PEDAGOGIK INNOVATIKA ILMIY BILIM VA AMALIY FAOLIYAT SOXASI SIFATIDA
Yuklangan vaqt
2024-08-26
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
10
Faytl hajmi
32,0 KB
PEDAGOGIK INNOVATIKA ILMIY BILIM VA AMALIY FAOLIYAT
SOXASI SIFATIDA
Reja:
1. Menejment fani mazmun-mohiyati;
2. Maktab menejmenti asoslari fanining vazifasi;
3. Zamonaviy ta’lim tushunchasiga izoh;
4. Innovatsiya va innovatsion ta’lim;
5. Ta’lim samaradorligiga erishishning innovatsion aspektlari;
Tayanch so‘zlar: Ta’lim to‘g‘risidagi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi,
Prezident farmonlari, umumiy ta’lim maktablari, o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-
onalar, DTS, BKM, texnik-didaktik vositalar, pedagogik texnologiya, innovatsiya,
novatsiya, xalq ta’limi, maktab ta’limi, innovatsion o‘zgarishlar, innovatsion
faoliyat, innovator pedagoglar, motivatsiya, konsepsiya, dastur.
Ma’lumki, 1997 yil 29-avgustda O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi sessiyasida
“Ta’lim to‘g‘risida” gi qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul
qilingan edi. O‘tgan yillar mobaynida ana shu tarixiy hujjatni amalga oshirish
borasida Respublikamiz umumiy o‘rta ta’lim maktablarida olib borilayotgan ishlar
talabga javob bermaydi. Buning asosiy sababi shundaki, o‘quvchilar tomonidan
fanlardan BKMlarni davlat ta’lim standartari (DTS, minimal) talablari darajasida
o‘zlashtirila olmayotganliklaridir. Buning esa ob’ektiv va sub’ektiv sabablari bor.
Ob’ektiv sabablar shundan iboratki, DTS talablari asosida BKMlarni o‘zlashtirish
uchun maktablarda yetarli shart-sharoitlar yaratilmaganligidir. Xususan, o‘quv
moddiy bazaning nochorligi, ya’ni fanlarni chuqur o‘zlashtirish uchun yetarli texnik
va didaktik vositalar bilan ta’minlanmaganligi (laboratoriya jihozlari, kompyuter
jamlamalar va boshqa elektron o‘quv qurilmalar), malakali mutaxassis
o‘qituvchilarning yetishmasligi, maktablarning o‘quvchilar soniga nomutanosibligi
(ikki va uch navbatdagi o‘qishlar), sinflarda o‘quvchilar sonining (35-45 o‘quvchi)
ko‘pligi, o‘qituvchilar mehnatiga kam haq to‘lash, o‘z vaqtida rag‘batlantirilmasligi,
ular uchun imtiyozlarning berilmaganligi; o‘quv darsliklarining talab darajasida
emasligi; sub’ektiv omil esa, o‘qituvchilar malakasining pastligi, yangi innovatsion
pedagogik texnologiyalardan keng foydalana olmasliklari, o‘quvchilarning fan
asoslarini o‘zlashtirish uchun hafsalasizliklari, ota-onalarning maktab bilan
mustahkam aloqada emasliklari, mahalla, jamoatchilikning e’tiborsizligini baralla
ko‘rsatish mumkin. Ana shunday munosabat va mas’uliyatsizliklar oqibatida
“Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” talablari to‘la bajarilmasdan kelmoqda.
