TONNELLAR EKSPLUATATSIYASI VA ULARNING HOLATI USTIDAN TEXNIK NAZORAT
Yuklangan vaqt
2024-04-21
Yuklab olishlar soni
1
Sahifalar soni
8
Faytl hajmi
26,9 KB
Ilmiybaza.uz
TONNELLAR EKSPLUATATSIYASI VA ULARNING HOLATI
USTIDAN TEXNIK NAZORAT
Tonnellarning texnik holatini belgilaydigan omillar. Amaldagi “O‘zR temir
yo‘llaridan texnik foydalanish Qoidalari” va “Sun’iy inshootlarning joriy saqlash
bo‘yicha Yo‘riqnoma” talablariga muvofiq temir yo‘lning barcha elementlari
(tuproq ko‘tarmasi, tepadagi qurilmalar hamda sun’iy inshootlar) mustahkamlik,
ustivorlik va texnik holatiga ko‘ra talablarga mos kelishi kerak, shuningdek
poezdlarni yo‘lning mazkur shahobchasida lokomotivlar uchun belgilangan eng
yuqori konstruksion tezliklar bilan xavfsiz va ravon harakatlanishini ta’minlashi
kerak [11, 23, 30].
Tonnellar temir yo‘l transportining uzoq muddatli foydalanishga mo‘ljallangan
eng mas’uliyatli, murakkab va qimmatbaho sun’iy inshootlariga tegishlidir.
Tonnellar va ularda mavjud qurilmalarni joriy saqlanishining asosiy tamoyili
poezdlarning to‘xtovsiz harakatlanishini ta’minlaydigan soz holatda doimiy tutib
turishdan iborat. Bunga tonnellar va ularning qurilmalari ustidan doimiy nazorat,
inshootlar ayrim elementlarining xizmat muddatlarini cheklaydigan nuqsonlarni
aniqlash va ularning sabablarini o‘rganish, hamda ularni iloji boricha qisqa
muddatlarda bartaraf etish, poezdlar harakati uchun xavfsiz bo‘lgan yanada yirikroq
va jiddiyroq deformatsiyalarning rivojlanishidan ehtiyot bo‘lish orqali erishiladi.
Tonnelning asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyasi – obdelka – tog‘ o‘yig‘ini qotiradi
va ta’sir etayotgan barcha yuklarni o‘ziga qabul qiladi, uning foydalanishdagi shart-
sharoitlari o‘ta murakkab va ko‘p qirralidir. Obdelkaning yuk ko‘tarish qobiliyati
uni o‘rab turgan jinsning bosimiga mos kelishi, obdelkaning materiali esa uning
uzoqqa chidamliligini ta’minlamog‘i lozim. Tonnel obdelkasining ekspluatatsion va
Ilmiybaza.uz
statik ish sharoitlariga ta’sir etuvchi asosiy omillar 4 guruhga ajratilishi mumkin.
1. Tashqi tabiiy sharoitlar (geologik, gidrogeologik, iqlimiy sharoitlar va
seysmik ta’sirlar) tonnel inshooti holatiga kuchli ta’sir etadi. Istalgan tog‘ o‘yig‘ida
ko‘chkilar, siljimalar, o‘ta cho‘kishlar vujudga kelib, inshootda deformatsiya va
nuqsonlarni paydo qiladi. Ushbu hodisalar rel’ef, qoplama qatlam qalinligi va
xususiyati, jinsning ichki ishqalanishi va yopishuvchanligi, yer osti suvlarining
yo‘sini, sirpanish sirtlarning hamda massivda karst bo‘shliqlarining mavjudligi bilan
belgilanadi. Ko‘pincha, tonnel qurilgunigacha barqaror turgan massiv ekspluatatsiya
jarayonida tonnel o‘yig‘iga hamda drenaj inshootlariga mo‘l-ko‘l suv oqib kelishi
oqibatida siljiy boshlaydi. Shu tufayli sho‘rlanib yuvilishga moyil bo‘lgan jinslar,
gipslar, angidritlar, ohaktoshli va dolomitli jinslar ichra bunyod qilingan tonnellarga
alohida e’tibor qaratmoq lozim. Tonnel o‘rnashgan joylardagi jinslarning xossalari
obdelkaning statik ishi sharoitlariga sezilarli ta’sir o‘tkazib – bu ko‘pchishga moyil
