TARBIYA METODLARI VA VOSITALARI (Tarbiya metodlari haqida tushuncha, Tarbiya metodlari klassifikatsiyasi, Tarbiya metodlarini tanlash asoslari)
Yuklangan vaqt
2024-04-28
Yuklab olishlar soni
2
Sahifalar soni
13
Faytl hajmi
31,6 KB
Ilmiybaza.uz
TARBIYA METODLARI VA VOSITALARI
Reja:
1. Tarbiya metodlari haqida tushuncha.
2. Tarbiya metodlari klassifikatsiyasi.
3. Tarbiya vositalari.
4. Tarbiya metodlarini tanlash asoslari.
Ilmiybaza.uz
Tayanch iboralar: Tarbiya metodlari, tarbiya vositalari, metod, usul, metodlar
klassifikatsiyasi, tarbiya shakllari, tarbiya metodlarini tanlash, tarbiyalanuvchi
xususiyatlari.
1.Tarbiya metodlari haqida tushuncha. Maqsad, mazmun, shakl, metod va
vositalar kabi tushunchalar tarbiya jarayonining mohiyatini ochib beradi. Biroq,
tarbiya mohiyatini yoritishda o‘ziga xos ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir
tushuncha ham mavjud, bu tarbiya metodlari tushunchasidir.
Tarbiya metodi (yunoncha “metodos” – yo‘l) tarbiya maqsadiga erishishning yo‘li;
tarbiyalanuvchilarning ongi, irodasi, tuyg‘ulari va xulqiga ta’sir etish usullari.
Maktab amaliyotiga tadbiq etilganda, metodlar – bu tarbiyalanuvchilarning ongi,
irodasi, tuyg‘ulari va xulqiga ta’sir etish usullaridir.
Tarbiyaning mutlaqo yangi metodlarini yaratishga bironta tarbiyachining
kuchi yetmaydi. Metodlarni takomillashtirish muammosi doimo mavjud, har bir
tarbiyachi o‘zining imkoniyatiga ko‘ra uni hal qiladi, tarbiya jarayonining aniq
shart-sharoitlariga mos ravishda o‘zining xususiy qarashlarini ifoda etish asosida
umumiy metodikani boyitadi.
Metodning ijobiy va salbiysi bo‘lmaydi, tarbiya jarayonida ma’lum yo‘lni
yuqori darajadagi samarali va samarasiz deya baholash mumkin emas. Metodning
samaradorligini u qo‘llanilayotgan sharoit nuqati nazaridan baholash mumkin.
Tarbiya metodlarini to‘g‘ri tanlash bir qator omillarga bog‘liq.
Tarbiyaning maqsad va vazifalari. Tarbiya maqsadi va mazmuni metodlarni
to‘g‘ri tanlashga imkon beradi. Maqsad qanday bo‘lsa, unga erishish metodlari
unga muvofiq bo‘lishi zarur.
Tarbiyaning mazmuni shaxsning shakllanishiga qo‘yiluvchi ijtimoiy talablar
mohiyatidan iborat. Unutmaslik kerakki, aynan bitta vazifa turli xil fikrlar bilan
to‘ldirilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun metodlarni umuman mazmun bilan
emas, balki aniq fikr bilan bog‘lash g‘oyat muhimdir.
Ilmiybaza.uz
Tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlari. Tarbiya jarayonida
tarbiyalanuvchilarning yosh xususiyatlarini inobatga olish maqsadga muvofiqdir.
Yosh xususiyatlari muayyan bir yosh davriga xos bo‘lgan anatomik, fiziologik
(jismoniy) va psixologik xususiyatlardir. Aytaylik, mas’uliyat tuyg‘usini
boshlang‘ich ta’lim, o‘rta ta’lim va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi
muassasalarida ta’lim olayotgan o‘quvchilarda ham shakllantirish mumkin. Biroq
har bir bosqichda mazkur sifatni shakllantirish borasida turli metodlar qo‘llaniladi.
