TA’LIM METODLARI VA VOSITALARI
Mavzu rejasi:
1.Ta’lim metodlari va usullari tushunchalari.
2.Zamonaviy didaktikada ta’lim metodlari tasnifiga turlicha yondashuvlar.
3.Ta’lim metodlarinig mohiyati va mazmuni.
4.Ta’lim metodlarini tanlab olish shartlari.
5.Ta’lim vositalari va ularning vazifalari.
1.Ta’lim metodlari va usullari tushunchalari. Metod, usul va texnologiya. Ta’lim
metodi tushunchasi anchagina murakkabdir. Shu bois pedagogikada uning tobora
aniq talqini xususida munozara haligacha davom etmoqda. Biroq bu tushunchaga
beriladigan didaktlarning turli ta’riflariga qaramay, ularning nuqtai nazarlarini
yaqinlashtiradigan qandaydir umumiylikni ham ta’kidlash mumkin. Ko‘pchilik
mualliflar ta’lim metodini o‘quvchilarning o‘quv bilish faoliyatini tashkil etish
usuli, deb hisoblashga moyildir.
Shu qoidani boshlang‘ich nuqta bilib, mazkur tushunchani yanada batafsil
ko‘rib chiqish va uning ilmiy ta’rifiga kelishga harakat qilamiz.
Metod so‘zi yunoncha tadqiqot, maqsadga erishish yo‘li, usuli deganidir. Metod
- eng umumiy ma’noda - maqsadga erishish usuli, ma’lum tarzda tartibga solingan
faoliyat. Ko‘rinadiki, bu o‘rinda ham o‘qituvchining o‘rgatuvchi ishi va u tashkil
etgan o‘quvchilarning faol o‘quv-bilish faoliyati uyg‘unlashadi.
Ta’lim metodlari deyilganda, o‘rganilayotgan materialni egallashga qaratilgan
turli didaktik vazifalarni hal etish bo‘yicha o‘qituvchining o‘rgatuvchi ishi va
o‘quvchilarning o‘quv-bilish faoliyatini tashkil etish usullari yig‘indisi tushuniladi.
Didaktikada, shuningdek, ta’limusullari atamasi ham keng qo‘llanadi. Ta’lim
usuli - ta’lim metodining tarkibiy qismi yoki alohida tomoni. Metodlar bilan
usullar munosabati o‘zaro bir-biriga bog‘langan. Usul va metod butun va qism
sifatida bir-biriga bog‘lanadi. Usullar yordamida faqat pedagogik yoki o‘quv
vazifasining bir qismi hal qilinadi. Xuddi shu metodik usullar turli metodlarda
foydalanilgan bo‘lishi mumkin. Va aksincha, xuddi shu metod turli o‘ qituvchilar
tomonidan turli usullarda ochib berilishi mumkin.
Ta’lim usuli - o‘qitish metodining tarkibiy qismi yoki alohida tomoni. Usul va
metod butun va qism sifatida bir-biriga bog‘lanadi. Usullar yordamida faqat
o‘quv vazifasining bir qismi hal qilinadi.
Masalan, o‘qituvchilar tomonidan ko‘p qo‘llaniladigan mashq manbasiga ko‘ra
amaliy metod hisoblansa, uni qo‘llash esa bir nechta usullar (mashqning qoidasini
o‘qib berish (1-usul), bittasini namuna sifatida bajarib ko‘rsatish (2-usul),
o‘qituvchining namunasi asosida o‘quvchilar tomonidan mashqning bajarilishi (3-
usul), o‘quvchilar tomonidan bajarilgan mashqlarni tekshirish va xatolarini tuzatish
(4-usul) va boshqalar) yordamida amalga oshiriladi.
O‘qituvchilarning ayrimlari esa, “metod” tushunchasining o‘rniga “uslub”
tushunchasini ham qo‘llaydilar. Ammo “uslub” tushunchasi “metod” atamasining
mohiyatini o‘zida to‘liq aks ettira olmaydi. Chunki uslub ko‘proq xususiy (so‘z
borayotgan holatda aynan o‘qituvchiga xoslikni ifoda etadi) tavsifga ega bo‘lib,
aniq maqsadga erishish yo‘li sifatida xizmat qila olmaydi.
