Oʻzbekistonda ijtimoiy pedagogika va pedagogik sosiologiya fanining paydo
boʻlishining madaniy-tarixiy, ijtimoiy-huquqiy shart-sharoitlari
Reja:
1. Mehribonlik va xayr-saxovat ijtimoiy-pedagogik faoliyatning madaniy-
tarixiy anʼanasi sifatida.
2. Oʻzbekistonda xayr-sahovatning rivojlanish bosqichlari.
3. Oʻzbekistonda “Ijtimoiy pedagog” kasbining paydo boʻlishi.
Tayanch iboralar: rahmdillik, ijtimoiy pedagog, madaniy-tarixiy anʼana,
hayr-saxovat, rivojlanish, koʻmaklashish, turmush, eʼtiqod, hadis, rahmdillik.
1. Mehribonlik va xayr-saxovat ijtimoiy-pedagogik faoliyatning
madaniy-tarixiy anʼanasi sifatida. “Muruvvat” va “saxovat” tushunchalari
oʻrtasida qanday farq mavjud? Jamiyatimiz ijtimoiy hayotida muruvvat va
saxovatpeshalik muhim oʻrin tutadi. Mazkur ijtimoiy qadriyatlar zamirida
insoniylikni saqlash, oʻz shaxsiy manfaatlariga berilmaslik, oʻzgalar manfaatini
hisobga olish, el-yurt, davlat va jamiyat muammolarini hal etishda faollik
koʻrsatish, jamiyatda sogʻlom maʼnaviy muhit yaratish kabi yuksak tushunchalar
oʻz aksini topgan.
Muruvvat va saxovat sharq xalqlari hayotida milliy qadriyat darajasiga
koʻtarilgan. “Muruvvat” soʻzi mardlik, odamgarchilik maʼnolarini ifoda etsa,
“Saxovat” esa saxiylik, qoʻli ochiqlik maʼnolarini bildiradi. Saxovat tushunchasi
oʻzida quyidagi maʼnolarni ifoda etadi:
1) oliyhimmatlilik, saxiylik; himmat qilish; yordam qoʻlini uzatish; himmat
bilan ehsonu inʼomlar ulashish;
2) koʻchma maʼnoda tabiiy boylik; moʻl hosil; toʻkinlik, moʻl-koʻllik.
Saxovatlilik insonga xos boʻlgan xususiyatlarning eng oliyjanobidir. Saxovatlilik
sidqidildan qilingan yaxshilik boʻlib, u be’minnatlilikning nishonasidir. Muruvvat
– insonparvarlik, biror kishiga qilingan xolisona insoniy yordam, yaxshilik,
saxovat, lutf. Muruvvat saxovatli, mehr-muhabbatli, oqibatli insonlarning nafaqat
oʻz tashvishi bilan, balki oʻzgalar tashvishi bilan yashashida, ularning kimgadir
moddiy va maʼnaviy koʻmaklashishi, xayru-ehson qilish, koʻnglini koʻtarish
singari insoniy xatti-harakatlarida namoyon boʻladi. Bunday insonlar kam
taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan muhtojlarga, nogironlarga, yetimlarga
moddiy yordam berish bilan birga, bu kabi ezgu amallarni bajarishni oʻz insoniy
burchi deb biladi. Muruvvat insondagi eng yaxshi fazilatlar ifodasi, joʻmardlik
belgisi boʻlib, u turli shakllarda namoyon boʻladi: gʻarib va ojiz kishilarning
koʻnglini koʻtarish; yetim-esirlar, keksa va nogironlarning boshini silash, topgan
boyligidan bir qismini nogironlarga ulashish va boshqalar. Demak, muruvvat
moddiy yordamdangina iborat emas, aslida mardlik va oliyjanoblikning har qanday
koʻrinishi muruvvatdir. Bilmasdan notoʻgʻri ish qilgan kishini kechirish,
yoshlarning xato va kamchiligini bilib-bilmaslikka olish, ammo mavridi kelganda,
buni nozik ishoralar bilan tushuntirib qoʻyish kabilar ham muruvvatning bir
koʻrinishidir.
Mazkur ikki tushuncha oʻzaro bir-biri bilan bogʻliq boʻlsada, biroq ular
mohiyatiga koʻra turli sifat va fazilatlarni ifodalashi bilan muayyan farqliklarga
ega.
Muruvvat – bu insonning pok axloqiy tuygʻular, sifat va xususiyatlarga ega
ekanligini bildirsa, saxovat esa ana shu fazilatlarning amalda roʻyobga chiqishidir.
