Romantizm. F.Shubert ijodi.(1797-1828)
Reja:
1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmuni.
2. Kompozitorning tarjimai holi.
3. Vokal tsikllari.
4.Hayot va ijodining so’nggi yillari.
5. Shubertning vokal ijodi.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar: Konvikt, pafos, qo’shiqlar turkumi,
vokal tsikllar, prelyudiya, fuga, inventsiya, temperatsiya, klavir, polifoniya, passion,
messa, motet, organ, cherkov, tokkata, kaprichchio, pasxal, inventsiya, fantaziya,
oratoriya, kantata, syuita, passaj, kantor, xoral.
1-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Shubert musiqasining g’oyaviy
mazmuni bilan tanishtirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmunini tushuntirib beradi.
1-asosiy masalaning bayoni:
1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmuni. Shubert jami o’ttiz bir yilgina
yashagan, xolos. U hayotiy muvaffaqiyatsizliklar iskanjasida, jismonan va ma’naviy
jihatdan qiynalgan holda vafot etgan. Uning to’qqizta simfoniyasidan birontasi ham
hayotligida ijro etilgan emas. Uning jami 600 ta qo’shig’i bor. 20 ga yaqin sonatasidan
faqat uchtasigina nashr etilgan edi.
Shubert
dastlabki
romantik-kompozitorlardan
biri
edi.
Uning
hayoti
ziddiyatlarga to’la bo’lgan. Bu holat aslida ijodiy intilishlari boshqacharoq bo’lgan
san’atkorga xosdir. Betxovendan farqli ravishda, Shubert san’atkor sifatida inqilobiy
qo’zg’olonlar davrida emas, balki ijtimoiy-siyosiy reaktsiyalar davrida yashab, ijod
etdi. Betxoven musiqasidagi buyuklik va qudrat, inqilobiy pafos va falsafiy teranlikka
Shubert lirik miniatyuralari, xalq hayoti manzaralarini qarshi qo’yadi. Shubert
Venaning birinchi romantik kompozitori edi. Venalik romantiklikning dahosi aynan
halqona maishiy janrlarda namoyon bo’ldi.
Nazorat topshiriqlari:
1.1.1. Shubert musiqasining g’oyaviy mazmuni xaqida bayon qiling.
1.1.2. Shubertning Vena romantikligiga xos uslublariga izoh bering.
2-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Shubert musiqasining g’oyaviy
mazmuni bilan tanishtirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
2.1. Shubertning tarjimai holini bayon qiladi..
2.2. Shubertning yaratgan asarlariga tasnif beradi.
2-asosiy masalaning bayoni:
Kompozitorning tarjimai holi. Frants Shubert 1797-yilda Vena yaqinidagi
Lixtental degan joyda dunyoga kelgan. Otasi maktab o’qituvchisi bo’lib, dehqon
oilasidan kelib chiqqan edi. Onasi esa chilangarning qizi bo’lgan. Oilada musiqani
sevishardi, doimiy ravishda musiqa oqshomlarini tashkil etib turishgan. Otasi
violonchel, akalari turli-xil musiqa cholg’ularini chalishgan.
Yosh Frantsdagi musiqiy qobiliyatni sezgan ota va akasi Ignats unga skripka va
fortepiano chalishni o’rgatishadi. Tez orada bolakay alt partiyalari ijrosi bilan oilaviy
torli cholg’ular kvartetida ishtirok eta boshlaydi. Frantsning ovozi go’zal va yoqimli
edi. U cherkov xoriga qatnashar, u erda murakkab yakkaxon partiyalarni ijro etardi.
Ota o’g’lining muvaffaqiyatlaridan xursand bo’lardi. Frants 11 yoshga to’lganda, uni
konvikt – cherkov qo’shiqchilarini tayyorlovchi maktabga berishadi.
O’quv yurtidagi sharoit boladagi musiqiy qobiliyatning rivojlanishi uchun qo’l
keldi. Maktab o’quvchilari orkestrida u birinchi skripkachilar guruhida chalar, gohida
esa dirijyor vazifasini ham bajarar edi. Orkestrning repertuari juda hilma-hil edi.