Natijada xalq xo‘jaligi uchun raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni
tayyorlashdek dolzarb masala paysalga solinmoqda. Ana shu kamchilik va
nuqsonlarlarni bartaraf etish uchun davlatimiz bir qator qarorlar va Prezident
farmonlari qabul qilinib, maktab ta’limini yanada rivojlantirishning konsetual
asoslari ishlab chiqilmoqda. E’tiborga molik tomoni shundaki, Prezidentimiz
Shavkat Mirziyoev yuqorida e’tirof etilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun
barcha choralarni ko‘rish va ijobiy hal etishga jiddiy kirishdilar. Xalq ta’limini
yanada rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida ko‘plab me’yoriy
va huquqiy hujjatlar qabul qilinib, 2030 yilgacha bo‘lgan perespektiv rejalar ishlab
chiqildi. Ularni amalga oshirish uchun nafaqat pedagogik xodimlar, balki
jamoatchilikning ham mas’uliyati oshirilishi zarurligi diqqatga sazavordir. Asosiy
maqsad esa zamonaviy maktablarda ta’lim sifatini oshirishga qaratilishi zaruriy
ehtiyojdir.
Maktab ta’limi tizimini isloh qilishga jiddiy kirishilganligini quyidagi
faktlarda ko‘rishimiz mumkin. Keyingi uch yilda o‘qituvchilarning oylik ish haqlari
2,5 barobarga oshirildi. 2020 yildan yana ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.
O‘qituvchilar uchun bir qator imtiyozlar joriy etildi. Xususan, arzon uy-joylar bilan
ta’minlash, uy va avtomashinalar sotib olish uchun kreditlar ajratish, ularni
sog‘lomlashtirish maqsadida sanatoriya va dam olish maskanlariga yo‘llanmalar
berish yo‘lga qo‘yilmoqda. O‘tgan yili hamma talablarga javob beradigan 157 ta
yangi zamonaviy maktablar qurilib foydalanishga topshirildi. Iqtidorli o‘quvchilar
uchun Prezident maktablari, Temurbeklar maktabi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov,
Halima Xudoyberdieva, Muhammad Yusuf, Isoqjon To‘ra kabi millatimizdan
yetishib chiqqan ulug‘ mutafakkirlar nomi bilan ataluvchi maxsus maktablar o‘z
faoliyatlarini boshlab, ko‘plab iqtidorli o‘quvchilarni o‘z bag‘riga oldi. Bu ta’lim
maskanlari ish boshlaganiga hali uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan bo‘lsada, natijalar esa
quvonarlidir. Yoshlar ma’naviyatini rivojlantirishga alohida e’tibor berilib, “Yosh
kitobxonlar” ko‘rik-tanlovlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yilganlgi ham diqqatga
sazavordir.
Hurmatli talabalar! Siz maktablarni bitirib bu yil mana shu oliy ta’lim
muassasasining talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldingiz. Siz ushbu kasbni
to‘g‘ri tanladingizmi? Akademik Qori Niyoziy “Agar sen o‘qituvchi bo‘laman
desang, eng avval yaxshilab o‘yla, sen uni sevimli kasbingga aylantira
olasanmi? Yoki unga nisbatan mayl va rag‘bating bormi? Chunki o‘qituvchilik
kosiblik emas” degan edi. Ulug‘ allomaning bu da’vatida juda katta ma’no-mazmun
mujassam. Agar siz shu kasbni jon-dilingizdan sevib, uni o‘zingizning sadoqatli
kasbingizga aylantira olsangizgina marra sizniki bo‘ladi. Oliy ta’limda beriladigan
har bir dars-mashg‘ulot sizni ana shu keng qamrovli ziyoli kasb olamiga sekin-sekin
olib kiradi. Haqiqiy o‘qituvchining vazifa-burchi faqat o‘z fanidan o‘quvchilarga
bilim berishgina emas, balki u jamiyatni harakatga keltiruvchi murakkab
mexanizmlarni mohirlik bilan boshqara oladigan raqobatga chidamli, g‘ayratli,
tashabbuskor mutaxassislarni tayyorlashda bosh rolni o‘ynashi zarurdir. U jamiyat
a’zolarining ma’naviy-ma’rifiy darajalarini yuksaltirish uchun xizmat qilishi va o‘zi
hammaga namuna-o‘rnak bo‘la olishi kerak. Yoshlar uchun maktab ta’limi
poydevor hisoblanadi. Agar poydevor mustahkam bo‘lsa, bunday imoratni
yuksaklarga ko‘tarish va undan maqsadga muvofiq ravishda foydalanish mumkin.