bo‘lgan gillar va gilli slanetslarda, shuningdek shiddatli ko‘piradigan mergellarda
o‘rnashgan tonnelda ayniqsa nojoiz. Elastik antibosim koeffitsientining qiymati
katta bo‘lganida (k ≤ 20 MPa) jinsning passiv antibosimi obdelkaning jins tomon
siljishi va deformatsiyalanishini istisno qiladi. Ushbu koeffitsientning kichik
qiymatlarida esa hisobiy sxemalarda jinsning elastik antibosimini e’tiborga olish,
obdelkani erkin deformatsiyalanish sharoitlarida qaraydigan, qabul qilingan
sxemalarga nisbatan hisobiy zo‘riqishlarning sezilarli kamayishini beradi. Tonnel
obdelkasini o‘rab turgan jinslarning xossalari vaqt o‘tishi bilan turli omillar ta’sirida
o‘zgarib turishi, natijada esa, obdelkaning statik ishi sharoitlarini o‘zgartirishi
mumkin. Ohaktosh va dala shpatli jinslarning ba’zi turlari emirilish oqibatida tez
buzilishi, bunda o‘z hajmini orttirishi, hamda obdelkaga qo‘poruvchi xususiyatga
ega bo‘lgan bosim bilan ta’sir o‘tkazishi mumkin. Jinsning hajmi namlanishida
keskin (30% dan ortiq) ko‘payishi va obdelkaga tushayotgan yuklarning ortishi uzoq
davom etadigan xususiyatga ega hamda tonnel obdelkasining ish sharoitiga o‘nlab
yillar davomida zararli ta’sir o‘tkazadigan kimyoviy jarayonlarni keltirib chiqarishi
mumkin. Tonnel konstruksiyalariga gidrogeologik sharoitlarning ta’siri qo‘shimcha
gidrostatik yuk ko‘rinishida yuzaga chiqishi mumkin. .Yer osti suvlari tog‘
Ilmiybaza.uz
jinslarining mustahkamligi va ustivorligini, qoidaga ko‘ra, kamaytiradi. Ulardan
mergel, gil va qum kabilar, suv mavjudligida juda ham kuchsiz, ba’zan esa oquvchan
bo‘lib qoladi. Yer osti suvlarining tonnel konstruksiyalariga zararli ta’siri obdelka
tanasidan filtrlanishi, kalsiy oksidlari karbonati va gidratining erishi va ularning
betondan sho‘rlanib chiqishi ko‘rinishida ham namoyon bo‘ladi, bu esa uning
mustahkamligini sezilarli darajada kamaytiradi. Zilzilalar vaqtida tog‘ massivida
paydo bo‘ladigan seysmik kuchlar qator hollarda sezilarli deformatsiyalarning,
ba’zan esa tonnel obdelkasining buzilishini ham sababchisi bo‘lishi mumkin.
Seysmik ta’sirlar tonnelning portallari va kirish qismlarida, shuningdek unchalik
chuqur joylashmagan tonnellarda ayniqsa shiddatlidir.
2. Tonnellarning geometrik ko‘rsatkichlari va kontsruktiv xossalari (uzunligi,
ko‘ndalang kesimi, rejasi, bo‘ylama profili, obdelkasi, portali, tuynuklarining
materiallari va konstruksiyasi, gidroixotasi (gidroizolyasiyasi), suv qochirish va
drenaj inshootlari va h.k.) temir yo‘l tonnellarini ekspluatatsiya qilish sharoitlari
uchun juda muhim ahamiyatga egadir [11, 23, 30].
Tabiiy ventilyasiyaga ega tonnelning shamollatish shartlari asosan uning
geometrik ko‘rsatkichlariga bog‘liqdir. Tonnel qanchalik uzun bo‘lsa, shunchalik
havo almashinishi qiyinlashib, zararli gazlarning obdelka materialiga ta’siri
shunchalik shiddatli bo‘ladi. Bu jihatidan tonnelning ko‘ndalang kesimi o‘lchamlari
aksincha ta’sir ko‘rsatadi: barcha bir xil sharoitlarda zararli gazlarning
konsentratsiyasi qo‘shyo‘lli tonnellarda nisbatan kamroqdir, biroq, yakka yo‘lli
tonnellarda o‘tayotgan poezdlarning porshensimon ta’siri yuqori darajada seziladi.
