Qadimgi davr xalqlari madaniyati
Reja :
1.Ibtidoiy madaniyatda olam haqidagi bilimlarning marosimlarda aks etishi. Ibtidoiy
san'at rivoji.
2.Qadimgi Messopotamiya, Misr, Hindiston va Xitoy madaniyati.
3.Antik
madaniyatning
jahon
madaniyatidagi
o’rni.
Qadimgi
Yunon
sivilizasiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlari.
4. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi madaniyati.
5.Yunon-baqtriya madaniyati. Kushon madaniyati
2.1. Ibtidoiy madaniyatda olam haqidagi bilimlarning marosimlarda aks etishi.
Diniy tasavvurlar va marosimlar
Ibtidoiy jamoa tuzumi insoniyat tarixidagi boshlang‘ich ijtimoiy-iqtisodiy
tuzum hisoblanadi. Bu davrda kishilar hayotining umumiy sharoiti va shu bilan
birga, ishlab chiqarish kuchlari rivojlanish darajasining pastligi, ularning xarakteri
birgalikda, jamoa bo‘lib mehnat qilish zaruriyatini keltirib chiqargan, jamoa mehnati
esa ishlab chiqarish vositalariga ham va mahsulotlarga ham jamoa bo‘lib egalik
qilishga asoslangan. Arxaik yoki ibtidoiy madaniyat – mavjud insoniyat
madaniyatining ibtidosi va eng uzoq davom etgan davridir. O‘sha davrda vujudga
kelgan arxaik madaniyatning ayrim ko‘rinishlari bo‘lmish kishilarning fikrlash tarzi,
fe’l-atvori hozirga qadar yo‘qolgan emas. Insoniyat hayotining boshlang‘ich davri
keyingi barcha o‘zgarishlarga zamin yaratgani sababli bu davrni o‘rganish insoniyat
evolyutsiyasi asoslarini, uning madaniyati negizini tushunish va sharhlashga yordam
beradi.
O‘tmishda butun kishilik jamiyati ibtidoiy davr bosqichini bosib o‘tgan.
Ayrim qabilalar va xalqlar bu davrni ma’lum darajada mustaqil bosib o‘tib, o‘z
madaniyatini yaratgan va umuman madaniyat xazinasiga o‘z hissasini qo‘shgan.
Biroq bunchalik uzoq o‘tmishdan saqlanib qolgan ma’lumotlarning kamligi va
g‘oyat bo‘lak-bo‘lakligi tufayli, ayrim qabilalar va xalqlarning ibtidoiy tarixini har
tomonlama va to‘la tiklash uchun hozircha imkoniyat yo‘q.
Ibtidoiy madaniyatning rivojlanishini to‘liq va yetarli darajada tasavvur etish
uchun turli qabilalar va xalqlarga oid bo‘lgan mavjud ma’lumotlar bilan
chegaralanish yetarli emas, ularni dunyoning turli mamlakatlaridagi xalqlarga oid
barcha ma’lumotlar bilan qo‘shish lozim. Shu tariqa, ibtidoiy tarix o‘z materialini
yer sharining turli nuqtalaridan olgandagina u keng umumlashtiruvchilik xarakteriga
ega bo‘ladi.
Ibtidoiy tarixda nomlar yo‘q. U shaxslarni ham, qahramonlarni ham bilmaydi,
unda mashhur sanalar ham yo‘q. Shunga qaramay, u ibtidoiy madaniyatni yaratuvchi
ulug‘ ommaning behisob qahramonligi bilan to‘ladir.
Tosh asriga doir bo‘lgan arxeologik qazish ishlari eng oldin Fransiyada olib
borildi. So‘ngra boshqa mamlakatlarda keng yo‘lga qo‘yildi. To‘plangan materiallar
madaniyat va texnikaning uzluksiz o‘sib borganligidan guvohlik beradi va bir
qancha bosqichlarni aniqlashga imkon beradi. Bu birin-ketin keladigan bosqichlar
yer sharining turli joylarida topilgan muayyan tipdagi odam faoliyatining
qoldiqlariga asoslanib aniqlanadi va fanda bu qoldiqlar «madaniyat» deb ataladi. Bu
madaniyatlar dastlabki topilgan joylarning nomi bilan atalib, ular mana shu
madaniyatning eng tipik yodgorliklari hisoblanadi.
Ibtidoiy moddiy madaniyat ibtidoiy odamning tabiat bilan juda og‘ir
kurashida mehnat qurollarining murakkablashib va takomillashib borganligini
ko‘rsatadi: bunda so‘yil tayoqlar va qo‘pol tarashlangan tosh parchalaridan yasalgan
ish qurollaridan tortib, kamon va o‘qlar, silliqlangan tosh boltalar va suyak
buyumlar, metallardan foydalanish, juda oddiy dastgohlar ixtiro qilish sari
rivojlanish yo‘li bosib o‘tilgan.
Eng sodda mexanik moslamalar: yer kovlaydigan tayoq va qo‘l chopqich
asosida yuzaga kelgan, richag-dastak va pona bo‘lmay turib hozirgi texnika mavjud
bo‘la olmas edi. Odamlar tabiiy g‘orlardan foydalanishdan turli-tuman sun’iy uy-
joylar qurishga asta-sekin o‘ta boshlagan.
Uy-ro‘zg‘or buyumlari novdalardan, qayin po‘stlog‘idan, bambuk, kokos
yong‘og‘i po‘chog‘i, qovoq, yog‘och, loy va teridan yasalgan. Keyinchalik sopol
ixtiro qilingandan so‘ng chinakam ovqat pishirish mumkin bo‘lgan.
Ibtidoiy kiyim-boshning turlari juda xil-xildir: fartuk, kamar (belbog‘), plash,
yubka – eng qadimgi kiyim. Yengil kiyim va ishton keyinroq paydo bo‘lgan. Tabiiy
sharoitlarga qarab barglardan, teri, o‘simlik tolasi va jundan kiyimlar tikilgan.
Tafakkur va nutq taraqqiy qilmay turib madaniyatning vujudga kelishi
mumkin emas. Eng qadimgi odamlarning saviyasi o‘z mehnatining rivojlanish
darajasiga muvofiq kelgan.
Jamoadagi mehnat, kuzatish, tajriba, ong, fikr, tushuncha, til, bilim –
bularning hammasi o‘zaro ajralmas aloqada va bir-birini taqozo qiladi, ular yagona
bir zanjirning qator xalqalaridan iborat bo‘lib, odamni hayvondan ajratuvchi, uni
tabiat ustidan g‘olib qiluvchi belgilardir.
Mehnat jarayonida kuzatish va tajriba orttirish natijasida yangidan-yangi
tasavvurlar va tushunchalar paydo bo‘ldi, tafakkur ham, til ham rivojlandi. Yangi
so‘zlar paydo bo‘ldi, so‘zlarning ma’no-mazmuni boyidi, grammatik shakllari
rivojlanib bordi.
Tafakkur va tilning kuzatish hamda tajriba bilan bevosita bog‘liqligi eng
sodda tillarning xarakterli xususiyatida – ularning konkretligida yaqqol namoyon
bo‘ladi. Bu hol tilning konkret nom va aniqlovchilarga nisbatan boyligi va
umumlashtiruvchi tushunchalarning nihoyatda kambag‘alligi bilan ifodalanadi
(hayvonlarning alohida nomi bor-u, lekin umumiy tushuncha – «hayvon» so‘zi yo‘q,
tut, o‘rik va hokazolar bo‘lgan-u, umumiy tushuncha – «daraxt» so‘zi bo‘lmagan).
Fikrni anglatuvchi sodda usul – «signallar tili» mavjud bo‘lgan. Bu holat faqat
urush e’lon qilishdagina emas, balki boshqa marosimlarda ham saqlangan. Masalan,
ibtidoiy davr marosimchiligidan bizgacha an’ana tariqasida «sovg‘a» qilishlar
saqlanib qolgan. Shimoliy Amerika hindularida tomagavk (suyil) yuborish urush
e’lon qilishning ramziy belgisi bo‘lgan. Uni alohida elchi olib borib yerga qo‘ygan,
agar qarshi tomon uni ko‘tarsa urushga rozi ekanligini bildirgan.
Gerodotning hikoyasiga ko‘ra, bir vaqtlar eroniylar skiflarga qarshi hujum
qilganlarida ular eroniylarga qush, sichqon, qurbaqa va beshta o‘q-yoy yuborganlar.
Bu quyidagi ma’noni anglatgan: «Agar siz, eroniylar, qush singari osmonga
uchmasangiz, sichqon singari kovakka bekinmasangiz yoki qurbaqa singari ko‘lga
sakrab tushmasangiz, elingizga qayta olmaysiz va bizning o‘q-yoylarimiz ostida
qirilasiz». «Signallar tili» muhim madaniy-tarixiy rol o‘ynagan. Imo-ishora tovush
nutqida yordamchi element bo‘lgan. Tafakkur bilan mahkam bog‘langan til noaniq
tovush tilidan boshlab to urug‘larning, keyinchalik qabilalarning aniq tillariga qadar
uzoq taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Qabilaviy tillar o‘rnini xalqlarning tillari
egalladi.
Neolit davrining oxiri va metallar asrining boshlariga kelib asosiy qardosh
tillar oilalari tarkib topgan: 1) hind-yevropa tillari oilasi (hind, eroniy, slavyan,
olmon, roman, kelt tillari); 2) turk-mo‘g‘ul tillari oilasi (Markaziy Osiyo xalqlari
tillari, turk va mo‘g‘ullar tili); 3) xitoy-tibet tillari oilasi (Sharqiy Osiyo, Xitoy,
Tibet, Vyetnam, Birma xalqlarining tillari); 4) somiy-xalit tillari oilasi (Shimoliy va
Markaziy Afrika xalqlari tili); 5) fin-ugor tillari oilasi (fin, eston, vengr, karell va
boshqalarning tillari). Odam mehnat jarayonida atrofdagi tabiatni kuzatishlari
natijasida bilimlarini orttirib borgan.
O‘z joyini bilgan, qabila va hatto qo‘shni qabila hududining relyef kartalarini
qumga, yog‘ochga, po‘stloqga, teriga chiza olgan ibtidoiy odamlarning jo‘g‘rofik
bilimlari yaxshi ayondir.
Ibtidoiy davrda o‘ziga xos sodda tabobat keng rivojlangan edi. Unda, bir
tomondan, folbinlik, sehrgarlik va jodugarlik usullari ishlatilgan bo‘lsa-da, ikkinchi
tomondan, juda qadim zamonlardayoq ba’zi o‘simliklarning, hayvon va mineral
moddalarning davolash xususiyatlari kashf etilgan. Ibtidoiy odamlar tabobatda
maxsus tayyorlangan suyuqliklar, qaynatma dorilar, kukunlar, zaharlar, surtiladigan
dorilarni ishlatganlar. Mezolit davridan boshlab shikastlangan qo‘l va oyoqlarni
jarrohlik yo‘li bilan kesib tashlash (amputatsiya) usuli qo‘llanila boshlagan (ba’zi
qabilalarda qattiq bosh og‘rig‘ini bosh suyakni kesib ochish yo‘li bilan
«davolaganlar»). Davolashda massaj – silash-uqalash, qon olish, sovuq va issiq
kompress (bosish) qo‘llanilgan. Oddiy tabobat faqat tajribaga asoslangan. Ibtidoiy
odamlar kasalliklarning sabablarini, kishi tanasining tuzilishi va faoliyatini
bilmaganlar.
Ovchilik, hayvonlarning qo‘lga o‘rgatilishi, yeyiladigan o‘simliklarni,
mevalarni yig‘ib-terib olish botanika va zoologiya sohasidagi boshlang‘ich
bilimlardan darak beradi.
Bu bilimlar dehqonchilik va chorvachilikning rivojlanishiga yorqin misol
bo‘la oladi. Ibtidoiy odamlarda sanash eng boshlang‘ich holatda bo‘lgan. Odatda
uchgacha, ba’zan beshgacha sanashgan: 2+2+1=5; 2+2=4 ko‘pgina xalqlarda besh
raqami «qo‘l» ni bildiradi (ruscha «pyat» nomi «zapyaste» so‘zi bilan hamohang,
rimcha V qo‘l panjasining soddalashtirilgan tasvirini eslatadi). Beshdan ortig‘i esa
«ko‘p» va «juda ko‘p» so‘zi bilan ifodalangan.
Bilimning oshishi natijasida murakkab buyumlar yaratila boshlandi. Qayiq va
yelkanli kemalar, taqvim, hisob va o‘lchov tizimi vujudga keldi. Xususiy
mulkchilikning paydo bo‘lishi huquqning shakllanishiga olib keldi. Ayrimlari
hozirgacha saqlanib kelayotgan an’analar va qadimgi folklor namunalari vujudga
keladi (miflar, dostonlar, hikoyalar, marosim qo‘shiqlari), yozuvning ilk tizimi,
piktografik (rasm-yozuv), belgi yoki hindularning tugunli yozuvlari shakllanadi.
Monumental me’morchilik ham vujudga keldi. Ilk momumental inshootlar katta
tosh bo‘laklari va tosh plitalardan qurilgan megalitlar hisoblanadi. Megalit
inshootlarning turlari bir-biridan farq qiladi. Masalan, mengirlar baland toshdan
iborat bo‘lib, balandligi 20 metrdan oshadi, ular alohida yoki xiyobonlarga qator
qilib qurilgan. Dolmenlar (tosh maqbaralar) tosh plitalardan sag‘ana yoki maqbara
(kulba) shaklda qurilgan. Kromlexlar esa atrofiga toshlar yotqizilgan inshootlardir.
Eng mashhur kromlex buyuk Britaniyadagi Stounxendj hisoblanadi. Megalitlar
xalqlarni birlashtirib, jamoaning barcha kuchlarini jipslashtirishga, yangi ijtimoiy
tuzum vujudga kelayotgan bir davrda insonlarni umumlashtirish maqsadlariga
xizmat qildi. Negaki, davlat tuzilishi jarayonida turli ijtimoiy qatlamlarning
bo‘linishi sodir bo‘ladi: boshqaruvchilar, ma’naviy madaniyat va bilim egalari,
kohinlar va oddiy bajaruvchilarga ajraladi.
Ibtidoiy odamning to‘plagan bilimi qanchalik bo‘lishidan qat’iy nazar, u
bilmagan juda ko‘p narsalar ham bo‘lgan. Kishilar sababini bilmaydigan bu
hodisalar ularning hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan va o‘z navbatida,
uni bilish talab qilingan. Shunday qilib, ibtidoiy odam o‘z tabiati va tashqi olam
haqida noaniq, mujmal tasavvuri, tabiat kuchlari oldida ojizligini yo‘qotishga, uning
ijobiy tajribalaridan chekkada qolgan hodisalarga javob topishga, bu yerda ham
qandaydir tushuncha va tasavvurlar yaratishga urina boshlaydi. Mana shu xayoliy
tasavvurlar e’tiqod va dinni keltirib chiqaradi.
Kishilik tarixining boshlang‘ich davrida din bo‘lmagani bizga ma’lum. Din
ishlab chiqarish kuchlari va jamiyat taraqqiyotida urug‘chilik tuzumi paydo bo‘lgan
bosqichda vujudga keladi. Diniy tasavvurlarning paydo bo‘lish vaqti haqida
odamlarning ko‘milishiga qarab fikr yuritiladi. Neandertallarda o‘liklarni ko‘mish
odati bo‘lgan: o‘lgan odamlar noaniq shakldagi kichik-kichik chuqurlarga tizzalari
sal bukilgan holda, yon tomoni bilan uxlab yotgan kishi holatida ko‘milgan.
Ibtidoiy din shakllaridan biri totemizm (alyunkinlarning totem – «uning
urug‘i» so‘zidan olingan) odamning ko‘pincha qandaydir bir hayvon yoki o‘simlik,
baliq bilan yoki hatto tabiat hodisalari bilan aloqasi borligi haqida ishonch-
e’tiqoddir. Ehtimol, totemizmning boshlang‘ich va ko‘p tarqalgan shakli mazkur
urug‘ guruhining barcha a’zolari ma’lum hayvon, o‘simlik va boshqalardan –
o‘zlarining totemlaridan kelib chiqqan degan tasavvur bo‘lgandir. Totemizm
xo‘jalik rivojlanishining ovchilik, terib-termachlab ovqat topish bosqichida vujudga
kelgan. Ovchilik o‘sha davrdagi odamlarning mashg‘uloti bo‘lgan, shu sababli
urug‘lar ko‘pincha hayvonlarning nomlari bilan ataladi. Masalan, Avstraliyada
mustamlakachilar totem hayvoni – kenguruni o‘ldirganlarida, ular: «Nega siz bu
odamni o‘ldirdingiz, u bizning birodarimiz» deb aytganlar. Totemizm yana boshqa
bir qator tasavvurlardan iborat: bola tug‘ilishining sababi ayol tanasiga totemning
kirishidan deb hisoblangan, o‘lim esa o‘z urug‘ totemiga aylanish deb tushunilgan.
Totem hurmat qilingan (qadrlangan). Totemizmning ilk bosqichida totemni o‘ldirish
va uning go‘shtini yeyish, nobud qilish man etilgan, faqat marosimlarda o‘ldirilgan
va yeyilgan. Shu tariqa taqiq vujudga kelib, diniy qatag‘onlar yuzaga kela borgan
(xristianlarda ro‘za kunlarda go‘sht, sutli ovqat yeyish mumkin emas, hindlarda mol
go‘shti).
Totem guruhlari totem – hayvonlarni ko‘plab qirishni taqiqlab, ularning
ko‘payishi uchun g‘amxo‘rlik qilishgan, ularning sharafiga bayramlar o‘tkazilgan.
Ibtidoiy jamiyatda totemizm bilan bir qatorda, ingliz olimi Eduard Teylor
tomonidan fanga kiritilgan animizm (lot. anilna, anima – «ruh», «jon») termini bilan
atalgan boshqa din shakli ham bo‘lgan. Animizm – dunyoda ruhlar, jonlar shaklidagi
g‘ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga ishonishdir. O‘lim faqat odamning jismoniy
yashashining to‘xtalishi deb hisoblangan. Jon esa go‘yo yashashini davom ettirgan.
Jonlar tabiatni egallaydigan tanasiz ruhlarga aylanadi (uyqu – jonning tanani
vaqtincha tashlab ketishi). Odam bu ruhlarni o‘ziga yaqinlashtirish uchun ularga
moddiy shakl, ya’ni joy yaratadi, mana shunday joylarga ruhlar kelib turadi, deb
ishonadi. Butlar yoki fetishlar ( portugalcha – fetiko – «yasalgan») shu zaylda kelib
chiqqan tabiiy holatdagi narsalar ham fetishlar bo‘lgan.
Ibtidoiy dinning shakli bo‘lgan «fetishizm» tushunchasini fransuz olimi Sh.
de Bross XVIII asrda ilmiy adabiyotga kiritgan. Fetishizm – jonsiz moddiy
narsalarga sig‘inish, ularni g‘ayritabiiy mo‘jizaviy xususiyatga ega deb bilishdir.
Oxiratga (narigi dunyodagi hayotga) ishonish va ota-bobolarning ruhiga
sig‘inish animizm bilan bog‘liqdir. Mozorlarda topilayotgan, ibtidoiy odamlarning
tasavvurlariga ko‘ra, narigi dunyoda marhumga zarur bo‘ladigan mehnat qurollari,
qurol-aslaha, zeb-ziynatlar, ovqat qoldiqlari ana shu bog‘lanishdan dalolat beradi.
Dastlab o‘liklardan qo‘rqib, tirik odamlarga zarar yetkazmaslik uchun bog‘lab
qo‘yilgan.
Dehqonchilik va chorvachilik rivojlana borishi bilan tabiatga sig‘inish
e’tiqodlari vujudga kelgan: quyoshga, yerga, suvga, o‘tga sig‘inish kabilar.
Ibtidoiy odamlarda sehrgarlik – odamning o‘zini g‘ayritabiiy kuchlarga ta’sir
ko‘rsata olish qobiliyatiga ishonishga asoslangan ish-amallari bo‘lgan. Sehrgarlik
ibtidoiy odamlar hayotining hamma tomonlariga katta ta’sir ko‘rsatgan. Eng
qadimgi sehrgarlik amallari jamoaviy tusda bo‘lgan va ishlab chiqarish jarayonini
gavdalantirgan (ov oldidan nayzalar bilan ramziy ravishda «hayvon suratlariga»
sanchish). Keyinchalik sehrgarlik amallari ustidan shomon, kohinlar tomonidan
yakka hokimlik o‘rnatilgan va g‘ayritabiiy olamga ta’sir etishning nozikroq
vositasiga aylana borgan. Sehrgarlik amallari foyda topish uchun ham, zarar
yetkazish uchun ham qo‘llanilgan.