Keling, endi fikrlashaylik. Siz kechagina maktabdan chiqib, bugun oliy ta’lim
bo‘sag‘asiga qadam bosdingiz. Iloyo, bosgan qadamingiz qutlug‘ bo‘lsin. Umid
qilamizki, siz o‘zingizning bo‘lajak pedagoglik kasbiga bo‘lgan qiziqishingiz,
izlanishlaringiz oqibati o‘laroq, talabalik burchingiz, maqsad va vazifalaringiz
ijobati bilan shu dargohga fayz kiritishingizga ishongimiz keladi. Agar siz, sizga
maktabda ta’lim-tarbiya bergan ustozlaringizdan farqli o‘laroq, zamon bilan
hamnafas bo‘lib, zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirib,
innovatsion ta’lim texnologiyalari bilan qurollanib, jamiyat talablariga to‘la javob
beradigan vatanimizning fidoyi o‘qituvchisi bo‘lishingizni shiddat bilan
rivojlanayotgan davr talab etadi.
Aziz talabalar! Maktab menejmenti fani birinchi marta pedagogika oliy
ta’lim muassasalariga kiritilmoqda. Bu fanni kiritishdan maqsad bo‘lajak maktab
o‘qituvchilarini zamonaviy innovatsion talablar asosida tayyorlashdan iborat. Shu
o‘rinda innovatsiya so‘zining ma’nosiga to‘xtalsak. “Innovatsiya” – so‘zi inglizcha
bo‘lib, “yangilik yoki yangilik kiritish” degan ma’noni anglatadi. Demak,
maqsadimiz ta’limga va o‘quvchilarga ta’lim berishga innovatsion yondashish
zarurligidan kelib chiqadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22-dekabr kuni Oliy majlis
murojaatnomasida “Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini
tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘lida o‘tmoqdamiz.
Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan
hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oya, innovatsiyaga tayangan
davlat yutadi. Innovatsiya – bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo
etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar,
innovatsion yondashuvlar asosida boshlashimiz kerak”ligini e’tirof etgan edi.
Darhaqiqat, keng ko‘lamli islohotlarning muhim bo‘g‘ini – innovatsiyalar
har bir sohada bo‘lgani kabi ta’lim tizimida ham o‘zining afzalliklarini namoyon
etmoqda. Ayni paytda innovatsiya tushunchasi keng qo‘llanilmoqda. Ta’limga
“innovatsion yangilik kiritish” tizim ichki tuzilishini o‘zgartirishni talab qiladi.
Bunda innovatsiya amaliyot va nazariyaning muhim qismi bo‘lib, ijtimoiy-madaniy
ob’ekt sifatlarini yaxshilashga yo‘naltirilgan ijtimoiy sub’ektlarning harakat
tizimidir.
Innovatsiyalar dolzarb, muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bir tizimda
shakllangan yangicha yondashuvlardir. Ular tashabbuslar va yangiliklar asosida
tug‘ilib, ta’lim mazmunini rivojlantirish uchun istiqbolli bo‘ladi. Shuningdek,
umuman ta’lim tizimi rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Innovatsiya – ma’lum bir
faoliyat maydonidagi yoki ishlab chiqarishdagi texnologiya, shakl va metodlar,
muammoni yechish uchun yangicha yondashuv yoki yangi texnologik jarayonni
qo‘llash, oldingidan ancha muvaffaqiyatga erishishiga olib kelishi ma’lum bo‘lgan
oxirgi natijadir.
Bugungi kunda ta’lim jarayonida innovatsion texnologiyalarni o‘quv
jarayonida qo‘llashga qiziqish, e’tibor tobora kuchayib bormoqda, buning
sabablaridan biri, shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchilarni faqat tayyor
bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, innovatsion texnologiyalarda esa, ularni
egallayotgan bilimlarni o‘zlari qiziqib topishlariga, mustaqil o‘rganib tahlil
qilishlariga, hatto xulosalarni ham o‘zlari kelishib chiqarishlariga o‘rgatadi.
