SIFATNING TA’RIFI VA LEKSIK-GRAMMATIK XUSUSIYATLARI; SIFATLARNING MA’NO JIHATDAN TURLARI; SIFATLARDAGI DARAJA KATEGORIYASI; SIFATLARNING MODAL SHAKLLARI
Yuklangan vaqt
2024-10-01
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
5
Faytl hajmi
19,6 KB
SIFATNING TA’RIFI VA LEKSIK-GRAMMATIK XUSUSIYATLARI;
SIFATLARNING MA’NO JIHATDAN TURLARI; SIFATLARDAGI
DARAJA KATEGORIYASI; SIFATLARNING MODAL SHAKLLARI
Reja:
1.Sifatning ta’rifi va leksik-grammatik xususiyatlari.
2.Sifatlarning ma’no jihatdan turlari.
3.Sifatlardagi daraja kategoriyasi.
4.Sifatlarning modal shakllari.
Sifatning leksik-grammatik xususiyatlari
Predmetning doimiy, o`zgarmas belgisini ifodalaydigan so`zlar sifat deyiladi.
Sifat mustaqil so`z turkumi sifatida uch xil belgiga ega:
1. Leksik-semantik belgisi. Sifat belgi ma’nosini bildiradi.
2. Morfologik belgisi: Sifat qanday?, qanaqa?, qaysi? so`roqlaridan biriga
javob bo`ladi. Sifat ifodalaydigan belgi tushunchasi keng bo`lib, ma’nosiga ko`ra bir
necha guruhga ajratiladi:
a) rang-tus ma’nosini bildiradigan sifatlar: oq, qizil, sariq, havo rang, kul rang,
yashil, zangori;
b) hajmi ma’nosini bildiradi: keng, tor, baland, past, uzun, chuqur, yirik,
mayda;
d) shakl va ko`rinish ma’nosini bildiradi: dumaloq, yassi, egri, qiyshiq, do`ng;
e) maza-ta’m ma’nosini bildiradi: shirin, achchiq, nordon, sho`r, taxir,
chuchmal, bemaza;
f) xarakter-xususiyat ma’nosini bildiradi: muloyim, odobli, shirinso`z,
chaqqon, sho`x, yalqov, dangasa, chechan, qo`rs, qaysar. Xarakter-xususiyat
bildiruvchi sifatlar ijobiy yoki salbiy xususiyatlarni ifodalaydi;
j) hid ma’nosini bildiradi: sassiq, qo`lansa, badbo`y, xushbo`y, muattar;
h) holat ma’nosini bildiradi. Holat bildiruvchi sifatlar ikki xil bo`ladi:
1) psixik holatni ifodalaydi: xursand, xafa, shod, kasal, injiq;
2) tabiiy holatni ifodalaydi: yosh, qari, keksa.
Sifat belgini bevosita yoki bavosita ifodalaydi. Predmetning doimiy belgisini
bildiradigan belgini bevosita ifodalaydigan sifatlar asliy sifat deyiladi. Sifatning
yuqoridagi ma’no turlari sifatni bevosita ifodalaydi.
Asliy sifatlar belgini darajalab ko`rsata oladi: katta, kattaroq, eng katta kabi.
Juft sifatlar asosan asliy sifatlardan tarkib topadi: yosh-qari, yaxshi-yomon
kabi.
Belgini bavosita, ya’ni biror narsa va hodisaga nisbat berish, o`xshatish orqali
ifodalaydigan sifatlar nisbiy sifat deyiladi.