Zamonaviy konstruktiv echimlarga qaramasdan, tonnellar muttasil va
sinchkovlarcha nazoratni, saqlashning barcha talablarining bajarilishini va joriy
ta’mirlovning o‘z vaqtidaligini talab qiladi. Bu, ayniqsa, iqlim va gruntli sharoiti
og‘ir bo‘lgan tonnellarga tegishli. Yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarda yoriqlar paydo
bo‘ladi, gidroixota buziladi, drenaj va suv qochirish inshootlari ifloslanadi, muzlab
qoladi va ishdan chiqadi va h.k. Konstruktiv xossalar tonnel inshootining
loyihadagisiga nisbatan amaldagi holati va tarhini aks ettiradi. Me’yoriy
chegaralarda loyihadan tasodifiy cheklanishlarga ruxsat etiladi. Masalan, betonni
Ilmiybaza.uz
to‘siqlar ortiga yotqizish hisobiga loyihaviy o‘lchamlaridan ortiq qalinlikka ega
obdelkalar yoki konstruksiyalarga belgilanganidan yuqoriroq sinfli beton yotqizish
inshoot mustahkamligi, ustuvorligi va chidamliligini sezilarli darajada oshirishi
mumkin. Obdelka tarhi bo‘ylab, ayniqsa uning ravoq qismida notekis taralgan
tarhning ortiqchalari xususiy og‘irlikdan tushadigan mujassamlangan yuklarning
ortishiga olib keladi hamda mahalliy ortiqcha zo‘riqishlarni keltirib chiqaradi va
yoriqlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Yig‘ma obdelkalarda doiraviy tarhdan
chekinishlar ularning yuk ko‘tarish qobiliyatini sezilarli kamaytiradi.
Tonnel obdelkasi ortida bo‘shliqlarning mavjudligi geologik omillar va qurilish
sifatiga, birinchi navbatda, obdelka orti fazosiga sement-qum qorishmasini
joylashtirishning izchilligiga bog‘liqdir. Bo‘shliqlarni to‘ldirish obdelka va jins
o‘rtasida zich kontaktni vujudga keltiradi, tog‘ bosimining yanada ravon uzatilishini
ta’minlaydi; shu bilan birga, konstruksiyaning statik ishiga va jinsning elastik
antibosimi kattaligiga sezilarli ta’sir etish sharoitlarini yaxshilaydi. Obdelkaning orti
bo‘shliqlari uni qurilish jarayonida etarlicha to‘ldirilmaganligi, shuningdek obdelka
ortida qolib ketgan yog‘och qotirmalarning chirishi yoki to‘siqlar va o‘piriqlarning
tosh tashlab to‘ldirilganligi oqibatida vujudga keladi. Bunday bo‘shliqlar vaqt o‘tishi
bilan obdelkaning ishlash sharoitini yomonlashtirib, sezilarli deformatsiyalarni
keltirib chiqarishi hamda yoriqlarni yuzaga keltirishi mumkin.
3. Tonnelning ekspluatatsion rejimi (yo‘sini) (havo tortuvi va poezdlar
harakatining jadalligi) butun inshootning ish sharoitiga ma’lum darajada ta’sir
o‘tkazadi. Ushbu jihatdan bug‘ tortuvi ayniqsa nomaqbul bo‘lib, parovoz
o‘choqlarida yoqilg‘ining yonishidan hosil bo‘lgan gazsimon mahsulotlar obdelka
materialiga kuchli zararli ta’sir o‘tkazadi. Ushbu vaziyatda eng kuchli kimyoviy va
termik ta’sirga ravoq, ya’ni obdelkaning eng mas’uliyatli qismi yo‘liqadi. Teplovoz
tortuvida ajralib chiqayotgan gazlar miqdori kamroqdir. Biroq, bunday sharoitlarda
ham obdelka materialining buzilishi va qatlamlanib o‘pirilishiga olib keladigan
kimyoviy emirilish ro‘y berishi mumkin. Elektr tortuvida tonnel inshootiga zararli
ta’sirni obdelkadagi cho‘yan va armatura, yo‘lning tepa qurilmasi elementlari,
shuningdek tonnelda o‘rnatilgan qolgan barcha metall konstruksiyalarning chirishini
Ilmiybaza.uz
keltirib chiqaradigan sayoq toklar ko‘rsatadi. Tortuv turiga bog‘liq bo‘lgan sanab
o‘tilgan ta’sirotlar miqdoriy jihatdan tonnel orqali o‘tadigan poezdlar soniga bog‘liq.
Shuning uchun ularning zararli ta’sirining darajasi poezdlar harakati jadalligiga
bevosita bog‘liq [11, 23, 30].
