Ta’limni tashxis etish.
Reja:
1. O'quvchilar bilimini tashhis etishning mohiyati.
2. Ta'lim jarayonida nazorat va hisobga olishning vazifalari.
3.Ta'lim natijalarini tekshirish va baholashga qo'yiladigan talablar.
4. O'quv faoliyati natijalarini hisobga olish turlari, shakl va metodlari.
5.O'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalarini baholash mezonlari.
1. O'quvchilar bilimini tashhis etishning mohiyati1. Ta'lim tashhisi
mohiyati haqida gapirishdan oldin tashhisni umumiy yondashuv hamda
tashhislashni amaliy pedagogik faoliyat jarayoni sifatida qabul qilamiz. Tashhis -
bu didaktik jarayon kechadigan barcha sharoitlarni oydinlashtirish, uning
natijalarini belgilash demak. Tashhissiz didaktik jarayonni samarali boshqarish,
mavjud sharoit uchun optimal natijalarga erishish mumkin emas.Ta'lim tashhisida
oqibatlar, erishilgan natijalar va ta'lim olganlik farqlanadi. Shuningdek, ta'lim
olganlikni tashhislash vaqtida belgilangan maqsadni amalga oshirishda erishilgan
daraja sifatida ham qaraladi.
Didaktik tashhisning maqsadi o'quv jarayonini uning samaradorligi bilan
bog'liq holda aniqlash, baholash va tahlil qilishdan iborat.Yuqoridagilardan ma'lum
bo'ladiki, tashhis ta'lim oluvchilarning bilim, ko'nikma va malakalarini an'anaviy
tekshirishga nisbatan kengroq va chuqurroq ma'no kasb etadi. Ta'limni baholash
yoki tekshirish faqat natijalarni qayd etadi, biroq ularning kelib chiqishini
izohlamaydi. Tashhis natijalarini ularga erishish yo'llari va vositalari, usullari bilan
aloqadorlikda baholaydi, ta'lim samarasini ta'minlovchi jarayon va bosqichlarni
aniqlaydi:
O'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalarini nazorat qilish, baholash
tashhislashning zaruriy tarkibiy qismlari sanaladi. Ular pedagogik texnologiyaning
ancha qadimiy usullaridir. Nazorat va baholash maktab amaliyoti rivojining doimiy
hamrohi bo'lib kelgan. Shunga qaramay, bugun ham baholashning mazmuni,
texnologiyalari haqida qizg'in munozaralar davom etmoqda. Avval bo'lgani kabi
pedagoglar baho nimani qayd etishi lozimligini aniqlashga urinmoqdalar.
Ularning fikrlaricha, bahoning:
1) ta'lim oluvchining o'zlashtirish darajasini qat'iy belgilovchi - sifat
ko'rsatkichi, yoki;
2) u yoki bu ta'lim tizimining ustunligi, kamchiliklarini ko'rsatuvchi
ko'rsatkich ekanligi aniq belgilanishi zarur.
Ta'limni baholashda ziddiyatli qarashlarning tug'ilishini buyuk pedagog
Ya.A.Komenskiy ham ta'kidlab o'tgan edi. U pedagoglarni o'zlari ega bo'lgan
baholash huquqidan aql bilan foydalanishga chaqirgan. Ta'lim oluvchilarga
nisbatan nazoratning ob'ektiv bo'lishiga erishish didaktik tizimlarning asosida
yotadi. Olimlarning ta'kidlashicha, demokratlashgan ta'lim tizimida yuzaki (formal)
nazorat bo'lmasligi lozim, Didaktik nazorat ta'limning o'ziga xos metodi sifatida
aniq ifodalangan ta'lim beruvchi, rivojlantiruvchi xususiyatga ega bo'lishi o'z-o'zini
nazorat qilish bilan birlashishi, eng avvalo, ta'lim oluvchining o'zi uchun zarur va
foydali bo'lishi lozim.Ta'lim tizimini demokratlashtirish bilim, ko'nikma va
malakalarni nazorat va baholashdan emas, balki baho yordamida o'qishga
undashning murakkab shakllaridan voz kechishni talab qiladi. O'quvchilarning
o'quv mehnatini rag'batlantirishning yangi usullarini izlash, ta'lim va tarbiya
sohasida kuch to'plab borayotgan shaxsiy foyda tamoyili yangicha yondashuvlarni
belgilab beradi.