Shubert turli janrlardagi simfonik asarlar (simfoniyalar, uvertyuralar), kvartetlar,
vokal asarlari bilan tanishadi. U do’stlariga Motsartning sol minor simfoniyasi
hayajonga solganini e’tirof qilgan. Unga Betxovenning musiqasi yuksak namuna
bo’lgan.
O’sha yillarning o’zidayoq Shubert ijod qila boshlagan edi. Uning dastlabki
asarlari – fortepiano uchun fantaziya, bir qator qo’shiqlar bo’lgan. Yosh kompozitor
ko’p ijod qilar, ularni zavq bilan, berilib yaratar, ko’pincha bu maktabdagi boshqa
o’quv fanlari hisobiga bo’lardi. Boladagi favqulodda qobiliyat saroy kompozitori
Salerining e’tiborini tortadi. Uning qo’lida Shubert bir yil davomida shug’ullanadi.
Vaqt o’tishi bilan Frantsdagi musiqiy qobiliyatning shiddat bilan rivojlanib borishi
otasini ko’proq bezovta qila boshlaydi. Hatto butun dunyoga mashhur bo’lgan
musiqachilarning ijodiy yo’llari juda qiyin kechganligini yaxshi bilgan ota
farzandining bunday taqdirga duchor bo’lishidan saqlab qolmoqchi bo’ladi.
Musiqa bilan haddan tashqari ko’p mashg’ul bo’lishiga nisbatan jazo tariqasida
u o’g’lining bayram kunlarida ham uyga kelishini ta’qiqlab qo’yadi. Biroq xech
qanday ta’qiqlar boladagi iste’dodning rivojiga to’siq bo’la olmaydi. Shubert konvikt
bilan aloqani uzishga, zerikarli va keraksiz darslardan qutilish, foydasiz, insonning
qalbi va aqliga ta’sir qilmaydigan qoidalarni unutishga, erkinlikka chiqishga qaror
qiladi. U butunlay o’zini musiqaga bag’ishlaydi, faqat u bilan yashashga intiladi.
1813-yil 28-oktyabrda u o’zinig Birinchi simfoniyasini yozib tugatadi.
Shubert partituraning oxirgi sahifasiga shunday so’zlarni yozib qo’ygan edi: “Xotima
va tugatish”. Bu simfoniyaning xotimasini hamda konviktning tugallanganligini
anglatardi. Uch yil u o’qituvchiga yordamchi bo’lib ishladi, bolalarga savod va boshqa
dastlabki o’quv fanlaridan dars berdi. Shunga qaramay, uning musiqaga havasi, ijod
qilish istagi tobora kuchayib borar edi. Uning o’ziga xos ijodkorlik tabiatiga hayrat
bilan boqishga to’g’ri keladi. 1814-yiladn 1817-yilgacha hamma narsa unga qarshi
qaratilganday ko’rinsa-da, u hayratlanarli darajadagi ko’p asarlarini yaratadi. Faqat
1815-yilning o’zidagina Shubert 144 ta qo’shiq, 4 ta opera, 2 ta simfoniya, 2 ta messa,
2 ta fortepiano sonatasi, torli kvartet yaratadi.
Otasining barqaror oylikka ega bo’lgan o’qituvchi qilish orzusi chippakka
chiqadi. Yosh kompozitor o’zini musiqaga bag’ishlash haqida uzil-kesil qaror qabul
qildi hamda maktabdagi o’qituvchilik ishini tashladi. Shubertning shundan keyingi
unchalik uzoq bo’lmagan hayoti ijodiy jasoratlaridangina iborat. Katta moddiy
qiyinchiliklarni boshidan kechirishiga qaramay, u tinimsiz ijod qilar, bir asar ketidan
ikkinchisini yaratar edi. Moddiy qiyinchiliklar baxtiga qarshi, uning yaxshi ko’rgan
qiziga uylanishiga mo’nelik qiladi. Tereza Grob cherkov xorida qo’shiq aytardi.
