SINTAKSIS. SINTAKTIK ALOQA TURLARI. SO‘Z BIRIKMASI
Yuklangan vaqt
2024-10-01
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
9
Faytl hajmi
22,7 KB
SINTAKSIS. SINTAKTIK ALOQA TURLARI. SO‘Z BIRIKMASI
Reja:
1. Sintaksis haqida umumiy ma’lumot
2. Sintaktik aloqa turlari
3. So‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvi
4. So‘z birikmasi
5. So‘z birikmalarining tasnifi
Sintaksis haqida umumiy ma’lumot
Sintaksis (grekcha – syntaxis – «tuzish» so‘zidan olingan) grammatikaning
bir bo‘limi bo‘lib, so‘zlarning birikish yo‘llari, so‘z birikmasi, gap, uning turlari,
xususiyatlarini tekshiradi.
Sintaksis, bir tomondan, so‘z va so‘zshakllarning, shuningdek, gaplarning
aloqa qilish, birikish yo‘llarini tekshirsa, ikkinchi tomondan, ma’lum bog‘lanish
asosida yuzaga keladigan sintaktik birliklarni o‘rganadi.
So‘z birikmasi, gap, gap bo‘laklari asosiy sintaktik birliklar, sintaktik
kategoriyalar hisoblanadi.
Sintaktik aloqa turlari
So‘zlarning, shuningdek, gaplarning orasidagi bog‘lanish, aloqa ikki xil
bo‘ladi: 1) teng bog‘lanish yoki teng aloqa; 2) tobe bog‘lanish yoki tobe aloqa.
Teng bog‘lanish sintaktik jihatdan teng huquqli bo‘lgan biri ikkinchisiga
bo‘ysunmagan so‘zlarning yoki gaplarning aloqasidir. Bunda teng aloqadagi so‘zlar
yoki gaplar o‘zaro teng bog‘lovchilar, teng bog‘lovchi vazifasidagi yuklamalar,
ohang yordamida munosabatga kirishadi. Masalan: 1. Beminnat qilingan ezgulik
eng maqbul va go‘zal ezgulikdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). 2. Bilmaslik ayb
emas, bilishni istamaslik aybdir. (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Birinchi misolda eng
maqbul, go‘zal so`zlari o‘zaro teng bog‘lanib, gapda uyushiq sifatlovchi vazifasini
bajargan. Ikkinchi misolda esa Bilmaslik ayb emas va Bilishni istamaslik aybdir
gaplari bir-biri bilan teng aloqaga kirishgan.
Tobe bog‘lanishda biri hokim, ikkinchisi tobe bo‘lgan a’zolar (so‘zlar, ergash
gapli qo‘shma gap qismlari) o‘zaro aloqaga kirishadi. Ularning biri ikkinchisini
aniqlash, izohlash, to‘ldirish uchun xizmat qiladi. Aniqlaydigan, izohlaydigan,
to‘ldiradigan a’zosi tobe, izohlanadigan a’zo hokim deb yuritiladi: 1. Kitobni
o‘qimoq, qiziqarli voqea. 2. Kimning himmati baland bo‘lsa, qadr-qimmati ham
bo‘ladi (Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur). Birinchi misolda so‘z birikmasi tarkibidagi
so‘zlardan biri hokim qism (o‘qimoq, voqea), ikkinchisi (kitobni, qiziqarli) tobe a’zo
bo‘lib kelgan. Ikkinchi misolda ergashgan qo‘shma gapning qismlaridan biri «qadr-
qimmati ham baland bo‘ladi» hokim a’zo, bosh gap sifatida, ikkinchisi «kimning
himmati baland bo‘lsa» tobe a’zo ergash gap sifatida qatnashgan. Shunday qilib,
bog‘lanishning ikki xil turini so‘zlar orasida ham, gaplar orasida hamkuzatish
mumkin. (Gaplar orasidagi bog‘lanish haqida «Qo‘shma gap» bo‘limida baxs
yuritiladi).
So‘zlar orasidagi tobe bog‘lanish ikki xil bo‘ladi:
1) predikativ tobe bog‘lanish; 2) nopredikativ tobe bog‘lanish.
Ega va kesimning bog‘lanishi predikativ tobe bog‘lanish hisoblanadi va
bunday bog‘lanishdan gap hosil bo‘ladi. Tobe (ergash) bog‘lanishning qolgan
ko‘rinishlari (aniqlovchi+aniqlanmish, to‘ldiruvchi+to‘ldirilmish, hol+hollanmish)
nopredikativ tobe bog‘lanish bo‘lib, bunday bog‘lanishdan so‘z birikmasi yuzaga
keladi.