Nisbiy sifatlar boshqa so`z turkumlaridan yasaladi va xoslik, o`xshashlik,
o`rin yoki paytga munosabat, mo`ljal ma’nolarini bildiradi:
a) xoslik ma’nosini ifodalaydigan sifat ot turkumidagi so`zga –iy, -viy
qo`shimchasini qo`shish bilan yasaladi: zamonaviy, oilaviy, ma’naviy, siyosiy;
b) o`xshashlik ma’nosini ifodalaydigan sifatlar ot turkumidagi so`zga –simon,
-sifat birliklarini qo`shish bilan yasaladi: odamsimon, hayvonsifat, devsifat;
v) o`rin va payt ma’nolarini ifodalaydigan sifatlar ot turkumidagi so`zlarga –
gi, -qi, -ki, -dagi affikslarini qo`shish bilan yasaladi: qishki, yozgi, bahorgi, bulturgi,
tushki, kechki;
g) mo`ljallanganlik, xoslik, o`lchov ma’nolarini ifodalovchi sifatlar ot
turkumidagi so`zlarga –lik affiksini qo`shish bilan yasaladi: ko`rpalik, ko`rpachalik,
toshkentlik, ko`ylaklik.
Sifat ba’zan ravish o`rnida qo`llanib, harakatning belgisini bildirishi mumkin:
ma’noli gapirmoq, chiroyli yozmoq, yaxshi o`qimoq kabi.
Sifatning belgisini darajalab ko`rsatishi (qizil, qizilroq, eng qizil, qip-qizil),
yasalish sistemasiga egaligi otlashishi uning morfologik belgilaridan hisoblanadi.
3. Sifatning sintaktik belgisi. Sifat gapda otga, ba’zan fe’lga bitishuv usuli
orqali bog`lanadi va o`zi bog`lanib kelayotgan so`zga tobelanadi.
Sifat otga bog`lanib kelganda, sifatlovchi aniqlovchi vazifasini bajaradi.
Misol: Biz do`stlarning eng yaxshi do`sti, dushmanlarning eng kuchli dushmani
ekanligimizni ham oqil odamlar tushunsin. (Y.Shukurov).
Sifat fe’lga bog`lanib kelganda vaziyat holi vazifasini bajaradi. Misol:
Yulduzlar odatdagidan ko`ra toza, kattaroq, yorqinroq ko`rinardi. (P.Qodirov).
Sifatlarda daraja kategoriyasi
Predmetlardagi bir xil belgini miqdorga ko`ra nisbatlab farqlash hodisasi sifat
darajasi deyiladi. Sifatlarda uch xil daraja bor:
1. Oddiy daraja. Predmetning belgisi boshqa predmetdagi xudi shunday
belgiga qiyos qilinmasa, oddiy darajadagi sifat deyiladi. Oddiy darajadagi sifat
belgining me’yorida ekanini ko`rsatadi va u maxsus ko`rsatkichga ega bo`lmaydi:
go`zal tabiat, shirin qovun, keng hovli.
2. Qiyosiy daraja. Predmet belgisining boshqa predmetdagi xudi shunday
belgidan ortiq yoki kam ekanligining ifodalaydigan sifatlar qiyosiy darajadagi sifat
deyiladi. Qiyosiy daraja quyidagi usullar bilan hosil qilinadi:
1) morfologik usul. Oddiy darajadagi sifatga –roq affiksini qo`shish
yordamida yasaladi. Bunda gap mazmunidan chog`ishtirish, qiyoslash ma’nosi
anglashilib turadi. Misol: Shu lahzada unga Farhod har vaqtdagidan donoroq va
hatto savlatliroq ko`rinib ketdi. Donoroq, savlatliroq sifatlaridan oldin kelgan
chiqish kelishigidagi so`z (har vaqtdagidan) qiyoslash mazmun munosabatini
ifodalayapti. O`shandan buyon halol dehqonchilik qiladi; o`rtadan ko`ra pastroq...
xo`jaligi bor. (A.Qahhor). Bu misolda pastroq so‘zi belgining kamligi bildiryapti,
qiyoslash ma’nosini o`rtadan ko`ra so`zlari ifodalayapti.
2) leksik usul. Qiyosiy darajadagi sifat oldidan sal, picha, och, bir oz, xiyol,
aytarli so`zlarini keltirish bilan hosil qilinadi: sal baland, bir oz baland,
3) leksik-morfologik usul: picha kattaroq, xiyol achchiqroq.
4) fonetik usul. Unlilar cho`zib, undoshlar esa ikkilantirilib aytiladi: balaand,
chuquur, tekkis kabi.
