SON. OLMOSH
Reja:
1. Sonning leksik-grammatik xususiyatlari.
2. Sonning ma’no turlari.
3. Bir sonining o`ziga xos grammatik xususiyatlari.
4. Sonlarning otlashishi.
5. Sonlarning tuzilish jihatdan turlari.
6. Olmoshning ta’rifi va leksik-grammatik xususiyatlari.
7. Olmoshlarning ma’no turlari.
8. Boshqa turkumga oid so`zlarning olmoshga ko`chishi.
9. Olmoshlarning tuzilish turlari.
Sonning leksik-grammatik xususiyatlari
Predmetning miqdorini, sanog`ini, joylashish tartibini, ba’zan ish-harakatning
bajarilish tartibini, miqdoriy belgisini bildiradigan mustaqil so`z turkumi son
deyiladi. Son necha? nechanchi? nechta? qancha? kabi so`roqlardan biriga javob
beradi.
Son otga bog`lanib, u ifodalagan predmetning konkret miqdoriy belgisini,
ba’zan fe’lga bog`lanib, u ifodalagan harakatning miqdoriy belgisini anglatadi:
to`rtta daftar, ikki oy o`qidi, birinchi keldi kabi. Arifmetik amallarda esa son otga,
fe’lga bog`lanmagan holda keladi. Bunda son ifodalagan miqdor mavhum ma’noga
ega bo`ladi: ikki qo`shuv uch. Arifmetik hisoblashda qanday predmetlar miqdorining
qo`shilishi bilan besh hosil bo`lishi aniq emas.
Sonlar ko`pincha raqamlar bilan yoziladi:
1) arab raqamlari bilan 0, 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9.
2) rim raqamlari bilan: birliklar: I (1), II (2), III(3), IV(4), V (5), VI (6), VII (7), VIII
(8), IX (9); o`nliklar: X (10), XX(20), XXX(30), XL(40), L (50) LX (60), LXX (70),
LXXX (80), XC(90); yuzliklar: C (100), CC (200), CCC (300), CD (400), D (500),
DC (600), DCC (700), DCCC (800), CM (900); mingliklar: M (1000), MM (2000),
MMM (3000) ...
Badiiy asarlarda sonlar so`z bilan yoziladi: To`rt yil kutdi.
Nutqimizda tez-tez ishlatiladigan 23 ta sodda son bo`lib, boshqa sonlar shularning
qo`shilishidan hosil bo`ladi: nol, bir, ikki, uch, to`rt, besh, olti, etti, sakkiz, to`qqiz,
o`n, yigirma, o`ttiz, qirq, ellik, oltmish, etmish, sakson, to`qson, yuz, ming, million,
milliard.
Eski yozuv tilida tuman (o`n ming), lak (yuz ming) kabi sonlar bo`lgan.
Tarixiy asarlarda manna shu sonlar uchraydi.
Son predmetning aniq (beshta daftar) yoki noaniq (besh-oltita daftar)
miqdorini bildirishi mumkin. Lekin har ikki holda ham son yozuvda raqam bilan
ifodalangan. Ravish so`z turkumiga doir ko`p, oz, kam, mo`l kabi so`zlar ham
predmetning noaniq miqdorini bildiradi, lekin bu so`zlar raqam bilan ifodalanmaydi.
Shuning uchun ham bu so`zlar son so`z turkumiga oid emas.
Son so`z turkumi o`ziga xos quyidagi leksik-grammatik xususiyatlarga ega:
1. Sonning leksik-semantik xususiyati uning belgi ma’nosini ifodalashidir,
ya’ni predmetning miqdor, sanoq va joylashish tartibiga ko`ra (ba’zan harakatning
joylashish tartibi, miqdoriy belgisi) belgisini anglatadi. Demak, son miqdor
tushunchasining nomi bo`ladi.