Pedagogik texnologiya - bu muayyan loyiha asosida tashkil etiladigan, aniq
maqsadga yo‘naltirilgan hamda ushbu maqsadning natijalanishini kafolatlovchi
pedagogik faoliyat jarayoni mazmunidir. Har qanday pedagogik texnologiya,
jumladan umummadaniy dunyoqarashni shakllantirishga yo‘naltirilgan texnologiya
ham o‘zaro hamkorlik, muloqot, ularning bir-birlariga ta’sirlari eng zamonaviy
talablarga javob bergan holda, o‘qituvchi ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish va
boshqarish tamoyillari, yo‘llari, umummadaniy dunyoqarashni shakllantirishga
xizmat qiluvchi metod va uslublar, talabalar shaxsi faoliyatni to‘g‘ri tashkil etish,
ular bilan hamkorlik qilish, muloqotga kirishish, pedagogik faoliyatini tashkil etish
jarayonida yuzaga keluvchi muammo va qarashlarni birgalikda hal etish,
auditoriyada ijodiy hamkorlik, ishchanlik muhitini hosil qilishga doir shakl va
metodlar bilan qurollangan bo‘lishi lozim.1
Ta’lim amaliyotida “pedagogik texnologiya” tushunchasi uch darajada
qo‘llaniladi:
Umumpedagogik (makro) daraja. Mazkur darajaga muvofiq keladigan
texnologiyalar yaxlit pedagogik jarayonga tegishli bo‘lib, ularga muammoli,
tabaqalashtirilgan, integratsion, shaxsga yo‘naltirilgan, rivojlantiruvchi, modulli,
masofali o‘qitish texnologiyalarini misol sifatida keltirish mumkin. Mazkur
texnologiyalar innovatsiya tavsifiga ega bo‘lib, novator o‘ qituvchilar, olimlar va
izlanuvchilar tomonidan ishlab chiqiladi hamda samaradorligi kafolatlanganidan
va amaliyotga keng tatbiq etish imkoniyatiga ega bo‘linganidan so‘ng uni
amaliyotchi o‘qituvchilar o‘z faoliyatida qo‘llaydilar.
Xususiy-metodik (mezo) daraja. Ushbu daraja o‘zida ma’lum bir o‘quv fanini
o‘qitish jarayonini loyihalash va rejalashtirishni o‘zida aks ettiradi. Masalan,
boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi o‘qish darsini har safar texnologik modeli va
xaritasini tuzib kelishi kerak. Hozir ko‘p ta’kidlanayotgan texnologik model
loyihalashga, texnologik xarita rejalashtirishga to‘g‘ri keladi. Natijada har bir fanni
o‘ qitish texnologiyasi yuzaga keladi.
Lokal daraja (mikro). Mazkur darajaga tegishli texnologiyalar o‘quv-tarbiya
jarayonining ma’lum tarkibiy qismi, alohida shaxs sifatlarini shakllantirish,
maxsus o‘quv ko‘nikma va malakalarini tarkib toptirishga xizmat qiladi. Masalan,
o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashini shakllantirish texnologiyasi, o‘quvchilarning
aqliy qobiliyatini rivojlantirish texnologiyasi va boshqalar.
Metodika - qat’iy ketma-ketlikka (algoritmik xarakterga), ilgari o‘rnatilgan reja
(qoida), tizimga aniq rioya qilish bo‘lib, biror bir ishni maqsadga muvofiq
o‘tkazish metodlari, yo‘llari majmuasi. “Metodika” tushunchasi turli fanlarni
o‘qitish bilan ham bog‘ liqlikda qo‘llanilib, ma’lum sohani o‘qitish jarayoni,
mazmuni, qonuniyatlari, tamoyillari, shakl, metod va vositalari yig‘indisini o‘zida
ifoda etadi.
“Metodika” va “texnologiya” tushunchalarining bahs doirasi bilan ham
bog‘liqlikda ayrim farqli jihatlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Jumladan, metodik
1Aleks Muur. Ta’lim berish va ta’lim olish: pedagogika, ta’lim dasturi va tarbiya. Rutledj. Ikkinchi nashr. 2012. 93-110-betlar.
tizim “Qanday o‘qitish?”, “Nima uchun o‘qitish?”, “Nimaga o‘rgatish?” kabi
savollarga javob izlaydi, texnologiya esa, “Qanday tarzda samarali o‘qitishga
erishish mumkin?” degan savolni markazga qo‘yadi. Metodika o‘quv jarayoninin
qanday tarzda tashkil etish lozimligini nazarda tutsa, texnologiya qay yo‘sinda
o‘quv jarayonini eng qulay, maqbul tarzda amalga oshirishga diqqat-e’tiborni
qaratadi.