Xudolarga bo‘lgan e’tiqodlarni maxsus kishilar – kohinlar ado etganlar.
Kohinlar ko‘pincha katta yoshdagi kishilar bo‘lib, turmush tajribasi va bilimi yetarli,
tabiatni juda yaxshi kuzatgan, turli alomat, belgilarni va hokazolarni biladigan
kishilar bo‘lgan.
Sehrgarlik hatto tasviriy san’atni ham o‘ziga xizmat qildirgan (so‘nggi
paleolit davriga oid nayzalar sanchib yaralangan hayvonlarning tasvirlari – ovning
muvaffaqiyatli bo‘lishiga yordam berishiga ishonish).
Ibtidoiy san’at rivoji
Ibtidoiy san’at va uning barcha turlari o‘z mohiyati va mazmuni bo‘yicha
odamning mehnat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan sezgisi, kayfiyati va fikrlarini
ifodalash shaklidir. U ijtimoiy ehtiyojlardan kelib chiqqan va odamning ishlab
chiqarish bilan aloqasini aks ettirgan. Ma’naviy madaniyatning ko‘rinishlaridan biri
ibtidoiy san’at ham odamning mehnat faoliyati bilan uyg‘un holda vujudga kelgan.
Inson ongi, tafakkuri asrlar, davrlar ichra tinmay o‘zgarib, takomillashib
keladi. Inson tafakkurining eng buyuk ne’matlaridan bo‘lmish san’at ham shu
davrlar ichida rivojlanib, o‘zgarib beqiyos qiyofaga kirdi. Faqatgina yer yuzida
hayotning paydo bo‘lishi va inson jamiyatining vujudga kelishi «yaratish» kabi bir
lahzalik aktday hodisa bo‘lmasdan, balki davlat, mulkchilik, oila singari inson
institutlari ham uzoq davom etgan rivojlanish jarayonining natijasi, yaratilish hamda
o‘zgarish zanjiridagi bir halqadir. Xuddi shunday deb san’at haqida ham aytsa
bo‘ladi: qachon, qayerda va qanday holatda u boshlandi – aniq va oddiy javob berish
mumkin emas. San’at ma’lum bir tarixiy lahzada vujudga kelmagan, san’atsizlik,
qo‘pollikdan sekin-asta o‘sib chiqdi va uni yaratayotgan inson bilan birga o‘sib-
ulg‘ayib bordi.
San’at inson jamiyatining rivojlanishida juda muhim rol o‘ynagan. Chunki u
insonlarni go‘zallikka intilishga, o‘z qo‘llari bilan mo‘jizalar yaratishga va undan
bahramand bo‘lishga o‘rgatdi. Hayotni sevish hamda insoniy fazilatlarini
shakllanishiga yordam bergan. Mana hozirda bizni o‘rab turgan har bir narsa, buyum
inson o‘z tafakkuri orqali qo‘li bilan yaratgan san’at mahsullaridir.
San’atning vujudga kelishi va uning rivojlanish tarixi butun insoniyatni
qiziqtirib keladi. Shu sababli san’atning qadimgi shakllarini o‘rganish muhim
ahamiyatga egadir. San’atning qadimgi shakllarini o‘rganishda tasviriy san’at tarixi
bilan qiziquvchi tarixchilar, so‘z san’ati, musiqa, teatr tarixchilariga qaraganda
qulayroq ahvolda turishadi. Musiqa, teatr san’ati tarixchilari ibtidoiy qo‘shiqlar va
tomoshalar haqida faqatgina uncha aniq bo‘lmagan faktik ma’lumotlar hamda XIX
asr oxiri XX asr boshlarigacha saqlanib, bizgacha yetib kelgan va ibtidoiy jamoa
tuzumida yashagan xalqlar ijodi analogiyasi orqali tasavvurga ega bo‘lishadi. Bu
analogiyalar taxminiy va yaqinlashtirilgandir. Chunki xalqlarning jamoa tuzumi
qanchalik arxaik bo‘lmasin, bari bir o‘tgan tarixning ming yilliklari ular uchun
rivojlanishda to‘xtab qolmagan va zamonaviy mahalliy avstraliyaliklar yoki
afrikaliklarning san’ati, bari bir boshqachadir, tosh asri yashovchilarinikidan
o‘zgachadir. Buni ishonch bilan aytish mumkinki, qadimgi tariximizda ko‘plab
moddiy tasviriy san’at yodgorliklari saqlanib qolgan.
Taxminan XIX asrning o‘rtalaridan boshlab ilmiy kashfiyotlar boshlandi. Bu
ilmiy arxeologiyaning rivojlanishi natijasida sodir bo‘ldi. Ta’kidlash o‘rinliki,
kishilik jamiyatining eng qadimgi davrlariga oid moddiy madaniyat uchoqlari yer
yuzining barcha burchaklarida topildi. Tosh davri odamlarining manzilgohlari,
ularning suyakdan yasalgan ov va mehnat qurollari topildi. Ba’zi ko‘plab
manzilgohlardan shunday buyumlar topildiki, biz ularni haqiqiy san’at asarlari
deyishimiz mumkin. Kiyik shoxlariga ishlangan hayvonlar ko‘rinishlari, naqsh va
sirli belgilar mahorat bilan suyaklarga tushirilgan. Suyak va toshdan yasalgan ajoyib
va g‘aroyib odam haykalchalari insonni hayratga soladi.
Arxeologlar zo‘rg‘a-zo‘rg‘a o‘tadigan, ba’zida suvdan suzib o‘tib boriladigan
sirli ibtidoiy g‘orlarda ibtidoiy san’at va haykaltaroshlikning butun-bir muzeylariga
duch kelishar edi. Masalan, Fransiyadagi Monteslan g‘orida boshsiz, yaralangan
ayiqning loydan ishlangan haykalchasi, uning oyog‘i ostida haqiqiy ayiqning bosh
suyagi topildi. Ko‘rinib turibdiki, ibtidoiy odamlar loy haykalchaga ayiqning boshini
qo‘yib, ma’lum bir ov urf-odatlarini bajarishgan. G‘orning devorlari va shiftida bir
qismi mineral bo‘yoqlar va bir qismi o‘yib ishlangan ko‘p sonli tasvirlar ham topildi.
Bularning ham barchasi hayvonlar tasviridir. Kiyiklar, bizonlar, cho‘chqalar va
hozirda yo‘qolib ketgan uzun junli mamontlarning tasviridir. Faqat onda-sonda
odam qiyofasi tasvirlari ko‘rinib qoladi. Bu so‘nggi neolit davrida yashagan ibtidoiy
qabilalar hayotidan ayrim sahnalar, chunonchi o‘yinlar, urush va ov manzaralari
tasvirlangan. Bu kompozitsiyalarning yoshi eramizdan avvalgi VI-IV ming
yilliklarga oid, deb belgilangan. Shunga o‘xshash yodgorliklar biror-bir yaxlit
hududda yig‘ilgan bo‘lmay, balki yer yuzi bo‘ylab yoyilgan.
San’at davlatdan va mulkchilikdan, mavjud barcha munosabatlar va
hissiyotlardan, shuningdek shaxsiyat, individuallik va boshqa vujudga kelgan
munosabatlardan ham, dehqonchilik, chorvachilik va metall ishlatishdan ham
qadimiyroqdir.
Biz qadimgi davr san’ati juda ham primitiv bo‘lgan deyishga o‘rganib
qolganmiz. Aslida ham shundaymikin? Ispaniyadagi Altamir g‘oridagi bizon tasviri
ushbu fikrimizni chetga surib bizni hayratga soladi. Ushbu bizon tasviri o‘ta jonli
ishlangan bo‘lib, uning har bir chiziqlari jo‘shqinlik bilan tasvirlangan. Xuddi hozir
ushbu hayvon yugurib ketadiganday. Uning «realistik ustaligi»ga hozirgi rassomlar
ham havas qiladilar. Bu elementlar bizni hayron qoldirmasligi kerak, chunki ushbu
qadimgi odam o‘z yashash sharoiti darajasi, davri, o‘zining mashg‘uloti,
dunyoqarashi darajasiga qaraganda buyuk usta bo‘lgan.
Ibtidoiy san’at xilma-xil bo‘lib, bir necha turlarga bo‘linadi:
- suyak, tosh parchasi, shox, kulolchilik buyumlariga chizilgan belgilar, odam,
hayvon va har xil buyumlarning tasvirlari.
- g‘or devorlariga qora, qizil, ko‘k, sariq, jigarrang, oq bo‘yoqlar bilan
ishlangan har xil hayvonlar (sher, yo‘lbars, fil, qoplon, bug‘u, karkidon, arxar, tog‘
echkisi, yovvoyi buqa va boshqa hayvonlar), odam va buyumlar tasviri. Ularda ov,
mehnat, jang va boshqa manzaralar tasvirlangan. Bunday tasvirlar Turon, Sahroi
Kabir, Markaziy Osiyo, G‘arbiy Yevropada ko‘plab uchraydi;
- qoya toshlarga o‘yib chizish, ishqalash usuli bilan ishlangan tasvirlarda
hayvon, buyum, qurollar va ibtidoiy kishilarning kundalik mehnati bilan bog‘liq
manzaralar o‘rin olgan. Qoyatosh tasvirlari asosan yer yuzidagi tog‘li joylarda ancha
keng tarqalgan va ular Osiyo, Afrika va Yevropada ko‘plab uchraydi;
- arxaik san’at turlaridan yana biri haykaltaroshlik bo‘lib, u urug‘chilik
jamoasining rivojlangan davrida paydo bo‘lib, asosan ayollar, qisman erkaklar,
shuningdek, hayvonlar haykallari ishlangan. Bunday haykalchalar, suyak, tosh va
boshqa buyumlardan tayyorlangan. Haykal tasvirlarda ibtiodiy mehnat va e’tiqod
ramzlari namoyon bo‘ladi;
- ishlab chiqaruvchi xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq sopol buyumlarga
chizilgan rasmlarda oddiy chiziqlar, hayvon va o‘simlik tasvirlari uchraydi;
- ibtidoiy san’at turlaridan biri – niqoblar qadimgi odamlarning ovchilik
faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, niqob tutib hayvon qiyofasiga kirgan, hayvonlarni
qo‘rqitib o‘zlarini himoya qilgan. Niqoblardan marosim va udumlarda foydalangan;
- musiqa, qo‘shiq, o‘yin, ibtidoiy san’at turlari hisoblanib, ibtidoiy odamlar
urib, chertib, puflab chaladigan asboblarni kashf qilishgan. O‘q-yoyning ipi
dastlabki chertib chalinadigan musiqa asbobida qo‘llanilgan bo‘lsa kerak;
- xalq og‘zaki ijodiyoti – rivoyat va afsonalar ham ibtidoiy davr mahsuloti
bo‘lib, ibtidoiy odamning turmushi, o‘y-fikri va kayfiyatini ifodalagan diniy
tasavvurlarning shakllanishiga asos bo‘lgan.
Odamlarning tasviriy san’at sohasidagi faoliyatining dastlabki ko‘rinishlari
mustye davriga oid deb hisoblanadi. Biz bu yerda toshga, suyakka yoki shoxga o‘yib
yoki kesib ishlangan qora yoki qizil buyoq bilan tasvirlangan rasmlar, kontur
suratlarni ko‘ramiz. Bunday suratlar Fransiyada La Ferrasi manzilgohida tosh taxta
ustiga bir necha juft-juft qilib joylangan kosasimon chuqurchalar topilgan. Jruchula
g‘orida (Gruziya) burama kertikli suyak boshqa manzilgohlarda miner buyoq (oxra)
bo‘laklari va yo‘l-yo‘l chiziq tushirilgan tosh parchasi topilgan.
Chinakam san’at yodgorliklari so‘nggi paleolitda paydo bo‘lgan, shu bilan
birga tasviriy san’at madlen davrida ravnaq topgan. Keyingi paleolit tasviriy san’ati
asosan g‘or rassomlik san’ati va haykaltaroshligi shaklida rivojlangan. Havaskorlar
ko‘p hollarda ayollarni tasvirlab, ularga xos belgilarni juda bo‘rttirib ko‘rsatishgan.
Bu holatlardan ona urug‘i hukmronligi mavjudligini anglash mumkin. Hayvonlar
g‘orlarning devorlariga, ko‘p hollarda, tabiiy kattalikda mineral buyoq (qora, oq,
sariq) bilan, suyakka o‘yma naqsh bilan va onda-sonda haykalchalar shaklida
tasvirlangan. G’or rassomlik san’ati yodgorliklari dastlab G‘arbiy Yevropada
Ispaniyada (Altamir g‘ori), Fransiya (Uch og‘ayni, Fon, Lasko g‘orlari), Uralda
(Kapovo g‘ori) topildi. Haykalchalar Pireneydan to Baykalgacha bo‘lgan yerlarda,
masalan, Fransiyada (Brassempun sun’iy g‘ori), Avstriyada (Villendorf
manzilgohi), Italiyada (Grimaldi g‘ori), Voronej yonida (Kostenki). Kostenkidan 50
ta haykalcha topilgan.
Tasviriy rasmlarda sehrgarlik marosimlari aks ettirilgan.
Neolit davriga kelib ilgarigi san’at shakllari bilan birga yangi, dekorativ-
manzarali tasvir yo‘nalishi rivojlangan (Onega ko‘li yonida, oq dengizda).
Haykaltaroshlik bilan birga relyefli tasvirlar manzarali ishlangan. Odamlar
keramikani, qurol-yaroqni naqshlar bilan bezashgan, loydan haykalchalar yasay
boshlashgan.
Ibtidoiy san’atning boshqa keng tarqalgan sohasi – bu musiqa san’atidir.
Qo‘shiqlar va raqslar ibtidoiy san’atning muhim turi bo‘lgan. Qo‘shiq dastlab ritmga
solingan nutqdan iborat bo‘lgan. So‘zlab kuylash (rechitativ) qo‘shiqning birinchi
shaklidir, kuy keyinroq yuzaga kelgan.
Ibtidoiy davrda cholg‘u asboblar uncha rivojlanmagan. Biroq, ibtidoiy davrda
musiqa asboblarining barcha asosiy turlari: urib chalinadigan (treshchotka, baraban
– do‘mbiralar), puflab chalinadigan (teshikli suyaklar), sim kamonchali chertib
chalinadigan asboblar paydo bo‘lgan. O‘q-yoyning ipi dastlabki chertib
chalinadigan asbob bo‘lgan, degan faraz bor. Lekin o‘q-yoy kashf etilgunga qadar
yog‘ochga tortilgan pay yoki biror chiyratma ip shu maqsadda ishlatilgan bo‘lishi
mumkin.
Ibtidoiy raqslar, ko‘pincha taqlidiy raqs-o‘yinlarda mehnat faoliyati maromi
ifodalangan. Odatda ovga jo‘nash va harbiy yurish boshlash oldidan ijro etiladigan
ovchilikka oid va harbiy raqslarda din bilan bog‘lanish ko‘rinadi. Raqs mehnat
jarayonlari maromidan paydo bo‘lgan qo‘shiq musiqasi va asbobli musiqa bilan
bevosita boglangan. Ushbu ibtidoiy san’at ikki turining chambarchas bog‘langanligi
shu bilan isbotlanadiki, ko‘pincha qabilalar qo‘shiq bilan raqsni bir so‘z bilan
ifodalaydilar.
Bezaklar ham yuqori paleolitda paydo bo‘lib badanni bezashdan iborat –
tatuirovka (tatu – belgi), badanni bo‘yash, botoki (tayoqcha o‘tkazish – burun, labni
teshib) – bu ham estetik, ham diniy afsungarlik va totemizm, ham ijtimoiy mavqeini
aks ettirgan. Keltirilgan fikrlarga tayanib shuni alohida ta’kidlash mumkinki,
ibtidoiy madaniyatni rivojlanishi natijasida ibtidoiy odam ongining rivojlana
borganligi shubhasizdir.
Ibtidoiy kishilar tabiat kuchlarini necha-necha ming yillar davomida,
ko‘pdan-ko‘p avlodlar almashuvida, haddan tashqari ko‘p kuch sarf qilish natijasida
og‘ir mehnatda, ko‘p adashuv va xatoliklarni boshdan kechirib, hisobsiz qurbonlarni
berib, asta-sekin, lekin astoydil o‘rgandi, ularni bo‘ysundirdi va kishilikning
dastlabki madaniyatini yaratdi. Har bir yangi avlod moddiy va ma’naviy madaniyat
negizini har gal yangidan yaratmaydi, balki o‘tmish avlodlar tomonidan yaratilgan
mavjud madaniy boyliklarga tayanadi. Tarixiy vorislik kishilik jamiyati, jumladan,
madaniyat taraqqiyotining zaruriy shartidir. Madaniyat boyliklari jamiyat
taraqqiyotining muayyan bosqichida uning ehtiyojlari tufayli yuzaga kelib va
mazkur jamiyat hayotini aks ettirib, shu jamiyat bilan birga yo‘q bo‘lib ketmaydi,
balki o‘z davrini yashab, keyingi avlodlar uchun madaniy meros bo‘lib qoladi.
Biroq, har bir jamiyat, undagi ijtimoiy tabaqalar o‘tmish madaniy merosini qanday
bo‘lsa shundayligicha, ko‘r-ko‘rona qabul qilmaydi, balki o‘z dunyoqarashi nuqtai
nazaridan kelib chiqib, o‘z manfaatlariga mos keladigan tomonlarini o‘zlashtiradi.
Arxaik madaniyat o‘rniga qadimgi sivilizatsiyalashgan madaniyat keldi. Bunga
murakkab ijtimoiy-siyosiy tizimga ega bo‘lgan dastlabki davlatlarning, diniy va
qonunchilik shakllarining rivojlanishini, shaharlar va yozuvlar paydo bo‘lganini
ko‘rsatish mumkin. Biroq arxaik madaniyat izsiz yo‘qolmadi. Uning ayrim qirralari
jahon xalqlari miflarida, folklorida, inson ruhiyatining chuqur “arxetiplari”da
saqlangan.
Ular tomonidan yaratilgan qadimgi madaniyat qanchalik sodda bo‘lmasin, u
texnika, xo‘jalik, ijtimoiy asos va mafkuraning turli xil elementlarining o‘ziga xos
juda boy yig‘indisini tashkil etgan. Oddiydan asta-sekin yuqori va murakkab
shakllarga o‘ta borib, bu madaniyat muntazam ravishda o‘sib borgan. Bu ibtidoiy
madaniyat kishilik jamiyatining yanada rivojlanib borishining zaruriy sharti bo‘lib,
o‘zining oliy shaklida navbatdagi o‘sishning asosi bo‘lib xizmat qilgan. Ibtidoiy
kishilar erishgan yutuqlarning ko‘pchiligi hozirgi zamon madaniyati xazinasida o‘z
ahamiyatini saqlab keladi.
2.2. Qadimgi Ikki daryo oralig‘i (Messopotamiya madaniyati)
Insoniyat tarixida ilk sivilizatsiyalar paydo bo‘lganiga 6 ming yildan oshdi.
Shunday sivilizatsiyalarning eng qadimgilari Misr va ikki daryo oralig‘i
Messopotamiyada vujudga kelgan. Avvalo, bular ibtidoiy jamoa tuzumida
yaratilgan moddiy va ma’naviy madaniyat yutuqlarini o‘zida aks ettirgan tarzda
taraqqiyotning davomi bo‘lgan. Ikkinchi tomondan, bu yerlarda iqlimi qulay, yeri
unumdor bo‘lganligidan sug‘orma dehqonchilik tez rivojlanib borgan.
Qadimgi zamonda grek-rimliklar dunyosidan sharqda va janubi-sharqda
joylashgan mamlakatlarning barchasini qadimgi Sharq deb ataymiz. Bunga Ikki
daryo oralig‘i, Misr, Hindiston, Xitoy mamlakatlari kiradi. Bu davlatlar yirik
daryolar vodiylarida sinfiy munosabatlar rivojlanish natijasida paydo bo‘lgan.
Ikki daryo oralig‘i madaniyatini yaratishda undagi bir qancha xalqlarning
ijodiy faoliyati katta rol o‘ynagan, ular adabiyot, fan, qurilish ishi va san’at
sohalaridagi yutuqlari bilan o‘zaro bir-birlarini boyita borganlar. Bu madaniyatni
yaratishda shumerliklar, akkadlar (semit xalqlari), assurlar (shimolda), amoriylar
katta hissa qo‘shganlar.