Dastlabki repetitsiyadayoq Shubert uni payqab qoladi, vaholanki, bu qiz boshqalardan
keskin ajralib turmasdi. Musiqa boshlanishi bilanoq, Terezaning rangsiz yuzlari
jonlanib ketardi.
Shubert taqdir nayranglariga qanchalik ko’nikmasin, o’ziga nisbatan uning
bunchalik shafqatsiz bo’lishini tasavvur ham qilmagan edi. U o’z kundaliklarida:
“Haqiqiy do’stni topgan kishi baxtlidir. Agar bu do’stni o’z xotini qiyofasida topgan
kishi yanada baxtliroqdir”, - deb yozgan edi. Afsuski, uning orzular amalga oshmadi.
Bir necha yillar (1817-yildan 1822-yilgacha) davomida Shubert navbat bilan
goh u, goh bu do’stlarinikida yashab yurdi. Ularning ayrimlari (Shpaun va
Shtadler) kompozitorga konvikt davridan do’st edi.
Keyinroq ularning safiga san’at sohasida ko’p qirrali iste’dod sohibi Frants
Shober, rassom Shvind, shoir Iogann Mayrxofer, qo’shiqchi Mixael Fogl va boshqalar
kelib qo’shildi. Bu davrning jon-u dili Shubert edi. Bo’yi kichkina, yag’rindor, uzoqni
yaxshi ko’ra olmaydigan Shubert nihoyatda kirishimli odam edi.
Uchrashuv paytlarida do’stlar badiiy adabiyot, o’tmish va zamonaviy poeziya
bilan tanishar edi. Duch kelgan muammolar ustida qizg’in bahslashishar, mavjud
ijtimoiy tartiblarni tanqid qilishar edi. Biroq, ba’zi paytlarda bunday uchrashuvlar
faqat Shubert musiqasiga bag’ishlanar, ular hatto, “shubertxonlik” degan nom ham
olgan edi. Bunday uchrashuvlarda kompozitor fortepianodan uzoq ketmas, shu erning
o’zidayoq ekosezlar, valslar, lendlerlar va boshqa raqslar uchun musiqa ijod qilardi.
Ularning ko’pchiligi qog’ozga tushirilmasdan shu taxlitda qolib ketgan. Shubertning
qo’shiqlari bundan xam ko’proq qiziqishni uyg’otar, ularni ko’pincha Shubertning
o’zi ijro etardi.
Maishiy hayotdagi parokandalik Shubertni qizg’in, uzluksiz, ehtirosli ijoddan
chalg’ita olmasdi. U izchil, muntazam ijod qilardi. “Men har kuni saharda ijod
qilardim. Bir p’esani tugatiboq boshqasini boshlardim”,- de e’tirof etgan edi
kompozitorning o’zi. Ayrim kunlarda u o’nlab qo’shiqlar yaratardi. Musiqiy g’oyalar
unda uzluksiz tarzda paydo bo’lardi. Kompozitor ularni arang qog’ozga tushirishga
ulgurardi. Musiqa uning tushlariga xam kirib chiqardi. Uyg’onishi bilanoq u tezda
ularni yozib olishga urinar, shuning uchun u ko’zoynagini, hatto uxlab yotganida xam
olib qo’ymasdi. Agar asar birdaniga takomillashgan va yakunlangan tarzda quyilib
kelmasa, to o’zi qanoat hosil qilmaguncha, ishni davom ettirar edi. Xuddi shuning
uchun ham Shubert ayrim she’riy matnlarni etti variantgacha yozgan! Shu davrda
Shubert o’zining mashhur ikki asari – “Tugallanmagan simfoniya” va “Go’zal
tegirmonchi qiz” qo’shiqlar turkumini yaratadi.
Shubertning “Tugallanmagan simfoniya” si (1822) yangi turdagi lirik-
drammatik simfoniya bo’lib, to’liq tugallangan asardir. Unda mujassamlashgan
obrazlar hamda ularnin rivoji ikki qismda o’z ifodasini topgan. Har ikki qism ham
lirik bo’lishiga qaramay, ularning xar biri o’ziga turfa ranglarga ega. Birinchi qismida
lirik kechinmalar fojiali chuqurlashuv bilan berilsa, ikkinchi qismidagi lirik bosiq,
ma’rifiy o’y-hayollarga to’yingan tarzda beriladi. Boshqa asarlarida bo’lgani kabi, bu
simfoniyasi ham Shubert markazga oddiy inson tuyg’ularini qo’yadi.