Xalq pedagogikasida tarbiya metodlari. Xalq pedagogikasi o‘zbekona axloq, odob
va tarbiyaning barcha qirralarini o‘zida mujassamlashtirgan. Xalq pedagogikasida
turlicha tarbiya metodlari hamda vositalaridan foydalaniladi. Bu metod va vositalar
nihoyatda rang-barang bo‘lib, ko‘p jihatlari bilan ilmiy pedagogikadan ustunlik
qiladi. Binobarin, ushbu metodlar ilmiy pedagogikaning shakllanishiga ham o‘z
ta’sirini o‘tkazgan. Xalq pedagogikasida qo‘llanilgan xilma-xil tarbiya metodlarini
quyidagi tarzda umumlashtirish mumkin:
1. Tushuntirish (hikoya qilish, o‘rgatish).
2. Mashqlantirish (odatlantirish, mashq qildirish).
3. Namuna (maslahat berish, uzr so‘rash, o‘rnak bo‘lish).
4. Nasihat qilish, o‘git (undash, ko‘ndirish, iltimos qilish, yolvorish, tilak-istak
bildirish, ma’qullash, rahmat aytish, duo qilish, oq yo‘l tilash va hokazolar).
5. Qoralash va jazo (ta’kidlash, ta’na, gina, tanbeh berish, majbur qilish, koyish,
ayblash, uyaltirish, qo‘rqitish, nafratlanish, ont-qasam ichirish, urish, kaltaklash va
hokazolar).
Xalq pedagogikasi namunalari, tarbiya metodlari va tarbiyaviy ta’sirlar muayyan
vositalar yordamida qo‘llanilgan. Mehmon kutish, mehmonga borish, turli mehnat
jarayonlari, hasharlar, turli gurunglar (choyxona, to‘y marosimlari), sayillar,
oilaviy an’analar (tug‘ilgan kun, fuqarolik pasporti, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va
oliy ma’lumotga egalik to‘g‘risidagi attestat va diplom, davlat mukofotlarini olish
kabi holatlarni nishonlash) va musobaqalar o‘ziga xos tarbiya vositasi sanaladi.
2. Tarbiya metodlari klassifikatsiyasi.
Ilmiybaza.uz
Ijtimoiy ongni shakllantiruvchi metodlar o‘quvchilarda ma’naviy-axloqiy sifatlar,
e’tiqod hamda dunyoqarashni shakllantirish maqsadida ularning ongi, his-tuyg‘usi,
irodasiga ta’sir ko‘rsatish usullari sanaladi. Ular yordamida o‘quvchilar ongiga
jamiyatda ustuvor o‘rin tutuvchi ijtimoiy g‘oya va maqsadlar singdiriladi. Yoshlar
dunyoqarashini shakllantirish, ularning hayot mazmunini tushunib olishlariga
ko‘maklashish uchun ijtimoiy ongni shakllantiruvchi usullar qo‘llaniladi.
O‘quvchilarda g‘oyaviy onglilik va ijtimoiy faollik, ya’ni, davlatning ichki va
xalqaro siyosati mazmunini tushunish va idrok qilish ko‘nikmalarini tarbiyalash
lozim. Tushuntirish ijtimoiy ongni shakllantirishda eng ko‘p ishlatiladigan usuldir.
Tushuntirishda o‘quvchilarga mamlakat fuqarosining davlatga nisbatan muayyan
huquq va burchlar asosida bog‘langanligi borasida ma’lumotlar beriladi. Bunda
davlat bayrog‘i, gerbi, madhiyasi hamda Konstitutsiyasiga sadoqat ruhida tarbiya
berishning ahamiyati katta. Shu sababli davlat bayrog‘i, gerbi, madhiyasi,
Konstitutsiyasining mohiyati tushuntiriladi.