2.Zamonaviy didaktikada ta’lim metodlari tasnifiga turlicha yondashuvlar.
Didaktik tadqiqotlar ko‘rsatadiki, ta’lim metodlari nomenklaturasi (nomlanishi) va
tasnifi ularni ishlab chiqishda tanlangan yondashuvga bog‘liq holda juda xilma-xil
ekanligi bilan xarakterli. Ulardan eng muhimlariga to‘xtalamiz.
Ta’lim metodlari tasnifi:
An’anaviy (manbasiga ko‘ra) ta’lim metodlari (E.I.Golant, N.M.Verzilin va
bosh.)
O‘quvchilarning bilish faoliyati tavsifiga ko‘ra ta’lim metodlari tasnifi
(I.Ya.Lerner va M.N.Skatkin).
Didaktik maqsadlariga ko‘ra ta’lim metodlari tasnifi (M.A.Danilov va
B.P.Esipov):
•
Yangi bilimlarni egallash metodlari;
•
Ko‘nikma va malakalarni shakllantirish metodlari;
•
Bilimlarni amaliyotda qo‘llash metodlari.
•
Bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash va nazorat qilish
metodlari.
•
O‘quv-bilish faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish metodlari.
•
O‘quv-bilish faoliyatini motivatsiyalash va rag‘batlantirish
metodlari.
•
O‘quv-bilish faoliyatini nazorat va o‘z-o‘zini nazorat qilish
metodlari.
O‘qitish metodlari (Sruikshank, Bainer & Metcalf)
1.
Ta’limiy o‘yinlar yoki raqobatchilik – raqobat orqali yoki o‘yin orqali
qaysi guruh yoki alohida olingan shaxsning boshqalardan ustunroq ekanligini
anglashga yordam beradi. Komyuterli o‘yinlar ham juda mashxurdir.
2.
Brainstorming – ijodiy fikrlarni to‘plash uchun o‘tkaziladi,bunda
ishtirokchilar tanqid va kesatiqlarsiz muayyan muammo yuzasidan o‘z fikrlarini
ochiq oydin bayon etadilar va ushbu muammoning yechimini izlaydilar. Masalan
o‘quvchilarga dunyodagi ocharchilik muammosi haqida fikr bildirish vazifa qilib
topshirilsa o‘quvchilar o‘z fikr mulohazalarini birin – ketin aytadilar, hamma fikrlar
qayd etib olinganidan so‘ng ushbu muammo bilan kurashish usullarining eng
maqbul variantlari ko‘rib chiqiladi.
3.
Case studi-Case ta’limi turida 1 ta talaba yoki odatda bir guruh talabalar
biror sodir bo‘lgan voqea yoki ma’lum vaziyatni tafsilotini namoyish etadilar. Keyin
ular biror bir aniq va to‘g‘ri fikrga kelishdan oldin, shu vaziyatni muhokama va
o‘rganish un yig‘ilgan bilim va tushunchalarni amalda qo‘llashlari talab qilinadi.
Tehnologiya bilan ta’minlangan case ta’limi odatda tibbiyot ta’limida qo‘l
keladi/foydalaniladi. Bunda case ta’limi tibbiyot tarixini va bemorning
simptomplari, ko‘pincha ko‘rgazmaviy qurollar, turli holatlar bilan bog‘liq
simptomplar haqidagi ma’lumot va mutaxassining ishi haqidagi turli xil fikrlar
bog‘liqligi to‘g‘risidagi resurslarni o‘z ichiga oladi. Talabalar esa ma’lum bir fikrga
kelishdan oldin hamma berilgan ma’lumot va fikrlar ko‘rib chiqib muhokama
qiladilar.