Shubert qalbidagi eng nodir tuyg’ular qo’shiqlarda mujassamlashgan edi.
Ularda kompozitor kutilmagan yuksakliklarga ko’tarilgan. Shubert qo’shiqlarini
butun umri davomida yaratdi. Uning musiqiy merosida 600 dan ortiqroq qo’shiqlari
bor. Vokal lirikasi tarixga Shubert Gyote she’rlariga yozgan qo’shiqlari bilan kirgan
bo’lsa, o’zining qisqa umrini, Geyne she’rlariga bastalagan qo’shiqlari bilan
yakunladi. Shubert she’riy matnlardan o’zini to’lqinlantirgan fikr va tuyg’ularni
izlardi. Shubert qo’shiqlaridagi asosiy o’rinni vokal (yakkaxon) musiqasi tashkil etadi.
Unda poeziya va musiqa uyg’unligining yangicha romantik munosabatlari aks etgan
bo’lib, ular o’z o’rinlarini almashtirgandek tuyuladi, ya’ni go’yo so’zlar “kuylaydi”,
musiqa “gapiradi”.
Nazorat topshiriqlari:
2.1.1. Shubertning bolalik yillari xaqida ma’lumot bering.
2.1.2. Shubertning san’at sohasidagi do’stlari xaqida bering.
2.1.3. Shubertning “ Birinchi simfoniyasi” ga izoh bering.
2.2.1. Shubertning ustozlari xaqida bayon qiling.
2.2.2. Shubertning “ Tugallangmagan simfoniyasi”ga izoh bering.
2.2.3. Shubert qaysi adiblar she’rlariga qo’shiq yozgan?
3-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Shubertning vokal turkumlari
bilan tanishtirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
3.1. Shubertning vokal turkumlariga izoh beradi.
3.2. Shubertning vokal lirikasida qo’shiq turkumlariga izoh beradi.
3-asosiy masalaning bayoni:
Vokal tsikllari. Shubert ifodali vokal musiqaning yangi turini kashf etdi. Ular
XIX asr musiqasida etakchi o’rinni egallaydi. Ohanglar matnning istalgan burilish va
o’zgarishlariga moslashishi undagi nozik tomonlarni sayqallashtiradi. Shubert
qo’shiqlarida jo’rovozlikning o’rni va ahamiyati kattadir. Shubert fortepiano
partiyalarida badiiy tavsifni o’zining sehrli va yashirin ta’sirchanligiga ega bo’lgan
qudratli omil sifatida talqin qiladi. Vokal musiqa hamda jo’rovozlikdagi, qo’shiq
janrlari va shakllarida Shubert tomonidan kashf etilgan yangicha tamoyillar keyingi
taraqqiyot uchun zamin bo’ldi va vokal lirikaning rivoji uchun imkoniyatlar yaratdi.
O’n olti qo’shiqdan tashkil topgan birinchi to’plam “Urchuq yonidagi Gretxen”, “Dala
atirguli”, “O’rmon shoxi”, “Podachining shikoyati” kabi mukammal qo’shiqlarni o’z
ichiga olgan. “Urchuq yonidagi Gretxen” qo’shig’ini Serov iborasi bilan aytganda,
“buyuk dramatik dostonlar” qatoriga kiritish mumkin. U sevuvchi va iztirob
chekuvchi ayolning ichki dunyosini ochib beruvchi nozik psixologik etyuddir.
Qo’shiq band shaklida yozilgan bo’lib, keyingi rivojlangan vokal xamda fortepiano
partiyalari bilan ziynatlangan.
