1. Ta’lim mazmuni tushunchasining umumiy xususiyatlari. 2. Ta’llim mazmunini loyihalash tamoyillari va mezonlari. 3. Ta’lim mazmunini belgilab beruvchi me’yoriy hujjatlar.
Yuklangan vaqt
2024-10-17
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
9
Faytl hajmi
22,4 KB
Ta’lim mazmuni
Mavzu rejasi:
1.
Ta’lim mazmuni tushunchasining umumiy xususiyatlari.
2.
Ta’llim mazmunini loyihalash tamoyillari va mezonlari.
3.
Ta’lim mazmunini belgilab beruvchi me’yoriy hujjatlar.
Ta’lim mazmunini tanlab olishga umumiy yondashuvlar:
1.Ta’lim mazmuni tushunchasining umumiy xususiyatlari. Ta’lim mazmuni
tushunchasi. Ta’lim mazmuni deganda o‘quvchilarning egallashi lozim bo‘lgan bilim,
ko‘nikma, malaka va kompetentsiyalarning aniq belgilangan hajmi va ko‘lami tushiniladi.
Ta’lim mazmuni tarkibida quyidagilar aks etadi: olam va inson haqidagi bilimlar;
faoliyatni amalga oshirish usullari; ijodiy faoliyat tajribasi; atrof-muhitga emotsional-
faoliyat tajribasi.
Ta’lim mazmuni takomillashib borish tavsifiga ega bo‘lib, uni aniqlovchi asosiy
omillarga quyidagilarni kiritish mumkin:
1)
jamiyatda fan, texnika va madaniyatning rivojlanganlik darajasi;
2)
jamiyat tomonidan qo‘yiladigan ijtimoiy buyurtma;
3)
ta’limninq maqsad va vazifalari;
4)
innovatsion rivojlanish darajasi;
5)
axborotlarning hajmi va ko‘lami;
6)
o‘quvchilarning yosh xususiyatlari.
Zamonaviy sharoitda fan va texnika rivoji ta’lim va uning natijalariga qo‘yiladigan
talablarni tubdan o‘zgartirishni talab etmoqda va ana shu asosdan kelib chiqqan holda
ta’lim mazmunini modernizatsiyalashni davrning o‘zi pedagoglarning oldiga muhim
vazifa qilib qo‘ymoqda. Hozirgi vaqtgacha ta’lim mazmunini loyihalash tizimli-faoliyatli
yondashuvga asoslangan bo‘lsa, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining maqsadini
o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirish tarzidan o‘z-o‘zini
rivojlantirishga
qaratilgan
kompetensiyalarni
kompetentli-faoliyatli
yondashuvga
asoslanishdan kelib chiqqan holda belgilash talab etilmoqda. Chunki umumiy o‘rta ta’lim
maktablarida tashkil etilayotgan o‘quv-tarbiya jarayonining mohiyati o‘quvchilarning
ehtiyojlari va qobiliyatlarini rivojlantirish emas, balki o‘quv fanlari bo‘yicha asosan
bilimlarni axborot-verbal tarzda yetkazish, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishdan
iborat bo‘lib qolmoqda. Bunday reproduktiv tarzda o‘zlashtirilgan ma’lumotlar
o‘quvchining amaliy faoliyat tajribasini rivojlantirishga yetarlicha imkon bermaydi.
Oqibatda o‘quvchilarda juda ko‘p axborotlarning behuda jamg‘arilayotganligi, ta’limning
samarasi past bo‘lishi va uning real voqelikka mos kelmasligi kabi tafovutlar ko‘zga
tashlanmoqda. Aniqrog‘i, o‘quvchi real hayotdan uzoqlashib qolgandek, uning oldiga
faqat ilgaridan to‘plangan axborotlarnigina o‘zlashtirish maqsadi qo‘yilgandek tuyuladi.
Ta’limning maqsadini bunday tarzda belgilash o‘quvchining faolligini cheklab qo‘yadi,
oqibatda uning ham shaxsiy, ham ijtimoiy jihatdan anglangan ma’nosi yo‘qoladi.