Tashhislash tizimida baho rag'batlantirish vositasi sifatida bir qator
afzalliklarga ega. Birinchi navbatda, baholovchi fikrlar (ballar) qo'llanishi mumkin
bo'lgan tashhislash natijalari shaxsning yetuklik darajasini belgilashga
ko'maklashadi, bu esa raqobatli ta'lim sharoitlarini yaratishda muhim omil sanaladi.
Ta'lim (shuningdek, nazorat)ning ixtiyoriyligi tamoyili bilan boyitilgan baho
o'tmishda o'quvchilar uchun majburiy bo'lgan ta'limning zaruriy vositasidan
shaxsiy reyting - shaxsning jamiyatdagi mavqei ko'rsatkichini tadrijiy aniqlash
usuliga aylanadi.
2. Ta'lim jarayonida nazorat va hisobga olishning vazifalari. Ta'lim
jarayonining muhim tarkbiy qismlaridan biri - nazorat va hisobga olishdir. Bu
tushunchalar o'ziga xos mohiyat va xususiyatlarga ega. O'qituvchi nazorat va
hisobga olishni to'g'ri tashkil etsa, ta'lim jarayonining samaradorligi ortadi. Buning
uchun o'qituvchi o'quvchining o'quv materiallarini o'zlashtirish darajasini aniqlab
berishi lozim. Nazorat tushunchasi ta'lim oluvchining bilim, ko'nikma va
malakalarini aniqlash, o'lchash va baholashni anglatadi. Aniqlash va o'lchash esa
tekshirish deb ham ataladi.
Tekshirish - nazoratning tarkibiy qismi bo'lib, uning asosiy didaktik
vazifasi o'qituvchi va o'quvchilar o'rtasida teskari aloqani ta'minlash, pedagog
tomonidan o'quv materialini o'zlashtirish haqida ob'ektiv axborot olinishi,
bilimlardagi kamchilik va nuqsonlarni o'z vaqtida aniqlashni ta'minlashdir.
Tekshirishning maqsadi nafaqat o'quvchining bilim darajasi, sifati, shuningdek,
uning o'quv mehnati hajmini ham aniqlashdan iborat.
Tekshirish tizimidagi birinchi bosqich ta'lim oluvchilarning bilim darajasini
oldindan aniqlash hisoblanadi. Odatda, u o'quv yili boshida o'quvchilar tomonidan
avvalgi o'quv yilida o'zlashtirilgan bilimlari darajasini aniqlash maqsadida
o'tkaziladi. Bu kabi tekshirish, shuningdek, o'quv yilining o'rtasida yangi bo'lim
(kurs)ni o'rganishga kirishilganda ham o'tkazilishi mumkin va o'rinli
Bilimlarni tekshirishning ikkinchi bosqich har bir mavzuni o'zlashtirish
jarayonidagi joriy tekshirishdir. Joriy tekshirish ta'lim oluvchilar tomonidan o'quv
dasturida belgilangan ayrim alohida elementlarni o'zlashtirish darajasini tashhislash
imkonini beradi. Mazkur tekshirishning asosiy vazifasi alohida olingan muayyan
vaziyatni o'rganishdir. Bunday tekshirish shakl va metodlari turlicha bo'lib, ular
o'quv materiali mazmuni, murakkabligi, o'quvchilarning yoshi va tayyorgarligi,
ta'lim bosqichi va maqsadlari, muayyan pedagogik sharoitlarga muvofiq
belgilanadi. Takroriy tekshirish bilim, ko'nikma va malakalarni tekshirishning
uchinchi bosqichi sanalib, joriy tekshirish kabi mavzuli bo'lishi mumkin. Yangi
mavzuni o'rganish bilan birga o'quvchilar avval o'zlashtirilganlarni takrorlaydilar.