So‘zlarning nopredikativ tobe bog‘lanishi uch xil bo‘ladi: 1) boshqaruv; 2)
bitishuv; 3) muvofiqlashuv.
1. Boshqaruv. Tobe so‘zning hokim so‘z talab etgan shaklda kelishi
boshqaruv deyiladi. Bunda boshqariluvchi so‘z bosh va qaratqich kelishigidan
tashqari boshqa kelishik shaklini yoki ko‘makchini olib keladi. Boshqariluvchining
qaysi kelishik yoki ko‘makchi bilan shakllanishi boshqaruvchi so‘zning ma’nosi,
semantikasi bilan belgilanadi: kitobni o‘qimoq, qariyalarga g‘amxo‘rlik qilmoq,
universitetda o‘qimoq, ishdan qaytmoq, o‘quvchilar bilan suhbatlashmoq kabi.
Boshqaruv ikki xil bo‘ladi: kelishikli boshqaruv va ko‘makchili boshqaruv.
Kelishikli boshqaruvda boshqariluvchi so‘z ma’lum kelishik shaklida
qo‘llanadi: kattalarni hurmat qilmoq, tog`ga chiqmoq kabi.
Ko‘makchili boshqaruvda boshqariluvchi so‘z ko‘makchi orqali shakllanadi:
zavq bilan ishlamoq, telefon orqali gaplashmoq kabi.
Boshqaruv usuli bilan bog‘lanish to‘ldiruvchi-to‘ldirilmish, hol-hollanmish
munosabatlarini yuzaga keltiradi.
2. Bitishuv. Hokim va tobe so‘zlarning o‘zaro so‘z tartibi hamda ohang
yordamida birikishiga bitishuv deyiladi. Bitishuv yo‘li bilan bog‘lanish sifatlovchi-
sifatlanmish (yangi libos), izohlovchi-izohlanmish (shoir Erkin Vohidov), qisman
hol-hollanmish (to‘satdan uchrab qolmoq) munosabatidagi birikmalarga xos bo‘lib,
uning qismlari ifoda materialiga ko‘ra turlicha bo‘ladi:
1) sifat + ot: ziyrak bola, yam-yashil dala;
2) ot + ot: temir darvoza, oltin kuz;
3) son + ot: besh kishi, o‘n tup ko‘chat;
4) olmosh + ot: barcha xalqlar, shu yo‘l;
5) sifatdosh + ot: sinalgan odam, aytilgan so‘z;
6) ravish + ot: mo‘l hosil, ko‘p xususiyatlar;
7) taqlid so‘z + ot: g‘ir-g‘ir shabada, tars-turs ovozlar;
8) ravish + fe’l: tez yurmoq, erta kelmoq;
9) ravishdosh + fe’l: o‘ylab gapirmoq, quvonib aytmoq;
10) taqlid so‘z + fe’l: duv-duv to‘kilmoq, gir-gir aylanmoq.
3. Muvofiqlashuv.
O‘zbek tilida qaratqich va qaralmishning aloqasi
bog‘lanishning alohida turini tashkil qiladi. Bunda so‘zlardan birini hokim, birini
tobe deb qarash qiyin, chunki qaralmishning talabi bilan qaratuvchi bo‘lak qaratqich
kelishigi shaklini oladi, o‘z navbatida, qaratuvchining talabiga ko‘ra qaralmish
egalik affiksini qabul qiladi: bolalarning quvonchi, mening kitobim, sening
daftaring, ularning vazifasi kabi. Bunda munosabatdorlik (o‘zaro hokimlik, tobelik)
kuzatiladi.
Aslida moslashuv deyilganda, tobe so‘z shaklining hokim so‘z shakliga mos
kelishi nazarda tutiladi. Bu holat rus tiliga xos, negaki moslashuv yo‘li bilan tuzilgan
qurilmalarda, jumladan, aniqlovchili birikmalarda tobe so‘z hokim so‘z bilan
grammatik shaklda moslashib, hokim so‘z bildirgan xususiy grammatik ma’nolarga
ega bo‘ladi. Masalan, interesnaya kniga birikmasida kniga hokim so‘z bo‘lib, bosh
kelishik, birlik, jenskiy rod (jins) kabi xususiy grammatik ma’nolar anglatgan; tobe
so‘z (interesnaya) hokim so‘zning aynan shu shakliga moslashib, xuddi shunday
grammatik ma’nolarni ifodalaydi.
O‘zbek tilida qaratuvchi va qaralmishning munosabati yuqorida qayd etilgan
birikma qismlarining munosabatidan farq qiladi. Shuning uchun bunday
bog‘lanishni moslashuv deb emas, muvofiqlashuv deb izohlash lozim bo‘ladi.