Suhbat. O‘quvchi shaxsini g‘oyaviy va ma’naviy-axloqiy jihatdan shakllantirishda
o‘qituvchining jonli so‘zi eng ta’sirchan usul hisoblanadi. Suhbat uchun mavzu
tanlashda uning dolzarbligi, sinf o‘quvchilarga mosligi, ularda ma’naviy-axloqiy
sifatlarni shakllantirish imkoniyatini hisobga olish zarur. Suhbat quyidagi
mavzularda uyushtirilishi mumkin:
Ilmiybaza.uz
Suhbatlarning mehnat, huquqiy, ekologik, iqtisodiy va gigiyenik mavzularda
tashkil etilishi ham ijobiy natijalarini beradi.
Suhbat davomida o‘quvchilarga ularning o‘z fikrlarini erkin ifoda etishlari hamda
mustaqil fikrlashlariga imkon beruvchi savollar bilan murojaat qilish foydali. Bu
borada bahs-munoazaralarning ahamiyati katta.
Hikoya. O‘quvchilar odatda hayot va turli adabiyotlardan olingan aniq misollar
bilan boyitilgan hikoyalarni katta qiziqish bilan tinglaydilar. Ularga axloq
meyorlari, xalq o‘tmishi, tabiiy boylar, qahramonlar hayoti va jasorati, shuningdek,
tarix, adabiyot va san’at haqida hikoya qilib berish mumkin. Badiiy adabiyot
namunalari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari – radio, televideniye, gazeta
va jurnallar sahifalarida e’lon qilingan ma’lumotlar ham o‘quvchilar uchun
qimmatli material bo‘ladi. Suhbat ham, hikoya ham o‘quvchilarning yoshiga mos
mavzularda ular tushunadigan so‘zlar vositasida adabiy tilda o‘tkazilishi maqsadga
muvofiqdir. Suhbat yoki hikoya mavzusining o‘quvchilar tomonidan belgilanishi,
ularning samarali kechishini ta’minlaydi, buning natijasida o‘quvchilar ilgari
surilayotgan mavzuga befarq qaramaydilar.
Namuna. O‘quvchilar o‘z atrofidagi kishilarda hamma yaxshi axloqiy sifatlarni
ko‘rishlari va ibrat olishlari nihoyatda muhim.
O‘qituvchining shaxsan o‘zi namuna bo‘lishi, ayniqsa, yoshlarga katta ta’sir
ko‘rsatadi. Ular o‘qituvchining darsda va hayotda o‘zini qanday tutishini, atrofdagi
kishilar bilan qanday muomala qilishini, o‘z vazifalarini qanday bajarishini kuzatib
yuradilar.
O‘quvchilar o‘zlariga yaqin kishilarning xulq-atvoriga taqlid qiladilar, Xulq-
atvorlar bolalarda yaxshi sifatlarning, ba’zan esa yomon sifatlarning ham tarkib
topishiga ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun o‘qituvchi va ota-onalar har qanday
holatda ham o‘zlarini tuta bilishlari kerak. Ular qayerda bo‘lishmasin, atroflarida
bolalar borligini his etishlari lozim. Kattalar so‘z va amaliy harakatlarida tafovut
bo‘lmasligini ta’minlashlari kerak.
Ilmiybaza.uz
Ilg‘or kishilarning hayoti va faoliyatidan olingan ma’lumotlar, adabiy asar,
kinofilm va spektakllar qahramonlarining xatti-harakatidagi yaxshi namunalar
bolalarning ongiga kuchli ta’sir qiladi.
Maktablarda ishlab chiqarish ilg‘orlari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi. O‘quvchilar
o‘z ota-onalarining ishlab chiqarishdagi muvaffaqiyatlari bilan faxrlanadilar,
ularga taqlid qilishga intiladilar.
