O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni va
nufuzini ortib borishi
Reja:
1. Ijtimoiy-iqtisodiy soha indekslari haqida qisqacha ma’lumot.
2.“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini
yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning
yangi mexanizmini joriy etish” borasidagi davlat siyosati.
3.O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslar
bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlarni oshirishda O‘zbekiston
Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish
konsepsiyasining o‘rni.
.
1. Ijtimoiy-iqtisodiy soha indekslari haqida qisqacha ma’lumot.
Aholi turmush darajasini oshirish, davlat organlarining xalq manfaatlari
uchun xizmat qilishida davlat siyosatidagi ustuvorligini ta’minlash hamda
mamlakatga kirib kelayotgan investitsiyalar oqimini jadallashtirish va investor
mulkini davlat tomonidan himoya qilish kabi mamlakatda turli sohalarda amalga
oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni dunyo hamjamiyatiga namoyon etish maqsadida
turli sohalar bo‘yicha xalqaro tashkilotlar tomonidan tuziladigan xalqaro reyting va
indekslar muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori baholangan
har qanday xalqaro reytinglar samarasi sifatida ishbilarmonlardan tortib dunyo
aholisi barcha qatlamining e’tibori shu mamlakatga qaratiladi: investitsion muhit,
turizm, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi, buning natijasida aholining turmush
darajasi va farovonligi yaxshilanadi. Xalqaro reyting va indekslarni faoliyat
yo‘nalishiga qarab ijtimoiyiqtisodiy va siyosiy-huquqiy sohalarga ajratish mumkin.
Bunda iqtisodiyot, ishbilarmonlik, byudjet, sanoat, investitsiya va barqaror
rivojlanish maqsadlarini ijtimoiy-iqtisodiy sohaga, huquq, korrupsiya, demokratiya
hamda boshqaruv sifatini siyosiy-huquqiy sohalarga kiritish maqsadga muvofiqdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli
Farmoniga asosan Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
(keyingi o‘rinlarda Vazirlik) quyidagi halqaro reyting va indekslarga O‘zbekiston
Respublikasining xalqaro nufuzini yaxshilash uchun mas’ul etib belgilangan.
Indeksni tuzuvchi xalqaro tashkilotlar tegishli davrlar bo‘yicha davlat
organlari tomonidan e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar hamda turli xalqaro
tashkilotlarning (World Economic Forum, World Bank, International Monetary
Fund, UN, Transparency International va boshqalar) reyting hisobotlari natijalariga
asoslanib, indikatorlar natijalarini hisoblaydi hamda o‘zining rasmiy veb saytlarida
e’lon qilib boradi.
2020 yilgi reyting natijalariga ko‘ra Biznes yuritish va Iqtisodiy erkinlik
indeksida Yangi Zelandiya, Gong Kong hamda Singapurni yuqori 3 talik davlatlar
qatorida ko‘rish mumkin. Indikatorlar bo‘yicha reytingi yuqori davlatlar tahlil
qilinganda, Yangi Zelandiya Biznes yuritish indeksining korxonalarni ro‘yxatdan
o‘tkazish (100.0) va kredit olish indikatorida (100.0), Singapur kontraktlar ijrosini
ta’minlashda (84.5) hamda Gong Kong qurilish uchun ruxsatnoma olishda (93.5)
dunyoda yetakchilik qiladi. Umr ko‘rish davomiyligi 85.3 yil, kutilayotgan ta’lim
yillari 18.1 yil, o‘rtacha ta’lim yillari 12.6 yil hamda aholi jon boshiga yalpi milliy
daromad 68 059.0 AQSh dollari bo‘lgan Inson kamoloti indeksida Norvegiya
davlati 2001 yildan beri (2007, 2008 yillar bundan mustasno) ushbu reytingni
boshqarib kelmoqda.
So‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro reytinglar tasnifiga
ko‘ra, Biznes yuritish indeksida top 20-talik islohotchimamlakatlar, Iqtisodiy
erkinlik indeksida davlatda iqtisodiyot asosan erkin bo‘lmagan davlatlar, Inson
kamoloti indeksi bo‘yicha inson taraqqiyoti darajasi yuqori bo‘lgan davlatlar
qatoridan o‘rin oldi. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda o‘rnini
quyidagi ikki yo‘nalish bo‘yicha izohlash mumkin: - indikatorlar ko‘rsatkichining
o‘zgarishi: Biznes yuritish indeksi tarkibidagi 10 ta yo‘nalishning 9 tasida
(to‘lovga qobiliyatsizlikni hal qilishdan tashqari), Iqtisodiy erkinlik indeksi
tarkibidagi (sud faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichidan tashqari) barcha
indikatorlarda hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha umr ko‘rish davomiyligi
indikatorida 2020 yilda 2019 yilga nisbatan o‘sishga erishgan; - indikatorlar
o‘rnining pastligi: turlari bo‘yicha eng so‘nggi reyting natijalariga ko‘ra, Biznes
yuritish indeksi tarkibidagi 3 yo‘nalish (qurilish uchun ruxsatnomalar olishda 132-
o‘rin, xalqaro savdoda 152-o‘rin va to‘lovga qobiliyatsizlikni hal qilishda 100-
o‘rin), Iqtisodiy erkinlik indeksi tarkibidagi 6 yo‘nalish (sud faoliyati
samaradorligida 123-o‘rin, davlat yaxlitligida 142-o‘rin, monetar erkinlikda 175-
o‘rin, savdo erkinligida 129-o‘rin, investitsiyalar erkinligida 169-o‘rin va
moliyaviy erkinlikda 162-o‘rin) hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha 3
yo‘nalish (umr ko‘rish davomiyligida 117-o‘rin, kutilayotgan ta’lim yillarida 128-
o‘rin va aholi jon boshiga YaMDda 126-o‘rin) indikatori juda past ko‘rsatkich
sifatida baholangan. Oxirgi to‘rt yil davomida barcha sohalarda bo‘lgani kabi
mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini
mustahkamlash borasida ko‘plab shu jumladan, xalqaro reyting va indekslarda ham
salmoqli yutuqlarga erishildi. Bu yutuqlarni O‘zbekiston Respublikasining 2011-
2020 yillardagi xalqaro reyting va indekslardagi dinamikasi orqali ko‘rishimiz
mumkin. Yuqorida keltirilgan grafikdan mamlakatimizning Biznes yuritish indeksi
bo‘yicha 2020 yil 2011 yilga nisbatan 81 ta pog‘onaga, Iqtisodiy erkinlik indeksi
bo‘yicha 49 ta pog‘onaga hamda Inson kamoloti indeksi bo‘yicha esa 7 ta pog‘ona
(2020 yilgi reyting natijalari 2020 yil dekabr oyida e’lon qilinishini hisobga olib,
2019 yil yakunlariga nisbatan olindi)ga yuqorilab, bu borada bir qancha yutuqlarga
erishayotganini ko‘rish mumkin.
Mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligi va xalqaro maydondagi imidjini
mustahkamlash maqsadida qabul qilingan PF-6003-sonli Farmonning 3-ilovasida
2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va
indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlari (KPI) belgilab
berilgan.
Hozirgi kunda mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish
va berilgan topshiriqlarni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlik tomonidan har bir
indeks bo‘yicha tegishli vazirlik, idora hamda ilmiy tadqiqot institutlari bilan
idoralararo ishchi guruh tarkibi tuzilmoqda hamda 2020 yil ikkinchi yarmi uchun
amalga oshirilishi zarur bo‘lgan choratadbirlar rejasi ishlab chiqilib, Respublika
Kengashiga tasdiqlash uchun kiritilmoqda.
2.“O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi
o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli
ishlashning yangi mexanizmini joriy etish” borasidagi davlat siyosati.
Bugun O‘zbekiston mintaqada barcha sohalarda jadal sur’atlarda
rivojlanayotgan mamlakat – bu xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilayotgan
e’tirof. Rivojlanish, taraqqiyot esa o‘z-o‘zdan bo‘lmaydi. Iqtisodiyot va ijtimoiy
hayotda kuzatilayotgan hozirgi o‘zgarish va yutuqlar mamlakat rahbari tomonidan
ko‘tarilgan keng qamrovli chora-tadbirlar hamda ijrochilarning mashaqqatli
mehnat mahsuli ekanligi shubhasiz. Bu e’tiroflar, dastlabki yutuqlar o‘zimizniki
albatta. Lekin ularni yanada yaxshilash mamlakat siyosatining asosiy
maqsadlaridan biridir.
Davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va
indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular
bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida»gi Farmoni ana
shu sa’y-harakatlarni yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qilishi bilan
ahamiyatli.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 4 iyun kuni «O‘zbekiston
Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash borasida
parlamentning, xususan, Qonunchilik palatasining roli» mavzusida o‘tkazilgan
seminar ana shu mavzuga qaratildi va Prezident farmoni mazmuni va unda
belgilangan vazifalarni amalga oshirishda parlament oldida turgan masalalar
atroflicha muhokama qilindi.