Demak, o‘zbek tilida qaratuvchi va qaralmishning birikishi muvofiqlashuv
asosida voqe bo‘ladi.
So‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvi
Gapda so‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvi quyidagi vositalar
orqali bo‘ladi:
1. Affikslar. O‘zbek tilida so‘zlarning o‘zaro sintaktik munosabatga kirishuvida
turlovchi va tuslovchi affikslarning xizmati katta. Masalan: Chor-atrof
yaproqlarning mungli shivir-shiviriga to‘ladi (O‘.H.). Bu gapdagi so‘zlar o‘zaro
kelishik affikslari (-ning, -ga), egalik affiksi (-i) va shaxs-son affiksi (-di) orqali
sintaktik aloqaga kirishgan.
2. Yordamchi so‘zlar. Ko‘makchilar, bog‘lovchilar gapda so‘zlarning o‘zaro
munosabatga kirishuviga xizmat qiladi. Masalan: Xalqning ulug‘vorligi uning soni
bilan o‘lchanmaydi, yagona o‘lchov uning aqliy kamoloti va axloqiy
barkamolligidir. («Tafakkur gulshani»). Bu gapda ot (soni) fe’lga (o‘lchanmaydi)
bilan ko‘makchisi orqali bog‘langan; kamoloti, barkamolligi so‘zlari teng aloqaga
kirishib, uyushgan ot kesim vazifasini bajargani holda va bog‘lovchisi yordamida
sintaktik munosabatga kirishgan.
Ba’zi hollarda yuklamalar ham bog‘lovchi vazifasida kelib, gaplar, so‘zlar
orasidagi sintaktik munosabatni ko‘rsatib keladi: Bugundan boshlab yotoq
joylarda... yigitlardan bitta navbatchi qoldirildi-yu, boshqa hamma paxtaga chiqdi.
(P.Q.).
Bog‘lama ega va ot kesim munosabatini ifodalashga xizmat qiladigan
yordamchidir: Hayotda go‘zallik, quvvat va saodatning manbai soddalikdir. («Oz-
oz o‘rganib dono bo‘lur»).
3. So‘z tartibi. Gap tarkibidagi so‘zlarda maxsus grammatik ko‘rsatkichlar
bo‘lganda, ularning o‘rnini almashtirish sintaktik holatni o‘zgartirmaydi.
Qiyoslaylik: daraxtlarning tagida... nozikkina maysalar ko‘rinib qoladi. (O‘.U.). –
Nozikkina maysalar daraxtlarning tagida ko‘rinib qoladi.
`So‘zlarda maxsus grammatik ko‘rsatkichlar bo‘lmaganda, ularning o‘rnini
almashtirish sintaktik holatga ta’sir qiladi. Qiyoslang: yam-yashil dala (aniqlovchili
birikma) – Dala yam-yashil (ega, kesimdan iborat yig‘iq gap).
4. Pauza(to`xtam). Pauza ham sintaktik vosita sifatida ahamiyatga ega. Pauzaning
o‘zgarishi sintaktik holatning o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan: Quloq
solib o‘tirgan boladan so‘radi. Bunda boladan so‘zidan so‘ng pauza qilinsa, quloq
solib o‘tirgan sifatdoshi boladan so‘ziga nisbatan sifatlovchi vazifasini bajaradi.
Agar quloq solib o‘tirgan sifatdoshidan keyin pauza bo‘lsa, sifatdosh anglashgani
holda ega vazifasini bajaradi.
So‘z birikmasi
Odatda, nutqda, gapda so‘zlar ma’lum qonun-qoidalar asosida o‘zaro ma’no
va grammatik jihatdan bog‘langan bo‘ladi. Masalan, qiziqarli kitob, tog`ga chiqmoq,
tez o‘qimoq. Bunday juftlik bir butunlik hosil qilib, yaxlit, lekin o‘z ichida qismlarga
bo‘linadigan bir butun tushunchani bildiradi. Ikki yoki undan ortiq mustaqil so‘z va
so‘z shakllarning nopredikativ tobe aloqasi asosida birikishidan hosil bo‘lgan
bog‘lanma so‘z birikmasi deyiladi.
So‘z birikmasi mustaqil so‘zlarning bog‘lanishidan hosil bo‘ladi, yordamchi
so‘zlar (ko‘makchilar) o‘z oldidagi mustaqil so‘z bilan birga birikmaning bir qismi,
a’zosi sanaladi. Masalan, do‘stlik haqida suhbatlashmoq, qarsaklar bilan
olqishlamoq kabi.