Tonnellar holati ustidan doimiy texnik nazorat. Bunday nazorat butun yil
davomida temir yo‘l va sun’iy inshootlar kuzatuvchilari (obxodchik) tomonidan,
yo‘l masofasini tuzatuvchi va yo‘l bo‘limi boshlig‘i tomonidan tasdiqlanadigan
smena grafiklari bo‘yicha uzluksiz amalga oshiriladi. Ushbu grafiklarda aylanib
kuzatish (obxod) chegaralari, tonnel ichra va uning kirish qismida kuzatish vaqti,
hamda ayrim shohobchalarda mayda-chuyda joriy ishlarni amalga oshirish uchun,
odatda, “darcha” ko‘rinishida ajratiladigan vaqt tayinlanadi [11, 23, 30].
Doimiy texnik nazoratning asosiy vazifasi poezdlar harakati xavfsizligiga tahdid
tug‘diruvchi barcha nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlash va zudlik bilan bartaraf
etishdir. Tonnellar holati ustidan doimiy nazoratni yo‘l kuzatuvchilari (obxodchik)
va brigadirlari, shuningdek yo‘l va tonnel usta (master)lari o‘z asosiy vazifalarini
bajarish jarayonida amalga oshiradi. Yo‘l brigadirlari shaxsan haftasiga kamida bir
marotaba tonneldagi yo‘lni sinchiklab kuzatib, bunda rels koleyasini shayton va
shablon yordamida tekshirib chiqishi lozim. Yo‘l holatining shayton va shablon
bo‘yicha haftalik tekshiruvlarining ma’lumotlari tekshiruvlar natijalarini qayd qilish
kitobiga kiritiladi. Yo‘l ustalari ham kamida har yarim oyda bir marotaba
tonnellardagi yo‘lning yalpi ko‘rigini, bunda uni shayton va shablon bo‘yicha
tekshirib amalga oshirishadi.
Joriy ko‘riklar. Joriy ko‘riklarning asosiy vazifasi obdelka va bo‘lak tonnel
qurilmalaridagi nuqsonlarni oshkor qilish, ularning paydo bo‘lish sabablarini
aniqlash, doimiy kuzatish ostiga olingan deformatsiyalanuvchi elementlar holatini
sinchiklab tekshirish, ta’mirlov ishlarining bajarilishi va rejalashtirilishi sifatini
hamda samaradorligini tekshirishdir. Tonnel ustalari, yo‘l kuzatuvchilari, yo‘l
brigadirlari va yo‘l ustalarining tonnellar holati ustidan doimiy nazoratni amalga
oshirish bo‘yicha har kunlik ishlarini muvofiqlashtirib, tonnellarning joriy
ko‘riklarini amalga oshiradilar, qoidaga ko‘ra, bunday ko‘riklarni har oyning
Ilmiybaza.uz
oxirida, ularni yo‘lning navbatdagi tekshiruv vaqtiga moslab olib boradilar. Maxsus
kuzatuv ostiga olingan obdelkada jiddiy nuqsonlar mavjudligida hamda
ko‘pirmalarning o‘sishi va pasayishi, shuningdek shiddatli muz qoplashi davrlarida
joriy ko‘riklar har xaftada kamida bir marotaba o‘tkaziladi va natijalar qayd qilish
tonnel kitobiga yozib boriladi. Joriy ko‘rik jarayonida obdelkada aniqlangan yoriqlar
o‘lchanadi va tonnel kitobiga maxsus ilova bo‘lgan tonnel halqalari yoyilmasiga
rasm qilib tushiriladi (49-rasm) [11, 23, 30].
Davriy ko‘riklar. Davriy ko‘riklar tonnel va uning barcha uskunalarini texnik
holatini sinchiklab tekshirish uchun o‘tkaziladi. Ko‘riklar mobaynida obdelkaning
holati temir yo‘l platformasiga o‘rnatilgan, qamrov ramasiga va yorituvga ega
bo‘lgan ko‘chma havozalardan turib tekshiriladi. Tonnel devorlari va ravog‘ida
deformatsiyalar aniqlanganda tonnel halqalarining ichki tarhi, ko‘ndalang
kesimlarining asboblar vositasidagi s’yomkasi, shuningdek devorlar poydevori usti,
relslar va suv qochiruv novining tubi bo‘ylab nivelirovka bajariladi. Tonnellarning
davriy ko‘riklari yo‘l masofasi boshlig‘i yoki uning muovini tomonidan tonnel va
yo‘l ustalari bilan birgalikda yiliga kamida ikki marotaba, shuningdek kuchi 6 ball
va undan ortiq bo‘lgan har bir zilziladan so‘ng darhol amalga oshiriladi. Davriy
tarzda, taxminan har 5 yilda bir marotaba, tonnellar holati, ya’ni egrilarning rejada
joylanishining to‘g‘riligi, tonnel obdelkasidagi eng kuchsiz joylar bo‘lgan tuynuklar
va kameralarning holati, emirilish jarayoniga ko‘proq moil bo‘lgan kallaklar,
portallar va tosh termalar holati, mavjud suv qochirish va drenaj uskunalarining ish
samaradorligi tonnel yoki ko‘prik sinash stansiyalari tomonidan tekshiriladi.