2. Son ma’no jihatdan predmetning sanog`ini, donasini, taxminiy miqdorini,
umumiy miqdori (jamligi), taqsimlanish miqdori, joylashish tartibi; shuningdek ish-
harakatning bajarilish tartibi, miqdori kabi modal ma’nolarni ifodalaydi. Shu ma’no
xususiyatlariga ko`ra son ikki turga: sanoq son va tartib sonlarga bo`linadi. Sonning
ma’no turlarini hosil qiluvchi maxsus modal shakl yasovchi affikslar mavjud: uchta,
beshovlon, ikala, yuzlab, to`rttadan, uch-to`rt, o`ninchi kabi. Bu affikslar faqat
sonlargagina qo`shiladi.
3. Son morfologik jihatdan o`zgarmaydi, ya’ni egalik, kelishik, ko`rlik
affikslarni olmaydi, chunki son asosan otga bog`lanib kelib, aniqlovchi vazifasini
bajaradi: Uy egasi Otabekning yoniga ikkita yostiq olib qo`ydi va bittani o`z
yonboshiga ham oldi. (A.Qodiriy.)
Son hech qachon belgi ifodalovchi so`zni o`ziga tobe qilib kelmaydi -
aniqlovchi olmaydi.
Son ba’zan fe’lga bog`lanib kelib, harakatning miqdoriy belgisini
anglatganda, hol vazifasini bajaradi: Otabek qutidor tomonidan quvilganidan keyin,
Marg`ilonga yetti-sakkiz marta kelibdi (A.Qodiriy.)
4. Son bog`lanib kelgan ot qo`llanmaganda, otga qo`shilib kelgan so`z
o`zgartiruvchi affikslar, ya’ni egalik, kelishik hamda shakl yasovchi ko`plik affiksini
olishi mumkin. Bunday morfologik jihatdan o`zgargan son otlashgan son sanalib,
gapda ot bajargan ega, to`ldiruvchi, qaratqich-aniqlovchi, kesim kabi sintaktik
vazifalarni bajaradi: Birov tosh, birov gul, o`z joyida ikkovi ham yaxshi (Shukrullo).
Bilagi zo`r birni yiqar, bilimi zo`r mingni. (Amir Temur o`gitlari). O`nning yarmi
besh.
Otlashgan son fikrni stilistik jihatdan ixcham obrazli ifodalashi uchun xizmat
qiladi (maqol, matal, aforizmlarda ko`p uchraydi). Sonning hamma turlari ham
morfologik jihatdan o`zgarmaydi (chama son hosil qiluvchi –tacha, -lab, -lar
qo‘shimchalari kasr songa qo`shilmaydi).
5. Sonlarning hisob so`zlari (numerativlar) bilan birga qo`llanishi uni boshqa
so`z turkumlaridan ajralib turuvchi o`ziga xos belgilaridan biri sanaladi. Hisob
so`zlari ot so`z turkumiga doir bo`lib, u son bilan bog`lanib kelgan ot va fe’l orasida
ishlatiladi: ikki tup daraxt, besh kilogramm olma, o`n kilometr yurdi, to`rt sahifa
o`qidi kabi.
Sonlar hisob so`zlari bilan ham, hisob so`zlarisiz ham qo`llanadi (Bu so`zlar
haqida quyida to`xtalamiz).
6. Son so`z yasalish tizimiga ega emas. Boshqa so`z turkumlaridan son
yasalmaydi. Lekin sondan boshqa so`z turkumlari yasalishi mumkin: birlik, beshlik
(ot), ikkilan (fe’l), bittalab (ravish) kabi.
Sonning ma’no turlari
Son ma’no jihatdan va grammatik xususiyatlarga ko`ra ikki guruhga bo`linadi:
sanoq sonlar va tartib sonlar.
1. Sanoq son predmet yoki ish-harakatning sonini, miqdorini, belgisini
bildiradi: uch bola, ikkita kitob, besh tonna paxta, olti kilogramm sotib oldi kabi.
Sanoq sonlar hisob so`zlarisiz va hisob so`zlari bilan qo`llanish xususiyatiga
ega: ikkita qalam, besh talaba, o`ntacha o`quvchi - hisob so`zlarisiz; olti tup daraxt,
uch litr sut, o`n oy o`tdi, ikki marta chaqirdi - hisob so`zlari bilan kelgan.