Messopotamiyadagi katta yutuqlardan biri bu yozuvning ixtiro qilinishi edi.
Ilk yozuv mil. avv. IV mingyillikda Janubiy Messopotamiyada kashf qilingan. Bu
yerga ko‘chib kelgan shumerlar ham ushbu yozuvni qabul qilganlar. Eng qadimgi
yozuv, hamma joyda bo‘lgani kabi, surat-yozuv bo‘lib, so‘z suratli rasm orqali ifoda
etilgan. Bu fanda iyeroglif deb nomlangan. Masalan, qush so‘zi qushning tasviri
bilan, suv so‘zi uch qator to‘lqinsimon chiziq bilan ifoda etilgan. Shu bilan birga
ayni bir xil surat ko‘pincha bir qancha ma’nolarga ega bo‘lgan. Masalan, ko‘z rasmi
faqat shu organni emas, balki hosila tushunchasini ham bildirgan – «yuz», «old»,
«ilgarigi». Ikki daryo oralig‘ida papirus bo‘lmaganligidan sopol taxtachalarga
yozishga to‘g‘ri kelgan. Yozib to‘ldirilgan taxtacha qattiq bo‘lishi uchun uni
quyoshda quritganlar yoki olovda kuydirganlar. Lekin sopolga rasm solish qiyin edi.
Ammo suratli yozuv bilan hamma so‘zlarni ham ifoda qilib bo‘lmagan. Uning
cheklanganligi sababli bu yozuv takomillashtirib borilib, mixxat yozuvi kashf
qilingan. Unga uchi o‘tkir ponacha bilan bosib, iz qoldirganlar. Har bir belgi bir
nechta ponachalardan iborat edi. Bu belgi yo butun so‘zni, yoki ayrim bir bo‘g‘inni
ifodalar edi. Bunday belgilardan mingtaga yaqin ishlab chiqilgan. Bu yozuv mixxat
deb ataladi (mixlarni eslatgan). Harflar qotmagan loy lavhalar sathiga o‘yib
tushirilgan. Harflar 600 ga yaqin belgidan iborat bo‘lgan.
Bunday ko‘p ma’nolilik g‘oyat katta qiyinchiliklarni tug‘dirgan. Matnni
o‘qish ba’zi vaqtda bamisoli tilsimlarni – rebusni rostakam yechishga aylanib
ketgan, shu sababdan faqat tajribali va uquvli odam ko‘p yillik o‘rganishdan keyin
xatosiz o‘qiy va yoza olgan. Shuning uchun faqat mansabli kishilarning – qohinlar,
boshqaruvchilar, amaldorlar va boshqalarning bolalari o‘qishgan. Maktablar
ibodatxona va saroylar qoshida bo‘lgan. O‘qish uchun haq to‘lanar edi.
Janubiy Osiyo oralig‘ida paydo bo‘lgan bu yozuv Old Osiyo xalqlari orasida
keng tarqalgan. Messopotamiya mirzolari adabiy, tarixiy asarlarni sopol, teri, loy
lavhalarga yozib, o‘ziga xos kitoblar yaratganlar va kutubxonalar tashkil qilganlar.
Bunday kutubxonalar Ur, Nippur, Nineviya, Bobil, Ashshur kabi shaharlarda tashkil
etilgan. Ularning ichida eng kattasi Ossuri podshosi Ashshurbanipalning
Nineviyadagi kutubxonasi bo‘lib, unda 30 mingdan ortiq xatli lavhalar saqlangan.
Janubiy Osiyo oralig‘ida paydo bo‘lgan mixxat yozuvi keyinchalik akkad,
elam, xett, urartu va boshqa tillarga moslashtirilgan.
Savdo-sotiq ishlarida yozuvning o‘rni katta bo‘lgan. Shuning uchun mixxat
yozuvi biroz soddalashtirilgan. Masalan, finikiyaliklar (O‘rta dengizning sharqiy
sohillarida yashashgan elatlar) 22 harfdan iborat yozuvni ishlab chiqqanlar. Harflar
buyumlarning tasvirini eslatgan.
Yuz minglarcha mixxat yozuvlari, asosan sopol taxtalarga yozilgan. Qisman
sopol taxtalarga va metall buyumlarga o‘yib yozilgan matnlar bizning
zamonimizgacha yetib kelgan.
Podsho Xammurapi hukmronlik qilgan yillarda yirik davlat tuzilib, bu davlat
o‘zi tuzgan qonunlar asosida boshqarilgan. Xammurapi to‘plami mixxat yozuvida
bazalt tosh ustuni sathiga bitilgan. Qonunlar to‘plami 282 moddadan iborat bo‘lib,
u kirish, qonunlar va xulosadan iborat. Kirish qismida qonunlarni chiqarishdan
asosiy maqsad mamlakatda adolat o‘rnatishdan iborat, deb ko‘rsatilgan. Unda
podsho ulug‘lanib, ko‘klarga ko‘tarilgan. Qonunlarda xususiy mulk himoya
qilingan. Jumladan, agar kimki ibodatxonaning yoki podshoning mulkini o‘g‘irlasa,
u o‘ldirilishi, o‘g‘irlik molni olgan kishi ham o‘ldirilishi lozim bo‘lgan. Xammurapi
qonunlari o‘z davrining muhim tarixiy, yuridik hujjati hisoblanadi. Balandligi 2 m
bazalt ustunida Xammurapining tik turgan holda kursida o‘tirgan quyosh va adolat
xudosi Xamashning qo‘lidan hokimiyat belgisi – tayoqni olayotgan holati
tasvirlangan. Bu jihatdan u tasviriy monumental asar hamdir.
Boshqa qadimgi mamlakatlarda bo‘lgani singari, yozuvlardan diniy-
mifologik tafakkurning ta’siri haqida ma’lumotlarga ega bo‘lamiz.
Ibtidoiy jamoa zamonlaridan boshlab har bir urug‘, qabila bir hayvon, qush,
baliq, hashorat bilan bog‘langan. Eng qadimgi podsholarning Qo‘zichoq, Chayon va
shu kabi o‘ziga xos nomlarda yurganliklari bejiz emasdir. Quldorlik davrida
xudolarning ko‘pchiligi antropomorfik (odamsimon) qiyofada tasavvur qilingan.
Dastlab, matriarxat davrida, xudolar asosan ayol qiyofasida bo‘lgan – suv ofati
ma’buda Tiamat (shumer – Nammu)ni keltirish mumkin. Keyinchalik xudolar
erkaklar qiyofasida ham tasvirlangan.
Ikki daryo oralig‘ida qadrlangan xudolar soni juda ko‘p bo‘lgan. Har bir
shahar, har bir mahalla, har bir qishloq o‘zining ilohiy homiysiga ega bo‘lgan. Ayrim
xudolar butun mamlakatda izzat-hurmatga loyiq ko‘rilgan. Masalan, Osmon xudosi
– An (akkadcha – Anu); yer ma’budasi – Ki, ularning bolasi havo xudosi – Enlil ;
Oy xudosi – Nannar (akkadcha - Sin), uning o‘g‘li – Quyosh – Utu xudosi (akkadcha
– Shamash) va qizi ma’buda Ianna (akkadcha – Ishtar) – Venera planetasining
ma’budasi – hosildorlik va muhabbat ma’budasi ulug‘langan.
Shumerliklar va akkadliklar tabiat bilan kurashda erishilgan barcha
yutuqlarni, o‘simliklarni o‘stirish, hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish, hunarning paydo
bo‘lishi va shu kabi juda katta xo‘jalik o‘zgarishlarini osmonning irodasiga
bog‘laganlar, odamlarni esa osmonning oldindan belgilab qo‘yilgan buyruqlarini
ko‘r-ko‘rona ijro etuvchilari deb hisoblaganlar.
Tabiiy ofatlarni odamlarning itoatsizligi uchun xudolar tomonidan yuborilgan
jazo deb tushuntirilgan, shuning uchun odamlar yuvosh, mo‘min bo‘lishi kerak deb
hisoblangan.
Xudolar sharafiga ko‘plab qurbonliklar (ayniqsa, bayram kunlarida) berilgan.
Dindorlarning qurbonliklari ibodatxona hovlisi ichidagi qurbonlik beriladigan joyga
qo‘yilgan, undan keyin qurbonlik go‘sht, nonlar va boshqa mahsulotlarning bir
qismini kohinlar va qavmlar yeganlar. Miloddan avvalgi III ming yillikda endi
odamlarni qurbon qilinadigan bo‘lgan. Duolar o‘qilganda musiqa chalingan.
Xudolar haqida juda ko‘p afsonalar yaratilgan. Lekin shu bilan birga epik asarlar
ham yaratilgan, ularda qahramonlarning ishlari va botirliklari ko‘rsatilgan.
Ikkidaryo oralig‘ining buyuk qahramoni – Gilgamesh bo‘lgan. Unga bag‘ishlab
akkadliklar 12 qismdan iborat yaxlit doston yaratganlar. Dostonlarning ikkinchi
qahramoni – Etana edi.
Dostonlarning asosiy g‘oyasi hatto eng buyuk qahramon ham abadiy hayotga
erisha olmaydi degan fikrni targ‘ib qilgan, shuning uchun xudolarga itoat qilish
kerak deyilgan. Qadimiy ikki daryo oralig‘ining – lirik asarlari, dialog shaklida
yozilgan asarlari hayotning mazmuni haqida (”Xo‘jayinining qul bilan suhbati”) va
ko‘plab masallar (hayvonlar hayotiga doir hikoyalar – burgut bilan ilon, qo‘rqoq va
maqtanchoq tulki va h.k) zamonamizgacha etib kelgan.
Qadimgi Bobilda matematika, geometriya, astronomiya, tibbiyot, tarix va
boshqa fanlarga qiziqish erta boshlangan. Yerlarni o‘lchash, masofani aniqlash,
hosilni hisoblash va savdo-sotiq ishlarini yuritish uchun matematika va geometriya
kerak bo‘lgan. Bobilliklar son va sanashni bilganlar. 100 va 1000 liklar alohida belgi
bilan ifoda etilgan, hatto doiraning 360 darajada ekanligini aniqlaganlar.
Matematika va astronomiya sohasida ancha katta muvaffaqiyatlarga
erishilgan. Binolar qurilishi va sug‘orish inshootlarida arifmetika va geometriyani
bilish talab etilgan. Olti o‘nlik (oltmishlik) tizimi (6-omadli raqam hisoblangan)
sehrli tasavvurlarning qoldig‘i bo‘lgan.
Bir kecha-kunduzni 24 soatga, soatni 60 minutga, doirani 360 darajaga bo‘lish
va boshqalar ana shu bilimlardan kelib chiqqan. Yana algebra (kvadrat tenglamalar
yechilgan) va geometriya kurtaklarini (aylana, doira yuzi hajmini hisoblash)
ko‘rsatib o‘tish lozim.
Ikki daryo oralig‘ida quyosh-oy kalendari ishlab chiqilgan va butun Old
Osiyoga tarqalgan. Osmon jismlari harakatini kuzatish bilan astronom kohinlar
shug‘ullangan. Qadimgi Messopotamiya astronomlari Quyosh va oy tutilishini,
oyning yerga eng yaqin kelish vaqtini oldindan bilganlar. Ular quyosh yili 365, oy
yili 354 kunligini aniqlab, shu asosda astronomiya taqvimini tuzganlar.
Messopotamiyada qadimdan boshlab maktablar vujudga kelgan bo‘lib, ularda
o‘ziga to‘q kishilarning farzandlari ta’lim olgan. Maktablarning quyi sinflarida
adabiyot, til, grammatika fanlari o‘qitilgan. Yuqori sinflarida esa astronomiya,
matematika, geometriya, tibbiyot va veterinariya hamda diniy darslar o‘tilgan.
Maktablar davlatni boshqarish uchun xodimlar tayyorlagan.
Tabobatda ham yutuqlar bo‘lgan – Bobil hakimlari Xammurapi zamonidayoq
(mil. avv. XVIII asr) murakkab ko‘z operatsiyalari qilishga, ko‘z gavharining xira
tortishini (kataraktani) bronza pichoq bilan olib tashlashga jur’at etganlar.
Moddiy madaniyat sohasida Shumerda arxitektura qurilishi sohasi muhim
o‘rin tutgan. Arxitektura shakllari sharq despotiyasiga xos bo‘lgan soddalik,
hashamatlilik va geometrikligi bilan xarakterlanadi. Inshootlar asosan g‘ishtdan
qurilgan, tosh va yog‘och kam ishlatilgan. Bu yerda xom g‘isht kashf qilingan bo‘lib,
ulardan ibodatxonalar qurilgan. Ibodatxonalar besh yoki yetti qavat balandlikda,
ko‘p zinapoyali minorali (zikkurat) qilib qurilgan (yerni osmon bilan, yerdagi
hokimlarni osmon hokimlari bilan bog‘laydigan zinapoya). Keyinchalik ular
rasadxona (observatoriya) bo‘lib xizmat qilgan. Ularning ichida taniqlisi Ur
shahridagi «Xram-tog‘i» (mil. avv. XXII-XXI asrlar) edi.
Podshoh Navuxodonosor davrida dunyoning yetti mo‘jizasidan biri
«Semiramidaning osma bog‘lari» qurilgan bo‘lib, uni sevgi ramzi, deb ham atashadi.
Shu davrga mansub «Bobil minorasi» (balandligi 90 m) – zikkurati o‘z davrining
eng ulkan arxitektura inshooti bo‘lgan. Bu minorani Gerodot ko‘rib hayron qolgan.
Minora to‘g‘risida Bibliyada ham eslatib o‘tiladi.
Arxitektura obidalari ichida eng kattalari Dur-Sharrukinda qurilgan podsho
Sargon II ning saroy majmui va Nineviyadagi Ashshurbanipalning saroyidir.
Mazkur saroy devorlarida hayvonlar haykallari tasviri tushirilgan. Saroy devorlarida
podsho hayotidan lavhalar va tabiat ko‘rinishlarini aks ettirish keng tarqalgan.
Masalan, podsho Ashshurbanipalning Nineviyadagi saroyining devorlarida «Katta
sherlar ovi» tasvirida yaralangan, o‘layotgan va o‘lgan sherlarning holatlari ustalik
bilan tasvirlangan.
Haykaltaroshlik va rassomlik san’ati rivojlangan. Haykaltaroshlik sohasida
kichik hajmdagi haykalchalar ibodatxonalar uchun ishlangan. Misol uchun
Lagashdagi ayol haykalchasida (bo‘yi 26 sm.) etnik qiyofa belgilari ham yaxshi
tasvirlangan. Bu davrga taalluqli misdan yasalgan Sargonning boshi tasvirlangan
haykalchada podshoning botirligi, kuchli irodasi va qahrli xarakteri ifodalangan.
Ommaviy ko‘rinishlarda surat-shakllar (figuralar) qatorlar bo‘yicha
joylashtirilgan: xudolar va podsholar kattalashtirib ishlagan bu bilan ularning oddiy
odamlardan ustunligi ko‘rsatilgan.
Stel Noramsinning ajoyib haykalida odatdagicha, figuralarni qatorlar
bo‘yicha gorizontal joylashtirish bilan birga, yagona kompazitsiya yaratishga
harakat qilinadi. Tog‘ landshafti fonida qoyalarning chiziqli joylari bo‘ylab bir
maromda qadam tashlab chiqayotgan askarlar tasvirlangan. Yuqorida podshoning
o‘zi nayzani siltab, dushman jangchisini yengmoqda, boshqa jangchi esa qochib
ketmoqda. Bu jang manzarasi kishida kuchli taassurot qoldiradi.
Xulosa qilib aytganda, bu o‘lkada tabiiy iqlimning qulayligi, yerosti
boyliklarining mavjudligi, geostrategik joylashuvning mosligi – bular boshqa
o‘lkalarga nisbatan ertaroq sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik,
hunarmandchilik va savdoning vujudga kelishiga hamda rivojlanishiga sabab
bo‘lgan. Moddiy madaniyatning rivojlanishi esa ma’naviy madaniyat rivojlanishiga
olib keldi. Natijada Messopotamiya ilk sivilizatsiya beshiklaridan biriga aylandi va
uning madaniyati yaqin Sharq va Yevropa xalqlariga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Qadimgi Misr madaniyati
Afrikaning shimoliy-sharqiy qismidan dunyodagi eng katta daryolardan biri –
Nil daryosi oqib o‘tadi. Nil vodiysi va deltasi ostonalaridan tortib to O‘rta
dengizgacha bo‘lgan hududda Qadimgi Misr joylashgan. Misr iqlimining nihoyatda
quruqligi tufayli bu yerda hatto juda murt materiallardan ishlangan qadimiy
yodgorliklar ham g‘oyat yaxshi saqlangan.
Diniy an’analar Nil vodiysida ayniqsa, mustahkam va turg‘un bo‘lgan.
Qadimgi misrliklar tabiatni va odamlar hayotini xudolar boshqaradi, deb
ishonganlar. Ular xudolarni odatda odam qiyofasida, lekin ularning boshi
hayvonlarning boshi ko‘rinishida bo‘ladi deb tasavvur qilganlar. Bunday udum
misrliklarning ota-bobolari asosan ovchilik bilan shug‘ullangan zamonlardan
saqlanib qolgan edi.
Misr kohinlari xalq an’analarini qolipga solib, qaytadan ishlab xudolar
to‘g‘risida afsonaviy qissalar to‘qiganlar. Ko‘pincha quyosh xudosi Rani bosh xudo
hisoblangan (qarchig‘ay boshli). U nilufar gulidan chiqib kelib, butun mavjudotni
yaratgan (Ranining og‘zidan - xudolar, ko‘zidan - odamzod kelib chiqqan) Tot -
donishmandlik xudosi, yozuvni ixtiro qilgan deb hisoblangan.
Yovuz xudo – Set (sariq sochli, qizil ko‘zli, bo‘riboshli) – cho‘llar, garmsel
va sho‘r suvlar hokimi. U tabiat xudosi Osirisni o‘ldirgan. Lekin Osiris tirilib, narigi
dunyodagi podshohlikda shoh va hakam bo‘lib olgan. Uning o‘g‘li Gor esa – yerda.
Sher boshli quturgan urush ma’budasi vabo yuborgan.
Misr dinining yana bir o‘ziga xos xususiyati narigi dunyoga juda katta
ahamiyat berilganligidir. Shumer bilan Bobilda narigi dunyoni ko‘ngilsiz va
mudhish deb, o‘lganlarni baxtsiz banda deb tasavvur qilgan bo‘lsalar, bu haqda
misrliklardagi tasavvur boshqacha bo‘lgan. Masalan, bu dunyodagi uy-joy
musofirxona bo‘lib, uni mustahkam qilib qurishning hojati yo‘q, lekin «abadiy
yotoqjoy»ni, maqbarani oldindan tayyorlab qo‘yish kerak (piramida – maqbaralarda
fir’avnlar dafn etilar edi).
Qadimgi misrliklar agar o‘lgan kishining jasadi saqlanib qo‘yilsa, uning ruhi
vaqti-vaqti bilan jasadga qaytib keladi, deb o‘ylaganlar. Quritilgan jasadni
mo‘miyolashning qimmat va arzon usullari bo‘lgan. Fir’avn va katta
mansabdorlarning mo‘miyolangan jasadlari yaxshi saqlangan. Jasadni mo‘miyolash
tartibiga ko‘ra jasadning ichidan ichak-chavoqlari olinib alohida idishlarda
(kanoplarda) saqlangan, ichak-chavoqdan tozalangan gavda 70 kuncha namakobda
turgan, keyin xushbo‘y qatron (smola) quyulib oq matoga qo‘yganlar.
Misr kohinlarining ta’limotiga ko‘ra oxiratning huzur-halovatiga erishmoq
uchun ko‘pgina sehrli duolarni bilish kerak bo‘lgan.
Nihoyat yangi podsholik davriga kelib (mil. avv. XVI asr) «Murdalar kitobi»
paydo bo‘lgan, unda oxiratda bo‘ladigan sarguzashtlar va oxirat sudi – mahshar
bayon qilingan. Uning 125 bobida o‘zini oqlash nutqining to‘la matni bor. O‘likning
ruhi bunday deyishi kerak: «Men biron kishini o‘ldirmadim, talamadim, buzuqlik
yo‘lidan yurmadim, go‘dakning og‘zidan sutini tortib olmadim, birovning yerida
oqib turgan suvini to‘sib o‘z dalamga qo‘ymadim» va h.k.zo. Chunki o‘lgan
kishilarning ruhini Osiris degan xudo sud qilar edi. U xudolar irodasini
buzuvchilarga juda shafqatsiz bo‘lib, ularning ruhini dahshatli maxluqlar yer ekan.
