PUNKTUATSIYA (TINISH BELGILARI) HAQIDA MA’LUMOT.
Reja:
1. Nuqta
2. So‘roq belgisi
3. Undov belgisi
4. Ko‘p nuqta
5. Ko‘p nuqta, undov va so‘roq belgilarning
6. birikkan holda kelishi
7. Vergul
8. Nuqtali vergul
9. Ikki nuqta
10. Tire
11. Qavs
12. Qo‘shtirnoq
ISHORAT QOIDALARI (PUNKTUATSIYA)
Tinish belgilari va ularning yozma nutqda qo‘llanishini o‘rganadigan bo‘lim
punktuatsiya deb yuritiladi.
Nuqta
Nuqta quyidagi o‘rinlarda qo‘yiladi:
1. Tinch ohang bilan aytilgan darak, buyruq va undov (his-hayajon) gaplardan
keyin: Oltin kuz fasli kirib keldi. Darslarni o‘z vaqtida tayyorlab yurgin. Koshki
uning kuchi etsa.
2. Birinchi qismida nuqta, ko‘p nuqta, undov yoki so‘roq belgisi bo‘lgan ko‘chirma
gap o‘rtasida kelgan muallif gapidan so‘ng: "Men hozir jo‘nayman, - dedi u. – Siz
esa yarim soatlardan keyin yo‘lga chiqing".
3. Qisqartirilgan ism va familiyalarning birinchi harfi yoki qismidan keyin: M.Ism.
(Mirzakalon Ismoiliy)
4. Sanash yoki ayrim fikrning qismlarini ifodalagan va oy, kun, yillarni bir-biridan
ajratish uchun qo‘llangan raqam yoki harflardan keyin: 27.09.2002 kabi.
D i q q a t ! Qavsga olingan manbadan oldingi gap oxiridagi tinish belgilari o‘z
o‘rnida saqlanadi va qavsdan keyin hech qanday tinish belgisi qo‘yilmaydi: Ketdi.
(A.Q.) Shuningdek, sarlavhalardan keyin (darak gap bo‘lsa) nuqta qo‘yilmaydi.
So‘roq belgisi
1. So‘roq belgisi so‘roq gaplardan keyin qo‘yiladi: Ishga tayyormisiz?
2. So‘roq gaplar bittadan ortiq bo‘lib kelishi mumkin: Bunday paytlarda so‘roq
belgisi quyidagicha qo‘yiladi:
1) so‘roq gaplarning har biriga ahamiyat berish lozim topilsa yoki har qaysi so‘roq
gap mazmuniga ko‘ra mustaqil bo‘lsa, har biridan so‘ng so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Qishloqlar qanday? Og‘aynilar yaxshi yurishibdimi?
2) agar so‘roq gaplar mazmunan umumiy bir fikrni ifodalasa, so‘roq belgisi eng
so‘nggi so‘roq gapdan keyin qo‘yiladi: - Tag‘in mehmon boshlab keldingmi? Kim
kelyapti: Savrimi, Rahbarmi, yo akangning bolalarini etaklab kelyapsanmi? (G‘.G‘.)
3. So‘z yoki ibora noaniq bo‘lsa, unda gumon ifodalansa, so‘roq belgisi qo‘yiladi:
Bu ishlarning hammasini yarim soat (?) ichida bir o‘zi bajardimikin?
D i q q a t ! Ba’zan qo‘shma gaplar tarkibidagi sodda gaplardan biri so‘roq gap
shaklida, ikkinchisi esa uning izohi sifatida kelishi mumkin, bunday holatda ular
orasiga vergul yoki tire qo‘yilishi mumkin: U ertaga keladimi, kelmaydimi, bu men
uchun qorong‘i.
Undov belgisi
Undov belgisi quyidagi o‘rinlarda qo‘yiladi:
1. Kuchli his-hayajonni ifodalagan gaplardan so‘ng: YOshligimizda naqadar
baxtiyor edik!
2. Buyurish, tilak, orzu ma’nolarini ifodalagan gaplardan so‘ng: Hoziroq bularni
ko‘zimdan yo‘qot! Qani endi qush kabi osmonda parvoz qilsa!
3. Gap boshida kelib, kuchli his-hayajon ifodalagan undalmalardan, undov hamda
ha va yo‘q so‘zlaridan so‘ng: Yo‘q! Rustam bunday qabihlikka bormaydi hech
qachon! Azizlar! Sizni mustaqillik bayrami bilan tabriklayman!