“O’rmon shoxi” balladasi kompozitorning fantastik obrazlarga, real hayot
voqealari uydirmalaridan ajratib bo’lmaydigan syujetlarga romantik qiziqishlari
namoyon bo’lgan asardir. Ballada erkin kompozitsiyaga tayangan bo’lib, uning
musiqiy qurilishi syujetning kengaytirilishiga bo’ysundirilgan. Balladani ot dukuriga
o’xshaydigan uzluksiz og’ir zarbalar bilan kuzatilib boruvchi ritm yagona butunlikka
birlashtiradi. Oktava va akkordlarning trioli repetitsiyalari yordamida Shubert to’la
ko’ruv-eshittiruv tasavvurini yuzaga keltiradi.
Shubertning vokal lirikasida qo’shiq turkumlari asosiy o’rinda turadi.
Vokal musiqasining bu janrida Shubertdan oldin ijod qilgan san’atkor Betxoven
bo’lib, u 1816-yilda “Oldisdagi mahbubaga” turkumini yaratgan edi. Turkum vokal
shaklining paydo bo’lishi romantik musiqadagi o’zini namoyon qilish va tarjimai
holga moyil bo’lgan asosiy belgini ko’rsatuvchi hodisadir. Vilgelm Myullerning
she’riy turkumlari Shubert uchun ijodiy omil va poetik asos vazifasini bajardi.
Shubertning ikkita qo’shiqlar turkumi – “Go’zal tegirmonchi qiz” va “Qishki yo’l”
vokal janrlari musiqa tarixidagi yangi sahifalar. Turkum o’rtasida zich aloqadorlik
mavjud: she’riy matn bir shoirga – Vilgelm Myullerga tegishli, har ikki holatda xam
bir shaxs – baxt va muhabbat izlayotgan daydi xarakatlanadi. “Go’zal tegirmonchi
qiz” asarining qaxramoni hayotga shodiyona qadam tashlayotgan yigitcha. “Qishki
yo’l”da u xamma narsani orqada qolgan, barchasidan xafsalasi pir bo’lgan odam
sifatida ko’rsatilgan. Har ikki turkumda xam hayot va inson kechinmalari tabiat bilan
zich qo’shilib ketgan “Go’zal tegirmonchi qiz” turkumi syujeti bahorgi tabiat
qo’ynida rivojlanadi. “Qishki yo’l” turkumi esa ayovsiz qish manzarasi tasvirlanadi.
Yoshlikning barcha orzu-umidlari hamda sarobli hayollari bilan gullayotgan bahorga,
yolg’izlik izg’irini esa qorlar qoplagan qish tabiatiga qiyoslanadi.
Shubert hayotining oxirgi o’n yilligidagi asarlari janri turli –tumandir. U
simfoniyalar, fortepiano uchun sonatalar, kvartetlar, kintetlar, trio, messalar, operalar,
ko’plab qo’shiqlar va boshqa musiqalarni yaratadi. Biroq kompozitorning tirkligida
uning asarlari juda kam ijro etilgan. Shuning uchun ham ularnin ko’p qisim
qo’lyozmalarda qolib ketgan. Na mablag’, na homiylarga ega bo’lgan Shubertda o’z
asarlarini nashr qilish imkoni deyarli bo’lmadi. Shubertning bironta operasi
sahnalashtirish uchun qabul qilinmagan, vaxolanki, u “Shaytonning quvnoq uyi”
(1814), “Alfons va Estrella” (1822) operalarini, “Fernando” (1815), “Egizaklar”
(1819), “To’rt yillik ro’za” (1815) zingshpillarin yozgan edi. Uning simfoniyalaridan
birontasi ham orkestr bilan ijro etilmagan. Bugina emas, uning eng yaxshi –
Sakkizinchi xamda To’qqizinchi simfoniyalari kompozitor vafotidan bir necha yil
o’tgach topilgan. Gyotening she’rlariga bastalangan qo’shiqlar garchi ularni
Shubertning o’zi shoirga yuborgan bo’lishiga qaramasdan, e’tibor qozonmagan.