Namunada xalq pedagogikasi g‘oyalaridan ham foydalaniladi. Ota-onalar o‘z
farzandlarini hamisha katta hayotiy tajribaga ega, dunyoqarashi va bilim doirasi
keng kishilardan ibrat olishga da’vat qilib kelganlar. Masalan, “Qush uyasida
ko‘rganini qiladi”. Juda oddiy xulosa. Shu oddiy xulosa ostida qancha fikrlar
jamlanib yotganligini hamisha ham fahmiga boravermaymiz. Bu bilan xalq
“uyingda tartibli bo‘l, aks holda bolang ko‘chada tartibsiz bo‘ladi”, “bola oldida
birovlarning g‘iybatini qilma, bolang g‘iybatchi bo‘ladi”, demoqchi.
O‘z-o‘zini tarbiyalash metodlari. O‘quvchida o‘z-o‘zini tarbiyalashga, ya’ni, o‘z
ustida ongli, bartartib ishlashga ehtiyoj paydo bo‘lgandagina tarbiya jarayonini
samarali deb hisoblash mumkin. Tarbiya jarayonida o‘z-o‘zini tarbiyalash
metodlaridan foydalanish samarali hisoblanadi. Ushbu metodlar o‘quvchilarning
o‘zini o‘zi idora qilishlari, turli o‘quvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok
etishlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida
qo‘llaniluvchi usullardir.
O‘z-o‘zini tarbiyalash o‘quvchilarning o‘zini o‘zi idora qilish, va o‘quvchilar
organlari faoliyatida faol ishtirok etish, ijtimoiy mavqeini oshirishning ta’sirchan
vositasi. O‘quvchilar o‘qish, tarbiya va dam olishda o‘z-o‘zini tarbiyalash
usullaridan foydalanadilar, bu usullar o‘quvchilarni o‘z-o‘zini tarbiyalash
tashabbuskorlik va mustaqillikka undaydi.
O‘z-o‘zini tahlil (nazorat) qilish o‘z shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-
atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf
etishga qaratilgan faoliyat usuli. O‘z-o‘zini tahlil (nazorat) qilish uchun o‘quvchi
o‘zining yurish-turishi, intizomi, ijobiy fazilatlarining ortib borishi va aksincha,
Ilmiybaza.uz
salbiy odatlarining kamayib borishi haqida muntazam ravishda kundaligiga yozib
boradi.
O‘z-o‘zini baholash mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish
orqali o‘z shaxsiga baho berishga yo‘naltirilgan faoliyat usuli.
O‘quvchining qobiliyatini o‘z kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashish zarur.
O‘z-o‘zini baholash qiyin, lekin o‘quvchini bunga yetarli tayyorlash mumkin. Shu
bois o‘quvchi irodali bo‘lishi, o‘z burchini tushunishi, tahsil va tarbiya olish uchun
sababli asos bo‘lishi, ya’ni, tarbiyalanishni xohlashi, o‘zini o‘rtoqlari,
atrofdagilarning ko‘zi bilan ko‘rish va o‘z-o‘zini takomillashtirishga intilishi
lozim.
O‘z-o‘zini baholash o‘quvchi uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish,
o‘ziga obyektiv baho berish, o‘zidan qoniqishiga yordam beradi.
Izohlash tarbiyalanuvchiga hissiy-og‘zaki ta’sir etish usuli. Izohlashning hikoya va
tushuntirishdan farqlanadigan muhim belgisi muayyan guruh yoki alohida shaxsga
yo‘naltirilganligidir. O‘quvchilar bilan ishlaganda ma’naviy-axloqiy
tushunchalarning ijtimoiy ahamiyati va ma’nosini izohlash zarur. Izohlash
quyidagi holatlarni yuzaga keltiradi: 1) yangi ma’naviy-axloqiy sifatlar yoki xulq
ko‘nikmalarini tarkib toptirish va mustahkamlash;
2) tarbiyalanuvchilarning sodir etilgan muayyan hodisa (masalan, sinf o‘quvchilari
ommaviy ravishda darsga kelmaganlari)ga to‘g‘ri, ongli munosabatni hosil qilish.
