o’z navbatida adabiyot
sohasida ham yutuqlarga sabab bo’ladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bu davr adabiyotining muhim g’oyaviy
asoslarini ma’rifatparvarlik, hurriyat, xalq ommasining ma’rifatini yoqlash g’oyalari
tashkil etdi. Shunday qilib, barcha tazyiq-u qatog’onlarga qaramasdan o’zbek
adabiyoti va xalq ijodi keng rivoj topdi.
5.3. Xonliklar davrida me’morchilik, tasviriy san’at va musiqa
XVI-XVII asrlar me’morchiligi temuriylar davri me’morligi uslubi davom
etib, uning yangi yo’nalishlarini topishga harakat qilindi. Bu davrda me’morchilik
sohasida yirik hashamatli saroylar, madrasalar, ko’plab jamoat binolari va
inshootlari, usti berk bozorlar, rastalar, mehmonxonalar, ko’priklar, hammomlar,
sardobalar qurildi. Bularda bezak, nafislik, ulug’vorlik oldingi davrning dabdabali
qurilishlaridan farq qilsa-da, monumental binolarning tarhi va qiyofasiga
o’zgarishlar kiritildi. Buxoroga kelgan rus elchisi Jekinson: «Buxoroda hammomlar
shunday mohirlik bilan qurilganki, bunday hammomlar dunyoda yo’q», - deb
yozgan edi.
Bu davrda qurilgan uylar har bir xonlikda bir-biridan bezaklari bilan farqlanib
turadi. Masalan, Buxoro va Samarqand uylari ustunli ayvon, turli naqshlar va ganch
uymakorligi bilan bezatilgan. Farg’ona uylari keng va ayvonli bo’lib, guldor
tokchali, o’yma ganchli bo’lgan. Xiva uylari esa ayvoni ichkariga qaratilgan,
ustunlari o’yma naqshlar, gullar bilan bezalgan. Ammo oddiy xalq paxsalik uylarda
yashashgan.
Buxoroda qurilgan yirik jamoat binolari – Mir Arab (1535-1536) madrasasi,
Xo’ja Zayniddin masjid-xonaqosi, Masjidi Kalon (1540-1541), Ko’kaldosh
madrasasi, Bolohovuz (1712) masjidi, Chor minor (1807) madrasasi va boshqalar
ko’zni quvontiradi. Masalan, Masjidi Kalon kattaligi jihatidan Samarqanddagi
Bibixonim masjididan keyin ikkinchi o’rinda turadi va badiiy bezaklari bilan
temuriylar davri an’analarini aks ettiradi. Masjidning umumiy maydoni bir gektar
keladi (127x78), unda bir yo’la 10 mingga yaqin namozxon namoz o’qish
imkoniyatiga ega bo’lgan.
Buxoro shahrining eng qadimgi me’morchilik yodgorligi Arkning hozirgi
qiyofasi XVI asrda Shayboniylar sulolasi davrida shakllangan. Unda shahar
hokimlari yashagan. Ark devorlaridan biriga osib qo’yilgan katta qamchi amir
hukmdorligining ramzi bo’lgan. Rivoyatlarga qaraganda, bu qamchi afsonaviy xalq
pahlavoni Rustamniki emish. Arkdagi binolar XVII-XX asrlarga, ya’ni
ashtarxoniylar va mang’itlar sulolalariga mansubdir. Arkdan shahar va uning yaqin
atrof manzaralari va tepalliklari yaqqol ko’rinib turadi.
XVI asrning 80-yillarida barpo etilgan Abdullaxon madrasasi davrning yangi
yo’nalishi – qo’sh madrasa qurish amaliyotini yorqin namoyon etadi. Bir- biriga
qaratilib qurilgan me’moriy majmualarning namunasi hisoblanadi. Bu madrasa
Modarixon madrasasiga qarama qarshi, peshtoqlari bir biriga qaratib qurilgan. Ular
birgalikda yagona yirik me’moriy majmuani tashkil etgan. Shu davrda
Toshkentdaga Hazrati imom me’moriy majmuasi yanada kengaytirilib qo’sh
madrasa uslubida madrasa va maqbaralar barpo etildi, ayvonlar qurilib hovuzlar
qurish va ko’kalamzorlashtirish ishlariga e’tibor berildi.
Bu davrda Toshkentda Hazrati imom me’moriy majmuasiga asos solindi,
Suyunchixon maqbarasi (1531-32), Al Bakr Kafali Shoshiy (1541-42) majmuasi,
Baroqxon va Ko’kaldosh madrasalari bunyod etildi.
Samarqand Registoni ham shu davrda to’la shakllanadi. Sherdor (1619)
madrasasi bu yerda savlat to’kib turibdi, uning peshtoqiga sherning surati solingan,
shuning uchun ham Sherdor deb nom berilgan. Registon maydonining uchinchi
tomonida «Tillaqori» (1646) madrasasi barpo etilgan. Uning devorlaridagi naqshlar
zarhal bezaklar («tilla bilan bezalgan») hanuzgacha kishini lol qoldiradi.