«Xudolar itoatgo‘y kishilarni yoqtiradi, itoatsiz kishilarni qahr-g‘azabiga oladi»
degan nasihatda, din fir’avnga so‘zsiz itoat qilish talab etilgan. Kimki fir’avnning
buyruqlarini bajarmasa, xudoning amri bilan qurg‘oqchilik bo‘ladi, vabo tarqaladi,
dushmanlar bosib keladi, deb qo‘rqitilgan. Fir’avnlarni «xudoning o‘g‘li», «quyosh
farzandi», «buyuk xudo» deb atashardi. Faqat oddiy kishilargina emas, balki ayonlar
ham fir’avn qarshisida yerga tiz cho‘kib uning oyoq izini o‘pganlar. Bu bilan
fir’avnlar ilohiylashtirilgan. Qadimgi Misr madaniyati din bilan chambarchas
bog‘liq edi.
Qadimgi misrliklar dastlab o‘zlari aytmoqchi bo‘lgan narsalarini oddiygina
rasmlar chizib aks ettirishgan. Belgi yozuvlar iyerogliflar deb ataladi. Misr yozuvida
750 ga yaqin iyerogliflar ishlatilar edi. Odatda, iyerogliflarni toshga va yog‘ochga
o‘yib, papirusga yozishgan.
Olimlar bizning davrimizgacha yetib kelgan papiruslarni o‘qib chiqib
(Fransuz olimi - Shampolon grek va misr yozuvlarini taqqoslab iyerogliflarning
ma’nosini ochgan), qadimgi Misrda ko‘pdan-ko‘p xilma-xil adabiy asarlar
bo‘lganligini aniqlaganlar. Afsonalar – xudolar haqidagi rivoyatlar (Osiris
to‘g‘risida rivoyatlar ayniqsa, ko‘p), ertaklar, sayohatlar va sarguzashtlar
to‘g‘risidagi hikoyalar (Sinuxet haqida qissa mashhur bo‘lgan, «Gapga chechan
qishloqi qissasi», «To‘g‘ri bilan egri haqida ertak») va boshqalar ko‘plab yaratilgan.
O‘sha davrda «Ikki og‘a-ini haqida», «Izida va Osiris haqida» ertaklar, «Sor va Set
janjali» nomli afsonalar juda mashhur bo‘lgan. Qo‘shiq, nasihatlar, («Boshlig‘ing
oldida
qaddingni
buk»)
maqollar,
she’rlar
(muhabbat,
podsholarning
qahramonliklari to‘g‘risida) saqlanib qolgan.
Badiiy adabiyotdan tashqari bizga ilmiy mazmundagi asarlar ham etib kelgan.
Misrda, ayniqsa matematika ravnaq topgan. Chiziq doim bir raqamini
bildirgan, yarim doira – 10 raqamini; o‘ralgan arqon – yuz 100 raqamini; nilufar guli
– 1000 raqamini, qush –100000 raqamini va h.k. Ular hisoblashni o‘nliklar bo‘yicha
olib borishardi. Millionni ifodalash uchun qo‘llarini baland ko‘targan odam rasmini
chizishgan.
Misrda astronomiya ham katta muvaffaqqiyatlarga erishgan. Misrliklar
toshqin boshlanish oldidan osmondagi yulduzlar har yili bir xil joyga kelib qolishini
payqaganlar. Hatto yulduzli osmon xaritasini ham tuzib chiqqanlar. Misrliklar
o‘zlarining astronomiyaga doir bilimlari asosida kalendar tuzishgan (quyosh
kalendari). Yil 12 oyga bo‘lingan, bir yilda 365 kun bo‘lgan, kunni 12 soatga, tunni
ham shuncha vaqtga bo‘lganlar. Har oy 30 kundan iborat bo‘lib, 3 ta o‘n kunlikka
bo‘lingan, ortib qolgan besh kun bayram hisoblanib, hech qaysi oyga kiritilmagan.
Misrliklar quyosh va suv soatlarini ixtiro qilganlar.
Misrliklarni tabobat sohasida ham bilimlari keng bo‘lgan. Ular ko‘pgina
o‘simliklarning shifobaxsh xususiyatlarini bilishgan, odamning kasalligini tomir
urushidan eshitib ko‘rishgan, jarrohlikda ko‘z tabiblari, ayniqsa mashhur bo‘lgan.
Ular jarrohlik qilishda bronzadan ishlangan asboblardan foydalanganlar. Mil. avv.
3600-yilda Memfisda afsonaviy tabib Imxoteb sharafiga maxsus ibodatxona qurilib,
u yerda bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Geliopolis va Sais shaharlarida
tabiblar tayyorlaydigan maxsus maktablar bo‘lgan. Tibbiyotga bag‘ishlangan asarlar
yaratilgan. Tabiblar mo‘miyolash jarayonida inson a’zolarining ichki tuzilishini
yaxshi bilganlar. Ular bemorlarni davolashda terapiya, jarrohlik, ruhiy ta’sir etish
usullarini qo‘llashgan. Misrda Georg, Zbers, Zdvin, Smit, Brugsha, Zrazistrat,
Xerofil kabi mashhur hakimlar shuhrat topgan.
Qadimgi misrliklar geografiya fani sohasida ham dastlabki ma’lumotlarga ega
bo‘lganlar. Qadimgi Misr geograflari o‘z o‘lkalari va Arabiston yarim orolining
xaritasini chizganlar. Ularning Arabiston cho‘llaridagi oltin konlari joylashgan
hudud tasvirlangan xaritasi hozirgacha saqlanib qolgan.
San’at asarlarida qadimgi misrliklar o‘z turmushlarini tasvirlabgina qolmay,
o‘z e’tiqodlari va qarashlarini ham ifodalagan.
Qadimgi Misr podsholigi davrida yetakchi madaniyat yo‘nalishi – bu
arxitektura bo‘lib, u boshqa madaniyat turlari bilan uyg‘unlikda rivojlandi. Birinchi
piramida arxitektor Imxoteb loyihasi asosida Fiza va Joserga atab Sakkarada (mil.
avv. III mingyillikda) qurilgan bo‘lib, uning bo‘yi 60 metr bo‘lib, pillapoya shaklida
qurilgan. Imxoteb birinchi arxitektor bo‘libgina qolmay, ayni paytda olim, yozuvchi,
tabib ham edi. Vafotidan keyin unga atab ibodatxona qurilgan. Ikkinchisi Dashurda
qurilgan Snofru piramidasi to‘rt burchakli shaklda bo‘lib, uning bo‘yi 100 metr edi.
Gizadagi fir’avn Xufu maqbara-piramidasi o‘zining ulug‘vorligi bilan ajralib turadi
va eng katta piramida hisoblanadi. Mil. avv. XXVII asr boshlaridagi Misr fir’avni
Xufu (yunoncha Xeops) maqbarasining bo‘yi 150 metr (hozirgi holati 146 metr,
asosi 233 m), aylanasiga 1 km bo‘lib, uning qurilishiga og‘irligi 2-2,5 tonnalik 2
mln. 300 mingta tarashlangan xarsang tosh ishlatilgan. Piramida 30 yil ichida
qurilgan. Xufu piramidasi olamning yetti mo‘jizasining biri hisoblanadi. Gizaga
yaqin tog‘ cho‘qqisini o‘yib tanasi sherning, boshi odamnikiga o‘xshash bo‘lgan
afsonaviy mahluq haykali, (balandligi 57 metr) yasalgan. U o‘zining betakrorligi
bilan ajralib turadi. Hammasi bo‘lib 80 ga yaqin piramidalar qurilgan. Piramidalar
Qadimgi Misrning o‘ziga xos ramziga aylangan.
Piramidalar qurilishi qadimgi Misr uchun juda qimmatga tushgan va Misr
iqtisodini izdan chiqara boshlagan. Shu sababli fir’avnlar mil. avv. XVII asrdan
e’tiboran piramidalar qurishdan voz kechganlar.
Qadimgi Misrning saroylari, qasrlari, uy-joylari kam saqlangan (odatda ular
pishiq materiallardan qurilmagan). Ammo piramida va mastablar (amaldorlar
maqbaralari) hamda qoyalardagi maqbaralar yaxshi saqlangan. («Abadiyat uylari»)
mil. avv. II ming yillikda qoyatoshlarni chopib, bir necha xonalardan iborat
maqbaralar qurganlar (qoyatoshning ichkarisiga 100 metrgacha kirib borgan).
Maqbaraga uning egasini toshdan o‘yib yoki yog‘ochdan qirqib ishlangan
haykalchalari qo‘yilgan (ularning tasavvurida ruh haykalchaga ham joylashar ekan).
Biroq barcha haykalchalarning yuz qiyofalari har xil bo‘lgan, misrlik
haykaltaroshlar insonning yuz qiyofasini tasvirlashda katta mahoratga erishganlar.
Bular jumlasiga fir’avn Narmer (bo‘yi – 64 sm), «Qishloq oqsoqoli», «Mirzo Kan»,
«Shahzoda Raxotep va uning rafiqasi Nofret» kabi toshdan yasalgan haykalchalarni
kiritish mumkin. Haykallarning hayotiyligini oshirish uchun ularni buyoqlar bilan
bo‘yaganlar, billur va rangli toshlardan ko‘zlar ham yasaganlar. Narigi dunyoda
quldorlar bo‘lib qolishi uchun maqbaralarga oshpazlar, qullar, xizmatkorlar,
nazoratchilarning ham yog‘och va sopoldan ishlangan haykalchalari ham qo‘yilgan,
biroq ular bir-biriga o‘xshar edi.
Maqbaralar devorlarida xo‘jalik hayotini aks ettiruvchi rasmlar chizilgan edi.
Jumladan, dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlar, sozandalar, raqqosalar,
hayvonlar, parrandalar tasvirlangan. Bu tasvirlar ibodatxonalarga ham chizilgan.
Eng muhtasham ibodatxonalar yangi podsholik davrida qurila boshlangan. Luksar
va Karnok ibodatxonalari Fivadagi ajoyib inshootlardir. Ibodatxonalar xudolar va
fir’avnlarning qudratiga ishonch tug‘dirar edi.
Ibodatxonalarga kiraverishda mustahkam minor (pilon)lar tiklangan, u
minorlar ro‘parasiga sfinkslar (odam boshli arslonlar) alleyasi solingan. Minoralar
o‘rtasidagi tor yo‘lakdan ibodatxona hovlisiga kirilardi. Hovlining oxirida qorong‘i
va g‘oyat katta zal bo‘lgan (shipda oltindan tasvirlangan yulduzlar, undan keyin
ibodat qilinadigan xona bo‘lgan, unga faqat bosh qohinlar va fir’avn kira olgan).
Ibodatxonalarning devorlari rangdor suratlar va iyeroglif yozuvlar bilan bezatilgan.
Tekislik yuzasiga solingan rasmlarda ko‘pincha kishining yuzini yon
tomondan, ko‘zini, to‘g‘riga qaratib, ikki yelkasini to‘la ko‘rsatib, qornining to‘rtdan
uch qismini, oyoqlarini yana yon tomondan va albatta bosh barmoqlarini oldinga
chiqarib chizganlar.
Ammo hayvonlar va qushlarning suratlarini nihoyat darajada aniq, o‘xshatib
chizganlar. Fir’avn va mansabdorlarni ulug‘vor, vazmin, salobatli, biron bir
nuqsonini ko‘rsatmay chizilgan.
Amenxotep IV (Exnaton) podsholik qilgan zamonda san’at sohasidagi
an’analar biroz o‘zgargan: uning o‘zi, xotini va qizlari naturalistik tarzda, hatto
ulardagi nuqsonlar ham aniq qilib chizilgan. Tasviriy san’at va haykaltaroshlikda
fir’avnlarning turmush tarzini aks ettiruvchi asarlar yaratildi. Haykaltarosh Tutmos
tomonidan yaratilgan fir’avn Exnaton va uning rafiqasi Nefertiti asarlari o‘zining
betakrorligi, go‘zalligi bilan kishini hayratga soladi. 1922-yilda topilgan
Tutanxamon maqbarasidagi (yagona to‘la saqlanib qolgan) Misr madaniyatiga
taalluqli ko‘plab qimmatli yodgorliklar ichida fir’avnning mashhur oltindan
ishlangan niqobi ham bor.
Misrda musiqa va raqs san’ati juda taraqqiy etgan. Puflab chalinadigan
musiqa asboblari (nay), urib chalinadigan (sistra, qayroq), torli asboblar (arfa, ud va
boshqalar) bo‘lgan.
Misrda teatr san’ati ham yaxshi rivojlangan. Ibodatxonalarda diniy dramalar
(misteriya) qo‘yilgan. Xususan, dastlabki teatrlarda Osirisning o‘limi va qayta
tirilishi ko‘rinishlari ijro etilgan.
Misrda quldorlik tuzumining o‘rnatilishi, u yerda madaniyatning
rivojlanishiga
yordam
berdi.
Misrning
madaniyat
sohasida
erishgan
muvaffaqiyatlari tashqi dunyoga ta’sir ko‘rsatgan. Bu madaniyat jahon madaniyati
rivojiga katta hissa qo‘shdi. Shuning uchun ham, Yunon faylasufi Aflotun Misr
madaniyatini «Jami sivilizatsiyalarning onasi» deb bejiz aytmagan. Gerodot
misrliklarni geometriya ustozlari deb atagan. Sfinks obrazi Yevropa san’atida
klassik obraz bo‘lib qolgan. Misr obelisklarining haqiqiy nusxasi (haykallari) Rim
va Parijda qad ko‘tarib turibdi. Sankt Peterburgda Neva qirg‘og‘ida Misrdan
keltirilgan qizil granitdan yasalgan sfinkslar (mil. avv. XV asr) o‘rnatilgan.
Qadimgi Hindiston madaniyati
Osiyoning janubiy qismidagi Hindiston yarim orolida juda katta mamlakat -
qadimgi Hindiston joylashgan. Hindiston yarim oroli qadimdan tabiiy
rangbaranglikka, boy o‘simlik va hayvonot dunyosiga, qimmatbaho yerosti
boyliklariga ega bo‘lgan. Yarim orolda sersuv Hind va Gang kabi daryolar mavjud.
Mil. avv. V mingyillikning oxiri - IV mingyillikdan boshlab Hind daryosi
vodiysida sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik vujudga kelgan. IV
mingyillik o‘rtalariga kelib bu joyda o‘ziga xos eng qadimgi hind madaniyati
vujudga kelgan. Dehqonchilik, hunarmandchilik, chorvachilik, savdo-sotiqning
rivojlanishi natijasida qishloq va shaharlar, davlatlar paydo bo‘lgan. Bu davrning
katta shaharlari – Mohinjo-Daro va Xarappa shaharlaridir. Mohinjo-Daro hozirda
Pokiston hududida joylashgan bo‘lib, shaharning maydoni 270 gektardan iborat. Bu
yerdan arxeologlar ko‘chalar, pishiq va xom g‘ishtdan qurilgan turar-joylar,
45
saroylar, omborxonalar, ibodatxonalar va podsho qarorgohining qoldiqlarini
topishgan. Shaharda pishiq g‘ishtdan qurilgan suv tarmog‘i va kanalizatsiya ham
bo‘lgan. Badavlat kishilarning uylari, shuningdek, ibodatxonalar 2-3 qavatli qilib
pishiq g‘ishtdan 4,5 ming yil avval qurilgan. Xarappa shahridan esa arxeologlar 500
ga yaqin yodgorliklar topishgan. Shahar qurilishi Mohinjo-Daro bilan deyarli bir xil.
Shaharda me’morchilik, to‘qimachilik, kulolchilik, toshtaroshlik, zargarlik,
qurolsozlik ancha rivoj topgan. Xarappaliklar o‘zlarining iyeroglif yozuvlariga ham
ega bo‘lgan. Hindlar dunyoda birinchi bo‘lib paxtadan mato to‘qib, kiyimlar
tikkanlar, chunki shahardan kiyim tikish, qurolsozlik ustaxona qoldiqlari topilgan.
Xarappa suv yo‘li va quruqlik orqali shumerlar bilan savdo aloqalari olib borgan ilk
quldorlik davlati edi.
Hindlar o‘zlarining qadimiy yozuvlariga ega bo‘lganlar. Topilgan yozuv
namunalari 400 piktogramma (rasmli yozuv)dan va bo‘g‘inli belgilardan iborat.
Ularning tili hind-yevropa tillaridan biri sanskritning qadimgi shakliga mansub.
Miloddan avvalgi XV asrda ariylar shimoldan kelib kirganlar va bu yerning tub
aholisi dravidlarni janubga quvganlar. Hindiston aholisning tili asli dravid tilidir.
Hind tillari guruhiga kiruvchi tillarning to‘rtdan uch qismi ariylarning sanskrit tiliga
qarindoshdir.
Ularda astronomiya va matematika ham ancha rivoj topgan. Hindlar quyosh
va suv soatlaridan foydalanganlar, o‘zlarining taqvimlarini tuzganlar. Xalq og‘zaki
ijodining yuksak namunasi – Vedalar, gimnlar, qo‘shiqlar, afsunkor va diniy
duolardan iborat to‘plam tuzilgan. Vedalarda hayot va o‘lim masalalari bo‘yicha fikr
yuritiladi. Bu ta’limotga ko‘ra jon doimo bo‘ladi va u kishi vafotidan keyin boshqa
tanaga o‘tadi. Hindlarning Veda ta’limoti inson mutlaq jon bilan qo‘shilishi, o‘z
jonini boshqara olmasligi, bu juda qiyin bo‘lishiga qaramay uning mumkinligi
to‘g‘risida fikr-mushohada yuritiladi. Ana shu g’oya asosida yoga ta’limoti kelib
chiqgan.
Vedalarda qadimgi Hindiston aholisining Varnalarga (kastalarga) bo‘linishi
haqida ham ma’lumot bor. Veda ta’limoti asosida qadimgi diniy e’tiqod,
Braxmanizm paydo bo‘lgan. Braxmanizm qadimgi diniy e’tiqodlardan biri bo‘lib,
mil. avv. IX-VIII asrlarda vujudga kelgan. Din hindlar o‘rtasida vujudga kelgan
tengsizlikni mustahkamlagan. Hind qohinlari go‘yo asosiy xudo Braxma tomonidan
joriy qilingan qoidalar to‘plamini tuzib chiqqanlar. Xudo Braxma olamni va odamni
yaratgan deb hisoblagan. Hind ruhoniylari braxmanlar deb atalganlar. Braxma
odamlarni toifalarga bo‘lgan, ularning mashg‘ulotlari, huquq va burchlarini belgilab
bergan. Har bir toifaning mavqei uning kelib chiqishi bilan belgilangan.
Braxmanlarning ta’kidlashicha, xudo odamlarni o‘z tanasining turli qismlaridan
yaratgan. Faqat braxman (qohin) xudo nomidan gapira olishi mumkin edi. Braxma
o‘z og‘zidan braxmanlarni yaratgan; qo‘llaridan kshatrilarni – jangchi (bosh jangchi
– podsho) rojalarni; sonlaridan vayshoqlar – dehqonlar, savdogarlar va
hunarmandlarni; loyga belangan oyoqlaridan – shudralar yoki xizmatkorlarni
yaratgan. Shulardan keyin esa eng past toifa – hazar qilinadiganlar yaralgan.
Shunday qilib, braxmanlar ta’limotiga ko‘ra, xudo odamlarni turli toifalarga –
kastalarga bo‘lgan, odam qaysi toifada tug‘ilgan bo‘lsa, umr bo‘yi o‘sha toifada
bo‘ladi, deb hisoblangan.Toifalarni aralashib ketishiga yo‘l qo‘yilmagan.
Braxmanizmda oliy uchta xudo bor – Braxma (4 qiyofada, 4 qo‘lli, oqqush
ustida o‘tirgan); Vishnu va Shiva. Braxmanlar o‘zlari bajaradigan murakkab
marosimlar va kundalik turmushning qoidalarini ishlab chiqganlar, bu qoidalarni
buzganlarni o‘limdan keyin qattiq jazo kutadi deb ishontirganlar. Marhumning ruhi
yangi tug‘ilgan go‘dakka o‘tadi, biroq agar odam tirik vaqtida qoidalarni bajarmagan
bo‘lsa, u holda ruh hazar qilinadigan odamning yoki hayvonning tanasida qayta
paydo bo‘larmish, qoidalarni bajarganlar esa – oliy toifa odamga qayta aylanarmish.