Takroriy tekshirish bilimlarni mustahkamlashga ko'maklashadi, biroq o'quv ishlari
bosqichini tavsiflash, bilimlarning mustahkamlik darajasini tashhislash imkonini
bermaydi.
Tashhisning boshqa shakl va metodlari bilan birga qo'llanilsagina ushbu
tekshirish kutilgan samarani beradi. Tizimning to'rtinchi bosqichi -o'quvchilarning
bilim, ko'nikma va malakalarini yaxlit bo'lim yoki kursning alohida mavzusi
bo'yicha davriy tekshirish hisoblanadi. Mazkur tekshirishning maqsadi - kursning
turli qismlarida o'rganilgan o'quv materialining strukturaviy elementlari o'rtasidagi
o'zaro aloqalarni o'zlashtirish sifatini tashhislash. Davriy tekshirishning asosiy
vazifasi - tizimlashtirish va umumlashtirish.
Tekshirishni tashkil etishda beshinchi bosqich ta'lim oluvchilarning ta'lim
jarayonining barcha bosqichlarida egallangan bilim, ko'nikma va malakalarini
yakuniy tekshirish va hisobga olishdir.
O'zlashtirishning yakuniy hisobi har bir chorak va o'quv yili oxirida
o'tkaziladi. U olingan baholarni qo'shib, o'rtacha arifmetik ballni mexanik tarzda
chiqarishdangina iborat bo'lmasligi lozim. Bu, avvalo, mazkur bosqichda
belgilangan maqsadga muvofiq tarzda mavjad bilim darajasi (sifati)ni
tashhislashdir.
Tekshirishdan tashqari nazorat o'z ichiga baholash (jarayon sifatida) va
baho (natija sifatida) ham oladi. O'zlashtirish tabellari, sinf, guruh jurnallari,
reyting daftarchalari va shu kabilarda baholar shartli belgilar, kod signallari,
xotiralash belgilari va hokazolar baho ko'rinishida qayd etiladi. O'quvchining
o'zlashtirish darajasini baholash uchun nazorat yakunlari (natijalari) asos bo'ladi.
Bunda o'quvchilar ishining ham sifat, ham miqdor ko'rsatkichlari hisobga olinadi.
Miqdor ko'rsatkichlari ko'proq ballar yoki foizlarda. Sifat ko'rsatkichlari esa
a'lo, yaxshi, qoniqarli va hokazo baholovchi fikrlar yordamida qayd etiladi. Har bir
baholovchi fikrga oldindan kelishilgan (belgilangan) ma'lum ball, ko'rsatkich
(masalan, o'rin - 1, 2, 3, 4 va hokazo) tayinlanadi. Bunda baho o'lchash va
hisoblashlar natijasida olinadigan son emas, balki baholovchi fikrga yuklangan
ma'no ekanini unutmaslik muhim. Baholovchi son sifatida qo'llashga berilib
ketishning oldini olish uchun bir qator mamlakatlarda baholar harfli (A, V, S, D va
hokazo) ifodaga ega. Bahoni amalda egallangan bilim, ko'nikma va malakalar bilan
davlat ta'lim standartiga ko'ra o'zlashtirilishi belgilangan bilim, ko'nikma va
malakalar umumiy hajmi o'rtasidagi nisbat sifatida tushunish (ta'riflash)dan ta'lim
darajasining miqdoriy mazmuni kelib chiqadi.
O'zlashtirish (ta'lim samaradorligi) ko'rsatkichi BqA/T yuz foiz nisbat
asosida hisoblanadi. Bunda:
B - o'zlashtirish (ta'lim samaradorligi) bahosi;
A - amalda o'zlashtirilgan bilim, ko'nikma va malakalarning hajmi;
T - o'zlashtirish nazarda tutilgan bilim, ko'nikma va malakalarning to'liq
hajmi.