Shu maʼnoda “Muruvvat” deganda yaxshilikka, ezgulikka, mardlikka boʻlgan
xohish-istakni, “Saxovat” deganda esa ijobiy xatti-harakatlar majmuini
tushunamiz. Mazkur ikki tushunchada yaxlitlikda insonparvarlik, olijanoblik,
mardlik, qoʻli ochiqlik, odamlarni yaxshi koʻrish, rahmdillik, boshqalarga
hamdardlik, boshqalarni qoʻllab-quvvatlash, begʻarazlik, mehr-oqibatlilik kabi
sifatlar oʻz aksini topadi.
Insonparvarlik tushunchasi boshqa odamlarga va yer yuzidagi barcha tirik
mavjudotga ezgu, rahmdil, gʻamxoʻr munosabatni namoyon etadigan shaxs sifati,
insoniylik tarzida baholanadi. “Falsafa qomusiy lugʻat”da insonparvarlik
“Odamlarga mehr-muhabbat bilan qarash, ularni hurmat qilish, insonning moddiy
farovonligini yuksaltirish va kishilarda yuksak maʼnaviy failatlarni rivojlantirishga
gʻamxoʻrlik qilish gʻoyalari bilan sugʻorilgan dunyoqarash” sifatida qaraladi.
“Pedagogik ensiklopedik lugʻat”da esa, insonparvarlik shaxs sifatida inson, uning
erkin rivojlanishi va oʻz qobiliyatlarini namoyon eta olishini qadriyat sifatida qabul
qilish ekanligi uqtiriladi.
Keng maʼnoda insonparvarlik – insonni shaxs sifatida qadriyat deb
belgilaydigan, uning erkinlik, baxtga boʻlgan huquqi, oʻzining qobiliyatlarini
namoyon etishi va rivojlantirishi, ijtimoiy institutlarning baholash mezonlarida
inson ravnaqini hisobga oladigan qarashlarning tarixiy oʻzgaruvchan tizimi,
insoniylik – odamlar orasida kutiladigan meʼyoriy munosabat.
Mardlik insonning maʼnaviy xislati boʻlib, or-nomus, vijdon va sadoqat,
shaxning olijanobligini oʻzida ifoda etadi. Mardlik soʻzi xalqimiz oʻrtasida keng
isteʼmol etiladigan va millatimiz uchun xos boʻlgan fazilatni ifoda etadigan soʻz
hisoblanadi. Mardlik soʻzi jasorat, qoʻrqmaslik, botirlik kabi soʻzlar bilan
maʼnodoshdir. Oʻz nafatida mardlik soʻzi insof tushunchasi bilan ham ugʻunlashib
ketadi.
Insof – bu adolat va vijdon amri bilan ish tutish tuygʻusi, kishilarga
munosabatda halollik, toʻgʻrilik, tenglik, sofdillik va haqiqatgoʻylikdir. Mardlik
nima ekanligini anglagan inson ojizlarni himoya qiladi, kambagʻallarga yordam
beradi, zabunlarning koʻnglini koʻtaradi.
Ochiqqoʻllik – inson maʼnafiy qiyofasini belgilovchi muhim xususiyat
boʻlib, saxiylik, qoʻli ochiqlik, hotamtoylik maʼnolarini anglatadi. Ochiqqoʻllik
xalqimiz maʼnaviyatidan chuqur oʻrin olgan, milliy mentalitetimizga xos xususiyat
sifatida qadrlanadi. Ochiqqoʻllik xususiyatiga ega kishilar kam taʼminlangan, koʻp
bolali, iqtisodiy jihatdan qiynalib qolgan oilalarga savob uchun doimiy yordam
koʻrsatib keladi. Oʻz navbatida ochiqqoʻllik saxiylik xislati bilan uygʻunlashadi.
Saxiylik hech kimdan narsasini, yaxshiligini ayamaslik, hotamlikni ifoda etadi.
Saxiylik qoʻlidan kelgancha insonlarga yaxshilik, muruvvat koʻrsatish xususiyatini
oʻzida mujassam etadigan fazilatdir. Saxiylik qilib nochorlarga yordam qoʻlini
uzatgan odam, yaxshilik yoʻlida qadr topadi. Saxiylik kishining koʻrki, uning
zaynatidir.
Rahmdillik oʻzgalarga nisbatan mehr-shafqat, mehribonlik, insonparvarlik
tuygʻusini ifodalovchi tushuncha boʻlib, uning tub mohiyati insonni hurmat qilish,
qadr-qimmatini bilish hamda ularga mehribonlik koʻrsatishdin iboratdir.
Rahmdillik oʻzgalarga mehr-shafqat koʻrsatish, amaliy koʻmak berish kabi insoniy
fazilatlarda namoyon boʻladi. Insondagi rahmdillik va mehribonlik uning maʼnaviy
goʻzalligidan, nozik tabiat egasi ekanligidan dalolat beradi. Rahmdil inson
yaxshilikdan kuch olib, el manfaatini koʻzlaydi, oʻzgalarga manfaatini oʻz
manfaatidan ustun qoʻyadi.