Ta’lim muassasasi amaliyotida izohlash, ishontirishga tayanadi. Ishontirish
vositasida o‘quvchi ruhiyatiga sezilarsiz holda ta’sir etiladi. Boshlang‘ich sinf
o‘quvchilari hamda o‘smirlar ishonuvchan bo‘lishadi. Pedagog ishontirishdan
tarbiyalanuvchi ma’lum ko‘rsatmani qabul qilishi zarur bo‘lgan vaziyatlarda
foydalanadi. Mazkur metoddan boshqa metodlarning ta’sirini kuchaytirish uchun
ham foydalaniladi.
Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-og‘zaki ta’sir ko‘rsatish asosida ularda
ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yo‘naltirilgan bahs-munozara usuli
bo‘lib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzular (“Did haqida
bahs”, “Mashhur bo‘lish yo‘llari”, “Biz madaniyatli kishilarmizmi?” va hokazo)da
Ilmiybaza.uz
o‘tkaziladi. Munozara fikrlar to‘qnashgan vaziyatda o‘quvchilarda ma’lum
hodisaga nisbatan ishonch hosil qilishga yordam beradi.
Munozara asosida turli qarashlar yotadi. Bahs ijobiy natija berishi uchun puxta
tayyorgarlik ko‘rish maqsadga muvofiq. Munozaraga 5-6 ta savol tayyorlanadi.
Savollar bilan ishtirokchilar oldindan tanishtiriladilar. Ba’zan tarbiyachi munozara
ishtirokchilarini o‘zi tayinlashi ham mumkin. Chiqishlar jonli, erkin va qisqa
bo‘lishi zarur. Pedagog ishtirokchilarga fikrlarini ixcham, asosli va dalillar asosida
bayon etishga yordam beradi.
Mashq va o‘rgatish (faoliyatda mashqlantirish) metodlari muayyan mashq
yordamida bolalar faoliyatini oqilona, maqsadga muvofiq va har tomonlama puxta
tashkil qilish, ularni axloq meyorlari va xulq-atvor qoidalarini bajarishga
odatlantirishdir. Odatlar bolalikdan tarkib topadi va shaxs rivojlanishining keyingi
bosqichlarida mustahkamlanib boradi.
O‘qituvchi hamda ota-onalar bolalarda ijobiy odatlarning tarbiyalanib
borayotganligini kuzatib borishlari kerak. O‘quvchilar odatlarni o‘z yaqinlaridan
meros qilib olmaydi, balki ular atrofdagilar bilan faol muloqotga kirishishlari
tufayli taqlid qilish, uzluksiz tarbiyani yo‘lga qo‘yish asosida tarkib toptiriladi.
Natijada odat xarakterga aylanadi.
Mashq muayyan xatti-harakatlarni ko‘p marotaba takrorlashni o‘z ichiga oladi.
Mashq va odatlantirish o‘quvchi uchun ongli, ijobiy jarayondir. Mashq natijasini
ko‘nikma, odat, yangi bilimlar hosil qilinadi, o‘quvchining aqliy qobiliyati
rivojlanadi, ma’naviy-axloqiy sifatlari hamda hayotiy tajribasi ortadi.
O‘rgatish tarbiyalanuvchilar ijtimoiy xulq-atvor ko‘nikmalari, odatlarini
shakllantirish maqsadida rejali va izchil tashkil qilinadigan turli harakatlar, amaliy
ishlardir. O‘rgatish bir necha izchil harakatlar yig‘indisi bo‘lib, harakatlarni
ko‘rsatib berish va tushuntirish talab etadi.
Tarbiya amaliyotida mashq qilishning turli xili mavjud: 1) faoliyatda mashq qilish;
2) kun tartibi mashqlari; 3) maxsus mashqlar.