Hisob so`zlari ko`p hollarda predmetning, ba’zan ish-harakatning hisobini
ko`rsatuvchi o`lchov birligi bo`lib, u orqali predmetning ish harakatning miqdori
belgilanadi. Hisob so`zlar sanoq son bilan sanaladigan predmet, ish-harakat
anglatuvchi so`z orasida kelib, ularni og`irligiga, uzunligiga, hajmiga, vaqtiga va
shunga o`xshash xususiyatlarga ko`ra o`lchovini bildiradi: ikki bosh uzum, uch
kilogramm olma, bir qultum suv, ikki gektar er kabi.
O`zbek tilida hisob so`zlari ot so`z turkumiga oid bo`lib, ular qo`llanilishiga
ko`ra quyidagi ma’nodagi otlarni o`z ichiga oladi:
1. Predmetni yakkalab, donalab hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so`zlari:
dona, nusxa, bosh, tun, nafar kabi.
2. Butunning bo`lagini hisoblash uchun ishlatiladigan hisob so`zlari: burda,
parcha, varaq, og`iz, luqma, siqim, tilim, chimdim, xarch, qop, arava, mashina,
chaqmoq kabi.
3. Juft predmetlar hisobini ko`rsatuvchi hisob so`zlari: juft, par, jo`ra kabi.
4. Og`irlikni o`lchash uchun ishlatiladigan hisob so`zlari: gramm, kilogramm,
tsentner, tonna kabi.
Eski o`zbek tilida misqol, qadoq, botmon kabi otlar og`irlik miqdorini
hisoblash uchun ishlatilgan: Namangan va Andijon tumanlarida ikki ming
botmongacha yer sug`orilar edi. (A.Qodiriy)
5. Uzunlik o`lchovi uchun ishlatiladigan hisob so`zlari: millimetr, santimetr,
metr, kilometr, qadam, qarich, quloch kabi.
Bu hisob so`zlarining gaz, tanob, tosh, chaqirim kabi sinonimlari mavjud
bo`lib, hozir bu so`zlar arxaiklashgan hisob so`zlari sanaladi.
6. Suyuqlik hajmini ifodalovchi hisob so`zlari: litr, kosa, stakan, piyola,
qoshiq, ho`plam, hovuch, chelak kabi.
7. Pul qiymatini ifodalovchi hisob so`zlari: tiyin, so`m, dollar kabi.
Tanga, chaqa, tilla so`zlari ilgari pul qiymatini hisoblash uchun ishlatilgan
bo`lib, hozirgi kunda arxaik so`zlar qatoridan o`rin olgan: Solih maxdum ... bir
tangalik go`sht, sakkiz pullik piyoz olib hovliga kirdi. (A.Qodiriy)
8. Vaqt o`lchovi uchun ishlatiladigan hisob so`zlari: asr, yil, oy, hafta, sutka,
kun so`zlari hamda sutkaning bo`laklarini ifodalovchi soat, daqiqa, minut, sekund
kabi so`zlar kiradi.
Asr, yil, oy, hafta, sutka, kun so`zlari turli kelishik affikslarini olib kelishi,
shuningdek, ko`makchilar bilan birga ham qo`llanishi mumkin: Oybek 30-yillardan
boshlab Alisher Navoiy hayoti va ijodi to`g`risida materiallar yig`a boshlagan edi
(Z.Saidnosirova).
9. Yosh hisobi uchun qo`llanadigan hisob so`zlari: yosh, yashar, kunlik, oylik
kabi.
10. Harakat miqdorini ko`rsatish uchun ishlatiladigan hisob so`zlari: marta,
karra, bor, hissa, qatla, daf’a, sidra kabi.
Sanoq son ma’no xususiyatlariga ko`ra quyidagi turlarga bo`linadi: 1) miqdor
son; 2) dona son; 3) chama son; 4) jamlovchi son; 5) taqsim son.
1) miqdor son bir turdagi predmetlarning umumiy miqdorini, ba’zan ish-
harakatning umumiy miqdoriy belgisini anglatadi: uch kishi, ikki qop guruch, besh
yil o`qimoq kabi.