Bir qator omillar yaxshilab tushunilib qaralsa, va ma’lum bir vaziyatda to‘g‘ri
qaror qabul qilinsa, case ta’limining juda ko‘plab sohalarda foydasi katta. Chunki
case ta’limi talabalarda ko‘p va kerakli resurslardan foydalanishni talab qiladi, bu
guruhli yoki masofadan o‘qitish muhitiga o‘rganish imkoniyatini yaratuvchi eng
yaxshi yo‘nalish hisoblanadi, keyin esa talabalarga mavzu bilan shug‘ullanishalari
uchun dastlabki imkoniyatlar beriladi. O‘qituvchi doim ham hamma kerakli
ma’lumotni o‘zlari yaratishlari shart emas, chunki har qanday sohadagi eng sara
ma’lumotlar internet saytlarida allaqachon joylashtirilgan. Bu dagani o‘qituvchi shu
berilgan vazifa bo‘yicha tushuncha va savollarni berishi keyin esa sayt manzilalrini
berib va shu orqali atrofda va berilgan vaziyatlarda nima sodir bo‘lganligi, asosiy
tushunchalar, boshqa o‘xshash misollar va kerakli izohlar orqali ma’lumot olishlari
mumkin. Bundan tashqari,talabalar uchun bebaho bo‘lgan har qanday holatdagi turli
muloqotlar talab qilinishi mumkin.
4.
Qiziqishlar markazi – muayyan bir mavzuga tegishli turli kolleksiya va
ekspozitsiyalar orqali o‘quvchilarni qiziqishlarini orttirishga hizmat qiladi. Masalan
o‘quvchilarga o‘zlarining etnik eklib chiqishlarini izohlovchi turli materiallar, oila
shajarasining rasmlarini maktabga olib kelish va uni sinfdoshlariga so‘zlab berish
vazifasi topshiriladi. Bu metod orqali o‘quvchilarning dunyo millatlarini kelib
chiqishini o‘rganishga qiziqishlari ortadi va o‘zga madaniyat namoyondalarini
hurmat qilishgao‘rgatiladi
5.
Colliqua –sinfdagilarning qiziqishlaridan kelib chiqib sinfga taklif
qilingan mehmonlar o‘z faoliyatlari va kasblari haqida so‘zlab beradilar. Masalan
sinfga taklif qilingan sozanda o‘z kasbi va faoliyati haqida o‘quvchilarga ma’lumot
berishi, jonli ijro orqali esa o‘quvchilarda musiqaga bo‘lgan muhabbatni tarbiyalashi
mumkin.
6.
Hamkorlikda o‘qitish- yuklatilgan vazifa va muammolarni bir guruh
bo‘lib hal etishga o‘rgatadi.
7.
Ommaviy madaniyat tazyiqi (culture jumming)- ommaviy axborot
vositalari umuman ommaga qarshi tura olishga va turli stereotiplarni yengishga
o‘rgatadi.
8.
Debat – muayyan mavzu yoki muammoli vaziyatga turli nuqtai nazarlar
bilan yondoshish va o‘z fikrini omma oldida himoya qilishga o‘rgatadi.
9.
Debrifing – muayyan tajriba yoki sinovdan so‘ng o‘z hissiy
kechinmalari va intelektual zaxiralari bilan almashinishdan iborat bo‘ladi.
10.
Demonstartsiya – muayyan jarayon yoki qurilmani sihlash va faoliyat
yuritishini ko‘rsatish ya’ni namoyish qilishdir.
11.
Kashfiyot yoki tadqiqotchilik – muayyan vaziyat yoki holatga nisbatan
yangilik yoki o‘z nuqtai nazarni ilgari surishni taqazo etadi.
3.Ta’lim metodlarining mohiyati va mazmuni.
Hikoya - o‘qituvchi tomonidan mavzuga oid dalil, hodisa va voqealarning yaxlit
yoki qismlarga bo‘lib, tasviriy vositalar yordamida obrazli tasvirlash yo‘li bilan
ixcham, qisqa va izchil bayon qilinishi. Metodning samarasi ko‘p jihatdan
o‘qituvchining nuqt mahorati, so‘zlarni o‘z o‘rnida, ifodali bayon qilishi,
shuningdek, o‘quvchilarning yoshi, rivojlanish darajasini inobatga olgan holda
yondashuviga bog‘liq. Shu bois hikoya mazmuni o‘quvchilarning mavjud
bilimlariga tayanishi, ularni kengaytirishga xizmat qilishi zarur. Hikoyaning
axborotlar bilan boyitilishi maqsadga muvofiqdir.
Hikoya qilinayotgan materialni samaralash maxsus reja asosida amalga
oshiriladi. O‘qituvchi har bir darsda uning maqsadini aniq belgilab oladi, undagi
asosiy tushunchalarga alohida urg‘u berishga e’tiborni qaratadi.