Muruvvatlilik va saxovatlilik fazilatlarini shakllantirish muayyan
mezonlarga asoslanishni talab etadi. Mazkur mezonlarga quyidagilarni kiritish
mumkin:
begʻarazlik;
ixtiyoriylik;
aniqlik;
yoʻnaltirilganlik;
vaqt bilan bogʻliq;
meʼyor bilan bogʻliq.
Shuningdek, muruvvatlilik va saxovatlilik fazilatlari quyidagi tamoyillar
birligini ham talab etadi:
1. Oshkoralik. Ushbu tamoyil muruvvat va saxovat ochiq, toʻgʻridan toʻgʻri,
hech qanday yashirin maqsad bilan amalga oshirilmasligi lozimligini iofda etadi.
2. Halollik. Halollik jamiyatning axloqiy meʼyorlariga ongli ravishda va
ixtiyoriy amalga qilishga undovchi hodisa boʻlib, inson xarakterining mohiyatidan
kelib chiqib, insoniylik burchining vijdonan va ongli bajarilishini talab etadi.
3. Qonuniylik. Qonuniylik muruvvat va saxovat koʻrsatish maqsadga
muvofiqlik, qonun va qonun osti hujjatlari hamda davlat-jamiyat manfaatlariga
mos kelishini taqozo etadi.
4. Xolislik. Muruvvat va saxovat insonning oʻz xoxish-irodasi timsoli boʻlib
qolishi kerak emas, u umuminsoniy meʼyor va talablar ifodasi sifatida namoyon
boʻlishi zarur.
Muruvvatlilik va saxovatlilik fazilatlari maʼlum manbalardan doimiy
oziqlanib turadi. Ularga tarixiylik, vorislik va zamonaviylik kabilarni kiritish
mumkin. Chunki oʻtmishda kishilarga mehr-muruvvat koʻrsatish, yaxshilik
qilishga doir anʼanalar kishini ajdodlariga mos fikr yuritishi, oʻz xatti-harakatlarini
zamonaviylik bilan uygʻunlashtirishiga imkon beradi.
2.2. Oʻzbekistonda xayr-sahovatning rivojlanish bosqichlari. “Futuvvat” va
“javonmardlik” tushunchalarini qanday izohlash mumkin? Bugungi kunda
axloqning umuminsoniy tushunchalari sifatida eʼtirof etilgan ezgulik va yovuzlik,
vijdon, muhabbat, burch va qadr-qimmat, hayot mazmuni va baxt tushunchalari
eng avvalo, Sharq falsafiy-axloqiy taʼlimotida talqin qilib berilgan. Mashhur
faylasuf-axloqshunos olim G.A.Golubevaning fikricha: “Mutaxassislar axloq
masalalari boʻyicha talqinlar miloddan avvalgi birinchi ming yillik oʻrtalarida bir
vaqtda va bir-biridan mustaqil boʻlgan uch hududda – Qadimgi Xitoy (Konfutsiy),
Qadimgi Hindiston (Budda) va Qadimgi Yunoniston (yetti donishmand) paydo
boʻldi” Mazkur fikrga qoʻshilgan holda, unga qisman toʻldirish va oʻzgartirish
kiritish lozim: “Axloq masalalari boʻyicha talqinlar miloddan avvalgi birinchi
ming yillikning oʻrtalarida bir vaqtda va bir-biridan mustaqil boʻlgan toʻrt hududda
– Oʻrta Osiyo (Zardoʻsht), Qadimgi Xitoy (Konfutsiy), Qadimgi Hindiston
(Budda) va Qadimgi Yunoniston (etti donishmand) paydo boʻldi”. Bunday fikr
yuritishga oʻziga xos asoslar mavjud. Jumladan, nemis faylasufi Artur
Shopengaurning “Koʻpgina dinlarga Zardoʻshtiylik asos boʻlgan, masalan, bu
dindan Yahudiylik kelib chiqqan: Ormuzd – Yaxvega, Axriman – Iblisga
aylantirilgan” degan fikrini va Fridrix Nitsshening “Mening Zardoʻshtim”
kitoblarini yodga olishning oʻzi kifoya.
Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda jahon dinlari orasida eng qadimgi din, Oʻrta
Osiyo hududida zardushtiylik dini hukmronlik qildi. Bu din insoniyatga katta taʼsir
etdi, yaʼni insonni birinchi oʻringa olib chiqdi. Zardushtiylar muqaddas kitobi
“Avesto”ni oʻz erasining oʻziga xos ijtimoiy-qomusiy asari deb hisoblash mumkin.
Zardushtiylik dinida axloqiy meʼyorlar asosi (axloqiy mezonlar) uchlikka tayangan
edi. “Avesto”da “Inson yaxshi fikrlarga ega boʻlishi, faqat yaxshi soʻzlar soʻzlashi
va savobli ishlar qilishi lozim” deb yozilgan.