Lekin bu dinga qarshi yangi din buddizm paydo bo‘ladi. Bu din e’tiqodchilar
jamoasiga kiradigan kishining nasl-nasabi bilan mutlaqo qiziqmagan. Budda diniy-
falsafiy ta’limotiga mil. avv. VII-VI asrlarda yashagan shahzoda Sidxartxa Gautama
asos solgan deyiladi. Bu ta’limot unga berilgan Budda («ma’rifatparvar») laqabi
bilan atalgan. Budda so‘zi sanskritcha oliy bilimlarni egallagan, haqiqatga erishgan
ma’nosini beradi. U o‘zining oliy martabasidan kechib elma-el kezgani jo‘nagan,
so‘ngra va’zguy bo‘lib ketgan. Yangi din hamma odamlarni tenglashtirgan. Budda
– yaratuvchi emas, balki yo‘l ko‘rsatuvchi, lekin u yakka emas, buddalarning soni
mingdan ortiq bo‘lgan deyiladi. Hamma xudolar – yovuz va yaxshilarga bo‘lingan.
Buddizm markazida «4 olijanob haqiqat» haqidagi ta’limot: azob-o‘qubat,
uning sababi, azob-uqubatdan xalos bo‘lish holati va bu holatga erishish yo‘li yotadi.
Hayot, tug‘ilish, kasallik, muhabbat, o‘lim – bu azob-uqubat. Azob-uqubatdan xalos
bo‘lish uchun odam o‘z xohishlarini tiyishi lozim.
Azob-uqubatdan xalos bo‘lish yo’li (nirvana) shaxsning tashqi dunyo bilan
bog‘lanmaslik holati deb tushunilgan. Unga birdan erishilmaydi, buning uchun
yaxshilar jannatdan, yomonlar do‘zaxdan o‘tadilar. O‘zining azob-uqubatlariga har
bir odam o‘zi aybdor.
Buddizm ta’limoti asosida boshqa odamlarga nisbatan yaxshi insoniy
munosabatda bo‘lish, tirik mavjudodga nisbatan zo‘ravonlik ishlatmaslik, ayniqsa,
o‘ldirishni man etish g‘oyasi yotadi. Demak, inson axloqida gumanizm asosiy o‘rin
tutadi. Mil. avv. III asrda podsho Ashoka tomonidan Budda dinini qabul qilinishi
bilan u davlat diniga aylanadi. Buddizm dinining nodir bir tomoni – bu boshqa
dinlarga nisbatan murosa qilishidir. Eramizning I asrida Buddizm Markaziy Osiyo
orqali Xitoyga, Xitoydan Koreya, Yaponiya, Mo‘g‘uliston va Tibetga tarqaladi.
Sug‘orib dehqonchilik qilinadigan boshqa mamlakatlardagi kabi Hindistonda
ham astronomiya va matematika ravnaq topgan. Bu yerda o‘ziga xos quyosh
kalendari barpo qilingan: bir yil 360 kundan iborat bo‘lib, har besh yilda bir marta
kabisa oy qo‘shilgan. Milodiy V-VI asrlarda Hindistonda yerning sharsimon
ekanligini va yerning o‘ziga tortishish qonuni mavjudligini, o‘z o‘qi atrofida
aylanishini juda yaxshi bilganlar.
Hind vodiysida hisobning o‘nli tizimi tarkib topgan. Keyinchalik hindlar nolni
bildiradigan belgini ishlatganlar. Hozir arabcha raqamlar deb yuritiladigan raqamlar
aslida qadimgi hindlar tomonidan ixtiro qilingan bo‘lib, keyin bu raqamlar arablarga
o‘tgan (yevropaliklar bu raqamlarni arablardan bilib olganlar). Bu yangilikni
dunyoga ommalashtirgan siymo bu buyuk vatandoshimiz al-Xorazmiydir. Hozir
deyarli butun dunyo hindlar hisobidan foydalanmoqda.
Tabobat olamida hind tabiblari kasallikni aniqlash va uni davolashda katta
yutuqlarga erishganlar. Davolashda ishlatiladigan dori-darmonlar 1000 ga yaqin
bo‘lib, silash-uqalash, vanna qilish, jarrohlik usullaridan keng foydalanganlar.
Tabiblar kasalliklarni muayyan tizimga solishga uringanlar. Hind kimyogarlari
bo‘yoq va turli kimyoviy moddalarni kashf etganlar. Qadimgi hind kimyogarlari
sulfat, xlorid va azot kislotasini ishlatishni bilganlar.
Hindistonda juda ko‘p til va shevalar bo‘lishi filologiya sohasida tadqiqotlar
olib borilishini talab qilgan. Masalan, braxman olim Panini (mil. av. V-IV asrlar)
«tozalangan» tilning, ya’ni adabiy (sanskrit) tilning gramatikasini tuzgan. Qadimgi
hind adabiyoti haqida «Maxabxarata», «Ramayana» dostonlaridan tasavvurga ega
bo‘lishimiz mumkin. Qadimgi afsonalar to‘plangan, hindlar ularda insonning eng
yaxshi fazilatlari to‘g‘risida o‘z tasavvurlarini ifodalagan.
«Qo‘shinning to‘rt turi» deb atalgan hindlarning mashhur o‘yini – shaxmatda
hind armiyasining tarkibi va jangavor tuzilishi o‘z ifodasini topgan edi. (Taxta ustida
birinchi qatorda markazda shoh va uning maslahatchisi – farzin, ularning yonida
fillar, otliq askarlar, chetda aravachalar (ruhlar), ularning oldida ikkinchi qatorda esa
suyakdan yasalgan piyodalar saf tortib turadi).
Me’morchilikda ham katta yutuqlarga erishilgan. Hind ustalari g‘isht va
boshqa buyumlardan ajoyib imoratlar, saroylar qurganlar. Mil. avv. II – milodiy VII
asrlarda Bombey yaqinida tog‘ni o‘yib, 29 ta budda ibodatxonasi, ya’ni Ajanta
majmuasi bunyod etilgan. Bu majmua dunyo madaniyatida arxitektura,
haykaltaroshlik va tasviriy san’atning o‘ziga xos sintezi hisoblanadi. Mil. avv. 950
– milodiy 1050-yillar davomida Chandellas sulolasi davrida qurilgan Vxodjuraxo –
ertaksifat sevgi bayrami ibodatxonasi o‘zining ajabtovur ko‘rinishi jihatidan
qovunga o‘xshaydi. Hindlar o‘sha davrdayoq haykaltaroshlik sohasida o‘zining
nozik did, ulug‘vorlik va insonparvarlikni tarannum etuvchi, kishini hayratga
soluvchi asarlarni yaratganlar. Bularga xudo Vishna (Krishna) va Shiva timsolidagi
haykallarni ko‘rsatish mumkin. Gumbazli binolar va o‘ziga xos g‘or-ibodatxonalari
qadimgi hindlarning ajoyib arxitektura va san’at yodgorliklaridir (Ajanta g‘or-
ibodatxonasi – freskalar bilan bezalgan).
Shunday qilib, qadimgi Hindiston madaniyati jahon sivilizatsiyasining
qadimgi beshiklaridan biri sifatida shuhrat topib, jahon madaniyati rivojiga o‘z
samarali ta’sirini ko‘rsata olgan. Hind madaniyati Markaziy va Sharqiy Osiyo
mamlakatlariga asosan buddizmning yoyilishi bilan katta ta’sir ko‘rsatgan.
Qadimgi Xitoy madaniyati
Xitoy – sivilizatsiya ilk bor paydo bo‘lgan to‘rt mamlakatning biri bo‘lib,
qadimgi Misr, Bobil va Hindiston qatorida turadi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda,
mamlakatda besh mingta tarixiy va madaniy yodgorliklar mavjud.
Xitoy O‘rta dengiz mamlakatlaridan cho‘llar va tog‘ tizmalari bilan ajralib
turadi, buning oqibatida aloqalar juda sekinlik bilan rivojlana bordi. Natijada Xitoy
madaniyati ko‘p jihatdan o‘zining alohidaligini saqlab qolgan edi. Xitoy
sivilizatsiyasi mil. avv. III ming yillik oxirida shakllandi. Qadimgi Xitoyda ko‘hna
Messopotamiya va Misr singari qadimiy o‘ziga xos madaniyat yaratilgan.
Xitoy madaniyatidan qolgan eng noyob yodgorlik — alifbodir. Xitoy yozuvi
“iyeroglif” deb ataladigan belgilardan iborat bo‘lib, 50 ming belgidan, ya’ni
iyerogliflardan iborat. “Iyeroglif” termini yunoncha bo‘lib, “toshga o‘yib yozilgan
muqaddas belgi” degan ma’noni bildiradi. Bundan tashqari, 1958 yilda xitoy tilining
lotinlashgan alifbosi ham qabul qilingan. Xitoy iyeroglif yozuvi mil. avv. II ming
yillikda Shan sulolasi davrida tarkib topgan. Xitoylarning yozuv an’anasida uzilish
bo‘lmagan. Asrlar o‘tib bu yozuv murakkablashib borgan. Milodning I asriga kelib
bu iyerogliflar hozirgi yozuv ko‘rinishiga ega bo‘ldi. Qadimgi Xitoy yozuvi asosida
keyinchalik Koreya, Vyetnam va Yapon yozuvlari paydo bo‘ldi.
Har bir iyeroglif butun bir so‘zni anglatgan. Xitoy yozuvida bir necha o‘n
ming belgi-ieroglif bor. Savod o‘rgatish ko‘p yillar davom etar, faqat amaldor va
boylarning farzandlarigina xat-savod chiqarish imkoniga ega edilar. Dastlab bambuk
poyasidan qilingan taxtachalarga, keyin shoyi matoga, keyinchalik (eramiz
boshlarida) qog‘ozga yozishgan. Qog‘oz matodan, daraxt po‘stlog‘i va bambukdan
qilingan (Say Lun ixtiro qilgan). Matnlar o‘ngdan chapga, yuqoridan pastga qarab
ustunlar tarzida yozilgan. Qog‘oz yog‘och, bambuk va shoyiga qaraganda arzon
bo‘lib, u yozish va saqlash uchun qulay hisoblangan. Qog‘ozning ixtiro qilinishi
maorif, fan, madaniyatning rivojlanishi va davlat ishlarida muhim ahamiyatga ega
bo‘lgan.
Xitoy ajoyibotlaridan biri, bu ipakning kashf etilishi va “Buyuk ipak yo‘li”ga
asos solinishidir. Imperator rafiqasi Si-Lingchi tomonidan mil. avv. 2600 yilda
ipakning kashf etilishi va mil. avv. 128 yilda Xitoy sayyohi-diplomati Chjan-Szyan
tomonidan Buyuk ipak yo‘liga asos solinishi katta tarixiy o‘zgarishlarga olib keldi.
Buyuk ipak yo‘li birgina savdo-sotiq bilan cheklanibgina qolmay, u ayni paytda
diplomatiya, diniy va ma’naviy qadriyatlarni tarqalish yo‘li ham edi. U Sharq va
G‘arb sivilizatsiyasini bog‘lovchi yo‘l bo‘lib, unda Markaziy Osiyo xalqlari
vositachilik rolini o‘ynaganlar.
Chjou davrida Xitoyda metall tangalar (dunyoda birinchi marta) muomalaga
chiqarildi. Milodiy 700 yilda Xitoyda birinchi marta qog‘oz pul muomalaga
chiqarilgan. Dengizlarda suzish uchun kompas ixtiro qilingan (uning strelkasi
Shimolni emas, Janubni ko‘rsatgan). Dunyoda birinchi bo‘lib, Xitoyda porox ixtiro
qilingan bo‘lib, undan bayramlardagi mushakbozlikda foydalanilgan. Artilleriya,
miltiq, arbalet-miltiqlar ham dastlab Xitoyda yaratilgan.
Xitoy adabiyotida diniy an’analar keng o‘rin olgan. Agar badiiy madaniyat
Bobil, Misr, Hindistonda dinga tobelik xususiyatiga ega bo‘lgan bo‘lsa, Xitoyda
badiiy asarlar ko‘proq dunyoviy yo‘nalishga ega bo‘lgan. Masalan, Konfutsiy
ta’limotiga ko‘ra «Shi szin»ga («Qo‘shiqlar kitobi»ga) madhiyalar, xulq va urf-
odatlar masalalari kiritilgan. She’riyatda va tasviriy san’atda tabiat go‘zalligi har bir
kishiga
tushunarli
tarzda
hayotiy,
zavq
beruvchi
tarzda
tasvirlangan.
Haykaltaroshlar dimog‘dor amaldor, laganbardor xizmatchi va holdan toygan
qullarning og‘ir mehnatini mahorat bilan aks ettirganlar.
Mil. avv. I ming yillikda har xil falsafiy oqimlar paydo bo‘lgan. Ularning eng
e’tiborlisi konfutsiylikdir, unga mil. avv. VI asrda Konfutsiy (Kun fu-szi 551-479)
asos solgan. Uning ta’limotida qadimgi urf-odatlar va ularga to‘la rioya qilish
muhim o‘rin tutadi. Hammaning ularga amal qilishi jamiyatni halokatdan qutqarib,
uni gullab-yashnashiga olib keladi, deb uqtiriladi. Davlat to‘g‘risidagi ta’limotda
«… agar podsho haqiqiy podsho o‘rnida bo‘lsa, fuqarolar – fuqaro o‘rnida, ota – ota,
ona – ona o‘rnida, bola – bola o‘rnida bo‘lsagina davlat gullab-yashnaydi» deyiladi.
Agar davlat o‘z nomiga munosib bo‘lsa, unda yetarlicha oziq-ovqat, yetarlicha
qo‘shinlar bo‘lishi va unga ishonch bo‘lishi zarurligi ko‘rsatiladi. Konfutsiylik
ta’limoticha insonparvarlik, odob, yuksak fazilat tufayli jamiyat rivoj topadi, adolat
tantana qiladi. Burchni ado etish tufayli inson kamolotga erishadi. Uning negizida
quyidagi hayotiy tamoyillar yotadi: «Sen o‘zing nimaga erishishni istasang, unga
boshqalarning ham erishishiga ko‘maklash», «Sen nimani orzu qilmasang, uni
boshqalarga ham ravo ko‘rma».
Konfutsiy ta’limoti aristokratiyaning vorislik manfaatini ifodalagan (xo‘jayin
– xo‘jayin bo‘lish kerak). Kichiklarning kattalarga, xalqning hukmdorlarga
bo‘ysunishi abadiy va buzilmas qonundir, deb hisoblangan. Konfutsiylik hukmdor
hokimiyatini muqaddas, osmon (xudo) tomonidan hadya etilgan deb, insonlarni oliy
(«olijanob kishilar») va quyi tabaqalar («mayda odamchalar»)ga bo‘lishni esa
adolatning umumiy qonuni, deb e’lon qiladi. Konfutsiy ta’limoti Xitoyda va uning
tashqarisida hozirgacha ham mashhurdir. Xitoyning Syuyfu shahrida dunyoga
mashhur «Konfutsiy yodgorlik majmui» bunyod etilgan.
Konfutsiy oqimiga boshqa oqim - daosizm raqobatda bo‘lgan. Unga
Konfutsiy zamondoshi Lao-szi (mil. av. VI-V asrlar) asos solgan bo‘lib, uning
taxallusi «Dono qariya» bo‘lgan. Daosizm ta’limotining markazida tabiat, koinot,
inson turadi. Dao – ko‘rinishlarga ega bo‘lmagan tanasiz, absolyut kuch. Dao
hamma narsani, shu jumladan dunyoni yaratgan. Dao bo‘yicha dunyo doim
harakatda, o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘ladi. Daosizm «Dao»ga rioya qilish
insonga «O‘z tabiatini butunlikda saqlab qolishga» imkon beradi, deb da’vat etadi.
Daosizm ta’limoti, Dao – xitoycha aql bilan bilib bo‘lmaydigan hayotiy butunlik,
«qonun», «yo‘l» ma’nosini bildiradi. Daosizm ta’limotiga ko‘ra, jami mavjudot
materiya zarralaridan paydo bo‘lib, birovning ongli irodasidan qat’iy nazar, ma’lum
bir qonun asosida rivojlanadi. Jahondagi o‘zgarishlar narsa va jonli mavjudotlarning
azalgi o‘z ziddiga aylanish qonuniga bo‘ysunadigan muayyan xususiyatlari tufayli
sodir bo‘ladi. Har bir torayadigan narsa kengayadi va har bir bo‘shashadigan narsa
mahkamlashadi. Daosizm tarafdorlari hukmdorlar zo‘ravonligini tanqid qilganlar,
lekin kurashga chaqirmaganlar, harakatsizlikni ilgari surganlar (tabiiy belgilab
qo‘yilgan taraqqiyot yo‘li, taqdirga ishonish bilan bog‘liq).
Milodiy I asrda Xitoyda buddizm ham tarqalgan.
Xitoyda astronomiya va matematika yaxshi rivojlangan. Ular aniq kalendar
ishlab chiqishgan (bu kalendarga muvofiq 1 yil 365,25 kunni tashkil etgan). Qadimgi
Xitoy astronomlari olamni ulkan bir tuxum shaklida tasavvur qilganlar. Yer – tuxum
sarig‘i, osmon – tuxum po‘chog‘i. Osmonga yulduzlar osib quyilgan va u yer
atrofida aylanadi, deb tushuntirganlar.
Farmakologiya, agronomiya va boshqalarga oid ilmiy asarlar yozilgan.
Masalan, ipak qurtlarini boqish va sholi yetishtirish, choy barglarini parvarish qilish
va bemorlarga dori sifatida berish haqida ma’lumotlar berilgan. Qadimgi Xitoy
tabiblari kasallik va jarohatlarni davolashda uqalash, igna sanchib davolashdan,
o‘simlik va hayvonlar a’zolaridan tayyorlanadigan dorilardan, xususan jenshen,
kiyik shoxidan olinadigan panti, choy va boshqa dori-darmonlardan keng
foydalanganlar. O‘sha davrdayoq Xitoy tibbiyotida mingdan ortiq dorilar bo‘lgan.
Qadimgi Xitoy tabiblari ichida Va Shu Xe, Ban Sio va Xua Tu lar mashhur bo‘lgan.
Van Shu tibbiyotga oid «Ney-Szin» («Odam tabiati va hayoti»), Ban Sio esa
«Qiyinchilik haqida kitob» kabi asarlar yozganlar.
«Tog‘lar va dengizlar to‘g‘risida» kitobida Xitoy va unga qo‘shni bo‘lgan
mamlakatlar haqida ko‘pgina aniq va foydali ma’lumotlar berilgan.
Qadimgi Xitoyda adabiyot ham ancha rivoj topgan. Avvalo, xalq og‘zaki
ijodi, keyinchalik yozuvning kelib chiqishi bilan yozma adabiyot ham rivojlangan.
Jumladan, xalq qo‘shiqlari asosida «Shi-szin» to‘plami, tarixiy, falsafiy «Chun-syu»
(Bahor va kuz) kitoblari diqqatga sazovor.
Xitoyda o‘z tarixchilari ham bo‘lgan. Masalan, qadimgi Xitoy tarixchilari
ichida mil. avv. 145-90-yillarda yashagan Sima Szyan mashhur edi, u 30 bobdan
iborat «Tarixiy xotiralar» asarida Xitoy tarixini birinchilardan bo‘lib yoritgan va
sulolaviy davrlarga bo‘lgan. Sima Szyan butun Xitoyni aylanib chiqib, yozma
manbalar to‘plab, uzoq o‘tmishdan boshlangan Xitoy tarixini yozgan. Unda
Xitoyning eng qadimgi davridan II asrgacha bo‘lgan tarixi yoritilgan. Milodning 32-
92 yillarida yashagan Ban Gu o‘zining «Xan podsholigi tarixi» asarini yozgan.
Qadimgi Xitoy tasviriy san’atining bir qancha original xislatlari bo‘lgan.
Qadimgi Xitoydagi binolar yog‘ochdan ishlangan bo‘lib, ular bizning
davrimizgacha saqlanib qolmagan. Lekin sopoldan ishlangan modellar boylarning
hashamatli, ko‘p qavatli inshootlarini, kambag‘allarning nochor kulbasini
ko‘rsatadi.
Toshga o‘yib ishlangan bo‘rtma rasmlar aholini sinflarga bo‘linishini yanada
yaqqolroq ko‘rsatib beradi (tuz konlarida ishlaydigan qullar ozg‘in ko‘rsatilgan,
«Saroyda ziyofat» rasmida esa semiz xo‘jayinlar, xizmatkorlarni xushomadgo‘ylik
bilan xizmat qilishi tasvirlangan).