Bu davrga kelib me’morlik san’atida bezakka yana e’tibor orta boshladi. XVI
asrning ikkinchi yarmidan susaya boshlagan bu san’at yana jonlandi. Interyer
bezagida kundal uslubi (texnikasi)da ishlangan naqshlar, yog’och o’ymakorligida
ishlangan eshik va panjaralar, sergul bezaklar davr me’morchiligini ajratib turadi va
qaytarilmas jozibasi bilan kishiga quvonch bag’ishlaydi.
Bu davrda Buxoroda katta qurilishlar davom etdi. Shunday yodgorliklardan
biri 1652-yilda barpo etilgan Abdulazizxon madrasasi hisoblanadi. Bino nihoyatda
go’zal, zarhalli koshinlari yozuv, naqsh va rasmlar uyg’unligida ajoyib manzara
hosil qiladi. Madrasaning tashqi peshtoq bezagi naqsh va afsonaviy jonivorlar tasviri
bilan bezatilgan. Madrasaning ichki xonalari ham e’tiborli. Bu yodgorlik gumbazi
bezagida ganch muqarnaslar, devorlarida gulga to’la guldonni aks ettiruvchi
pannolar o’z aksini topgan. Peshtoqning ikkinchi qavatidagi bezagi ham xarakterli.
Unda quyoshga uchib borayotgan keng yoyilgan qanotli ikki qush tasviri ishlangan.
1630-yillarda Nodir Muhammad Devonbegi qurdirgan madrasa ham bezakka boy.
Uning peshtoqiga ishlangan afsonaviy qushlar tasviri ham uni boshqa madrasalardan
ajratib turadi.
XVIII asrning ikkinchi yarmi – XIX asrning birinchi yarmida Buxoro amirligi
me’morchiligi o’ziga xos uslubda rivojlandi. Bu davrda amirlikning bir qancha
shaharlarida masjid va madrasalar bunyod etildi. Buxoro shahrida qurilgan Domullo
Tursunjon (1796-1797) madrasasi, Xudoydod me’moriy majmuasi, Yernazar elchi
madrasasi (1795), 1807-yilda qurilgan Chorminor majmuasi, Qarshida qurilgan Mir
Muhammad madrasasi kabi me’moriy yodgorliklar o’zbek xalqining noyob madaniy
merosidir.
XVIII asrning oxiri – XIX asrning boshlarida Markaziy Osiyo me’morchilik
san’atida Xorazm me’morchiligi ustuvor mavqeni egallay boshlaydi. Bu davrda
Amir Temur va temuriylar davri me’morchilik san’ati an’analarida binolar qad
ko’tardi. Xiva, Xazorasp, Toshovuz, Gurlan va Kenja kabi shaharlarda hayot, savdo-
sotiq, hunarmndchilik rivojlanadi. Xivaning mashhur yodgorliklari o’zining
tugallangan ko’rinishiga ega bo’ladi. Darvozalar, karvonsaroylar va madrasalar
hisobiga shahar ko’rki yanada ochiladi. Pahlavon Mahmud maqbarasi (1810), Tosh
hovli (1838) kabi yodgorliklar bugungi kunda ham bezakdorligi hamda o’zining
go’zalligi bilan kishini hayratga soladi. Ichan qal’ada xon qarorgohi va boshqa
muhim mamuriy binolar joylashgan. Qal’aning bosh maydoni bo’lib, u yerda savdo
ishlari olib borilgan, turli yig’inlar o’tkazilgan. Bu yerda o’rnatigan dor esa xon
g’azabiga uchraganlar uchun oxirgi manzil bo’lgan. Bu davrda Xivada va Xiva
xonligining boshqa shaharlarida ko’pgina binolar – saroylar, masjidlar, madrasalar,
karvonsaroylar va timlar qurildi. Bizgacha yetib kelgan yodgorliklardan –
Xorazmdagi Rahmonqul-inoq saroyi, Xivadagi Olloqulixon karvonsaroyi va timi,
Tosh hovli va Nurullaboy saroyi, Olloqulixon va Muhammad Aminxon
madrasalaridir. Ular Buxoro va Samarqandning hashamatli binolaridan o’zlarining
me’morchilik shakllari bilan ajralib turadi, go’zal va o’ziga xos yog’och
o’ymakorligi va naqshlari bilan Xorazm ustalarining yuksak san’atini ko’z-ko’z
qilib turadi.
XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya tomonidan o’lkamizning bosib olinishi
mahalliy me’morchilikka rus shaharsozligi elementlari ta’sirini ko’chaytirdi. Bu
davrda turar joylar me’morchiligida Buxoro, Xiva, Qo’qon, xonliklarida mahalliy
uslublar shakllandi. Farg’ona vodiysida hovlilar ishkomli, bo’yama naqshlar bilan
bezatilgan mehmonxona va ayvonli bo’lgan. Samarqand va Buxoroda hovlilar
imorat va paxsa devor bilan o’ralib, bir necha qismga bo’lingan, darvoza qarshisida
hovuz, chorbog’ bo’lishiga ahamiyat berilardi. Xorazmda hovlilar baland paxsa