TUGANAK MEVALI EKINLAR
Reja.
1.Tuganak mevali ekinlar to‘g‘risida ma’lumot.
2. Kartoshkaning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati.
3. Kartoshkaning botanikva biologik xususiyatlari.
4. Kartoshkaning ekish muddatlari usullari va meyori.
Bu guruhga har xil tur va oilaga mansub tuganak meva hosil qiladigan
o‘simliklar kiradi. Tuganakmevalilar oziq-ovqat sanoatida, yem-xashak
tayyorlashda va texnik xomashyo sifatida ishlatiladi. Tuganakmevalar yer osti
poyalarida yoki ildizlarida 5-20 sm chuqurlikda rivojlanadi. Tuganakmevalilar
qator orasiga ishlov beriladigan ekinlar bo‘lganligi sababli almashlab ekishda katta
ahamiyatga ega.
Jahonda tuganakmevali o‘simliklardan quyidagilar ekiladi:
1.
Kartoshka - Solanum tuberosum L. oilasi- Solanaceae
2.
Batat - Ipomaea batatus Lam. oilasi- Convolvulaceael
3.
Topinambur - Helianthus tuberosus L. oilasi - Asteraceae va
hokazolar.
Bu ekinlar har xil oilaga mansub bo‘lgani bilan ularning tuganakmevasi bir-
biriga yaqin, tarkibida quruq modda kam, shu bois yaxshi saqlanmaydi.
Tuganakmevali ekinlarni yetishtirish texnologiyasi bir-biriga yaqin, chunki
ularning barchasi qator orasiga ishlov beriladigan ekinlardir. Jahonda
tuganakmevali o‘simliklar orasida eng ko‘p tarqalgani kartoshka o‘simligidir.
Tuganakmevali ekinlardan Respublikamizda asosan kartoshka, qisman
topinambur-yer noki va batat (shirin kartoshka) ekiladi.
Kartoshka
Xalq xo‘jaligidagi ahamiyati. Kartoshka xalq xo‘jaligida oziq-ovqat, yem-
xashak, texnik ahamiyatga ega. Dunyo dehqonchiligida kartoshka sholi, bug‘doy
va makkajo‘xori bilan bir qatorda yetakchi o‘rinni egallaydi. Kartoshka tuganagi
tarkibida 25% gacha quruq moddalar, shu jumladan, kraxmal 14-22%, oqsil 1,4-
3,0%, kletchatka-1,0, yog‘-0,3% va 0,8-1,0% kul moddalari bo‘ladi. Kartoshka
vitamin S va V guruh vitaminlariga boy. Xom tuganagi tarkibida S vitamini
miqdori 40 mg ga yetadi. Kartoshkaning yosh poyasi tarkibida 84% suv bor,
tuganagi tarkibida esa 75% suv va 25% quruq modda bo‘ladi.
Kartoshka tarkibida kraxmal, sifatli oqsil va vitaminlar bo‘lganligi uchun
insonning eng muhim oziq-ovqat mahsulotlari hisoblanadi. Shuning uchun u
ikkinchi non deyiladi. Kartoshkadan 200 dan ortiq Yevropacha ovqat tayyorlash
mumkin.
Kartoshkaning po‘sti va yashil rangga kirgan tuganaklari tarkibida zaharli modda-
solanin (0,005-0,1%) bo‘lib, kartoshka pishirilganda u qisman parchalanadi.
Shuning uchun yashil rangga kirgan va ko‘kargan (o‘simta chiqargan) tugunaklarni
yaxshilab pishirmasdan oziq-ovqatga ishlatish va mollarga berish mumkin emas.
Kartoshka tugunagi spirt, kraxmal, glukoza, kauchuk olishda va sanoatning
boshqa tarmoqlarida ishlatiladi. Kartoshka mollar uchun yaxshi oziq hisoblanadi.
Organik moddasining hazm bo‘lishiga (83-97%) ko‘ra, xashaki lavlagi, turneps va
boshqa ildiz mevalar kabi barcha o‘simliklar orasida birinchi o‘rinda turadi.
Tugunaklari xomligicha, bug‘latib, shuningdek, siloslangan holda mollarga
beriladi.
Agrotexnikaviy va agroiqtisodiy ahamiyatga ham ega. U ko‘pgina ekinlar-
barcha don ekinlari uchun yaxshi o‘tmishdosh ekin hisoblanadi. Mamlakatimizning
ko‘pgina hududlarida shudgorni band qiladigan ekin sifatida ekiladi va kuzgi g‘alla
ekinlari uchun yaxshi o‘tmishdosh hisoblanadi.