Bo‘rtma rasmlar qabr toshlariga ham ishlangan va ko‘proq ishlab chiqarish
mavzusida yasalgan. Turli davrlarga oid xitoy badiiy hunar buyumlari (metalldan,
terrakota – sopol va boshqalardan yasalgan buyumlar)ning ko‘pchiligi yaxshi
saqlangan.
Miloddan oldingi uchinchi ming yillikda xitoyliklar qizil, oq, safsar rangli
sopol buyumlar ishlab chiqarganlar. Sopollarga to‘rtburchak, to‘lqinsimon shakllar
solganlar. Qadimgi Xitoyning kulolchilik mahsulotlari, ayniqsa, chinni buyumlari
hozirgacha o‘zining nafisligi, betakrorligi, pishiqligi bilan ajralib turadi. Ularda
ishlatilgan rang, tanlangan manzaraning go‘zalligi kishini lol qoldiradi.
Qadimgi Xitoy ajoyibotlaridan yana biri – bu Buyuk Xitoy devoridir. Uning
qurilishi mil. avv. IV asrda boshlanib, bir necha asrlar davomida shimoldagi Xunn
qabilalarining hujumlaridan saqlanish va savdo-sotiq ishlarini ko‘zlab qurilgan.
Devor Leodun qo‘ltig‘i qirg‘og‘idagi Shayxayguan shahridan boshlanib, g‘arbda
Dunxuan qal’asigacha davom etgan. Devorning umumiy uzunligi 5000-6000 km,
uning balandligi joyiga qarab 6-10 metr, qalinligi 5,5-7 metr bo‘lib, soqchilar uchun
har 100-200 metrda mustahkam baland burj va minoralar qurilgan.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, qadimgi Xitoy madaniyatining
muvaffaqiyatlari g‘arb dunyosiga kechroq kirib kelgan bo‘lsa-da, o‘z ta’sirini
ko‘rsatgan. Masalan, xitoy ipagi va qog‘ozi g’arb dunyosiga o‘rta asrlarda kirib
kelgan va Misr papirusini xitoy qog‘ozi siqib chiqargan. Boshqa ixtirolar (kompas,
o‘q-dori, seysmograf) g‘arbda yangidan mustaqil ravishda ixtiro qilingan va Sharqiy
Osiyoga ham kirib borgan.
Sharq mamlakatlari ko‘p jihatdan bir-birlaridan farq qilsalarda, lekin ularning
taraqqiyotida ko‘pincha umumiy o‘xshashliklar ham bor. Sharq mamlakatlari
quldorlik jamiyatiga uzoq va asta-sekinlik bilan o‘tganlar, antik dunyo bu jamiyatga
keyinroq va tez sur’atlar bilan o‘tgan. Sharq madaniyatining g‘arb dunyosiga
ko‘rsatgan ta’siri katta tarixiy rol o‘ynagan, ammo keyinchalik antik dunyo
madaniyati ko‘p jihatdan undan o‘tib ketgan va o‘z navbatida, sharqga ta’sir
ko‘rsatgan.
2.3. Qadimgi Yunon sivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish bosqichlari
Antik davr madaniyati – jahon sivilizatsiyasining beshigi bo‘lib, bu davrda
falsafa, madaniyat fan sifatida shakllandi. O‘sha davr yunonlarining turmush tarzi,
fikrlashi, ma’naviyati hozirgacha ham insonlarni hayratga solib keladi.
Antik Yevropa madaniyatining shakllanishiga Messopotamiya va Misr
madaniyatining, ayniqsa, arifmetika, astronomiya, mifologiya va teologiya
sohalarida erishilgan dastlabki muhim yutuqlarining ahamiyati katta bo‘ldi.
Qadimgi Yunon madaniyati mil. avv. XXVIII asrdan II asrgacha (mil. avv.)
davom etdi. Yunonlar o‘zlarining vatanini Ellada deb ataganlar. Qadimgi Yunon
madaniyatining eng yuqori darajaga ko‘tarilgan davri mil. avv. V-IV asrlarga to‘g‘ri
keladi. Qadimgi Yunon madaniyati jahon madaniyati tarixida favqulodda hodisa
sifatida o‘zini namoyon etdi.
Qadimgi Gretsiya madaniyati gullab-yashnagan davrdan bizni 2,5 ming
yildan ortiq vaqt ajratib turadi. Dunyoda ko‘p narsa o‘zgardi. Lekin antik davr
madaniyatining kuchi va shuhrati so‘nmadi. Antik madaniyat haykaltaroshlar,
rassomlar, me’morlar uchun abadiy maktab bo‘lib kelmoqda.
Agar kartaga nazar tashlasak, bu Yevropa madaniyatining o‘chog‘i bo‘lgan
Qadimgi Gretsiya qanchalik kichik bo‘lganligini ko‘ramiz. U Bolqon yarim
orolining janubiy qismi, Egey dengizining orollari va Kichik Osiyoning g‘arbiy
sohillarida joylashgan. Mana shu kichik hududda buyuk ma’naviy madaniyat
dunyoga kelib, gullab-yashnadi va hozirgacha dunyoni lol qoldirib kelmoqda. Ayrim
olimlar buni «grek mo‘jizasi» deb ataganlari bejiz emas. Lekin bu «mo‘jiza» o‘z-
o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Uning tarixi uzoq davrlardan boshlanadi.
Yunonlarning turmush tarzi haqiqat, go‘zallik, mehribonlik, meyor kabi
tushunchalar uyg‘unligi bilan belgilangan. Ular uchun tabiat go‘zalligi va uning
inson go‘zalligi bilan uyg‘unligi haqidagi tushuncha muhim ahamiyatga ega edi.
Qadimgi yunonlar uchun meyor tushunchasi muhim amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan.
Qadimgi Yunon madaniyati beshta davrga bo‘linadi:
1) Krit-miken yoki Egey madaniyati (mil. avv. 2800-1100-yillar);
2) Gomer davri madaniyati (mil. avv. XI-IX asrlar);
3) Arxaik davr madaniyati (mil. avv. VIII-VI asrlar);
4) Klassik (yuqori darajadagi) davr madaniyati (mil. avv. V-IV asrlar);
5) Ellinizm davri madaniyati (mil. avv. 323-146-yillar).
XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida arxeologlar Gretsiya va Krit
orollarida arxeologik qazishmalar o‘tkazib, qadimgi grek afsonalarining ertak
qatlamlari zamiridan haqiqiy tarixining ko‘plab durdonalarini topdilar va hozir ham
topmoqdalar. Miloddan avvalgi III-II ming yilliklarda Krit, keyinchalik Mikena
shahri Egey madaniyatining markazi bo‘lgan.
Shuning uchun ham bu dastlabki antik madaniyat Krit-miken yoki Egey
madaniyati deb ataladi.
Bu madaniyatning izlarini dastlab XIX asrning 80-yillarida arxeolog Genrix
Shliman topgan. Uning vafotidan so‘ng ingliz olimi Artur Evans uning ishini davom
ettirdi. U Knossda (Kritning qadimiy shahri) o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar
vaqtida Knoss saroyining qoldiqlarini topdi. Bu yerda loydan yasalgan va ustida
noma’lum yozuvlar yozilgan lavhalar topildi. Keyinchalik bu yozuvlar Mikena,
Tirinf va boshqa joylarda ham topilgan. Taxtachalarda dehqonlarning ro‘yxati
bo‘lib, ularda dehqonlardan olinadigan soliqlar, cho‘rilarning (u zamonda erkak
qullar oz edi), chorva mollarining ro‘yxati va boshqa yozuvlar bor edi. Ro‘yxatlarda
ho‘kizlar va otlar nomlari bilan atalgan cho‘rilarning bolalari bilan birgalikda soni
ko‘rsatilgan. Eng qadimgi grek tilini odatda axaye tili deb ataydilar. Pilos shahri
yonida (Gretsiyaning janubi-g‘arbiy qismida) olib borilgan arxeologik qazishmalar
natijasida saroy qoldiqlari va «chiziqli» xat bilan yozilgan miken yozuvlarining katta
arxivi topilgan.
Mil. avv. III ming yillikda rivojlangan bronza asriga o‘tish yuz bergan. Xuddi
shu vaqtda oltin va emaldan yasalgan mashhur krit zargarlik buyumlari paydo
bo‘ladi. Kamaros g‘oridan topilgan idishlar, ayniqsa ko‘rkam. Krit kulol-
haykaltaroshlari yupqa hasham idishlardan tashqari, pishiq loydan ma’bud va
ma’budalarning, odamlar va hayvonlarning haykalchalarini yasaganlar. Toshdan va
Afrikadan keltirilgan fil suyagidan o‘yma muhrlar yasalgan. Badiiy hunarmandlik
buyumlari bilan bir qatorda ko‘p miqdorda sopol idishlar va boshqa xo‘jalik
buyumlari ham yasalgan.
Taxminan mil. avv. 2000 yilda Knossda o‘lkan saroy qurilgan (u mil. avv.
XVI asrgacha mavjud bo‘lgan). Knoss saroyi «Labirint» nomi bilan tarixga kirgan
bo‘lib, uning birinchi qavatigina saqlanib qolgan. U 300 xonadan iborat, bir
gektardan ko‘proq yerni egallagan. Saroyda suv o‘tkazuvchi moslama
(vodoprovod), kanalizatsiya va vannalar, hunarmandchilik ustaxonalari bo‘lgan. Bu
saroy binolari butun bir majmuadan iborat bo‘lib, ikki qavatli, ba’zilarning
taxminicha, uch va hatto to‘rt qavatli qilib solingan. Pastki qavatlar xonalari
yorug‘likni o‘tkazadigan quduqlar orqali yoritilgan. Markaziy to‘g‘ri burchakli zal
– megaron ommaviy yig‘inlar o‘tkaziladigan joy bo‘lgan. Saroyning devorlari turli
rasmlar
bilan
bezatilib,
ularga
o‘simliklarning,
hayvonlarning,
saroyda
yashovchilarning hayotini tasvirlovchi manzaralar chizilgan. Saroyning maxfiy
xonasidan ayol xudoning qo‘lida ilonni ushlab turgan haykalchasi topilgan.
Saroyning
devorlarida
hozirgacha
«Gullar
teruvchi»,
«Qushni
tutishga
shaylanayotgan mushuk», «Ho‘kiz bilan o‘yin» kabi rasm manzaralari saqlanib
qolgan.
Minos hukmronlik qilgan davr Krit davlatining eng qudratli davri bo‘lgan.
Shu bois Minos haqida grek afsonalari yaratilib, ba’zilari bizgacha yetib kelgan.
Rasmlarda chizilgan odamlarning sochlariga munchoqlar taqilib, murakkab
jimjimador turmak qilingan, serhasham zangori ko‘ylaklar kiygan, marjonlar taqqan
hokimlar tasvirlangan. Akrobatchi ayollarning buqa bilan tasvirlangan rasmi biror
bir diniy marosimga oid muqaddas harakat degan taxmin bor.
«Odisseya» dostonida saqlanib qolgan xotiralarga ko‘ra Krit hukmdori Minos
faqat podsho bo‘lib qolmasdan, shu bilan birga kohin va umuman, xudo nazar qilgan
shaxs hisoblangan. Har 10 yilda u bosh ma’buda bilan diniy muloqotda bo‘lgan va
undan yana 10 yil podsholik qilishga fotiha olgan. Kritning hokimlariga boshqa
mahalliy hokimlarning xiroj to‘lab turganliklari va qaram bo‘lganliklari Minotavr
haqida qadimgi afsonadan bizgacha yetib kelgan. Minotavr – yarmi odam, yarmi –
buqa ko‘rinishida tasvirlangan. Minosning xotini Pasifayaning Poseydon tomonidan
yuborilgan buqadan tuqqan o‘g‘li Minotavr tanasi odamga va boshi buqaga
o‘xshagan, Knoss saroyining labirintida – chalkash-chulkash qilib qurilgan bino
yo‘lagida turgan va har yili unga yem bo‘lish uchun 7 yigit va 7 qiz yuborilgan. Bu
afsona eng qadimgi diniy e’tiqodni aks ettiradi (totemizm elementlari mavjud).
Xalqini bu mahluqdan Afin qahramoni Tesey, Minosning qizi Ariadna yordamida
ozod qilgan.
Kritliklar katta ibodatxonalar qurmaganlar, balki kichik-kichik sajdagohlar va
mehroblar qurish bilan cheklanganlar.
Rasm va haykalchalarga qaraganda, kritliklarda eng katta xudo ayol (Buyuk
ma’buda, Ona) bo‘lib, u tirik mavjudotlarga hayot baxsh etgan. Bu ma’buda
ko‘pincha o‘g‘il-xudo bilan birga yoki qo‘lida ilon ushlab turgan shaklda ham
tasvirlangan. Kritda erkak xudo ham juda mashhur bo‘lib, u ikki yoqlama bolta
(labris) shaklidagi (ya’ni, uning osmonda ham, yerda ham hokimligini bildiruvchi)
xudo tarzida tasvirlangan. Erkak xudo ham buqa qiyofasida tasavvur qilingan.
Kritda diniy marosimlarni asosan ayollar ado etganlar. Grek afsonalari krit dinining
greklarning keyinroq yuzaga kelgan diniga ta’siri borligidan dalolat beradi. Mil. avv.
XVI asrda Krit madaniyati halok bo‘ladi. Taxminlar bo‘yicha kuchli zilzila, yoki
Fera vulqoni uyg‘onishi yoxud Krit yaqinida yashagan axey qabilalarining hujumi
sabab bo‘lgan deb ko‘rsatiladi.
Krit madaniyatiga yaqin materikda Miken madaniyati rivojlandi. Bu
madaniyatlar yaqin bo‘lsa-da, lekin ularning o‘ziga xos xususiyatlari bor. Miken va
Tirinf saroylari mustahkam qal’a sifatida qurilgan. Ular katta tepaliklarda baland
devorlar bilan aylantirib qurilgan. Devorlari katta-katta toshlardan qurilgan (eni 8
metrni tashkil etadi), qal’alar qurilishiga – qiyin hayot, urushlar (troyan urushi)
sabab bo‘lgan. Shuning uchun saroylarda topilgan rasmlarda (freskalar) jang
manzaralari tasvirlangan. Masalan, Tirinfda – ikki qizning jang arafasida uchib
ketayotganligi, yovvoyi cho‘chqani ovlash tasvirlangan.
Sopol idishlaridagi lavhalar antik davrda greklar topingan Poseydon, Germes,
Dionis, Zevs, Gera va boshqa xudolar tasvirlangan.
Greklar Zevs va boshqa asosiy xudolar Gretsiyaning eng baland Olimp tog‘ida
yashaydilar, deb bilganlar, ularni Olimp xudolari deb ataganlar. Greklar Olimp
tog‘idagi xudolar hayotini zodagonlar hayotiga o‘xshash, deb tasavvur qilganlar.
«Olimp xudolari» odamlar va tabiatni boshqarishgan. Xudolar bir xil kishilarni
badavlat, boshqalarni kambag‘al, yana boshqalarni qul qilib yaratgan, deb tasavvur
qilganlar. Kimki xudolar tomonidan o‘rnatilgan tartibga qarshi bosh ko‘tarib chiqsa,
u xudolarning g‘azab-nafratiga va qattiq jazosiga giriftor bo‘lar emish. Qudratli
Zevs, momaqaldiroq va chaqmoq xudosi, xudolar va odamlar otasi, o‘zining oltin
nayzalari – chaqmoqlar bilan halok qiladi, deb tasavvur qilganlar. Poseydon – dengiz
xudosi (yerni tebratadi, kemalarni cho‘ktiradi), Gelios – quyosh xudosi (oppoq otlar
qo‘shilgan oltin aravasida osmonga chiqqanida kunduz boshlanar emish), Apollon –
yorug‘lik va san’at xudosi, Demetra – hosildorlik ma’budasi, Aid – yer osti
hukmdori (uning oyoqlari oldida 3 boshli it o‘tirib yer osti saltanatiga hammani
kiritib chiqarib yubormas ekan), Dionis – vinochilik xudosi, Gefest – temirchilar
homiysi hisoblangan xudo, Germes – savdo-sotiq homiysi, Osmon ma’budasi va
nikoh homiysi – Gesti, donishmandlik va urush ma’budasi – Afina, oy va ov
ma’budasi – Artemida, go‘zallik va sevgi ma’budasi – Afrodita (dengiz ko‘pigidan
paydo bo‘lgan) hisoblangan.
Greklarning nazaricha, chakalakzorlarda driadalar, nimflar, echkioyoq satirlar
yashagan, dengizda nayadalar va sirenalar – ayol boshli qushlar yashagan.
Gretsiyada yarim xudo-qahramonlar e’zozlangan, ular odamlar va xudolar
nikohidan kelib chiqqan – 12 marta jasorat ko‘rsatgan yarim xudo-qahramon
Geraklni greklar alohida hurmatlagan (sher terisida tayoq bilan tasvirlangan,
yovuzlikka qarshi kurashgan).
Boshqa qadimgi xalqlarning dinida bo‘lgani kabi qadimgi greklarning dinida
ham ularni qurshab turgan tabiat, ularning mashg‘ulotlari, quldorlik tuzumiga
o‘tishlari aks etgan edi. Greklar mifologiyasida faqat xudolargina emas, yerdagi
insonlar ham ulug‘langan. Bunga Sofoklning “Dunyoda buyuklar ko‘p, lekin
tabiatda insondan boshqa kuchlisi yo‘q”, yoki Arximedning “Menga tayanch
nuqtasini topib beringlar, men dunyoni ostin-ustun qilib tashlayman” degan
iboralarini misol tariqasida keltirish mumkin.
Qadimiy Gretsiya hayoti va afsonalari Gomer yaratgan «Iliada» va
«Odisseya» dostonlarida yorqin bayon etilgan. Taxmin qilinishicha ular mil. avv.
VIII asrda yaratilgan.
Grek arxaik madaniyatida (mil. avv. VIII-VI asrlar) Krit-miken madaniyati
bilan qo‘shni sharq mamlakatlari madaniyatining ta’siri bor. Undan tashqari, alohida
shahar-davlatlar – polislarning vujudga kelishi ham madaniyatga ta’sir ko‘rsatgan.
Miloddan avvalgi VIII-VI asrlarda din ancha rivoj topgan. U Qadimgi
Gretsiyani turli shaharlarini birlashtirgan. Gretsiyada xudolarga atalgan maxsus
bayramlar bo‘lgan. Lekin ular faqat diniy xarakterga ega bo‘lmagan, chunki
jismoniy tarbiya musobaqalari hamda musiqa, qo‘shiq va shu kabilar bayramlarning
eng muhim ajralmas qismi hisoblangan.
Argosda (Peloponnesdagi shahar) Gera Argosiy sharafiga, Afinada ma’buda
Afina sharafiga o‘tkaziladigan bayramlar mashhur bo‘lgan.
Bayramlardan tashqari, greklarni umumgrek musobaqalari ham birlashtirgan.
Peloponnesda Olimpiada o‘tgan olimp o‘yinlari, ayniqsa mashhur bo‘lgan. Bu
o‘yin Zevs sharafiga o‘tkazilgan. (Olimpiada – Zevs ibodatxonasida katta Zevs
haykali turgan).
Olimp o‘yinlari 4 yilda bir marta o‘tkazilgan (birinchisi 776-yilda
o‘tkazilgan). O‘yinlar vaqtida urushlar to‘xtatilgan, chunki grek dunyosining turli
shaharlaridan ko‘p kishilar yig‘ilib kelgan. Musobaqalarda yugurish, sakrash, disk
irg‘itish, aravachalarda ot choptirish va gimnastika mashqlari o‘tkazilgan. Bunga
faqat erkaklar qatnashgan (spartalik qizlar ham). Mukofot oddiy – muqaddas zaytun
daraxti barglaridan gulchambar berilgan va o‘zi, oilasi, shahri hurmat qilingan,
haykallari yasalgan. Bu o‘yinlarda dramaturglar, shoirlar, ashulachilar va sozandalar
ham musobaqalashganlar. G‘oliblar dafna gulchambarlari bilan mukofotlanganlar.
Undan tashqari, Gretsiyada mil. avv. VIII-VI asrlarda materialistik falsafa
paydo bo‘ladi (stixiyali yoki ibtidoiy materializm deb ham ataladi).
Masalan, Miletda yashagan Fales (faylasuf, fizik, matematik) butun olamning
asosi – suvdir, deb ta’lim bergan. Uning fikricha, barcha mavjudotning negizi – suv.