Sizga munosib yigit, balki etti iqlimda ham yo`qdir (P.Qodirov). Tejamkor
kishi pulini keragidan ortiqcha sarflamaydi, o`n so`mga olinadigan narsa uchun
hovliqib yuz so`m sarf etmaydi («Odob bo`stoni va axloq gulistoni»).
Miqdor sonlar hisob so`zlarisiz va hisob so`zlari bilan qo`llanadi.
Miqdor sonni hosil qiluvchi shakl yasovchi affikslar mavjud emas.
2) dona son bir xil predmetlarning yakkalab, donalab sanaladigan umumiy
miqdorini anglatadi.
Dona son miqdor son negiziga –ta affiksini qo`shish bilan yasaladi: o`nta
o`quvchi, beshta daftar kabi. Shuningdek, dona son miqdor sondan so`ng donalikni
ifodalaydigan dona, tup, nusxa, nafar, tuyoq, bosh kabi hisob so`zlarini keltirish
bilan hosil qilinadi: yuz nusxa kitob, ikki bosh qo`y, besh dona qalam, uch tup daraxt
kabi.
G`avvoslarning rahmi kelib, unga bitta qimmatbaho tosh hadya qildilar («Oz-
oz o`rganib dono bo`lur»). Vaqti kelsa, o`nta quruq gapdan bitta dalil, o`nta qonun-
qoidadan bitta amaliy mashg`ulot a’lo (A.Soliyev). Gulshan kirganida uch nafar
kaniz sanoliya tikmoqda edi (A. Qodiriy). Javonda Abu Ali ibn Sino hazratlarining
tibbiyot masalalariga oid yigirma jildlik «Kitob ush shifo»si turardi. (O.Yoqubov).
3) chama son predmetning, ish-harakatning noaniq, taxminiy miqdorini
anglatadi.
Chama son quyidagicha yasaladi:
1. Miqdor son negiziga –tacha affiksini qo`shish bilan: beshtacha, o`ntacha,
yuztacha kabi. Ikki tomonga uch qavatdan oltmishtacha joy qilingan. (A.Q.)
Hisob so`zlari bilan birga qo`llanadigan sonlarda –cha affiksi hisob so`ziga
qo`shilib keladi: Ikkala to`rg`ay taxminan bir-birlaridan ellik metrcha narida uchib
sayrashyapti (S.Ahmad).
2. Miqdor son negiziga –larcha affiksini qo`shish bilan (miqdor jihatdan yirik
sonlarga qo`shiladi): o`nlarcha, yuzlarcha, minglarcha kabi: Menga bir bechora,
notavonning sevinch ko`z yoshi minglarcha qimmatbaho toshlardan afzaldir («Oz-
oz o`rganib dono bo`lur»).
3. Miqdor son negiziga –lab affiksini qo`shish bilan (bu affiks ham miqdor
jihatdan yirik sonlarga qo`shiladi): o`nlab, yuzlab, minglab kabi: O`zbekistonda
butun jahondan yig`ilgan yuzlab millatlar va elatlar yashaydi («O`zbekiston
Respublikasi Konstitutsiyasiga sharh»).
4. Ketma-ket kelgan ikki sonni juft holda keltirish orqali: bir-ikki, uch-to`rt
kabi: Hanifa xolaning sandig`ida bo`lajak kelinga atab yig`ilgan besh-o`n kiyimlik
atlas va boshqa yaxshi matolar bor edi (B.Qodirov).
Ba’zan –ta affiksi bu juft sonlarning har bir qismiga yoki ikkinchi qismiga
qo`shilib keladi: bitta-ikkita, uch-to`rtta kabi: Daraxtlar orasidan sarg`ayib bir-
ikkita yulduz ko`rindi (O`.Umarbekov).
5. Hisob so`zlari bilan qo`llangan miqdor sonlarga –lar ko`plik affiksi hamda
kelishik affiksini qo`shish bilan yasaladi. Bunda ko`pincha vaqt bildiruvchi hisob
so`zi oldin keladi: Saida uyga kech soat o`n birlarda qaytdi (A.Qahhor). Bunda ish-
harakatning bajarilishidagi payt, vaqtga nisbatan taxmin ma’nosi ifodalanadi.