Ko'rinib turibdiki, o'zlashtirish ko'rsatkichi (baho) bu o'rinda 100 foiz -
axborotni to'liq o'zlashtirish va 0 foiz - uning umuman mavjud emasligi o'rtasida
bo'ladi. Ma'dlumki, baholash funksiyasi ta'lim darajasini qayd etish bilangina
cheklanmaydi. Baho - pedagog ixtiyoridagi o'qish, ijodiy motivasiyani
rag'batlantirish, shaxsga ta'sir ko'rsatish vositasi. Aynan xolis (ob'ektiv) baholash
ta'sirida o'quvchilarda adekvat o'z-o'zini baholash, shaxsiy muvaffaqiyatlarga
tanqidiy munosabat yuzaga keladi. Shu bois bahoning ahamiyati, vazifalarining
xilma-xilligi o'quvchilar o'quv faoliyatining barcha jihatlarini aks ettiradigan va
ularni aniqlashni ta'minlaydigan ko'rsatkichlarni izlab topishni taqozo etadi.
Hisobga olish - bu ta'limning muayyan davrida o'quvchilar va o'qituvchi
faoliyatini umumlashtirib, xulosalash demak.O'quvchilarning o'zlashtirish
natijalarini hisobga olishda quyidagilarga e'tiborni qaratish lozim:
1) o'quv dasturi asosida mavzu va bulimni o'rganishda o'quvchilarning
bilim, ko'nikma va malakalarini har tomonlama nazorat qilish;
2) har bir yakunlangan mavzu bo'yicha o'quvchilarning faoliyati to'g'risida
xulosa chiqarish;
3) o'rtacha arifmetik ma'lumotlarga tayanibgina o'quvchilarning
o'zlashtirish darajasini baholamaslik;
4) o'quvchilarning mavjud bilimlariga aniq, batafsil ma'lumot (tavsif) berish
uchun ularning bir necha o'quv yilidagi statistik o'zlashtirish ma'lumotlarga
asoslanib tahlil etish.
Demak, o'zlashtirishni nazorat qilish va hisobga olish nazorat, o'qitish,
tarbiyalash va rivojlantirish vazifalarini bajaradi:
Nazorat qilish vazifasi o'quvchilarning bilim, ko'nikma va malakalarining
qanday darajada ekanligini aniqlashdan iborat. Bu o'quv materiallarini
o'rganishning keyingi bosqichiga o'tish imkoniyatlarini aniqlashtiradi va
o'qituvchining o'quv metod hamda usullarini to'g'ri tanlaganini nazorat qiladi.
Nazorat qilish vazifasi o'quv materiallarini o'rganishning maqbul yo'llarini topish
bilan bog'liqdir.
Ta'lim vazifasi o'quvchilarning bilimini tekshirishda aniq ko'rinadi. Yangi
mavzuni mustahkamlash jarayonida yoki uy vazifalarini tekshirishda
o'quvchilarning o'tilgan mavzuni takrorlashga, ular uchun tushunarsiz bo'lgan
ma'lumotlarni bilish olishlariga imkon tug'iladi. Chunki guruhdagi boshqa
o'quvchilar javob berayotgan o'quvchining fikrlarini diqqat bilan tinglashadi va
avval egallangan bilimlarni mustahkamlab, qo'shimcha ma'lumotlar bilan
boyitishadi. O'rtoqlarining javoblariga qo'shimcha qilishga yoki yeilmay qolgan
savollarga javob berishga shaylanish orqali o'rganilgan mavzuni aniqlashtirishga
harakat qiladi. Nazoratning tarbiyalash vazifasi shundan iboratki, o'quvchilar har
doim tekshirishga tayyor bo'lish uchun darslarni o'z vaqtida tayyorlaydi,
ko'ngilochar o'yinlardan o'zlarini tiyishga kuch topadi, intizomga o'rganadi.