So‘z birikmasi tarkibidagi so‘zlardan biri hokim, ikkinchi tobe bo‘ladi. So‘z
birikmasi boshqaruv, bitishuv, muvofiqlashuv usullari bilan hosil bo‘ladi.
So‘z birikmasi, birinchidan, frazeologik iboralardan farq qiladi. Frazeologik
iboralar so‘z kabi til birligi bo‘lib, so‘z kabi tayyor holda qo‘llanib, bir butun holda
lug‘aviy ma’no ifodalaydi va gapda bitta gap bo‘lagi vazifasini bajaradi. So‘z
birikmasi tarkibidagi a’zolar boshqa-boshqa gap bo‘lagi vazifasini bajaradi.
So‘z birikmasini, ikkinchidan, gapdan farqlash lozim. So‘z birikmasi
tushuncha ifodalab, nominativ (nomlash, atash) vazifasini bajaradi, shuning uchun
intonatsion tugallikka ega bo‘lmaydi. Gap esa fikr bildirib, kommunikativ (aloqa
qilish) va kognitiv (fikr almashish) vazifalarini bajaradi. So‘z birikmasi kamida ikki
mustaqil so‘zdan tuzilsa, gap ba’zan bir so‘zdan ham tashkil topishi mumkin.
So‘z birikmasi, uchinchidan, o‘zaro teng bog‘langan so‘zlardan ham farq
qiladi. Masalan: Maqsad va marom insonning eng buyuk quvvatidir. (Oz-oz o‘rganib
dono bo‘lur). Bunda maqsad va maarom so‘zlari o‘zaro teng bog‘lanib, gapda
uyushiq bo‘lak hosil qilib, so‘z birikmasi sanalmaydi.
So`z birikmasi, to`rtinchidan, fonetik taktdan (sintagmadan) farqlanadi.
So‘z birikmalarining tasnifi
So‘z birikmalari quyidagi xususiyatlari asosida tasnif qilinadi:
1. So‘z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko‘ra.
2. So‘z birikmalarining tuzilishiga ko‘ra.
So‘z birikmalari qismlarining grammatik tabiatiga ko‘ra tasnif qilinganda,
hokim a’zoning qaysi so‘z turkumidan ekanligi, tobe a’zoning sintaktik vazifasi
asosga olinadi.
So‘z birikmalari hokim qismning qaysi so‘z turkumidan ekanligiga ko‘ra
quyidagi turlarga ajratiladi: 1) otli birikma; 2) fe’lli birikma; 3) sifatli birikma; 4)
ravishli birikma; 5) modal so‘zli birikma.
1. Otli birikma. Bunday birikmaning hokim so‘zi vazifasida ot, otlashgan
so‘zlar keladi va u quyidagi ko‘rinishlarga ega bo‘ladi:
Hokim a’zo vazifasida ot keladi: g‘ayratli odam, samimiy inson, ezgu niyatli
kishi.
Hokim a’zo sifatida olmosh keladi: bolaning o‘zi, Karimaning o‘zi.
Hokim so‘z sifatida otlashgan sifat keladi: kishilardan eng mardi, qizlarning sarasi.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan son keladi: talabalarning beshtasi,
o‘quvchilardan biri.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan olmosh keladi: tilaklarning barchasi, kutib
oluvchilarning hammasi.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan sifatdosh keladi: onamlarning aytganlari,
bolalarning o‘qiyotgani va b.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan ravish keladi: jumhuriyatimizning buguni, ishlarning
ko‘pi.
Hokim a’zo sifatida otlashgan undov so‘z keladi: ularning dod-voyi,
bolalarning qiy-chuvi.
Hokim a’zo vazifasida otlashgan taqlid so‘z keladi: otlarning dupur-dupuri,
to‘plarning gumbur-gumburi.
Ko‘rinadiki, otli so‘z birikmasi qismlari bitishuv, muvofiqlashuv va
boshqaruv yo‘li bilan grammatik aloqaga kirishadi. Otli birikma so‘z shakli bilan
so‘zning (leksemaning) yoki ikki so‘z shakllarning bog‘lanishidan hosil bo‘ladi.
2. Fe’lli birikma. Bunday birikmaning hokim qismi fe’l bilan ifodalanadi: tez
ishlamoq, oldinda yurmoq, diqqat bilan tinglamoq, kulib gapirmoq.
Fe’lli birikmaning a’zolari o‘zaro bitishuv va boshqaruv yo‘li bilan
bog‘lanadi. Fe’lli so‘z birikmasi so‘z shakl bilan so‘zning (leksemaning) o‘zaro
bog‘lanishidan yuzaga keladi.