Ba’zan bu affikslar hisob so`ziga ham qo`shiladi: Ro`zimat qorong`ida
ko`ziga yigirma besh yoshlarda ko`ringan edi. (A.Qahhor)
5. Chama sonlar taxmin ma’nosini ifodalovchi chamasi, chog`li, taxminan,
qariyb, shuningdek, yaqin, ortiq, kamida kabi so`zlarning ishtiroki bilan ham hosil
qilinadi: Maktabda o`n chog`li bola yig`ilgan (O). Ko`chalarning ikki yuziga
sakson besh mingdan ortiqroq ko`chat o`tkazildi (A.Qahhor).
4) jamlovchi son bir turdagi predmetlarning miqdorini jamlab, to`dalab
ko`rsatadi.
Jamlovchi son miqdor songa quyidagi affikslarni qo`shish bilan hosil qilinadi:
a) miqdor songa –ov affiksini (ikkidan yettigacha bo`lgan sonlarga) qo`shish
bilan: ikkov, uchov, to`rtov, beshov, oltov, yettov kabi. Ba’zan o`n sonidan ham
yasaladi o`novi kabi. Bu affiks bilan yasalgan son otlashgan holda kelib, doimo
egalik affikslari bilan birga (I shaxs birlik egalik affiksidan tashqari) qo`llanadi, ya’ni
ular ko`pchiligi predmetning miqdoriga ko`ra belgisini ko`rsatmaydi, miqdor
ma’nosi bilan birga predmetlik ma’nosini anglatadi: Ular ikkovi birining og`zidan
biri olib, Qobilni past urib, Anvarni maqtab ketdilar (A.Qodiriy). Maqsud akaning
qaytganini eshitganimiz hamon Oybek men Mirtemir uchchovimiz suyunib yugurdik
(Z.Saidnosirova).
b) miqdor songa –ala affiksini qo`shish bilan yasaladi: ikkala, uchala,
to`rtala, beshala kabi. Olti va yetti sonlariga ham qo`shiladi. (Ikki va olti sonlariga
qo`shilganda negiz oxiridagi i unlisi tushib qoladi). Teshaboy ikala otni jilovidan
ushlab tolning naryog`iga olib o`tib ketdi (S.Ahmad).
d) miqdor songa –ovlon affiksini qo`shish bilan yasaladi: ikkovlon, uchovlon.
Bu affiks ham ikkidan yettigacha bo`lgan sonlarga qo`shiladi: Oltovlon ola bo`lsa
og`zidagin oldirar, to`rtovlon tugal bo`lsa tepadagin endirar (Maqol).
Otga bog`lanib kelgan jamlovchi son sifatlovchi aniqlovchi vazifasida keladi:
Haqiqat uchun, Vatan uchun jonini ayamagan ikala pahlavon sal o`tmay jangda
mardona halok bo`ldi. (SHukrullo)
Lekin jamlovchi son gapda ko`pincha ega, to`ldiruvchi, qaratqich-aniqlovchi,
kesim vazifasida keladi: Ikkovlari kech salqinda adir tagida bitta-bitta yurib
ketishyapti (S.Ahmad.). Uchalasining maqsadi bir. Talabalarning beshoviga ham
mukofot topshirildi.
5) taqsim son predmetlarning miqdor jihatdan teng taqsimlanishini,
guruhlanish miqdorini anglatadi.
Taqsim son quyidagicha yasaladi:
a) miqdor son negiziga –tadan affiksini qo`shish bilan: Azim har yelkasiga
to`rttadan odam sig`adigan yigit bo`libdi (A.Qahhor).
2. Donalik anglatadigan sonni takrorlash yo`li bilan: bitta-bitta, uchta-uchta
kabi. Ba’zan so`nggi qismga –dan chiqish kelishigi affiksi qo`shilishi ham mumkin:
bitta-bittadan, uchta-uchtadan kabi.