Shuningdek, tekshirish va baholash o'quvchining o'z bilimlari va
qobiliyatlarini o'zi mustahil aniqlashiga ham yordam beradi. O'zidagi
kamchiliklarni ko'ra olishga va uni tugatish yo'llarini izlashga ko'maklashadi. Lekin
o'quvchining bilimini baholashda o'qituvchi nohaqlikka yo'l qo'ysa, o'quvchi bilan
o'qituvchi o'rtasida ziddiyat kelib chiqadi. Uy vazifalarining esa haddan ziyod ko'p
bo'lishi ham o'quvchilarning yuzaki dars tayyorlashiga olib keladi.
Eng asosiysi, o'zlashtirishni hisobga olish shaxsning ijobiy fazilatlarini
shakllantirish, yaxshi o'qishga xohish uyg'otish, o'quv ishlariga vijdonan
yogdashish, javob berishga tayyorlanishda mustaqil bo'lish hamda bilish faoliyatini
chuqurlashtirishga yo'naltirilmog'i lozim.
Agar nazoratning o'qitish va tarbiyalash vazifalari to'g'ri amalga oshirilsa,
shaxsning tafakkurini rivojlantirish hamda his-tuyg'ulari va axloqiy sifatlarini
tarbiyalashga imkon tug'iladi. Bu o'z-o'zidan nazoratning rivojlantiruvchi vazifasi
sanaladi. O'qituvchi mazkur vazifalardan xabardor bo'lish asosida o'quvchilarning
o'zlashtirish darajasini hisobga olishni to'g'ri tashkil etadi.
3. Ta'lim natijalarini tekshirish va baholashga qo'yiladigan talablar.
O'quvchilarning ta'lim natijalarini tekshirish va baholashga qo'yiladigan pedagog
talablar (buni pedagog olim N.A.Sorokin ta'rifida berishni ma'qul deb topdik) ta'lim
nazariyasi va amaliyotida quyidagicha belgilangan:
1) har bir o'quvchining o'quv faoliyatini nazorat qilishni talab etadigan, sinf
yoki guruhning o'quv ishi natijalari o'quvchining shaxsiy natijalarining o'rnini
almashtirishga yo'l bermaydigan nazoratning individual tavsifi;
2) nazoratni ta'lim jarayonining barcha bosqichlarida: boshlang'ich idrok
etishdan to bilimlarni amalda qo'llashgacha bo'lgan bosqichlarida o'quvchilarning
o'quv faoliyatlarining boshqa tomonlari bilan birgalikda olib borishning tizimliligi;
3) nazoratning o'qitish, tarbiyalash va rivojlantirish vazifalarini hal
etadigan, uni olib borishga o'quvchilarni qiziqtiradigan turli shakllari;
4) o'quv dasturining barcha qismlarini qamrab olgan, o'quvchilarning
nazariy bilimlari, intellektual hamda amaliy ko'nikma va malakalarini tekshirishdan
iborat nazoratning keng ko'lamliligi;
5) o'quvchilarni har jihatdan bilib olmasdan turib, o'qituvchining xato
xulosalar chiqarish, sub'ektiv munosabatda bo'lishiga yo'l qo'ymasligi, shuningdek,
o'zlashtirish natijalarini baholashda baho mezonlariga qat'iy rioya qilishni talab
etadigan nazoratning xolisligi (ob'ektivligi);
6) har bir fan, uning bo'limlarining maxsus xususiyatlari, shuningdek,
o'quvchilarning shaxsiy qobiliyatlarini hisobga olgan holda turli nazorat
metodlarini tanlashning tabaqalashganligi;
7) muayyan sinf (guruh) o'quvchilarining o'quv ishlarini nazorat qilishda
barcha o'qituvchilar tomonidan qo'yiladigan talablarning bir xil bo'lishi.