3. Orttirma daraja. Predmetdagi belgining boshqa predmetdagi shunday
belgiga nisbatan eng ko`p, oliy darajada ekanligini ifodalash orttirma daraja
deyiladi. Sifatning orttirma daraja shakli quyidagi usullar bilan ifoda qilinadi:
1) leksik usul. Oddiy darajadagi sifat oldidan eng, juda, nihoyatda, behad,
g`oyat, g`oyatda, hammadan kabi so`zlarni keltirish bilan: juda chiroyli, nihoyatda
shirin, g`oyatda mehribon kabi.
Leksik usulda ba’zan belgi bildiruvchi sifatlar o`rnida boshqa so`zlar
ishlatilishi mumkin: zahar (garmdori), olov (sho`x).
Sifat tovush o`zgarishlarisiz takrorlash orqali ham orttirma daraja hosil
qilinadi: katta-katta, shirin-shirin.
- sifat oldidan to`q, jiqqa, tim, g`irt kabi so`zlarni keltirish bilan: jiqqa ho`l,
tim qora.
- sifat oldidan so`z birikmalari va iboralarni qo`llash orqali: haddan ziyod
(chiroyli), quling o`rgilsin (jonon).
2) fonetik usul. Bunda sifatni tovush o`zgarishlari orqali takrorlash yo`li
bilan.
- sifatning birinchi bo`g`ini ikkinchi bo`g`inidagi undosh bilan takrorlanadi:
dum-dumaloq, pak-pakana, but-butun kabi.
- sifatni birinchi bo`g`inidagi p undoshi qo`shib takrorlanadi: sap-sariq, qip-
qizil.
- sifatning oldingi ikki tovushi ajratilib, unga p,m tovushlaridan biri qo`shiladi
va undan keyin so`zning o`zi takrorlanadi: yap-yangi, ko`m-ko`k.
- sifatning birinchi bo`g`inidan keyin –ppa shakli qo`shiladi: soppa-sog`,
to`ppa-to`g`ri.
Sifatlarning otlashishi
Sifat turkumidagi so`zlar ba’zan ot turkumidagi so`zlarning ma’nosini
ifodalab, uning vazifasini bajarib kelishi mumkin. Bunda sifat o`zining leksik va
grammatik ma’nosini yo`qotib, predmetlik ma’nosini ifodalaydi. Gapda sifat
bog`lanib kelayotgan otning tushib qolishi natijasida sifat uning predmetlik
ma’nosini ham, morfologik belgisini ham, sintaktik vazifasini ham o`z ustiga oladi.
Misol: Yaxshi topib gapiradi, yomon qopib gapiradi gapida yaxshi, yomon sifatlari
tushib qolgan, kim? so`rog`iga javob bo`lgan, bosh kelishikdagi, ega vazivasidagi ot
(odam) vazifasini bajargan. Odam oti gapda tushib qolgani tufayli yaxshi, yomon
sifatlari otlashishgan. Bu hodisa gap tarkibida yuz bergan. Bunga nutqning
ixchamlikka intilishi sabab bo`ladi. Sifatlarga oid so`zlarning hammasi ham
otlashavermaydi. Asosan belgi-xususiyat bildiruvchi sifatlar, kishilarning laqabini
bildiruvchi (tajang, maymoq, cho`tir, daroz) sifatlar, hayvonlarning tusini
bildiruvchi (saman, to`riq, bo`z, qashqa) sifatlari otlashadi.
Otlashgan sifatlar aniqlovchilik vazifasidan chiqib, otga xos ega, kesim,
to`ldiruvchi, qaratqich aniqlovchi, undalma vazifasini bajaradi. Misol: Aqlsizlar
gap bermaydi otasiga. (A.Po`lat) Mard bo`lgandan keyin yomonni ham yaxshilik
bilan engar ekan. (P.Qodirov) Yaxshining so`zi qaymoq, yomonning so`zi to`qmoq.
(Maqol) Yaxshilar, uni eslang!