Pedagog bu jarayonga shaxsning rivojlanishi, shakllanishi, bilim olish va
tarbiyalanishga sharoit yaratadi va shu bilan bir qatorda boshqaruvchilik,
yo‘naltiruvchilik funksiyasini bajaradi.
Ta’lim tizidagi innovatsiyalarni quyidagicha tashniflash mumkin:
- Faoliyat yo‘nalishiga qarab (pedagogik jarayondagi, boshqaruvdagi);
- Kiritilgan o‘zgarishlarning tavsifiga ko‘ra (lokal, modulli, tizimli);
- Kelib chiqish manbaiga ko‘ra (shu jamoa uchun ichki yoki tashqaridan
olingan).
Ta’lim tizimidagi har qanday yangilik innovatsiya bo‘la olmaydi. Shu sababli
“novatsiya” va “innovatsiya” tushunchalari o‘rtasidagi asosiy farqni ko‘rsatib o‘tish
zarur. Buning uchun islohot faoliyatining aniq shakli, mazmuni va ko‘lami asos
bo‘lib xizmat qiladi. Agar faoliyat qisqa muddatli bo‘lsa, yaxlit tizim xususiyatiga
ega bo‘lmasa, o‘z oldiga muayyan tizimdagi faqat ba’zi elementlarini o‘zgartirishni
vazifa qilib qo‘ygan bo‘lsa, u holda biz novatsiya xususida fikr yuritayotgan
bo‘lamiz. Agar faoliyat ma’lum konseptual yondashuv asosida amalga
oshirilayotgan bo‘lsa va uning natijasi o‘sha tizim natijasiga yoki uning pritsipial
o‘zgarishiga olib kelsa, bu innovatsiya yoki innovatsion o‘zgarish bo‘la oladi.
Har ikkala tushuncha mezonlari kuyidagicha: novatsiya mavjud nazariya
doirasida amalga oshiriladi, ko‘lam va vaqt bo‘yicha chegaralanadi, metodlar
yangilanadi va natijasi avvalgi tizimni takomillashtiradi. Innovatsiya esa tizimli,
yaxshi va davomli bo‘ladi, ma’lum amaliyotda yangi faoliyat tizimini loyihalaydi,
amaliyot sub’ektlari pozitsiyalarini to‘la yangilaydi. Bunda faoliyatning
yo‘nalishlari ochiladi, zamonaviy texnologiyalar yaratiladi, faoliyatning yangi sifat
samaralariga erishiladi, natijada amaliyotning o‘zi ham yangilanadi.
Innovatsiyaning amaliyotga kiritilishi innovatsion jarayonlarda amalga oshiriladi.
Innovatsion jarayon deb – innovatsion o‘zgarishlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni
amalga oshirish jarayonida aytiladi. Innovatsion jarayon – bu pedagogik yangiliklar,
bu yangiliklarning pedagogik hamjamiyat tomonidan o‘zlashtirilishi va ulardan
ilmiy asosda amaliyotga samarali foydalanishning o‘zgarib boruvchi yaxlitlikdir.