Jahon banki, Birlashgan millatlar tashkiloti, Birlashgan millatlar tashkilotining
Taraqqiyot dasturi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon iqtisodiy
forumi, Xalqaro byudjet hamkorligi, INSEAD xalqaro biznes-maktabi va
Economist Intelligence Unit kabi xalqaro reyting agentliklari va tashkilotlari bilan
rasmiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan davr mobaynida xalqaro reyting agentliklarining 2019-2020 yillarda
chop etilgan hisobotlariga binoan respublikaning iqtisodiy reytinglardagi o‘rni
sezilarli darajada o‘sdi. Xususan “Fitch Ratings” va “S&P Global Ratings” xalqaro
reyting agentliklarining bahosiga ko‘ra 2019 yilda mamlakatning suveren kredit
reytingi «BB–» barqaror darajada saqlanib qolmoqda.
Jahon banki «Biznes yuritish 2020» yangi yillik hisobotida (Doing Business
2020) so‘nggi bir yilda O‘zbekiston Respublikasi biznes islohotini amalga
oshirishda eng katta yutuqlarga erishgan 20 ta mamlakat qatoriga kirishga imkon
bergan to‘rtta islohotni amalga oshirgani to‘g‘risidagi axborotni tarqatdi.
Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekiston ushbu reyting hisobotida dunyoning 190
mamlakati orasida 69-o‘rinni egallab, 7 pog‘onaga ko‘tarildi.
2019 yilning sentyabr oyida Jahon bankining Boshqaruv sifati
indikatorlarining 2018 yil uchun e’lon qilgan hisobotida O‘zbekiston Respublikasi
bir qator indikatorlardan yaxshilanganligini ma’lum bo‘ldi. Xususan,
«Korrupsiyani nazorat qilish» indeksida 1 pog‘onaga, «Hukumat samaradorligi»
indeksida 3 pog‘onaga, «Normativ sifat» indeksida 7 pog‘onaga, «Qonun
ustuvorligi» indeksida 4 pog‘onaga, «So‘z erkinligi va hisobdorlik» indeksida
5 pog‘onaga ko‘tarildi.
Seminarda Prezidentimizning 2020 yil 2 iyundagi Farmoni bilan xalqaro
reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilayotgani,
davlat organlarining birinchi rahbarlari O‘zbekiston Respublikasining xalqaro
reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash uchun mas’ul qilib belgilangani alohida
qayd etib o‘tildi.
Shuningdek, mazkur hujjat bilan Adliya vazirligi markaziy apparati
tuzilmasida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasining tashkil
etilishi mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib borish
imkoniyatini yaratishi, bu esa o‘z navbatida ko‘zlangan natijaga erishishda ayni
muddao bo‘lishi qayd etildi.
So‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimiz Meros jamg‘armasining
«Iqtisodiy erkinlik» indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining «Logistika
samaradorligi» indeksida 19 pog‘onaga, «Biznes yuritish» indeksida 18 pog‘onaga
ko‘tarilganligi e’tirof etilib, ushbu yo‘nalishdagi ishlarning natijasini aks ettirishga
mo‘ljallangan 2020 yil 1 oktyabrga qadar Internet tarmog‘ida ishga tushirilishi
belgilangan «O‘zbekiston Respublikasi xalqaro reytinglarda» yagona portali
haqida ma’lumot berildi.
Bu borada mamlakatimizda reytinglar bo‘yicha tizimli ishlar amalga
oshirilayotganligi va mazkur sohada so‘nggi yillarda 10 ga yaqin qonunosti
normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilingani, biroq mazkur yo‘nalishning
ahamiyatini hisobga olgan holda parlamentning shu maqsadlarga yo‘naltirilgan
faoliyatini sezilarli darajada takomillashtirish lozimligi qayd etildi.
Xalqaro reyting va indekslarni belgilashda qanday faktorlar,
ko‘rsatgichlar mezon bo‘lib xizmat qiladi? Mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat
o‘rtasidagi imidjini yaxshilash uchun, investorlar uchun jozibadorlikni ko‘tarish
uchun qanday omillarga e’tiborni kuchaytirish kerak? Aynan shunday maqsadlarga
erishilishini huquqiy jihatdan to‘liq ta’minlash uchun parlament qanday hujjatlar
qabul qilinishiga e’tiborni oshirishi talab etiladi? Seminarda tegishli mas’ul
vazirlik va idoralarning mutaxassislari deputatlar tomonidan ko‘tarilgan shunday
masalalarni atroflicha va to‘liq yoritganliklari iliq qabul qilindi. Parlament a’zolari
o‘zlarining qimmatli takliflarini bildirish barobarida ushbu yo‘nalish uchun xos
bo‘lgan o‘ta nozik jihatlarni, ko‘nikmalarni o‘rganganliklarini e’tirof etdilar.