Zardushtiylikda axloqiylikning asosi, saxovatlilik belgisi – mehnat deb
koʻrsatilsa, ishyoqmaslik barcha nuqsonlarni keltirib chiqaruvchi sabab ekanligiga
urgʻu beriladi.
“Avesto”da bayon qilingan axloq falsafasiga koʻra, odamzot, tabiat va tirik
jonzotlar abadiy muqaddaslik himoyasida boʻladi. Bu abadiy muqaddaslik
quyidagilardir:
1. Ezgu niyat (Vohu-Mana).
2. Ezgu haqiqat (Asha-Vaxishta).
3. Cheksiz muruvvat (Spenta-Armayta).
4. Xohish moʻtadilligi (Xshatra-Variya).
5. Ezgu maqsad (Xarvatot).
6. Abadiylik (Amaretat).
Bu tushunchalarga amal qilish odamlarning ongida “Yaxshilik qilish – eng
muhim maqsad” degan qadriyatning tarkib topishiga olib kelgan. Natijada
oʻzgalarga yaxshilikni kasb qilib olgan “ijtimoiy guruhlar” paydo boʻlgan.
Masalan, “Avesto”da ana shunday guruhlardan biri sifatida Turon harbiylari
koʻrsatiladi. Unga koʻra Turon harbiylari ezgulikdan kuch olib, odamlar, tabiat va
jonzotlarga yaxshilik qilishni kasb qilganlar; yomonlikka qarshi kurashganlar.
Harbiy kishilarning bunday aqidaga ega boʻlishi Sharq xalqlari, jumladan,
Oʻzbekiston xalqi hayotida muhtojlarga yaxshilik qilish va ularni qoʻllab-
quvvatlash qadimdan axloqiy madaniyat unsuri sifatida qabul qilinganidan dalolat
beradi.
Bunday qarash va amallar odamlarning ongi va qalbiga singib ketdi.
Masalan, bu holni keyinchalik turkiy xalqlar hayotida yana uchratamiz. Turk
hoqonligi hayotida bunga misollar koʻp. Bir oʻrinda shahzoda Toʻnyuquq shunday
deydi: “Kunduzi oʻtirmay yuzimning qonini yoʻqotib, terimni gupillatib mehnat
qildim, elni tuzatdim va tomogʻini but qilib, tarbiya qildim. Davlat ham, davlat
boʻldi, xalq ham xalq boʻldi”. Demak, endi yaxshilik qilish gʻoyasi davlat
xizmatchilari guruhining bosh maslagiga aylanganiga duch kelamiz. Buning
natijasida davlat va xalq farovonlikka erishgan. Hatto shahzoda Qul Tegin deydiki:
“Butun xalqni mamnun qildim, endi yovuz emas”. Demak, yaxshilik qilish
qadriyati xalqni moddiy jihatdan farovon, maʼnaviy jihatdan ezgu boʻlishga olib
keladi. Shahzoda Qultegin yana deydi: “Qashshoq xalqni yaxshilab oyoqqa
turgʻizib qoʻydim, uni boy qildim va oz xalqni koʻpaytirdim. Bu soʻzimning
yolgʻoni yoʻq. Ey beklar, ey xalq, buni eshiting: turkiy xalqni toʻplab, davlat
tuting”.
Muruvvatlilik va saxovatlilik fazilatlari haqida fikr yuritilganda, uning
maʼnaviy mazmuniga alohida eʼtibor qaratish lozim. Muruvvatli va saxovatli
boʻlish koʻp hollarda real namoyon boʻlsada, lekin bu tuygʻu eng avvalo, kishi
ongida, qalbida tarkib topishi kerak. Bu borada Budda shunday taʼlim beradi:
“Mulk tuygʻusi narsalar bilan emas, fikr bilan oʻlchanadi; narsalarga ega boʻla
turib, mulkdor boʻlmaslik mumkin”. Buning maʼnosi shuki, muruvvatli va
saxovatli boʻlish uchun mulk egasi boʻlish shart emas. Inson yaxshi soʻzi, fikri va
xushmuomalasi bilan ham muruvvat va saxovat koʻrsatishi mumkin. Sharq
falsafiy-axloqiy taʼlimotida masalaning aynan mana shu jihatiga diqqat qaratiladi.
Natijada Sharqda har bir kishi ijtimoiy mavqeidan qatʼiy nazar oʻzini olijanob his
qiladi. Ana shu sababli Budda mazkur masalaga alohida eʼtibor bergan: “Olijanob
odamni topish mushkul ish, u hamma erda ham tugʻilavermaydi; biroq qayerda
shunday odamlar boʻlsa, oʻsha yerda baxtiyor avlod yashaydi”. Muruvvat va
saxovat ana shunday katta kuchga ega.