Ta’lim jarayonidagi innovatsion o‘zgarishlar, tizimga har qanday yangilikning
kiritilishi bevosita o‘qituvchi faoliyatini yangilash va o‘zgartirish orkali amalga
oshirilishi ham atroflicha o‘rganilgan. Innovatsion faoliyat – bu uzliksiz ravishda
yangiliklar asosida ishlash bo‘lib, u uzok vaqt davomida shakllanadi va
takomillashib boradi. Innovatsion faoliyat – yangi ijtimoiy talablar bilan an’anaviy
me’yorlarning mos kelmasligi yoxud amaliyotning yangi shakllanayotgan
me’yorning yuzaga kelgan me’yor bilan to‘qnashuvchi natijasida vujudga kelgan
qator muammolarni yechishga qaratiladi. Innovatsiyalar doimiy ravishda pedagogik
faoliyatga yangiliklar olib kirish orqali ta’lim rivojiga hissa qo‘shadi, pedagogik
faoliyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
O‘qituvchining innovatsion faoliyatiga tayyorligining ijtimoiy va kasbiy muhim
sifatlari nafaqat ta’lim muassasidagi iqtisodiy va moliyaviy vaziyatga, balki bevosita
bu sifatlarning talab etilganligi bilan bog‘liqdir. Kasbiy jihatdan muvaffaqiyatli
o‘qituvchilarning malakalari va kasbiy sifatlari zamonaviy ta’lim tizimining asosiy
real talablari hisoblanadi. Innovator-pedagoglar bugungi kun ta’lim tizimining talabi
bo‘lib, kasbiy cho‘qqilarga erishish uchun malaka oshirish, qayta tayyorlash
kurslarida ta’limni chuqurlashtirish talab etiladi. O‘qituvchilar o‘zlarining
innovatsion faoliyatni keng yoyish, yosh o‘qituvchilarga o‘rgatish, interfaol o‘qitish
usullarini ochiq darslarda namoyon qilishlari zarur. Bu o‘qituvchilar o‘z
faoliyatlarini baholashning yangi usullarini topish, kasbiga bo‘lgan qarashlarni
o‘zgartirish, pedagogik va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish hamda o‘qituvchilarga
kasbiy vazifalari to‘g‘risidagi tor tushunchalarning o‘zgarishiga olib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston
Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi
farmonida qayd etilgan – ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish,
ilmiy va innovatsiya yutuqlarini amaliyotga joriy etishning samarali mexanizmlarini
yaratish, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlari huzurida ixtisoslashtirilgan
ilmiy-eksperimental
laboratoriyalar,
yuqori
texnologiya
markazlari
va
texnoparklarni tashkil etish kabi vazifalar joriy yilda samarali amalga oshirilishi
shubhasiz.
Bizga ma’lumki, pedagogik jarayonlar pedagogik tizim ichida kechadi. Ilgaridan
loyihalashtirilgan har bir didaktik jarayon ma’lum prinsipial imkoniyatlarga ega
blib, u o‘quvchida bilim, ko‘nikma va malakalarning sifatli shakllanishini nazarda
tutadi. Bu degan so‘z, biz ta’lim-tarbiyada zaruriy darajadagi natijani olish uchun
pedagogik tizimni takomillashtirishimiz, uning funksiyasini ijobiy tomonga
yo‘naltirishimiz, intensiv pedagogik jarayonni vujudga keltirishimiz zarur.
Bundan xulosa shuki, ta’lim-tarbiyada sifatli, samarali natijani olish uchun mavjud
pedagogik tizimni modernizatsiyalashtirib borishimiz kerak. Shu munosabat bilan
innovatsiyalarning ob’ekti sifatida quyidagi pedagogik muammolarni keltirishimiz
mumkin:
- o‘quv-tarbiyaviy faoliyat motivatsiyasini oshirish;
- darsda o‘quv materiallari hajmini oshirish;
- o‘quv jarayonni samaradorligini oshirish;
- ta’lim jarayonida vaqtdan unumli foydalanish;
- ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining shaxsiy ishtiroki va faolligiga
ma’suliyatni oshirish.
Bu sohada eng to‘g‘ri yo‘l – yangiliklarni asta-sekinlik bilan, ketma-ketlikda,
uzluksiz, uning natijaviyligiga ishonch hosil qilgan holda, har tomonlama o‘ylab,
o‘lchab navbatdagi qadamlarni bosish kerak.
Buning uchun innovatsiyalarni pedagogik jarayonga kiritish yo‘llarini
belgilash zarur:
- yangi pedagogik g‘oyalarni shakllantirish;
- konsepsiya ishlab chiqish;
- dastur yaratish; ijro mexanizmini ishlab chiqish;
- amaliyotga joriy etish.