3. Sifatli birikma. Mazkur birikmada hokim so‘z otlashmagan sifat bilan
ifodalanadi, birikmaning qismlari boshqaruv yo‘li bilan sintaktik munosabatga
kirishadi: akasidan kuchli, singlisidan ziyrakroq.
4. Ravishli birikma. Bunday birikmaning hokim so‘zi otlashmagan ravish
bilan ifodalanadi. Ravishli so‘z birikmalarida tobe va hokim qismlar o‘zaro
boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi: raketadan tez, toshbaqadan sekin.
5. Modal so‘zli birikma. Bunda modal so‘z birikmaning hokim so‘zi sifatida
keladi. Birikma boshqaruv yo‘li bilan tuziladi: bizga kerak, o‘quvchilarda bor.
Sifatli, ravishli, modal so‘zli birikmalar ham fe’lli birikma singari so‘zshakl
bilan so‘z (leksema)ning o‘zaro bog‘lashi natijasida hosil qilinadi.
So‘z birikmalari, tobe a’zoning sintaktik vazifasiga ko‘ra, quyidagi turlarga
bo‘linadi: 1) aniqlovchili birikma; 2) to‘ldiruvchili birikma; 3) holli birikma.
1. Aniqlovchili birikma. Bunday birikmalarning tobe a’zolari aniqlovchining
barcha turlari vazifasini bajaradi. Shunga ko‘ra ularni: 1) sifatlovchili birikma; 2)
qaratuvchili birikma; 3) izohlovchili birikmalarga ajratish mumkin. Masalan: yozma
ish, ilmiy maqola, beshta kitob, allaqanday ovozlar – sifatlovchili birikma;
iqtisodiyotning taraqqiyoti, maktab hovlisi - qaratuvchili birikma; o‘qituvchi
Salimova, professor Qodirov - izohlovchili birikma.
Aniqlovchili birikma bitishuv va boshqaruv yo‘li bilan tuziladi.
2. To‘ldiruvchili birikma. Tobe a’zosi to‘ldiruvchi vazifasini bajaradigan
so‘z birikmasi to‘ldiruvchili birikma deb yuritiladi. Bunda qismlar o‘zaro boshqaruv
yo‘li bilan birikadi. Masalan: yoshlarga nasihat qilmoq, odamlarni qadrlamoq,
talabalar uchun darslik, ilm-fan haqida so‘zlamoq.
3. Holli birikma. Bu xil so‘z birikmalarining tobe qismi hol vazifasini bajaradi. Holli
birikmaning tobe va hokim a’zolari o‘zaro bitishuv yoki boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi:
yangicha fikrlamoq, birga ishlamoq, maktabdan qaytmoq, erta boshlamoq.
So‘z birikmalari tuzilishiga ko‘ra 2 xil bo‘ladi:
1) oddiy so‘z birikmalari, 2) murakkab so‘z birikmalari.
Oddiy so‘z birikmasi. So‘zshakl bilan so‘z (leksema)ning yoki ikki
so‘zshaklning bog‘lanmasi oddiy so‘z birikmasi hisoblanadi: keng dala, tekisroq
yo‘l, tinchlikka da’vat qilmoq, davlatlarning hamdo‘stligi, maktab hovlisi.
Biror qismi frazeologik ibora yoki murakkab tushunchani bildiradigan turg‘un birikma
bilan ifodalanadigan so‘z birikmasi ham oddiy so‘z birikmasiga mansub bo‘ladi.
Masalan: yulduzni benarvon uradigan odam, Fanlar akademiyasi institutlari kabi.
Murakkab so‘z birikmasi. Bunda birikmaning qismlaridan biri yoki har
ikkisi so‘z birikmasi bilan ifoda etiladi. Masalan, mehnat qilishni sevadigan odam,
odamlarga xayrixoh bo‘lgan kishi kabi so‘z birikmalarining tobe a’zosi («mehnat
qilishni sevadigan», «odamlarga xayrixoh bo‘lgan») so‘z birikmasi shaklida
qo‘llanib, hokim so‘zga bitishuv yo‘li bilan bog‘langan.
Murakkab so‘z birikmasining biror qismi, ko‘pincha tobe qismi predikativ
birlik, predikativ bog‘lanma bilan ham ifodalanishi mumkin: qiliqlari yoqimli bola,
ota-onalarimiz bergan nasihatlar kabi birikmalarning tobe a’zosi («qiliqlari
yoqimli», «ota-onalarimiz bergan») gapga teng qurilma, ya’ni predikativ birlik,
predikativ bog‘lanma bilan ifodalangan.