Uning shogirdi Anaksimen birlamchi materiya – «apeyron»ni butun mavjudotning
ibtidosidir, deb hisoblagan.
Anaksimandir – olamning asosi – havo, efirdir deb hisoblagan.
Geraklit olam olovdan kelib chiqqan, deb hisoblagan. «Olam-abadiy
alangalanib va abadiy so‘nib turadigan olovdir». Geraklit (dialektikaning asoschisi)
– yerda narsalar yo‘qdir, balki yuz berib turadigan jarayonlar bordir. «Hamma narsa
oqib turadi, hamma narsa o‘zgarib turadi», «ayni bir daryoga ikki marta tushib
bo‘lmaydi, chunki birinchi tushganingizda suvning bir zarralari oqadi, ikkinchi
marta tushganingizda esa suvning boshqa zarralari oqib turadi», degan dialektik
g‘oyani ilgari suradi.
Bu falsafa katta qimmatga ega edi, unga ko‘ra olamning asosida – xudolarning
yaratuvchanlik kuchi emas, balki birlamchi materiyaning rivoji yotadi, degan g‘oya
ilgari suriladi.
Bu materialistik falsafaga idealistik falsafa qarshi turar edi. Mil. avv. VI asrda
yashagan Sitsiliyalik Pifagor (grek matematikasining asoschilaridan biri) olamning
ibtidosini tabiat va uning hodisalari emas, balki g‘oyalar tashkil etadi, degan fikrni
ilgari suradi.
Greklar soddalashgan 24 harfdan iborat o‘zlarining alifbosini tuzganlar, bu
alifbo keyinchalik slavyan alifbosiga asos solgan. Alifbo grek adabiyotining rivojida
juda muhim qadam bo‘lgan edi.
Insonni tarbiyalash uchun ikki yo‘nalish bo‘yicha ta’lim tizimi vujudga
keltirilgan: a) «gimnastika»; va b) aqliy yo‘nalishdagi barcha madaniyat turlari,
chunonchi, tabiiy fanlar, falsafa, notiqlikni o‘rganish. Ozod yunonlarning bolalari 7
yoshdan boshlab boshlang‘ich maktabga borganlar. Badavlat kishilarning bolalari
esa 18 yoshgacha gimnaziyalarda o‘qishni davom ettirganlar. Bolalar maktablarda
chiroyli yozishga, aniq va ravon so‘zlashga o‘rgatilgan. Ular Gomer, Gesiod va
boshqa shoirlarning she’rlarini va dostonlarini yod olganlar. Yunonlar ashula aytish,
raqsga
tushish,
lira
sozini
chalishni
bilmaydiganlarni
o‘qimishli
deb
hisoblamaganlar. Bolalar ulg‘aya borgan sari yugurish, kurashga tushish, sakrash,
disk, nayza otish va qilich chopish bilan shug‘ullanganlar. Shu tariqa, ular vatan
himoyachilari sifatida tayyorlangan. Yunonistonda ta’lim tizimining yutug‘i tufayli
polisning erkin kishilari orasida savodsizlik yo‘q edi. Jamiyat qadriyatlari va axloqiy
normalar shakllana boradi. Bunda vatanparvarlik va fuqarolik burchlari muhim o‘rin
tutgan.
Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda grek lirikasi paydo bo‘ladi (lira - musiqa
asbobidan olingan) va yuksak darajada rivojlangan. Shoirlar ozgina so‘zlarda kuchli
his-tuyg‘ularni, qayg‘u va shodlikni tasvirlab ko‘rsatganlar. Grek lirikasining
asoschisi Arxilox (Paros orolidan), Lesbos orolida mil. avv. VI asrda yashagan shoir
Alkey va shoira Safo mashhur bo‘lgan. Spartalik shoir Tirtey vatanparvarlikni, urf-
odatlarni va jasoratni tarannum etgan.
Grek masali ham mashhurdir. Birinchi grek masalnavisi Ezop edi.
Afsonalarga qaraganda u qul bo‘lgan va og‘ir hayot kechirgan. Ezop qisqa va o‘tkir
syujetli masallarida kambag‘allar bilan boylarning kurashini ko‘rsatgan.
Ana shu davrda grek tasviriy san’ati ham rivojlanadi.
Dastlabki paytlarda grek arxitekturasi mukammal bo‘lmagan. Mil. avv. VIII-
VII asrlarda grek ibodatxonasi 3 tomoni devor bilan to‘silgan va to‘rtinchi tomoni
ochiq yog‘och imoratdan iborat edi. Mil. avv. VII asrda ba’zi ibodatxonalar
g‘ishtdan, keyinchalik toshdan qurilgan. Keyinroq hamma tomondan ustunlar bilan
o‘ralgan yangi shakldagi (doriycha order yoki uslubda – oddiy, bezaksiz qurilgan)
ibodatxonalar qurila boshlanadi. Doriycha orderda ustunlar kaltaroq va tepasiga
qarab torayib boradi, ioniycha orderda ustunlar to‘g‘ri, korinfcha orderda esa
ustunlarni tepasiga barglar shakli solingan bo‘ladi.
Doriycha uslubda Gera ibodatxonasi (Olimpiada mil. avv. VII asr), Apollon
(Korinfda – VI asr) va Artemida (Efesda) ibodatxonalari qurilgan.
Miloddan avvalgi VIII asrga kelib haykaltaroshlikda yog‘ochdan yasalgan
xudolar haykallari paydo bo‘ladi. Dastlabkilari yog‘och haykallarga o‘xshagan
(Samoslik Geraning haykali) mil. avv. VII asrning oxirlarida paydo bo‘lgan
haykallar odamning qaddi-qomatiga o‘xshab ko‘rinadi. Erkaklar kiyimsiz, qizlar esa
chiroyli qiyimlarda ishlangan.
Ayrim vaqtda doriycha uslubda qurilgan binolarning – ustunlari qilib erkaklar
haykali, ioniycha uslubda esa qizlar haykali ustun qilib ishlangan.
Goy haykallari harakatda tasvirlangan. Masalan, qahramon Persey
Meduzaning boshini qilich bilan chopayotganligi tasvirlangan. Ikkalasi ham
jilmayib turibdi.
Ayollar haykallari jilmaygan holda jingalak sochlari mahorat bilan ishlangan,
lekin kiyimlarining jimjimalari juda diqqat bilan tasvirlangan. Marmardan yasalib,
hattoki bo‘yalgan ham (Kora «675» - Afin Akropolidan). Ularning qo‘lida olma yoki
gul bo‘lgan.
Arxaik haykaltaroshlik namunalari harakatsiz bo‘lishiga qaramay, o‘zining
so‘nmas go‘zalligiga ega bo‘lib, yuksak san’ati bilan kishini hayratda qoldiradi.
Grek rassomchiligi namunalari bizgacha binolarning devorlariga, idishlarga
solingan rasmlardan yetib kelgan. Rassomlar matematik proporsiyalar qidira
boshlaganlar, bu uslub krit-miken rassomchiligidan ajralib turadi. Masalan, Dipilon
nekropolidan (Afina) olingan tasvirda relyef «Kurashuvchi yigitlar»ni ko‘rsak, bu
yerda 2 kurashuvchi yigitning oyoqlarini yozib boshlarini birlashtirib turishlari – uch
burchakni eslatadi. Lekin shunga qaramasdan, ularning gavdalari tabiiy ishlangan.
Idishlarda chizilgan rasmlar ko‘plab saqlanib qolgan. Sopol idishlar shakli
turlicha bo‘lgan, lekin eng ko‘p ishlatiladigani – amfora (tuxumga o‘xshash tor
og‘izli) bo‘lgan. Unga vino solingan.
Idishlarda ko‘pincha har xil epizodlar tasvirlangan.
Miloddan avvalgi VI asrda qora shakldagi vazalar yasalgan, ya’ni tabiiy
qizg‘ish tusdagi vazalar ustiga qora lak bilan har xil rasmlar solingan. Ba’zan
rasmlar boshdan oyoq «timdalab» chiqilgan va qizil, oq buyoqlar bilan bo‘yalgan.
Faqat arxaik davrdagi rasmlar shunday usul bilan ishlanardi («Fransua vazasi » - 200
figura bir necha poyasda chizilgan; protoattik lutrofor; dipilon amforasi; eksekiy
amforasi; yevfroniy vazasi kabilar).
Miloddan avvalgi VI asrda Attikada ishlab chiqarilgan lak garchi undan
oldingi V asrda yaratilgan lak bilan tenglasha olmasa-da, har holdabo’yoqlar bizning
davrimizgacha o‘chmasdan saqlanib qolgan.
Arxaik madaniyatda urug‘chilik tuzumi dunyoqarashi qoldiqlari tugab
borishining, antik jamiyat qaror topishining, aristokratiya bilan demos o‘rtasidagi
kurashning, antik quldorlik polisi qaror topishining alg‘ov-dalg‘ovli davri aks
ettirilgan. Arxaik davr madaniyati qurgan poydevor ustida qadimgi grek klassik
madaniyati mil. avv. V-IV asrlarda o‘zining porloq rivojiga erishdi.
Klassik davrda falsafa yanada rivoj topdi. Masalan, Anaksagor – materiya
mayda zarralardan iborat, havo – eng mayda havo zarralaridan, daraxt – eng mayda
yog‘och zarralaridan iborat, deb ta’lim bergan. Lekin u materiyaning kelib
chiqishiga sabab «olamiy aql» deb hisoblar edi. Xuddi shu davrlarda «Tarix fanining
otasi» Gerodot (mil. avv. 490-430), atom nazariyasining asoschisi Demokrit (mil.
avv. 460-370), mashhur tabib, 75 ga yaqin asar muallifi Gippokrat (mil. avv. 460-
375) kabi mashhur olimlar yashab ijod qilganlar. Afinada yashagan ulug‘ mutaffakir
Demokrit butun olam mayda zarrachalar – atomlardan tashkil topgan, ular o‘z
harakati vaqtida to‘qnashib, koinotda narsalarni hosil qiladilar deya dohiyona fikrni
ilgari surdi. Harakat – materiyaning azaliy xususiyatidir, hech qanday ruh yo‘q,
deydi. Demokrit xudolarga va odam ruhini abadiy yashashiga ishonchni chippakka
chiqaradi.
Miloddan avvalgi V asrning ikkinchi yarmida yangi tipdagi falsafiy oqim –
sofizm vujudga keldi. Atoqli faylasuf Suqrot ( mil. avv. 475-399) sofistlar orasidan
chiqqan, lekin keyinchalik ulardan ajralib ketgan edi. Sofistlar haqiqatni bilish
mumkin emas, degan fikrni ilgari surganlar. Suqrot haqiqat bahs-munozarada
tug’iladi deb hisoblar edi («sokratcha dialog»). U odamlarni haqiqatni bilganlar va
bilmaganlarga ajratadi. Aflotun (mil. avv. 427-347) obyektiv idealist edi, ya’ni
obyektiv olamning mavjudligini tan olar edi, lekin narigi dunyoda unga qarshi real
g‘oyalar olamning mahsuli deb hisoblardi.
Mashhur faylasuf Arastu (mil. avv. 384-322) g‘oyat keng ko‘lamda bilimlarga
ega bo‘lganligi bilan ajralib turadi. U yer shar shaklida bo‘lib, butun olamning
markazidir, quyosh va yulduzlar esa yerning atrofida aylanadi, deb hisoblar edi. U
fanlarga nom beradi, botanika – «o‘simlik», fizika – «tabiat», siyosat – «davlat»,
«polis» haqidagi bilimlarni o‘rgatadi deb ta’lim beradi. Ilmiy bilimlarni ayrim
sohalarga bo‘lib chiqdi. Mil. avv. V asrda tarix faniga asos solgan Geradotni «Tarix
otasi» deb tan olishadi, U «Eron-Gretsiya urushlari tarixi»ni yozgan. U Gretsiyaning
qadimgi tarixi hamda Old Osiyo, Misr va boshqa halqlar haqida qimmatli
ma’lumotlar qoldirgan.
O‘sha davrda yashagan Gippokrat tibbiyotga asos solgan. Gippokrat
ta’limotiga ko‘ra, vrach kasalni yengishda organizmga yordam berishi lozim. U
to‘g‘ri ovqatlanish, dori-darmon va jarrohlik amaliyoti haqida asarlar yozib
qoldirgan.
Qadimgi grek madaniyatining eng ajoyib hodisalardan biri bu teatrdir. Teatr
Dionis bayrami vaqtida ijro etiladigan xalq qo‘shiqlari va o‘yinlari asosida paydo
bo‘lgan.
“Teatr” – grekcha so‘z bo‘lib «tomoshalar joyi» demakdir. Miloddan avvalgi
V-IV asrlarda Gretsiyaning hamma shaharlarida ochiq maydonlarda tomoshalar
ko‘rsatiladigan teatrlar qurilgan edi (birinchisi yog‘ochdan, keyinchalik esa toshdan
qurilgan). Ajoyib akustikaga ega bo‘lgan grek teatrlari 20-25 mingtagacha
tomoshabinni sig‘dirgan. Artistlar o‘ynaydigan joy – sahna («skena» - chodir) deb
atalgan. Teatr tomoshalari yilda 2-3 marta qo‘yilgan va 3 kun davomida ertalabdan
kechgacha davom etgan (3 tragediya va 3 komediya qo’yilgan).
Dionis sharafiga aytiladigan marosim qo‘shiqlarining – difiramblarning
ijrochilari echki terisini yopinganlar. «Tragediya» so‘zi «takalar qo‘shig‘i» ana
shundan kelib chiqgan («tragos» - taka, «ode» - qo‘shiq). Tragediyalarda hayotda
odamlar o‘rtasidagi keskin kurash, qahramonliklar, azob-uqubatlar va halokat
tasvirlangan.
Kulgili manzaralar zaminida komediyalar – quvnoq pyesalar yuzaga kelgan.
«Komediya» so‘zi «xushchaqchaq dehqonlar qo‘shig’» degan ma’noni bildiradi.
Teatr tomoshalari ko‘ngil ochish emas, balki muqaddas burchni ado etish
hisoblangan. Teatr tarbiya maktabi bo‘lib, unda qo‘yiladigan pyesalarda axloq,
siyosat va tafakkurning eng muhim masalalari badiiy talqin qilingan.
Pyesalar mualliflari Gretsiyada nihoyatda izzat-hurmat qilingan. Esxil va
Sofoklga Afina teatrida haykal o‘rnatilgan. Ular faqat grek klassiklarigina emas,
balki jahon adabiyotining klassiklari hamdir.
Esxilni (mil. avv. 525-456) tragediyaning otasi deb atashadi. Uning
«Zanjirband Prometey», «Forslar» kabi tragediyalarida insonning yaratuvchilik
kuchi va ozodlik g‘oyalari ilgari suriladi.
Jumladan, Zevs tomonidan yuborilgan Germesga Prometey qanday azob-
uqubatlar bilan jazo berilishini eshitgach, shunday deydi:
Va na qatl, va na makr qilmas aslo kor,
Aytmasman Zevsga hech qanday sir-asror,
Chaqmoq chaqib, mayli o‘tda kuydirsin.
Osmon-u falakni oppoq quyundek,
Hammasini batamom-butkul quritsin:
Ammo irodamni bukolmas aslo,
Jahannam o‘tini qilsa ham paydo.
Kim uning hokimligini etishin bekor,
Xomtama bo‘lmasin, aytmasman zinhor.
Esxilning «Forslar» tragediyasida Yunoniston-Eron urushlarida (muallifning
o‘zi bu urushlarda ishtirok etgan) yunonlarning qahramonona kurashi va g‘alabasi
aks etgan.
Sofokl (mil. avv. 496-406) juda ko‘p tragediyalar yozgan, lekin ulardan faqat
7 tasi bizgacha yetib kelgan: «Antigona», «Shoh Edip», «Elektra» va boshqalar.
Yana bir tragik shoir Yevripiddir (mil. avv. 480-406). U yozgan tragediyalar
his-tuyg‘ularni tahlil qilishga bag‘ishlangan: «Medeya», «Ifegeniya Avlidada»
“Troya urushi”, «Ippolit» (o‘gay ona haqida).
Grek komediyasining klassigi – Aristofan (mil. avv. 450-338) «Tinchlik»,
«Ayollar xalq yig‘inida», «Suvoriylar», «Bulutlar», «Qurbaqalar» kabi asarlari bilan
mashhur. Uning komediyalari keskin siyosiy mazmunga ega bo‘lgan.
Klassik davrda Gretsiyada ibodatxonalar, teatrlar, majlis binolari yetakchi
arxitektura inshootlari edi. Miloddan avvalgi V asrga kelib shaharlarni rejalashtirish
paydo bo‘ladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, bu ibodatxonalar 3 uslubda – doriy, ioniycha va
korinfcha uslublarda qurilgan. Ibodatxonani boshqa binolardan ajratib ko‘rsatish
uchun uni baland poydevor ustiga va baland tepaliklarda qurganlar. Afina akropolida
(tepalik) qurilgan ibodatxona, ayniqsa mashhurdir. Ibodatxonaning ichkari va
tashqarisi haykallar bilan bezatilgan (ularda davlat xazinasi saqlanar edi).
Bizning zamonamizgacha Afina akropolida saqlanib qolgan Parfenon va
Erexteyon ibodatxonalari grek arxitekturasining eng mashhur namunalaridir.
Parfenon ibodatxonasi ma’buda Afinaga bag‘ishlangan (mil. avv. 447-438
yillarda Iktin va Kalliktat tomonidan qurilgan). U marmardan qurilgan bo‘lib, 46
doriycha ustunlar bilan aylantirilgan.
Uning qarshisida Erexteyon ibodatxonasi (mil. avv. 420-415 yillarda
qurilgan) joylashgan bo‘lib. Bu bino sof ioniycha uslubda qurilgan. Uning ustunlari
kelishgan va nafis, kariatidalar deb atalmish qiz haykallari bilan bezalgan.
Haykaltaroshlik haqida gapirganda, Plutarx aytgan so‘zlarni eslash o‘rinlidir.
U “Afinada tirik odamlardan ko‘ra, haykallar ko‘p” degan edi. Balki bu biroz bo‘lsa-
da bo‘rttirishdir, lekin, haqiqatdan ham Afinada haykallar juda ko‘p bo‘lgan.
Miloddan avvalgi V asrda yashagan haykaltarosh Miron o‘z asarlarida («Disk
uloqtiruvchi», «Afina bilan Marsiy» haykallari) harakatni jonli tasvirlagan,
Polikletning «Nayzabardor», «Diodumen» kabi asarlari ham mashhur bo‘lib, ularda
go‘zal yosh o‘smirlar tasvirlangan.
Eng yirik grek haykaltaroshi Fidiy edi. Uning Parfenonda turgan oltin,
yog‘och va fil suyagidan yasalgan ma’buda Afina haykali eng mashhurdir
(balandligi 12,5 m). Fidiy Olimpiada Zevsning taxtda o‘tirgan haykalini yasagan.
Fidiy asarlari bilan Parfenon ibodatxonasi bezatilgan.
Miloddan avvalgi IV asrning ulug‘ haykaltaroshi Praksitel bo‘lib, u o‘z
asarlarida asosan «Germes», «Knidlik Afrodita» ma’budalarni, chiroyli, latofatli
yigitlar va yosh juvonlarni tasvirlagan. U birinchi bo‘lib ma’buda Afroditani
yalang‘och holda aks ettirdi.
Skopas odamlarning jismoniy va ruhiy azoblarini tasvirlagan, masalan,
«Menada», «Yaralangan jangchi boshi», Tegeydagi fronton guruhida yarador
jangchilar boshlari tasvirlangan.
Klassik davr bilan ellinistik davr chegarasida rassom Lisipp ijod qilgan (mil.
avv. IV asrning oxirlarida). U jismoniy va irodasi kuchli kishilarni tasvirlagan va
yaxshi portretchi rassom bo‘lgan. Uning «Gerakl», «Apoksiomen», «Aleksandr
Makedonskiyning boshi» kabi portretlari mashhurdir.
Klassik rassomlik keng tarqalgan, lekin afsuski, bizning zamonamizgacha
uning namunalari deyarli saqlanib qolmagan. Grek rassomlarining (Polignat,
Apollodor, Apelles, Zevksis va boshq.) freska va mozaikalari uchun odatda
mifologiyaning ayrim manzaralari syujet bo‘lib xizmat qilgan, zamon voqealarini va
greklarning turmushini aks ettirganlar. Vazalarga naqsh va rasm solish davom etgan
(qora gulli, qizil gulli ko‘zalar).