Endi qayd etilgan yo‘llarni ishlab chiqish va tatbiq etish bosqichlarini ko‘rib
chiqamiz. U quyidagi ko‘rinishda bo‘ladi:
№ Innovatsion jarayonning
bosqichlari
Innovatsion jarayonni boshqarish
1. Innovatsiyalarni tug‘ilishi ehtiyojining
zaruriyati va uning imkoniyatlarini
aniqlash.
Muammoning
tug‘ilishi,
unga
xalaqit beruvchi to‘siqlar, maqsadni
amalga oshirishda qarshiliklarni
yengib o‘tish, kichik tadqiqotlar,
tahlillar,
xohish
va
natijalar
orasidagi
farqlarni
aniqlash.
O‘zgarishlarni ehtiyojiy holatini
shakllantirish.
2. Kerakli yangiliklarni izlash.
O‘qituvchi va tegishli muassasalar
ishtirokida
ijodiy
guruhni
shakllantirish.
Ular
orasida
innovatsiyalarni,
adabiyotlarni,
ilg‘or
tajribalarni
o‘rganish
bo‘yicha vazifalarni taqsimlash.
3. Innovatsiyalarni tayyorlash.
O‘z xohish va istaklariga ko‘ra
ijodiy
guruh
qatnashchilarini
tanlash. Ijodiy guruh a’zolarini
o‘qitish.
4. Yangilikni ishlab chiqish. Loyihalash,
maqsadni aniqlash. Mazmunni ishlab
chiqish. Mezonlarni belgilash bo‘yicha
innovatsiyalarni baholash.
O‘quv rejalariga o‘zgartirishlarni
kiritish,
seminarlar
o‘tkazish,
tajriba-sinov ishlarining dasturlarini
yaratish.
5. Tajriba-sinovlar asosida tekshirish.
Tajriba-sinovni tahlil etish, nazorat
etish, dasturlarga zaruriy tuzatishlar
kiritish. Pedagogik jamoaga ishning
borishi bo‘yicha axborot berish,
metodik yordam va psixologik
qo‘llab-quvvatlash.
6. Turli ob’ektlarda yangiliklarni qayta
takroriy sinab ko‘rish.
Yuqori natijalarning qat’iyligini
sinash
maqsadida
ularning
qo‘llanish doirasini kengaytirish.
7. Tavsiyalar ishlab chiqish.
Yangiliklarning axborot, didaktik,
metodik ta’minotini yaratish.
8. Yangiliklarni
kundalik
amaliyotga
kiritish.
Yangilik tarqatish.
9. Yangiliklarni amaliyotga keng yoyish
mexanizmini ishlab chiqish.
Joriy
nazorat
va
sharoitga
moslashtirish
shartlarini
ishlab
chiqish,
modernizatsiya
qilish,
ehtiyoj va zaruriyatga ko‘ra qo‘llab,
ommalashtirish yoki e’tirozni qabul
qilish.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tarix shundan dalolat beradiki, inson o‘zining aql-
zakovati bilan dastlabki mehnat qurollarini o‘ylab topishdan, algoritm va
nanozarrachalar, zamonaviy innovatsion kompyuter, super mikroelektron, biologik,
gen muhandisligi, quyosh va boshqa yuqori texnologiyalarini kashf etishgacha
bo‘lgan murakkab yo‘lni aynan innovatsiya – yangilikka intilish orqali bosib o‘tdi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sh.Qurbonov, E.Seytxalilov Ta’lim sifatini boshqarish T.: “Turon-Iqbol”,
2006. 590 b.
2. Xalq ta’limi jurnali bosh maqola “Innovatsiya – yangilikka intilish,
kelajakka qadam”, t.: 2018. № 1.4-6 b.
3. J.G‘.Yo‘ldoshev “Innovatsiyalarni ta’lim jarayoniga uzluksiz ravishda
tatbiq etish zamon talabi” T.: “Uzluksiz ta’lim” j. 2011. № 6, 11-15 b.