Bunday muammoli vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li umumiy o‘rta ta’limda
yangicha, ya’ni kompetent yondashuvni joriy etishdir. Albatta, umumiy o‘rta ta’lim
tizimiga kompetent yondashuvni joriy etish, eng avvalo, uni ilmiy jihatdan har tomonlama
chuqur o‘rganishni taqozo etadi. Garchi umumiy o‘rta ta’lim uchun kompetent
yondashuvni fenomen sifatida talqin etish mumkin bo‘lsada, u pedagogika fanida chuqur
anglab yetilganligi va o‘z o‘rniga ega ekanligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Ayniqsa,
so‘nggi vaqtlarda ta’limga doir muammolarni tahlil etishda «kompetensiya»,
«kompetentlik», «tayanch kompetensiyalar» kabi atamalardan keng foydanilmoqda.
Pedagogik hamjamiyatda kompetensiya va kompetentlik, ulardan qaysi biri tanyach
(universal) hisoblanishi, ularni shakllantirish va baholash usullarini aniqlash jarayoni
jadallik bilan bormoqda, mazkur tushunchalarni aniqlashtirish bo‘yicha qizg‘in
munozaralar davom etmoqda.
Kompetent yondashuv o‘quvchidan alohida-alohida bilim va ko‘nikmalarni
o‘zlashtirishni emas, balki ularni yaxlitlikda egallashni talab etadi. Mazkur talab bilan
bog‘liqlikda o‘z navbatida o‘qitish metodlarini tanlash tizimi ham o‘zgarishga uchraydi.
O‘qitish metodlarini tanlash va amaliyotda qo‘llash o‘z navbatida ta’lim jarayonida
qo‘yiladigan
talablarga
muvofiq
keladigan
kompetensiya
va
funktsiyalarni
takomillashtirishni talab etadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, kompetent yondashuv umumiy o‘rta ta’limni
modernizatsiyalash nuqtai nazaridan yangi pedagogik voqelik hisoblanadi. Mazkur
yondashuv doirasida amaliy faoliyat tajribasi, kompetensiya va kompetentlikni didaktik
birliklar sifatida ko‘rib chiqish hamda ta’limning an’anaviy uch elementi (triada) - «Bilim
- Ko‘nikma - Malaka»ni oltita birlik (sikstet) - «Bilim - Ko‘nikma - Malaka - Amaliy
faoliyat tajribasi - Kompetensiya - Kompetentlik» tarzida tahlil etilishi talab etiladi.
Kompetentsiyaviy yondashuvda ta’limning an’anaviy uch elementi (triada) - «Bilim
- Ko‘nikma - Malaka»ni oltita birlik (sikstet) - «Bilim - Ko‘nikma - Malaka - Amaliy
faoliyat tajribasi - Kompetensiya - Kompetentlik» tarzida tahlil etish talab etiladi.
Umumiy o‘rta ta’limda kompetent yondashuvni tatbiq etish haqida gap ketganda,
kasbiy ta’limdan farqli ravishda «umumta’limiy kompetensiya» tushunchasini ta’lim
amaliyotiga tatbiq etish maqsadga muvofiqdir. Chunki umumta’lim maktabi o‘quvchisi
hali ma’lum bir kompetensiyani o‘zida to‘liq aks ettira olmasa ham, uning ayrim
komponentlarini amalga oshirishga qodirdir.
O‘quvchi uchun kompetensiya - bu uning kelajak obrazi, o‘zlashtirish uchun aniq
mo‘ljal(orientir). Biroq maktab ta’limi davrida o‘quvchida «yuksak» kompetensiyalarning
ayrim elementlari shakllanadi, nafaqat u kelgusi faoliyatga tayyorgarlik, balki hozirgi
bosqichda muvaffaqiyatli ijtimoiylashuv uchun mazkur kompetensiyalarni umumta’limiy
nuqtai nazardan o‘zlashtiradi.
Umum ta’limiy kompetensiyalar maktabda o‘qitiladigan fanlarni o‘zlashtirishga
yo‘naltirilgan faoliyatning tarkibiy qismi sifatida qaralishi hamda uning maqsadini to‘liq
ro‘yobga chiqarishni ta’minlay olishini e’tirof etish maqsadga muvofiqdir. Yana shuni
alohida ta’kidlab o‘tish joizki, maktab ta’limi davrida o‘quvchi eng asosiy - fuqarolik
kompetensiyasini o‘zlashtiradi va ta’limning keyingi bosqichlarida ham mazkur
kompetensiyaning yetakchilik roli saqlanib qolishi zarur.