Ko‘p nuqta
Ko‘p nuqta quyidagi o‘rinlarda qo‘yiladi:
1. Fikrning tugallanmaganligi, so‘zlovchining hayajonlanib yana nimadir
aytmoqchi ekanligini ko‘rsatish uchun: Agar hozir gapingizni to‘xtatmasangiz...
2. Ba’zan ko‘p nuqta so‘zlovchining o‘ylashi, mulohaza qilishini ko‘rsatadi:
Bugun... bugun oldingizga o‘tsam bo‘ladimi?
3. Ba’zan kimningdir savolga javob bermay indamay turganini ko‘rsatish uchun
ham ko‘p nuqta qo‘yiladi:
- Mendan rozimassiz, bilaman, kechirmaysiz...
- ...
4. Biror so‘z yoki gapning tushirilganini ko‘rsatish uchun: Bugun ettinchi bo‘limga
kelib, ... fig‘oni oshdi.(T.Malik)
Ko‘p nuqta, undov va so‘roq belgilarning
birikkan holda kelishi
1. So‘roq mazmuniga qaraganda his-hayajon kuchli bo‘lgan so‘roq gaplardan keyin
undov va so‘roq belgisi birikkan holda (!?) qo‘yiladi: Go‘zallik olamni qutqarishiga
kim ishonmaydi!?
2. Kuchli his-hayajon bilan berilgan savolni ifodalaydigan so‘roq gaplardan so‘ng
so‘roq va undov belgisi birikkan holda qo‘yiladi: - A?! – Xonkeldieva turgan erida
surat bo‘lib qoldi. - Direktorimiz-a?! (H.G‘.)
3. Kuchli his-hayajon ifodalangan va mazmunan tugallanmagan gaplardan keyin
undov belgisi va ko‘p nuqta birikkan holda (!..) qo‘llanadi: -Nafisa!.. Nafisaoy!.. –
dedi Aziz o‘pkasi yumshab, ko‘zlariga qaynoq yosh keldi.(H.G‘.)
4. Mazmunan tugallanmagan so‘roq gaplardan so‘ng so‘roq belgisi va ko‘p nuqta
birikkan holda (?..) ishlatiladi: - Nima dedingiz? Bularning hammasi men uchun?...
Vergul
Vergul quyidagi o‘rinlarda qo‘yiladi:
1. Uyushiq bo‘laklar orasida:
1) bog‘lovchisiz birikkan uyushiq bo‘laklar orasida Andijon, Namangan, Qo‘qon,
Marg‘ilon – O‘zbekning chamani, bog‘u bo‘stoni. (G‘.G‘.) 2) takrorlanuvchi
bog‘lovchilar bilan birikkan uyushiq bo‘laklar orasiga: U goh kulimsiraydi, goh
chuqur o‘yga toladi. 3) zidlovchi bog‘lovchilar yordamida birikkan uyushiq
bo‘laklar orasiga: Zamiraning baland, ammo mayin ovozi bor edi. (P.Q.)
2. Undalmalarni ajratish uchun: Ertaga, azizim, toqqa jo‘naymiz.
3. Kirish so‘zlarni va tuzilishiga ko‘ra murakkab bo‘lmagan kirish gaplarni ajratish
uchun: Xullas, ertaga shu erda yig‘iladigan bo‘ldilar. Men sizga aytsam, odamning
yomoni bo‘lmaydi.
4. Ha va yo‘q so‘zlarini gap bo‘laklaridan ajratish uchun: Ha, bu gapingiz to‘g‘ri.
Yo‘q, ertaga kela olmayman.
5. Gapning ajratilgan bo‘laklarini ayirib ko‘rsatish uchun: "Biz, yoshlar, ota-
bobolarimiz qoldirgan bebaho merosni ko‘z qorachig‘iday asrashimiz kerak".
6. Bog‘lovchisiz bog‘langan qo‘shma gaplarda: Eshik ochildi, ichkariga muzday
havo yopirilib kirdi.
7. Va, ham, hamda, yoki (yolg‘iz kelgan) bog‘lovchilaridan boshqa bog‘lovchilar
bilan bog‘langan qo‘shma gaplarda: Hamma gapirdi, lekin u bir chekkada xomush
o‘tirar edi.
8. Ergash gapni bosh gaplardan ajratish uchun: Hamma yig‘ilgach, majlis
boshlandi.
9. Muallif gapini ko‘chirma gapdan ajratish mumkin:
- Bugungi qilgan ezgu ishlarimiz, - dedi ota, - kelajak uchun mustahkam poydevor
vazifasini bajaradi.