Suhbat - savol va javob shaklidagi dialogik ta’lim metodi bo‘lib, u fanga
qadimdan ma’lum, xatto undan o‘z faoliyatida Suqrot ham mohirona foydalangan.
Suhbat ta’lim jarayonida ko‘p funktsiyalar (aqliy fikrlash, hozirjavoblik, muloqot
madaniyati va boshqa sifatlarni shakllantiradi) bajaradi, ammo asosiysi o‘quvchida
faollikni yuzaga keltiradi. Suhbat o‘qituvchi fikriga mos harakat qilish, natijada
yangi bilimlarni bosqichma-bosqich egallashga imkon beradi.
Suhbat - faoliyatni endigina boshlagan o‘qituvchi uchun murakkab ta’lim
metodi hisoblanadi, binobarin, savollarni tayyorlash, ularning ketma-ketligini
ta’minlash ko‘p vaqt talab etadi, uni tashkil etishda esa barcha o‘quvchilarning
diqqatini jalb etish talab qilinadi. O‘qituvchi oddiy savollar berishi, o‘quvchilarga
ular yuzasidan batafsil o‘ylash uchun vaqt ajratishi, o‘quvchilarning javoblarini esa
diqqat bilan tinglashi, zarur o‘rinlarda ularni sharhlashi lozim. Shu bois suhbatda
bilish deduktiv yoki induktiv yo‘l bilan amalga oshadi. Deduktiv suhbat
o‘quvchilarga oldindan ma’lum bo‘lgan qoidalar, tushunchalar, hodisalar,
jarayonlar asosida tashkil etilib, o‘quvchilar tahlil yordamida xususiy xulosalarga
keladilar. Suhbatning induktiv shaklida alohida dalillar, tushunchalarning tahlil
asosida umumiy xulosaga kelinadi.
Suhbat ko‘proq o‘quvchilarni yangi bilimlar bilan tanishtirish, bilimlarni
tizimlashtirish va mustahkamlash, nazoratni tashkil etish hamda o‘zlashtirilgan
bilimlarni tashxislashda ijobiy natijalarni beradi. Suhbat turli ko‘rinishlarda, ya’ni,
kirish, yakuniy, individual va guruhli suhbattarzida tashkil etiladi.
Tushuntirish o‘quv materiali mazmunini isbot, tahlil, umumlashma, taqqoslash
asosida bayon qilishdir. Bu metod hikoyaga nisbatan birmuncha keng qo‘llaniladi.
Undan odatda, nazariy materiallar hamda murakkab masalalarni o‘rganishda
foydalaniladi. Tushuntirish jarayonida o‘quv materialining bir qadar qiyin
unsurlari ko‘zga tashlanadi va shu asosda materialning mohiyati ochib beriladi.
Tushuntirish samarasi ko‘p hollarda o‘qituvchining ko‘rgazmali vositalardan
oqilona foydalanishiga bog‘liq bo‘ladi.
Ma’ruza - yirik hajmdagi o‘quv materialini og‘zaki bayon qilish metodi sanalib,
uning o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat: qat’iy mantiqiy ketma-ketlik,
uzatilayotgan axborotlarning ko‘pligi, bilimlar bayonining tizimliligi. Maktab
ma’ruzasi mazmunini murakab tizimlar, hodisalar, obyektlar, jarayonlar, ularning
sababli-oqibatli bog‘lanishlari, qonun va qoidalar tashkil etadi. Shu bois ma’ruza
maktab sharoitida yuqori sinflardagina qo‘llaniladi. Chunki u butun dars jarayonini
qamrab olishi mumkin. Ma’ruza metodi tushuntirish va suhbatning asta-sekin
kengayib borishidan vujudga keladi va bir vaqida o‘quvchilarni qisqacha yozib
olish (konspektlash)ga o‘rgata boradi.
Ta’lim sifati va samaradorligini ta’minlashda ko‘rgazmali metodlar ham alohida
ahamiyatga ega.
Tasvir (illyustratsiya) metodi namoyish metodiga chambarchas bog‘liq
bo‘lsada, didaktikada alohida o‘rganiladi. Illyustratsiya narsa, hodisalar va
jarayonlarni ularning ramziy ko‘rinishlari - chizma, port, rasm, fotosurat, yassi
modellar va boshqalar yordamida ko‘rsatishni taqozo etadi.