2.Ta’lim mazmunini loyihalash tamoyillari va mezonlari. Ta’lim mazmunini
loyihalash quyidagi umumiy tamoyillarga muvofiq amalga oshiriladi:
Ta’lim mazmunining barcha elementlarining jamiyat, fan, madaniyat va shaxs
rivojlanishi talablariga mos bo‘lishi tamoyili. Bu tamoyil ta’lim mazmuniga an’anaviy
bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalar bilan birga jamiyatning rivojlanganligi, ilmiy bilim,
madaniy hayot darajasi va shaxsning rivojlanish imkoniyatlarini aks ettiruvchi fanlarni
kiritishni talab etadi.
Ta’lim mazmunining tashkiliy-jarayon bilan aloqadorlik tamoyili. Bu tamoyil ta’lim
mazmunini tanlashda bir tomonlama yondashishni rad etadi. U aniq bir o‘quv jarayonini
amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy shart-sharoitni hisobga olishni ko‘zda tutadi. Bu
umumiy o‘rta ta’lim mazmunini loyihalashtirish jarayonida taqdim etish va o‘zlashtirish
tamoyillari, texnologiyasi, darajasi va u bilan bog‘liq xatti-harakatlarni hisobga olish
kerakligini anglatadi.
Ta’lim mazmunining yaxlit strukturaga aloqadorlik tamoyili. Bu tamoyil ta’lim
tizimining turli bosqichlarida nazariy bilimlarning berilishi, o‘quv fani, o‘quv materiali,
pedagogik faoliyat, o‘quvchi shaxsi kabi komponentlarining o‘zaro mosligini ko‘zda
tutadi.
Ta’lim mazmunini insonparvarlashtirish tamoyili. Bu tamoyil birinchi navbatda
o‘quvchilarning umuminsoniy va milliy madaniyatni faol ijodiy va amaliy o‘zlashtirishlari
uchun shart-sharoitlar yaratish bilan bog‘liqdir. Buning uchun insonparvar g‘ oyalar
umumiy ta’limmazmuniga singdirilishi kerak. Bu esa o‘z navbatida ijtimoiy-gumanitar va
tabiiy-ilmiy fanlarning o‘zaro bog‘liqligi va o‘zaro munosabatlari tamoyilining
o‘zgartirilishini talab etadi, uning asosini shaxsga yo‘nalganlik tashkil etishi zarur.
Ta’lim
mazmunini
fundamentallashtirish
tamoyili
ta’limni
insonparvarlashtirishdagi to‘siqlarni yo‘qotishga imkon beradi. U ijtimoiy-gumanitar va
tabiiy-ilmiy bilimlarni birlashtirish, ketma-ketlikni o‘rnatish va fanlararo aloqalarni
o‘quvchilarning idrok etishi va amaliy faoliyat metodologiyasining mohiyatini anglab
yetishlariga tayanishni talab etadi.
Ta’lim mazmunining ketma-ketligi tamoyili. Mazkur tamoyil ta’lim mazmunini
o‘sib boruvchi yo‘nalishda rejalashtirishdan iborat bo‘lishini anglatadi, bunda birinchi
navbatda har bir yangi bilim avvalgisiga tayanadi va undan kelib chiqadi.
Ta’limning mazmuni muntazamligi tamoyili. Ushbu tamoyil o‘rganilayotgan
bilimlar va shakllantirilayotgan malakalar va kompetentsiyalarni yagona tizimdagi o‘rni,
umumiy o‘rta ta’ lim, barcha o‘quv kurslari va yaxlit mazmunning bir-biriga hamda
umuminsoniy, milliy madaniyat tizimi aloqadorlikda ko‘rib chiqishni ko‘zda tutadi.
Ta’lim mazmunining o‘quvchilar yosh xususiyatlariga mosligi tamoyili. Mazkur
tamoyil ta’lim mazmunini loyihalashda o‘quvchilarning yosh xususiyatlari va tayyorgarlik
darajasini hizobga olishni ko‘zda tutadi. Ma’lum bir yosh davriga mos bilim, ko‘nikma,
malaka va kompetentsiyalar tizimi ta’lim mazmunida aks ettiriladi.
Ta’lim mazmunini loyihalashtirishda quyidagi mezonlarga asoslaniladi:
ta’lim mazmunini mustaqil fikr yuritish va axborot iste’moli madaniyatini
shakllantirish ehtiyojiga muvofiq loyihalashtirish; ta’lim mazmunining aniq ilmiy va
amaliy ahamiyat kasb etishi; ta’lim mazmunining murakkablik darajasini hisobga olish,
o‘quvchilar imkoniyatlarining mavjud o‘quv dasturlariga mosligi; ta’lim hajmining uni
o‘rganishga ajratiladigan vaqtga mosligi; ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasining
zamonaviy talablarga javob berishi;
ta’lim mazmunini loyihalashda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olish.