Yuqorida ko'rsatilgan talablarga rioya qilish orqali nazoratning ishonchliligi
ortadi va yoquv jarayonida o'z vazifalarini hal qilishga imkon yaratiladi.
4. O'quv faoliyati natijalarini hisobga olish turlari, shakl va metodlari.
Pedagogika fani bilimlarni o'z vaqtida nazorat qilish va baholashning uchta vazifasi
borligini alohida uqtiradi:
1. O'zlashtirishni nazorat qilish va baholash natijalariga qarab davlat ta'lim
standartlari qanday bajarilayotganligi nazorat qilinadi va vazifalar belgilanadi.
2. Bilimlarni nazorat qilish va baholash natijasida o'quvchilarda bilimlar
yanada kengayadi. Bu bilan ta'lim muassasalari oldida turgan ta'limiy maqsad
bajariladi.
3. Ta'lim sohasida yaxshi natijalar yoshlar tarbiyasiga ham ta'sir ko'rsatadi,
ularda ko'tarinki ruh, o'z kuchiga bo'lgan ishonch va qiziqish paydo bo'ladi.
Shuning uchun ham ta'lim natijalarini nazorat qilish va baholash ta'lim tizimining
ajralmas qismidir. Ana shu vazifalardan kelib chiqib o'quvchilar o'quv faoliyatini
hisobga olishning bir qator shakl va metodlari asoslangan.
Har bir fan bo'yicha o'quvchining o'quv faoliyatini nazorat qilish va
baholash chorak yoki yarim yillik davomida muntazam ravishda olib boriladi va
quyidagi nazorat turlari orqali baholanadi:
- joriy nazorat;
- oraliq nazorat;
- yakuniy nazorat.
Joriy nazorat - bu o'rganilayotgan mavzularni o'quvchilar tomonidan
qanday o'zlashtirayotganini muntazam ravishda dars jarayonida nazorat qilishdan
iborat. Bu nazorat o'qituvchi tomonidan o'tkazilib, o'quvchilarning bilim darajasini
aniqlash fanning har bir mavzusi bo'yicha kundalik ballar qo'yib borishni nazarda
tutadi.
Oraliq nazorat - bu mazkur fan bo'yicha o'tilgan (mavzular bo'yicha
yozma, og'zaki, test shaklida o'tkaziladi) bir necha mavzularni o'z ichiga olgan
bo'lim bo'yicha o'quvchilarning bilimlarni aniqlash.
Yakuniy nazorat - bu nazorat chorak yoki yarim yillik uchun belgilangan
mavzular to'liq o'tib bo'lingach, o'tilgan mavzular bo'yicha yozma, og'zaki, test
shaklida o'tkaziladi. O'quvchilarning faoliyatini hisobga olish metodlari og'zaki,
yozma, test hamda amaliy topshiriqlarni bajarishga asoslangan bo'lishi mumkin.
Og'zaki tekshirish. Bu metod bilimlarni nazorat qilish va baholashning
ancha keng tarqalgan an'anaviy usullaridan biridir.Og'zaki tekshirishning mohiyati
shunda ko'rinadiki, o'qituvchi o'quvchilarga o'rganilgan mavzuning mazmunidan
kelib chiqib, ularning o'zlashtirish darajasini aniqlaydi. Og'zaki tekshirish
o'quvchilarning bilimlarini tekshirishni savol-javob usuli asosida amalga oshiriladi.
Ushbu usul ayrim hollarda suhbat usuli deb ham atashadi. Og'zaki tekshirishda
o'qituvchi o'rganilayotgan mavzuni alohida qismlarga ajratadi va ularni har biridan
o'quvchilarga savollar beradi. Biroq, o'quvchilarning nutqini o'stirish hamda
ularning chuqur va mustahkam bilimga ega bo'lishlari uchun ulardan shu yoki
oldingi mavzuni butunlay esga tushirishni talab qilish mumkin. Ko'pgina fanlarda
og'zaki tekshirish o'quvchilarning javoblarini yozma mashqlarni tashkil etish