Shu bilan birga mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy
taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish, amalga oshirilayotgan tub
o‘zgarishlarning xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash
maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlashda parlamentning nazorat va qonun
ijodkorligi funksiyalarini takomillashtirish lozimligiga alohida ahamiyat qaratib
kelinmoqda.
3.O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va
indekslar bo‘yicha samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlarni oshirishda
O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks
rivojlantirish konsepsiyasining o‘rni.
2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish
konsepsiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy o‘sish bararorligini
ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatbardoshligini, investitsion va
eksport salohiyatini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va himoya qilish
uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mehnat bozorida keskinlik darajasini
pasaytirish, aholi daromadlari o‘sishi va kam ta’minlanganlikni qisqartirish
nazarda tutiladi.
2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlantirish
konsepsiyasini ishlab
chiqish
mamlakatda
amalga
oshirilayotgan
2017–2021
yillarda
O‘zbekiston
Respublikasini
rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar
strategiyasiga, Hukumatning moliyaviy-iqtisodiy munosabatlarning barcha
jihatlarini isloh qilish, tarmoqlar va hududlarning iqtisodiy salohiyatini
oshirish va ijtimoiy masalalarni hal etish bilan bog‘liq qabul qilingan
qarorlariga asoslanadi. Konsepsiyani ishlab chiqish zarurati uzoq muddatli
istiqbolda iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini cheklaydigan mavjud
ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni, xavf-xatar va tahdidlarni hal etish,
shuningdek, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning hozirgi holatidan barqaror
rivojlanishga o‘tishning maqsadlari va ustuvorliklarini belgilash va aholi
hayot darajasini oshirish bilan bog‘liqdir.
Konsepsiya 2030 yilgacha bo‘lgan davrda belgilangan O‘zbekiston
Respublikasini Barqaror rivojlantirish maqsadlari prinsiplari va vazifalariga,
aynan quyidagilarga javob beradi:
1.Kam ta’minlanganlik darajasini hamma joyda qisqartirish, oziq-ovqat
xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga
ko‘maklashish, sog‘lom turmush tarzini yuritish, barchani qamrab oladigan
sifatli ta’limni ta’minlash, butun umr davomida ta’lim olish imkoniyatini
rag‘batlantirish, gender tenglik vazifalarini hal etish.
2.Suv resurslarini saqlash va oqilona foydalanish, sanitariyani rivojlantirish,
barcha uchun qimmat bo‘lmagan, ishonchli, barqaror va zamonaviy energiya
manbalaridan foydalanishni ta’minlash.
3.Unumli bandlikni ta’minlash, puxta infratuzilmani yaratish keng qamrovli
va barqaror industrlashtirish va innovatsiyalarga ko‘maklashish asosida
barqaror va umum qamrovli iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish.
4.Shaharlar va aholi punktlarining ochiqligi, xavfsizligi, gavjumligi va
ekologik barqarorligini ta’minlash, shuningdek, iste’mol va ishlab
chiqarishning oqilona modellariga o‘tish, iqlim o‘zgarishi va uning
oqibatlariga qarshi kurashishning shoshilinch choralarini ko‘rish.
Konsepsiya iqtisodiy siyosatni amalga oshirish yo‘nalishlari bo‘lib xizmat
qiladigan O‘zbekiston Respublikasini o‘rtacha va uzoq muddatli ijtimoiy-
iqtisodiy rivojlantirishning maqsadlari, ustuvorliklari va vazifalarini
belgilaydi va asoslaydi.
Bunda, maqsadlar sifatida Konsepsiyada jadal va barqaror o‘sish sharoitlarida
respublika har bir fuqarosining sog‘lom va samarali hayotini ta’minlaydigan
ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish, yer, suv va
energetika resurslaridan ularni kelajak avlodning foydalanishi uchun saqlab
qolgan holda samarali foydalanish, ekologik muammolarni hal etish, Orol
dengizining ekologik inqirozi oqibatlarini bartaraf etish, atrof muhitni
yaxshilash ko‘rib chiqiladi