3.Ta’lim mazmunini belgilovchi me’yoriy hujjatlar. Ta’lim mazmunini belgilab
beruvchi eng asosiy me’yoriy hujjat Davlat ta’lim standartidir. O‘quv reja, o‘quv dasturi,
malaka talablari umimg tarkibiy qismiga kiradi.
«Standart» ingliz tilidan tarjima qilinganda «me’yor», «namuna», «andoza»,
«model» ma’nolarini anglatadi. Standart yordamida, respublika miqyosidagi turli ta’lim
muassasalarida ta’limning barqarorlik darajasini ta’minlashga erishiladi, o‘quv ishlari
normativlari moslashtiriladi, o‘quvchilarning bilimlarini baholash mezonlari ishlab
chiqiladi.
Davlat ta’lim standartining maqsadi - umumiy o‘rta ta’lim tizimini mamlakatda
amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning
ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga
asoslangan holda tashkil etish, ma’naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni
tarbiyalashdan iborat.
Davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:
umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning
samarali shakllari va usullarini joriy etish;
o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va
bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
ta’lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik
darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek ta’lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat
qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;
davlat ta’lim standartlari talablarining ta’lim sifati va kadrlar tayyorlashga
qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash.
Davlat ta’lim standarti quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi: o‘quvchi shaxsi,
uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligi;
umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi; davlat ta’lim standartining
ta’lim sohasidagi davlat va jamiyat talablariga, shaxs ehtiyojiga mosligi;
umumiy o‘rta ta’limning boshqa ta’lim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va
ta’lim mazmunining uzviyligi;
umumiy o‘rta ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va
yaxlitligi;
umumiy o‘rta ta’limning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda
innovatsiya texnologiyalariga asoslanilganligi;
o‘quvchilarda fanlarni o‘rganish va ta’lim olishni davom ettirish uchun tayanch va
fanlarga oid umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishning ta’minlanganligi;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ta’lim sohasida me’yorlarni belgilash
tajribasidan milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.
Davlat ta’lim standarti quyidagi tarkibiy qismlardan iborat: umumiy o‘rta ta’limning
tayanch o‘quv rejasi; umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi; umumiy o‘rta ta’limning
malaka talablari; baholash tizimi.
Umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida
o‘qitiladigan o‘quv fanlari nomi, o‘quv yuklamasining minimal hajmi hamda ularning
sinflar bo‘yicha taqsimoti belgilangan hujjat hisoblanadi.
Tayanch o‘quv reja umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining dars jadvalini ishlab
chiqish uchun asos hisoblanadi.
Tayanch o‘quv reja umumta’lim fanlari bo‘yicha belgilangan ta’limmazmunini
o‘quvchiga yetkazish uchun ajratilgan o‘quv soatlari (davlat ixtiyoridagi va maktab
ixtiyoridagi soatlar)ning minimal hajmini belgilaydi.
Pedagog kadrlar salohiyati hamda moddiy-texnika bazasi etarli bo‘lgan umumiy
o‘rta ta’lim muassasalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent
shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining ruxsati
bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik kengashlariga dars jadvalini
tuzishda tayanch o‘quv rejadagi umumiy soatlar hajmidan oshmagan holda, ma’lum bir
fanlarni chuqurlashtirib o‘qitish maqsadida 15%gacha o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.
Umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi tayanch o‘quv rejaga muvofiq o‘quv
fanlarining sinflar va mavzular bo‘yicha hajmi, mazmuni, o‘rganish ketma-ketligi va
shakllantiriladigan kompetensiyalari belgilangan hujjat hisoblanadi.
O‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ishlab
chiqiladi va tasdiqlanadi.
Umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim
mazmunining majburiy minimumi va yakuniy maqsadlariga, o‘quv yuklamalari hajmiga
hamda ta’lim sifatiga qo‘yiladigan talablardan iborat.
Umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari quyidagilardan tashkil topadi: bilim -
o‘rganilgan ma’lumotlarni eslab qolish va qayta tushuntirib berish; ko‘nikma -
o‘rganilgan bilimlarni tanish vaziyatlarda qo‘llay olish; malaka - o‘rganilgan bilim va
shakllangan ko‘nikmalarni notanish vaziyatlarda qo‘llay olish va yangi bilimlar hosil
qilish; kompetensiya — mavjud bilim, ko‘nikma va malakalarni kundalik faoliyatda qo‘llay
olish qobiliyati.
Baholash tizimi - davlat ta’lim standarti bo‘yicha umumiy o‘rta ta’limning malaka
talablarini o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishi darajasini hamda umumiy o‘rta ta’lim
muassasasining faoliyati samaradorligini aniqlaydigan mezonlar majmuidan iborat.
Ta’lim mazmuni va o‘quv dasturlari asosida o‘quv materiallari o‘quv-metodik
majmuada o‘z ifodasini topadi.
O‘quv-metodik majmua - darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik
qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik - davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik,
metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigienik talablarga javob beradigan, o‘quv
fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga
qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ta’lim
oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab
chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov mashqlarini qamrab
olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darslik o‘quvchilarning ta’lim jarayonida, ongli ravishda va faol ishtirok etishlari,
o‘quv materialini to‘la o‘zlashtirishlarini ta’minlashi kerak. Ana shu masalalarni hal etish
yo‘lida darsliklar quyidagi vazifalarni bajaradi:
motivatsion vazifa - bu vazifa o‘quvchilarni ushbu fanni o‘rganishga
yo‘naltiradigan, ularda ishga pozitiv munosabati va qiziqishini shakllantiruvchi rag‘bat
(sabab)larni hosil qilishdan iborat;
axborot vazifasi o‘quvchilarga axborotlarni etkazish, samarali usullar yordamida
ularning bilimlari hajmini kengaytirishga imkon beradi;
nazorat-tuzatish (mashq qilish) vazifasi - ta’lim jarayoni, uning natijalarini
tekshirish, o‘quvchilarda o‘zini baholash va tuzatish layoqati hamda zarur bo‘lgan
ko‘nikma, malakalarni shakllantirish uchun o‘rganish mashqlarini tavsiya etishni nazarda
tutadi.
muvofiqlashtirish vazifasi material ustida ishlash jarayonida ta’limning boshqa
vositalari (xaritalar, ko‘rgazmali materiallar, diapozitiv va boshqalar)ni jalb etishni
ifodalaydi;
rivojlantiruvchi-tarbiyalovchi
vazifasi
darslik
mazmunining
o‘quvchilarga
ma’naviy-axloqiy ta’sir ko‘rsatishi, kitoblar bilan ishlash jarayonida ulardan
mehnatsevarlik, faol fikrlash, ijodiy qobiliyat kabi sifatlarni shakllantirishdan iborat;
o‘qitish vazifasi darslik bilan ishlashda mustaqil bilim olish uchun zarur bo‘lgan
konspekt yozish, umumlashtirish, asosiysini ajratib ko‘rsatish, mantiqiy eslab qolish kabi
malaka va ko‘nikmalarni rivojlantirishga yordam berishida ko‘zga tashlanadi.
Mashq daftari - darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat ta’lim
standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni
mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan, mantiq
va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan (krossvordlar, boshqotirmalar, mantiqiy
fikrlashga undovchi topshiriqlar va hokazo) topshiriqlardan iborat bo‘lgan didaktik vosita.
O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma - darslikdagi har bir mavzuni samarali o‘qitish
metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining darsni qiziqarli tashkil
etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har bir darsning maqsadi, darsda
foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy
mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida metodik ko‘rsatmalar aniq
bayon qilingan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darsliklarning multimediali ilovalari - axborot-kommunikatsiya texnologiyalari
yordamida o‘quv faniga oid materiallarni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturiga mos
ravishda yorita oladigan, o‘quv fanini samarali o‘zlashtirishga, o‘quvchilarning mustaqil
ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi hamda video, ovoz, animatsiya, jadval, matn va
lug‘atlarni o‘z ichiga olgan, bilimlarni nazoratdan o‘tkazish va mustahkamlashga
yo‘naltirilgan, o‘quv fanining asosiy mazmunini boyitadigan qo‘shimcha materialga ega
bo‘lgan yoki shu kabi manbalarga murojaatlarni o‘z ichiga olgan interaktiv elektron
axborot-ta’lim resursi.