Nazorat topshiriqlari:
3.1.1. Shubertning vokal turkumlari xaqida ma’lumot bering.
3.1.2. Shubertning “ O’rmon shohi” balladasiga izoh bering.
3.2.1. Shubertning vokal tsikllaridagi qo’shiqlar turkumiga tasnif bering.
3.2.2. Shubertning so’nggi yillarida yaratgan asarlarini bayon qiling.
4-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Shubert hayoti va ijodining
so’nggi yillari xaqida bayon qiladi.
Identiv o’quv maqsadlari:
4.1. Shubert hayot va ijodining so’nggi yillari xaqida tushuntirib beradi.
4.2. Shubert hayotligida tashkil etilgan yagona kontsert xaqida ma’lumot beradi.
4-asosiy masalaning bayoni:
.Hayot va ijodining so’nggi yillari. Tortinchoqlik, o’z ishlarini yo’lga qo’ya
olmaslik, odamlardan biron nima so’rashni istamaslik, ular oldida past ketishdan
tiyilish ham Shubertning doimiy moddiy qiyinchiliklariga sabab bo’lgan. Doimiy
umidsizlik, ba’zan xatto, ochlikka qaramasdan kompozitor na knyaz Estergazi
xizmatiga kirishni hohlar, na saroy organchilari oldiga borardi. Vaxolanki, ular uni
xar doim saroyga taklif qilishar edi. Ba’zi paytlarda Shubertning, xatto fortepianosi
xam bo’lmas, u cholg’usiz ijod qilar edi. Moddiy qiyinchiliklar uning musiqa
yaratishiga halal bera olmasdi.
Shunga qaramasdan venaliklar Shubertning asarlarini yaxshi ko’rishardi.
Og’izdan og’izga o’tib kelayotgan qadimgi xalq qo’shiqlariga o’xshab, uning asarlari
xam asta-sekin o’z muhlislarini topa bordi. Bular go’zal saroy salonlarining doimiy
ishtirokchilari, oliy tabaqa vakillari emas edi. Bunda o’sha davrning mashxur
qo’shiqchisi Iogann Mixael Fogl Shubert qo’shiqlarini kompozitorning o’zi jo’r
bo’lgan
holda
ijro
etardi.
Moddiy
ta’minlanmaganlik,
uzluksiz
hayotiy
muvaffaqiyatsizliklar Shubertning sog’ligiga sal’biy ta’sir ko’rsatdi. U juda oriqlab
ketgan edi. Umrining oxirgi yillarida otasi bilan yarashib, nisbatan osoyishta,
me’yordagi maishiy hayot ham endilikda xech narsani o’zgartira olmasdi. Shubert
musiqa yaratishni to’xtata olmasdi, zero, uning xayotidagi mazmun shunda edi.
Kompozitor 27 yoshida do’sti Shoberga: “....men o’zimni dunyodagi eng
baxtsiz, abgor kishi deb bilaman....”, - deb yozgan edi. Bu kayfiyat so’nggi davr
musiqasida xam o’z ifodasini topgan. Agar oldinlari Shubert, asosan, yorqin, quvnoq
asarlar yaratgan bo’lsa, o’limidan bir yil oldin u “Qishki yo’l” turkumini yaratadi. Bu
asarida u iztiroblar, chorasiz sog’inch, ruhning azobli og’riqlarini ifoda etgan.
1828-yilda do’stlarining sa’y-xarakatlari bilan Shubertning xayotligida
uning o’z asarlaridan iborat bo’lgan yagona kontsert tashkil etiladi. Kontsert
katta muvaffaqiyat qozonadi, u kompozitorga katta quvonch bag’ishlaydi. Uning
kelajak rejalari yanada ko’paydi. Sog’lig’ining yomonlashishiga qaramay, u ijod
qilishda davom etadi. O’lim kutilmaganda keldi. Shubert tif bilan kasallangan edi.
Darmonsizlangan organizm og’ir kasallikni ko’tara olmadi. Shubert 1828-yil 19-
noyabrda vafot etdi. Qolgan mol-mulk arzimagan pulga baholandi. Ko’plab asarlar
yo’q bo’lib ketdi.