Faoliyatda mashq qilish mehnat, ijtimoiy hamda jamoa faoliyatini tashkil etish va
o‘zaro munosabatni yo‘lga qo‘yish odatlarini tarbiyalashga qaratilgandir. Kun
Ilmiybaza.uz
tartibi mashqlari belgilangan kun tartibiga amal qilish, shu bilan bog‘liq istak va
harakatlarni boshqarish, ish va bo‘sh vaqtdan to‘g‘ri foydalanish odatiga o‘rgatadi.
Maxsus mashqlar madaniy xulq ko‘nikma va malakalarini hosil qiladi,
mustahkamlaydi.
Topshiriq o‘quvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba ko‘nikmalarini
shakllantirish maqsadida qo‘llaniladigan usul. O‘quvchilarning topshiriqlarni
jamoa bo‘lib bajarishlari ularda ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishda alohida
ahamiyatga ega. O‘quvchilar o‘z kuchlarini umum ishiga sarflashga, jamoa uchun
mas’uliyatni his etishga o‘rganadilar.
Pedagogik talab turli xatti-harakatlarni bajarish hamda faoliyatda ishtirok etish
jarayonida o‘quvchi tomonidan amal qilinishi zarur bo‘lgan ijtimoiy xulq-atvor
meyorlari. Pedagogik talab tarbiyaning eng muhim usullaridan biridir. Pedagogik
talab ma’lum harakatlarni rag‘batlantiruvchi yoki to‘xtatuvchi hamda o‘quvchini
oqilona harakatlarni bajarishga undovchi xarakterga ega bo‘lishi mumkin.
Rag‘batlantirish tarbiyalanuvchining xatti-harakati va faoliyatiga ijobiy baho
berish asosida unga ishonch bildirish, ko‘ngilini ko‘tarish va uni qo‘llab-
quvvatlash usulidir. O‘qituvchi har bir o‘quvchi shaxsida ro‘y berayotgan ijobiy
o‘zgarishlarni anglash olishi zarur. Shundagina o‘quvchi o‘zining kamolga
yetayotganligini his qiladi, unda o‘z kuchiga nisbatan ishonch paydo bo‘ladi.
O‘qituvchi faoliyatida rag‘batlantiruvchi usullardan foydalanib, o‘quvchida ijobiy
sifatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Ta’lim tajribasida quyidagi rag‘batlantirish
turlari qo‘llaniladi:
Ilmiybaza.uz
Ilmiybaza.uz
Har qanday rag‘batlantirish mavjud pedagogik talablarga muvofiq bo‘lishi, ketma-
ket bo‘lmasligi zarur, shuningdek, o‘quvchini yoki uning xatti-harakatlarini haddan
oshirib maqtash, boshqa o‘quvchilarga taqqoslash, ularni kamsitmaslik,
talabchanlikni bo‘shashtirmaslik kabi shartlarga muvofiq qo‘llaniladi.
Jazolash shaxsning xatti-harakati, faoliyatiga salbiy baho berishdir.
Jazo ham o‘quvchining individual xatti-harakatlari va umumjamoaning faoliyati
uchun qo‘llaniladigan eng so‘nggi tarbiya usuli. Jazo choralarini qo‘llashda
jismoniy jazo, urish, kaltaklash kabi usullardan foydlanish mumkin emas,
o‘quvchini qo‘rqitish, g‘azablantirish ham ijobiy natija bermaydi. Aksincha,
o‘quvchi qo‘rqqanda yolg‘on gapirishni o‘rganadi, ikki yuzlamachi bo‘lib qoladi.
Ta’lim amaliyotida quyidagi jazo choralarini qo‘llash mumkin:
Tanbeh berish eng muhim jazo chorasi. O‘qituvchi o‘quvchiga yuzma-yuz turib
tanbeh beradi, buni kundaligiga yozib qo‘yish mumkin.
Ogohlantirish sodir etilishi mumkin bo‘lgan muayyan xatti-harakatlarning oldini
olish maqsadida qo‘llaniladi.