3. Miqdor sonlarning takrorlanishi bilan yasaladi: ikki-ikki, uch-uch kabi.
Bir sonining o`ziga xos grammatik xususiyatlari
Sonlar ichida bir soni o`ziga xos grammatik xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Bir soni yuqorida qayd etilgan sonlarga xos leksik-grammatik xususiyatlarga ega
bo`lishi bilan birga o`ziga xos ayrim xususiyatlarga ham ega:
1. Ilgari tilga olinmagan predmet nomini ifodalaydigan ot oldida kelib, gumon
va noaniqlik ma’nosini ifodalaydi: Maqsud aka Oybek ikkovimizga kula-kula bir
voqeani aytib bergan edi. (Z.Saidnosirova.)
Miqdor anglatadigan so`zlari, so`roq olmoshlari yoki narsa so`zidan oldin bir
so`zini kiritish bilan gumon, noaniqlik ma’nosidagi ravishlar yasaladi: bir necha, bir
qancha, bir nima, bir narsa, bir zum, bir payt kabi.
Bir so`ziga –ov, -on, -or affiksi qo`shilishi bilan ham gumon ma’nosini
bildiruvchi gumon olmoshlari yasaladi: birov, biron, biror kabi.
2. Bir so‘zi fe’l, ot, sifat, ravish oldida kelib, kuchaytiruv ravishi (juda, g`oyat)
va kuchaytiruv yuklamasi (hatto) kabi ma’noni kuchaytirishga xizmat qiladi: Bir
chiroyli, bir yoqimli shamol turdi. (Said Ahmad)
3. Bir so‘zi sifatlovchi-sifatlanmish orasida kelganda ham ma’noni
kuchaytiradi: Gulnor uchun ulug` bir baxt shu uchrashuv bo`ldi. (A.Q.) Juvon asabiy
bir harakat bilan ro`molini olib o`radi. (A.Q.)
4. Ayiruv chegaralov yuklamalari (-gina, faqat) vazifasini bajarib, ayirish,
chegaralash kabi ma’nolarni ifodalaydi: Kamtarlik ham bir xislat («Tafakkur
gulshani»). Mening ishonchim bir sensan. Bunda bir so`zi –gina, faqat vazifasini
bajargan.
5. Bog`lovchi vazifasida kelib, uyushiq gap bo`laklarini yoki qo`shma gap
qismlarini bog`lashga xizmat qiladi: Bir kattaning gapiga kir, bir kichikning
(Maqol).
6. Bir so‘zi o`zi bog`lanib kelgan so`z bilan «hech kim», «hech qanday»
olmoshlar ma’nosida keladi: Kunlik normasini bajarmagan bir kishi qolmadi.
7. Kesim vazifasini bajarib kelganda, birdamlik, o`xshashlik, umumiylik
ma’nosini ifodalaydi: Kemaga tushganning joni bir (Maqol). Odamning tili bilan dili
bir bo`lsin.
Bir sonidan olmosh, ravish, ot va fe’l yasaladi: bir necha, bir narsa, bir zum,
bir payt, bir vaqt, birlik, birik kabi.
Sonlarning otlashishi
Gapda otning so’rog‘iga javob bo’ladigan va ot kabi ko’plik, egalik, kelishik
shakllarida kela oladigan son otlashgan son hisoblanadi: Bеshga, uchni, ikkimiz,
ikkinchilar. Otlashgan sonlar xuddi otlar kabi ega, ot–kesim, to’ldiruvchi, qaratqich
aniqlovchi va hol vazifalarini bajaradi: Besh –o‘nning yarmi. Beshni uchga qo’shsa,
sakkiz bo’ladi. Imtihonlar yibirmanchida bo’ladi.
Sonlarning tuzilish jihatdan turlari
Sonlar tuzilish jihatdan quyidagi turlarga bo’linadi:
1. Sodda sonlar bir o‘zakdan iborat bo’ladi: bir, uch.
2. Qo’shma sonlar ikki yoki undan ortiq sonning birga yozilishidan tuziladi: o‘n
uch, bir yuzo‘n sakkiz.
3. Juft sonlar ikkita turli o‘zakning juftlashishidan tuziladi: bеsh-olti, yеtti-sakkiz,
o‘n bеsh-o’n olti.
4. Takroriy sonlar bir o‘zakning takrorlanishidan tuziladi: ikki-ikki, to’rtta-
to’rtta,o‘nta-o’nta.
Juft va takroriy sonlar chiziqcha bilan yoziladi.