O’sha davrdagi mashhur shoir Grilpartser bir yil oldin Betxovenning qabr
toshiga she’r yozgan edi. U Shubertning Vena qabristonidagi oddiygina yodgorligiga
shunday yozuvlarni bitgandi: “Bu erda musiqaning boy xazinasigina emas, amalga
oshmagan umidlari ham ko’milgan”.
Nazorat topshiriqlari:
4.1.1. Shubert hayotining so’nggi yillari xaqida ma’lumot bering.
4.1.2. Shubert so’nggi yillarida yaratgan musiqiy asarlarga tasnfi bering.
4.2.1. Shubertning so’nggi yillaridaga ayanchli ahvoli xaqida ma’lumot bering.
4.2.2 Shubertning vafot etishi bilan bog’liq bo’lgan ma’lumotlarga izoh bering.
5-asosiy masala bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Shubertning vokal ijodi xaqida
bayon qiladi.
Identiv o’quv maqsadlari:
5.1. Shubertning vokal ijodiga izoh beradi..
5.2. Shubertning musiqiy deklamatsiyasiga tasnif beradi..
5-asosiy masalaning bayoni:
Shubertning vokal ijodi. Shubertning musiqa merosini 600 dan ortiq
qo’shiqlar tashkil etadi. Nazmiy matnlarida u o’ziga yaqin bo’lgan o’y-fikr,
hissiyotlarga javob izlagan. U, ayniqsa, she’rning va musiqa mutanosibligiga diqqatni
jalb qilgan. Chunonchi, Shubert yozgan qo’shiq turkumlari she’rlarining muallifi
Vilgelm Myullerning o’z asarlarini qo’shiq qilib kuylashga mo’ljallangan va bu
Shubertni qiziqtirib qo’ydi.
Vokal lirika tarixiga Shubert Gyote qo’shiqlari bilan kirib keldi va o’zining
qisqa hayotini Geyne she’rlariga yozilgan qo’shiqlari bilan yakunladi. Shubert
qo’shiqlarida vokal lirikasi asosiy o’rin egallaydi, ularda she’riyat va musiqaning
uyg’unlashuviga yangi romantik munosabat o’z aksini topdi, unda so’z “kuylaydi”,
ohang esa “gapiradi”.
Shubert kuychan, ohanglari deklamatsiyali, nutq intonnatsiyalari bilan
birlashtirib, XIX asr musiqasida asosiy o’rin egallagan ifodaviy vokal melodikasining
yangi turini yaratdi. Vokal melodikasining ushbu turi musiqaning cholg’u sohasini
qamrab olib, kelajakda Shuman, Brams vokal lirikasida, Shopen ijodida yangidan
o’zgarishlar bilan rivojlandi.
Shubert qo’shiqlarida vokal melodikasi matning turli burilishlariga, uning
xususiyatlarini bo’rttirgan xolda moslasha olish xususiyatlariga ega. Badiiy tavsifning
qudratli omili bo’lgan va uningsiz badiiy yaxlitlikning o’zi mavjudligi mumkin
bo’lmagan jo’rlik (akkompaniment) ning xam ahamiyati kattadir.
Shubert vokal asarlarining shakli musiqiy-shoirona obrazning xarakteri va
xarakatidan kelib chiqadi. U kuplet shakliga murojaat qiladi. Shubert tomonidan
topilgan vokal melodikasi, fortepiano partiyasi, qo’shiq janrlari va shakllarining
tamoyillari kelajak rivojlanishiga asos soldi va vokal lirikasining butun kelajak
evolyutsiyasiga turtki bo’ldi.
Nazorat topshiriqlari:
5.1.1. Shubertning vokal ijodiga ta’rif bering.
5.1.2. Shubert musiqiy merosidagi qo’shiqlar xaqida bayon qiling.
5.2.1. Shubert vokal asarlaridagi musiqiy tamoyillarga izoh bering.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. ” Chet el musiqa tarixi”dan ma’ruzalar matni. G; 2010 yil.
2. I.Proxorova “Muzo’kalnaya literatura zarubejno’x stran” M; «Muzo’ka»1977.
3. A.X.Trigulova « Xorijiy musiqa adabiyoti» T. “ Ilm Ziyo” 2209 yil.