Hayfsan berish o‘quvchining ma’lum xatti-harakatlarini qat’iy choralar asosida
baholash. Agar tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermasa, o‘quvchi
belgilangan intizomni buzaversa, uning aybi qay darajada bo‘lishi va intizomni
qanday sharoitda buzganligini inobatga olib unga hayfsan e’lon qilish mumkin.
Uyaltirish o‘quvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiyasi
uchun mas’ul bo‘lgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va
boshqalar) oldida baho berish. Odamning eng nozik sezgilaridan biri uyat, or-
nomus va sharm-hayodir. Odamda insonda izzat-nafs, odamiylik qancha kuchli
bo‘lsa, avvalo, o‘zini hurmat qilsa, unda or-nomus, uyat shunchalik kuchli bo‘ladi.
Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuyg‘ularni ehtiyotkorlik bilan o‘stirish lozim, lekin
hadeb uyaltiraverish va qizirtiraverish yaramaydi. Bundan oqilona va o‘z o‘rnida
foydalanish kerak, shundagina ijobiy natijaga umid qilish mumkin.
Jazo puxta o‘ylab qo‘llanilishi lozim, aksincha, jahl ustida jazolash mumkin emas.
Jazolar yakka xarakterda, ya’ni, birgina usulni qo‘llash asosida bo‘lsin,
Ilmiybaza.uz
o‘quvchining aybiga mos, muvofiq bo‘lishi, tez-tez qo‘llanilmasligi,
jazolanuvchida jazoning to‘g‘ri belgilanganligiga nisbatan shubha tug‘ilmasin va
ular o‘z ayblarini sezsin. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qo‘llab-
quvvatlangan jazo berilsa, uning ta’sir kuchi yanada oshadi. Jazo
tarbiyalanuvchining jismoniy va ruhiy azoblamasligi, tahqirlamasligi, sha’nini
yerga urmasligi kerak.
Pedagogika fani va amaliyoti har doim rivojlanib borar ekan, unga muvofiq
ravishda tarbiya jarayoni ham takomillashib boraveradi.
3. Tarbiya vositalari. Tarbiya vositalari tarbiya jarayonini tashkil qilish va amalga
oshirish uchun qo‘llaniladigan moddiy, ma’naviy, madaniy obyekt va predmetlar
majmuidir.
Umumiy holda tarbiya vositalari deganda, oila, mahalla, ommaviy axborot
vositalari, milliy va tarixiy qahramonlar, adabiyot va san’at, zamonaviy
qahramonlar, xarizmatik liderlar va boshqalar nazarda tutiladi. Shuningdek
nomoddiy va moddiy predmetlar hamda obyektlar ham tarbiya vositalaridir.
4. Tarbiya metodlarini tanlash asoslari. Tarbiya metodlarini bilish, to‘g‘ri tanlash
va qo‘llash pedagogik mahoratni egallaganligi ko‘rsatkichidir. Xususan, tarbiya
metodlari bir nechta asosda tanlanadi:
Tarbiya maqsadi va vazifalariga qarab;
Tarbiya mazmuniga qarab;
Tarbiya vositalariga qarab;
Tarbiyalanuvchilarning yoshi va individual xususiyatlariga qarab;
Tarbiya vaqtiga qarab;
Shuningdek, yuqorida ta’kidlanganidek, tarbiya metodlarini tanlash tarbiyachining
salohiyati va tajribasiga ham bog‘liq.
Nazorat uchun savollar:
Tarbiya metodlarini ko‘rsating va ularga ta’rif bering?
Tarbiya metodlaridan hikoya, suhbat, namuna hamda ma’ruza qanday hollarda
qo‘llaniladi?
Ilmiybaza.uz
Xalq pedagogikasi qanday tarbiya metodlariga ega?
Rag‘batlantirish va jazolash metodlari haqida gapirib bering.