Ellinistik dunyo madaniyati ( mil. avv. III-II asrlar) murakkab va xilma-xil
edi. U grek madaniyatining hamda yaqin Sharq va qisman O‘rta Sharq mamlakatlari
madaniyatining sintezi va turlicha qo‘shilib ketishidan iborat edi.
Uzoq harbiy yurishlar, savdo-sotiq aloqalari, greklarning yaqin Sharq
mamlakatlariga ko‘chib borishi, ularga sharq madaniyati bilan yaqindan tanishishga
imkon berdi va Aleksandr Makedonskiy istilo qilgan mamlakatlarda mahalliy aholi
grek madaniyati bilan tanishdi.
Ellinistik madaniyat uchun xarakterli belgisi shuki, u grekcha tus olgan edi.
Greklar, makedonlardan, ellinlashgan mahalliy yer va savdo aristokratiyasidan,
chinovniklar va qohinlardan tarkib topgan hukmron sinf orasida umumgrek tili
koyne keng tarqaldi. Undan tashqari, eski grek dialektlari, mahalliy tillar – misr
(demotik) tili, salavkiylar davlatida oromiy, akkad va boshqa bir qancha tillar
rivojlandi.
Ellinistik madaniyatning muhim belgisi texnikani yanada rivojlanishida
yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, Arximed sug‘orish uchun qo‘llanilib kelingan
charxpalak (chig‘ir) mexanizmini yaxshilagan, gorizontal ramali to‘quvchilik
dastgohini takomillashgan. Otuv to‘plarining rivojlanishi (toshotar), taranlar (qamal
qilish uchun), besh qatorli kemalar, mayoqlar (Faros orolida) paydo bo‘ldi.
Vaziyat ellinistik hukumatlardan fan va texnikani rivojlantirishga e’tibor
berishni talab qilardi. Misrdagi Iskandariya, Orontdagi Pergam, Antioxiya kabi
shaharlar ellinistik dunyoning ilmiy va madaniy markazlari edi. Afina ham madaniy
markaz sifatida o‘z ahamiyatini saqlab qolgan edi.
Iskandariyada Ptolemeylar homiyligida o‘sha vaqt uchun g‘oyat katta
kutubxona bo‘lib, unda ellinistik davrning oxiriga borib 700 mingga yaqin papirus
va pergamentga yozilgan qo‘lyozma kitoblar bor edi. Pergament – buzoq va
qo‘zilarning yaxshi ishlangan terisidir. Kichik Osiyoda Pergam shahri pergament
ishlab chiqarish markazi edi. Iskandariyada tosh terilgan to‘g‘ri ko‘chalar, teatr,
muhtasham podsho saroylari, gimnasiylar va mashhur Museyon, ya’ni “muza” (fan
va san’at homiysi)larning muqaddas makoni bo‘lgan. Museyonda kutubxona,
observatoriya va olimlar uchun turarjoy ham bor edi. Bunda olimlar podsho hisobiga
yashab, fan, falsafa va adabiyot bilan shug‘ullanardilar.
Ellinistik davrning mashhur olimi Teofrast (mil. avv. 370-285) –
«botanikaning otasi» degan nom olgan edi.
Straton (mil. avv. III asr) – «fizik» degan laqab olgan edi, chunki u fizika
hodisalarini tadqiq qilishda eksperiment tadbiq etishga intilgan edi.
Aristarx (mil av. 310-230) – buyuk astronom, u yer va boshqa planetalar
quyosh atrofida aylanadi, degan gipotezani ilgari surgan. Lekin isbot qilolmagan.
Yevklid (mil. avv. III asr) – qadimgi dunyoning buyuk matematigi bo‘lib, u
o‘zining «Ibtido» asari bilan boshlang‘ich geometriyaga asos soladi. Erastosfen
(Kurenalik, mil. avv. 275-208) – yer shari aylanasining uzunligini ko‘p daraja
aniqlik bilan hisoblab chiqdi. U «Geografiya» terminini birinchi bo‘lib ishlatgan edi.
Arximed (Sirakuzadan, mil. avv. 285-212) nazariy mexanikaning,
gidrostatikaning, Sferek geometriya va trigonometriyaning asoslarini yaratdi, katta
sonlarni hisoblab chiqishning arifmetik metodlarini takomillashtirdi.
Gerofil (mil. avv. IV-III asr) – Iskandariya meditsina maktabining asoschisi
edi. Odamning tasviriy anatomiyasini yaratgan, diagnoctika metodlarini aniqlagan,
dori-darmonga katta ahamiyat bergan.
Gipparx (mil. avv. II asr) – astronom va geograf, u 900 ga yaqin yoritgich
yulduzlarning xaritasini tuzgan. Yerdan Oygacha bo‘lgan masofani, yer va Quyosh
massasi haqida bilimlarni aniqlagan, ekvatorni 360 ga taqsimlab, uzunlik va kenglik
tushunchasini joriy qilgan.
Zenon (Kiprdan, mil. avv. 336-264) – stoiklar falsafasining asoschisi.
Stoitsizm eng ko‘p tarqalgan va uzoq yashagan elinistik falsafiy maktab edi. Stoiklar
hamma narsani – fikr, so‘z, olov va shu kabilarni jism deb ataganlar. Ular olamni
uzluksiz rivojlanib turadigan olov, deb hisoblar edilar. Koinot olovdan tashkil
topgan va kelgusida uni olov yutadi. So‘ngra esa yana bunyod bo‘ladi, lekin ilgarigi
narsalarni aynan takrorlaydi. Olamda yuz bergan narsalarning hammasi qonuniy va
zaruriydir. Taqdir, qismat, etika (odamning xatti-harakati to‘g‘risida ta’limot)
stoiklar falsafasining bir qismi bo‘lgan.
Epikurchilar ellinistik falsafiy maktabining asoschisi Epikur (Samos orolidan,
mil. avv. 341-272) materialist edi. Materiya atomlardan iborat, ruh ham atomlardan
iborat, xudolarning mavjudligini tan olar edi. U kamtarin hayot kechirishga
chaqirgan.
Ellinizm davridagi tasviriy san’at ajoyib yutuqlarga erishdi. Ellinistik san’at
qarama-qarshi xususiyatlarga ega bo‘lgan, unda hashamatli va shohona, ulug‘vor va
kichik, dabdabali va oddiy, allegorik va naturalistik haykallarni, shaxsning
individualligini yaqqol ko‘rsatadigan portretlarni ko‘rish mumkin. Yakka va guruh
tarzidagi haykallarda jismoniy va ruhiy azob, kurash, g‘alaba, o‘lim va shu kabilar
tasvirlangan. Peyzajni fon sifatida tasvirlab, unda yoki uning o‘rtasida asosiy
syujetni aks ettirish haykaltaroshlikda yangilik edi va bu narsa klassik davr
haykaltaroshligiga ma’lum emas edi.
Antik plastikasining buyuk namoyondalari sifatida – Miloslik Afrodita,
Samofrakillik Nika, Diadax, Pergam mehroblarini ko‘rsatish mumkin.
Rodos haykaltaroshlik maktabiga mansub g‘alabaning qanotli ma’budasi
Nika (mil. avv. II asr) ellinistik davrning go‘zal haykali hisoblanadi. Ma’buda kema
tumshug‘iga qo‘ngan holda tasvirlangan. Haykaltarosh Nikaning shamol sari
intilishini ko‘rsatgan (hozir Fransiyadagi Luvr muzeyida saqlanadi). Uni ko‘rib
dunyoning kengligini, tabiat bilan birlikni tasavvur qilish mumkin.
Ellinizm davrining ikkinchi yarmida haykaltaroshlikda klassik davrning
ideallashtirilgan shakllariga qaytishga intiluvchi yo‘nalish kuchayadi. Bunga
Miloslik Afroditaning haykalini ko‘rsatish mumkin (u 1820 yilda topilgan). Yarim
yalang‘och Afrodita go‘zal va hotirjam – «marmardan yasalgan topishmoq». Unda
go‘zal va ulug‘vor ayol ideali aks ettirilgan.
Bu davrning yana bir ajoyib yodgorligi – bu Pergam mehrobining frizidir
(bo‘rtma rasm). Dramatizmga to‘la Pergam maktabi Skopasga borib taqaladi. Unda
xudolarning gigantlar bilan olishuvi tasvirlangan. Bu – Pergamning va boshqa
ellinistik davlatlarning jangovor galat qabilalari bilan olib borgan og‘ir kurashining
ramzi edi (frizning uzunligi 120 m, mehrobning pastki qismida joylashgan,
balandligi 2 metrdan ortiq). Tasvir juda ta’sirli ifodalangan: zabardast tanalarning
muskullari tarang tortilgan, yengilganlarning chehralari azob-uqubatdan tirishgan
holatda tasvirlangan.
Ellinistik davr bizga buyuk faylasuflar – Suqrot, Aristotel, Yevripid,
Demosfen, Gomerlarning portretlarini qoldirgan.
Ellinistik davrning oxiriga borib haykaltaroshlikda dahshatli syujetlarga va
yasamalikka mahliyo bo‘lish ko‘rina boshlaydi. Bularga «Farnez buqasi»,
«Laokoon» guruhi haykallarini ko‘rsatish mumkin. «Laokoon» mualliflari keksa
kohin Laokoon va uning o‘g‘illarining azob-uqubatli o‘limini tasvirlaganlar. U
Troya urushi syujeti asosida yaratilgan, ya’ni – qahramonlarni ilonlar bilan kurashi
befoydaligi va o‘lim yaqinligi yaqqol tasvirlangan. Hattoki Laokoon qichqiradigan
emas, balki og‘riqdan ingrayotgan holda tasvirlangan.
Ellinizm davrida hajm jihatdan kichik-kichik haykaltaroshlik asarlari paydo
bo‘ldi
(quyiluvchi
terrakota
haykallari).
Undan
tashqari
bu
davr
haykaltaroshligining xarakterli hususiyatlaridan biri bolalar, qariyalar, xizmatkorlar
tasvirlangan haykallarning ko‘plab tarqalishidir, hattoki xudolar ham bolalar
shaklida ishlangan – Kupidon (Erot sevgi xudosi), Apollino (Apollon san’at –
xudosi).
Tosh o‘ymakorligi san’ati katta muvoffaqiyatlarga erishdi. «Kameya
Gonzago» deb atalgan asar uning ajoyib namunasi hisoblanadi. Unda misrlik podsho
Ptolomey va malika Arsinoyaning boshlari yon tomonidan tasvirlab ko‘rsatilgan
(hozir Sankt Peterburg shahri Ermitajida saqlanadi). Uch qatlamli sardoniks toshda
har xil tabiiy rangda: osti – qoramtir, keyin – zangori oqishtob, usti – tillorang-malla,
pushti aralash rangda. Bu ko‘p qatlamli bezak – go‘zal tasvirlardan biri.
Mo‘m buyoqlar bilan chizilgan kartinalardan va freskalardan deyarli hech
nima saqlanib qolmagan.
Greklar, odatda, xiton (yengsiz ko‘ylak), tunika (kalta yengli ko‘ylak),
gimatiy (yopinchiq) kiyishgan. Bu kiyimlar inson qiyofasiga ulug‘vorlik, soddalik
baxsh etgan, inson tanasining egiluvchanligini ko‘rsatgan. Kiyimlar asosan oq jun
va kanop matolardan tayyorlangan, to‘g‘nog‘ich belbog‘lardan foydalanilgan. Oyoq
kiyim vazifasini boldirni o‘rab turadigan tasmali shippaklar bajargan. Qadimgi
greklarning kiyimlari ham meyor va tabiiy go‘zallikni namoyon qilishga xizmat
qilgan.
Qadimgi Gretsiya madaniyati jahon madaniyatiga katta ta’sirini o‘tkazdi va
hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, qadimgi Grek madaniyati jahon
madaniyatining umumiy madaniy merosining muhim qismini tashkil etadi.
Grek madaniyatini, uning tozaligi, sofligi, go‘zalligi, insonni yuksak darajaga
ko‘targanligi uchun sevmasdan bo‘lmaydi. «Har bir odam grek bo‘lishi kerak»,
degan edi buyuk Gete. Bu bilan u har bir inson abadiy garmoniya idealiga,
go‘zallikka intilishi lozimligini nazarda tutgan.
Qadimgi Lotin madaniyati. Respublika va imperiya davri madaniyati.
Ellinistik madaniyatning qadimgi Lotin madaniyatiga ta’siri
Qadimgi Rim madaniyati antik va qadimgi davr madaniyatini yakunlaydi.
Grek tarixini keng ma’noda siyosatchilar bilan birga me’morchilar,
haykaltaroshlar, rassomlar, shoirlar va faylasuflar yaratganlar. Ular uchun san’at
hayot bilan bog‘liq edi. Rimda esa tarix yaratuvchilar – bu siyosatchilar, notiqlar,
yuristlar, sarkardalar, shaharlar va provinsiyalar hokimlari bo‘lgan. Shuning uchun
san’atkorlarning Rimda o‘rni boshqacha, ular kundalik hayotga moslashgan edi.
Lekin, qadimgi Rim madaniyatining o‘z «mu’jizasi» bor edi. Rimliklar ikkita
yuksak madaniyatli xalqlar – greklar va etrusklar bilan qo‘shni bo‘lib yashaganlar.
Greklar Italiyaga («Etaliya» - olovli yer, vulqonlar yoki «buzoqlar mamlakati») mil.
avv. VIII asrdan janubga va Sitsiliyaga ko‘chib kelishgan. Etrusklar Kichik Osiyoda
Sardiniya orolida, keyinchalik Appenin yarim orolida yashaganlar. Miloddan
avvalgi 753-yilda Rim shahriga asos solingan. Afsonaga ko‘ra Rimga egizaklar –
Romul va Rem asos solgan deyiladi. Shu vaqtdan Rimning monarxiya boshqaruvi
tarixi boshlanadi. U davrda jamiyatning muhim masalalarini xalq majlisi hal qilgan.
Patritsiylarning (tub yer aholisi) nufuzli oqsoqollaridan «Keksalar kengashi»
tuzilgan, uni lotinchada Senat deb atashgan. Dastlab Senat va podsho xalq majlisiga
tayanib davlatni idora qilgan. Shahar aholisi lotin qabilalari Palatin tepaligida, sabin
qabilalari Seliy tepaligida yashaganlar. Kapitoliy deb atalishi o‘pirma jarligi bor
tepalik shahar markazi bo‘lganligi sabablidir. Bu yerda eng izzatli ma’budalar
sharafiga ibodatxonalar barpo qilingan.
Qadim zamonda Rim ko‘chalari binolari bir-biriga yopishib turgan egri-bugri
labirintdan iborat bo‘lgan. Ko‘pchilik ko‘chalarda tosh yotqizilmagan, shu sababli
goh chang, goh tuzon, goh yurib bo‘lmaydigan botqoqlikka aylangan. Axlat va iflos
suvlarni oqizib yuborish uchun Rimda, rivoyatlarga ko‘ra mil. av. VI asr oxirlarida
yer tagidan katta quvur – kloaka o‘tkazilgan. Mil. av. III asrda qurilgan osma
tarnovlardan tog‘ suvlari oqib tushib katta favvoralarga quyilgan, shahar xalqi shu
tariqa suv bilan ta’minlangan.
Rim madaniyatining rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan etrusklar guruhi edi.
Miloddan avvalgi VII-VI asrlarda etrusk hunarmandlari Rim hunarmandlariga
metalsozlik texnikasini o‘rgatganlar, rimliklar arxitektura uslubining muhim
xususiyatlarini ham etrusklardan o‘rganganlar.
Etrusk madaniyati tarixi maqbaralar bilan boshlanib, maqbaralar bilan
tugaydi. Buning sababi asli vatani bo‘lgan – Kichik Osiyoning va Sharqning ta’siri
bo‘lsa kerak. Bu yerlarda biz rasm solingan devorlar, qimmatbaho buyumlar bilan
sovg‘alar qo‘yilgan maqbaralarni uchratamiz.
Ular ichida Regolini-Galassi maqbarasi (mil. avv. VII-VI asrlar) mashhurdir.
U uzun tor piramida shaklida yopilgan koridordan iborat bo‘lib, u yerda Lartiya ismli
ayol dafn etilgan (yonida turgan ko‘zada uning ismi yozilgan, ayolning yoniga narigi
dunyoda “yaxshi turmush kechirishi” uchun taxt, aravacha, suv va oziq-ovqat uchun
ko‘zalar, hatto to‘shak ham qo‘yilgan).
Maqbaralar doira (osmon ramzi), kvadrat (yer ramzi) shaklida qurilgan.
Bunga Kazal Marittimo (mil. avv. VI asr) va Flabelli (mil. av. VII-VI asrlar)
maqbaralarini ko‘rsatish mumkin.
Etrusklardan qolgan yodgorlik – bu kanoplar – o‘lganlar kulini saqlash uchun
yasalgan ko‘zalar bo‘lib, ularning qopqog‘i shlem, odam shaklida ishlangan, hattoki
portret shaklida ishlanganlari ham bor (Cheton, Kyuzi, Siven kanoplari).
Maqbara devorlarida chizilgan rasmlar go‘yoki narigi dunyodagi ajoyib
hayotni: baliq ovi, ov, sport bilan shug‘ullanish, ishrat qilish, kurash kabilar
tasvirlangan. Bu yerda xudolar tasvirini uchratish mumkin (Fufluns – Dionis).
Bunday tasvirlar Tarkviniyada Sherlar maqbarasida, Avgurlar maqbarasida
uchraydi. Bularning hammasi etrusklarning diniy-mifologik qarashlarini ifodalaydi.
Qabrlar ustiga qo‘yiladigan sarkofaglar haykallar tarzida ishlangan, ular xuddi
hayot bo‘lganidek quchoqlashib, jilmayib turishibdi (mil. avv. VI asr er-xotin
tasvirlangan Chervertidagi sarkofag). Shu tariqa xudolarni ham xushchaqchaq
tasvirlashgan (Apollon va Germes).
Afsuski, bizgacha bironta ham etrusk ibodatxonasi yetib kelmagan, lekin aniq
bo‘lishicha ular to‘rtburchak silliq ustunlar bilan uch tomondan aylantirilgan
bo‘lgan. Ularning ichini terrakotali maskalar bezab turgan. (Meduza Gorgona
maskasi – Veyyadagi Apollon ibodatxonasidan topilgan).
Shunisi qiziqki, rimliklarning birinchi ibodatxonasini – Kapitoliydagi –
Yupiter, Yunona va Minerva ibodatxonalarini etrusklar qurishgan (mil. av. VI
asrdan to milodning I asrigacha saqlangan). Rim shahrining emblemasi qilib Ona
bo‘rining haykali qabul qilingan (Kapitoliy Ona bo‘risi – mil. avv. V asr).
Rivoyatlarga ko‘ra bu Ona bo‘ri Rimning asoschilari egizaklar Romul va Remni
emizib o‘stirgan. Bronzadan yasalgan bu haykal tishlarini ko‘rsatib turgan bo‘ri
odam bolalarining mehribon onasi sifatida tasvirlangan.
Etrusklar san’atining yana bir ajoyib namunasi – bronzali oynalar bo‘lib,
uning orqa tomoniga gravyurali rasmlar ishlangan (Kalxas tasvirlangan oyna – mil.
avv. IV asr). Oynalarni qabrlarga qo‘yishar edi.
Diniy marosimlarni, xususan qurbon qilingan hayvonlarning ichak-chavog‘i
va qushlarning uchishiga qarab istiqbolni aytib berishni rimliklar etrusklardan
o‘zlashtirganlar. Eng qadimgi va ko‘proq afsonaviy Rim tarixining eng muhim
paytlariga oid doston va qissalar ham etrusklar bilan bog‘liq. Lotin alfaviti ham
etrusklar ta’sirida tarkib topgan.
Miloddan avvalgi III asrda etrusklar yerini va janubiy Italiyada greklar
yashayotgan yerlarni rimliklar egallab olishdi. Rim madaniyatiga grek
madaniyatining ta’siri kuchaydi. Etrusk madaniyati rimliklar madaniyati bilan
qorishib ketadi.
Rimliklarning diniy tasavvurlari larlar va penatlar deb atalmish, oila va
ro‘zg‘or homiylari hisoblanmish ajdodlar ruhi va ma’budalariga sig‘inishdan iborat
bo‘lgan. Mil. avv. II-I asrlarda ham ajdodlarining suratlari odamlarning uylarida,
mehmonxonalarda, o‘choq yonida, kichikroq qurbongoh o‘rnatilgan muqaddas
joyda saqlangan.