Maxsus tekshiruvlar. Tonnellar devorlari va ravoqlarida, hamda portal oldi
o‘yiqlarida jiddiy deformatsiyalar paydo bo‘lgan yoki tog‘ massivining
gidrogeologik sharoitlarining keskin o‘zgarishi vujudga kelgan taqdirda, shuningdek
inshootni kapital ta’mirlash yoki rekonstruksiyasi oldidan yo‘lning tonnel tekshiruv
stansiyalari kuchi bilan tonnelda maxsus tekshiruv olib boriladi. Ushbu
tekshiruvlarning vazifasi tonnel, uning uskunalarining umumiy holatini aniqlash,
tonnelning deformatsiyalanayotgan elementlari, geologik, gidrogeologik hodisalar
va tog‘ bosimi ustidan kelajak nazoratlar metodikasi va dasturlarini belgilash, ro‘y
Ilmiybaza.uz
berayotgan deformatsiyalarni hususiyatlari va bartaraf etish usullari bo‘yicha
xulosalar tuzish hamda tonnelni ta’mirlash yoki rekonstruksiya ishlarining taxminiy
hajmi va ularni amalga oshirishni aniqlashdir. Tonnellarni mahsus tekshirish
ishlarida qatnashish uchun geologlar, gidrogeologlar, iqlimshunoslar, seysmologlar,
shuningdek ilmiy-tadqiqot va loyiha institutlari jalb qilinadi .
Tonnel obdelkasini tekshirish har bir halqa bo‘yicha alohida amalga oshiriladi,
ko‘ndalang choklar mavjud bo‘lmaganida esa obdelka shartli ravishda uzunligi 5
yoki 10m bo‘lgan uchastkalarga ajratiladi, tekshiruvning barcha natijalari maxsus
jaridaga (jurnalga) qayd qilinadi. Tonnel devorlari va ravog‘i suriladigan yoki
ko‘chma havozalar va narvonlardan turib ko‘zdan kechiriladi. Zarurati bo‘lganda
obdelkaning qalinligini va tosh termasining, shuningdek obdelka orti bo‘shlig‘i va
tog‘ jinsining holatini aniqlash uchun shpurlar burg‘ilanadi yoki termadan namuna
ko‘chirib amalga oshiriladi. Devorlar poydevorlari, teskari ravoqlar, tirama plitalar,
beton tayyorlamasi yo‘l cheti yoki ballast prizmasi bo‘ylab har 50m oraliqda
joylashtiriladigan shurflar va qirqmalardan tekshiriladi. Tonnelning qamrovdorligi
obdelkaning ko‘ndalang kesimini butun perimetri bo‘ylab s’emka qilib aniqlanadi.
Tonneldagi va portal oldi o‘yiqlaridagi suv qochirish novlarini tekshirishda ularning
konstruksion hususiyatlari, nishabliklari, ko‘ndalang kesimlari, umumiy holati,
mavsumiy suv sarfi, suv to‘kilib oqib turadigan joylar mavjudligi va qish vaqtida
ularning ishlash sharoitlari qayd qilinadi. Drenaj inshootlari va moslamalarini
ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida ularning umumiy holati va ishlash samaradorligi
aniqlanadi. Tonnellarni tekshirish bilan bir vaqtning o‘zida tuynuklar, kameralar
holati va ularning ichki o‘lchamlari tekshiriladi, yo‘lning va tonnelning barcha
bo‘lak uskunalarining holati aniqlanadi. Tekshiruvlar natijalari yo‘l hizmatiga zarur
grafiklar va chizmalar bilan birgalikda taqdim qilinadigan hisobotlar ko‘rinishida
rasmiylashtiriladi [11, 23, 30].
Ilmiybaza.uz