Namoyish (demonstratsiya) metodi o‘rganilayotgan obyekt harakat
dinamikasini ochib berishda qo‘l keladi va ayni chog‘da predmetning tashqi
ko‘rinishi va ichki tuzilishi haqida to‘laqonli ma’lumot berishda keng qo‘llaniladi.
Tabiiy obyektlarni namoyish qilishda odatda uning tashqi ko‘rinishi (shakli, hajmi,
miqdori, rangi, qismlari, ularning o‘zaro munosabatlari)ga e’tibor qaratiladi,
so‘ngra ichki tuzilishi yoki alohida xususiyatlarini o‘rganishga o‘tiladi. Ko‘rsatish
ko‘p holatlarda o‘rganilayotgan obyektlarning subyekti yoki chizmasi yordamida
kuzatiladi.
Amaliy metod - o‘zlashtirilgan bilimlarni amaliy masalalar echimini topishga
yo‘naltirilgan jarayonda qo‘llashni taqozo etadi. Bunda nazariy bilimlarni
amaliyotda qo‘llash ko‘nikmasi hosil qilinadi. Amaliy ishlar sinfda yoki tabiiy
sharoitlar - maktab er maydoni, issiqxona, geografik maydonlarda amalga
oshiriladi. Ularni amalga oshirishda sodir etiladigan harakatlar o‘qituvchi
tomonidan nazorat qilinadi va zarur hollarda yo‘riqnoma yoki maxsus ko‘rsatmani
o‘quvchilar e’tiboriga havola etadi.
Mashq - aqliy yoki amaliy (jismoniy) harakatlarni bajarish ko‘nikmalarini
egallash yo‘lidagi ko‘p marta takrorlanishlar bo‘lib, mashqsiz ko‘nikma hamda
malakalarni shakllantirish mumkin emas. Mashqlar og‘zaki, yozma, gradikaviy
(texnik jarayonlar mohiyatini ifodalash), ijtimoiy-foydali, jismoniy va boshqa
turlarga bo‘linadi.
Laboratoriya ishlari o‘quvchilarning jihoz, maxsus uskuna, qurol hamda turli
texnikaviy qoliplardan foydalangan holda tajribalarni o‘tkazish metodlari bo‘lib,
ular ko‘proq tabiiy fanlar asoslarini o‘rganishda qo‘llaniladi. Bu metod
o‘quvchilarning asbob-uskunalar bilan ish ko‘rish, o‘lchash ishlarini amalga
oshirish va ularning natijalariga ishlov berish kabi ko‘nikmalarini tezkor
shakllantirishga imkon beradi. Laboratoriya ishlarini bajarish maxsus qurilma va
jihozlar, shuningdek, materiallar hamda vaqtni sarflash, ularni ishga tayyor holatga
keltirishni talab etadi. Biroq bu harakatlar o‘quvchilarning yuqori darajadagi
faolligi asosida mustaqil ravishda tajriba va o‘lchash ishlarini tashkil etish bilan
takomillashtirilib boriladi.
Didaktik o‘yin o‘rganilayotgan ob’yekt, hodisa va jarayonlarni modellashtirish
asosida o‘quvchining bilishga bo‘lgan qiziqishi va faollik darajasini
rag‘batlantiruvchi o‘quv faoliyati turi. Ayni vaqtda o‘yin ham ijtimoiy faoliyat
ko‘rinishi sanaladi.
Ta’lim metodlarini tanlash. Pedagogika fani da, o‘qituvchilarning amaliy
tajribasini o‘rganish va umumlashtirish asosida ta’lim metodlarini tanlashga
o‘quvtarbiya jarayoni kechayotgan shart-sharoitlar va aniq holatlarga bog‘liq
muayyan yondashuvlar vujudga keladi. Ta’lim metodlarini tanlashda quyidagi
holatlar inobatga olinishi lozim:
•
Ta’limning umumiy maqsadlari.
•
Fanning va o‘rganilayotgan mavzuning mazmuni hamda o‘ziga
xosliklari.
•
Biror fanni o‘qitish metodikasining o‘ziga xosliklari.
•
Materialni o‘rganishga ajratilgan vaqt.
•
O‘quv mashg‘ulotining maqsadi, vazifalari va mazmuni.
•
O‘quvchilarning yoshi va bilish imkoniyatlari.
•
O‘quvchilarning tayyorgarlik darajasi.