Kartoshkaning vatani Janubiy Amerika hisoblanadi, bu mintaqada kartoshka
bizning eramizdan 1-2 ming yil avval ekib kelingan va uning ko‘pchilik yovvoiiy
turlari madaniylashtirilgan. Kartoshka XVI-asrda Yevropaga, ya’ni Ispaniyaga
keltirilgan va undan boshqa Yevropa mamlakatlariga tarqalgan. Rossiyaga
kartoshka Gollandiyadan keltiril-gan. XX asr boshlarida va undan keyingi yillarda
ko‘proq ekila boshlandi. Kartoshkani tashqi muhitga tez moslashishi dunyoda tez
tarqalishiga va asosiy oziq-ovqat ekini bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda kartoshka dunyoning hamma qit’alarida ekiladi. Dunyo
bo‘yicha FAO ma’lumotlariga qaraganda (1994 yil) da kartoshka 18 mln gektar
yerga ekilgan.
Yevropa mamlakatlarida kartoshka ko‘p ekiladi. Dunyo ekin maydonini 35%
ini tashkil qiladi. Ko‘proq Polsha (2,26 mln.ga), Germaniya (yaqin 1 mln.ga) va
boshqa mamlakatlarda ekiladi. Kartoshka AQShda ham ko‘p ekiladi. Hamdo‘stlik
mamlakatlaridan kartoshka Rossiya, Urkaina, Belorusiya va Boltiq bo‘yi
mamlakatlarida ekiladi. O‘zbekistonda oxirgi yillari kartoshkani ekish maydoni
ancha kengaygan va 1998 yil 13,4 ming gektar yerga ekilgan.
Kartoshka yuqori hosilli ekin. O‘zbekistonda 2004 yilda kartoshka 52,1
ming gektar yerga ekilib, 892,7 ming tonna yalpi hosil olindi. Hosildorlik o‘rtacha
17,1 tonna gektarni tashkil etdi.
Kartoshkaning navlari morfologik va biologik belgilari bilan farq qiladi.
O‘zbekistonda kartoshkani quyidagi navlari ekiladi: Akrab, Zarafshon, Lorx,
To‘yimli, Pikasso, Diamant, Voltman.
Botanik xususiyatlari. Kartoshka ituzumdoshlar (Solanaceae) oilasiga va
yovvoyi hamda madaniy turlarni birlashtiradigan-Solanum L. avlodiga kiradi.
Ulardan Solanum tuberosum L. eng ko‘p tarqalgan.
Kartoshkaning ildizi popuk ildiz bo‘lib, asosan tuproqning yuza 60-70 sm
qatlamida joylashadi. Ayrim ildizlar yerga 150-200 smga kirib boradi. Ildizida oq
yo‘g‘on o‘simtalar bo‘lib, unga stolon yoki o‘zgaruvchan novda deyiladi.
Kartoshka poyasining ko‘pchiligi tik, ba’zilari egilib o‘sadi. Bo‘yi sharoitga qarab
keskin (30 dan 150 sm gacha) o‘zgaradi. Kartoshka o‘simligi tupining asosiy qismi
4-8 serbarg poyadan iborat. Tupdagi poyalar soni naviga, ekiladigan
tuganaklarning yirik-maydaligiga bog‘liq bo‘ladi. Yirik tuganaklardan o‘sib
chiqqan o‘simliklar mayda tuganaklardan o‘sib chiqqan o‘simliklarga qaraganda
serpoya bo‘ladi. Tupdagi poyalar soni ma’lum darajada tuganak hosili ko‘p yoki
kam bo‘lishini ifodalaydi.
Kartoshka poyasining yer ostki qismidagi qo‘ltiq kurtaklaridan novdalar-
stolonlar rivojlanadi, ularning uchi yo‘g‘onlashadi (tuganaklar hosil bo‘ladi).
Stolonlar ertagi navlarda qisqaroq, kechkilarida uzunroq bo‘ladi.
Kartoshka barglari oddiy, uzun-uzun, toq patsimon, cheti tekis bo‘lib, bir
juftdan uch juftgacha, ba’zan ko‘proq barg hosil qiladi. Poyaga birikadigan joyda
barg o‘qi barg bandiga aylanadi. Oxirgi barg bo‘lagi odatda, qolganlardan yirikroq
bo‘ladi.
Guli to‘pgulga yig‘ilgan bo‘lib, turli uzunlikdagi gulpoyada tutash
joylashgan. Gulbandi qismlarga ajralgan. Guli beshtalik tipda. Har xil rangda oq,
ko‘k, to‘q ko‘k, binafsha rang, qizg‘ish-binafsha rangda bo‘lib, turli tusda
tovlanadi. Gulining o‘rtasida 5 ta changchisi bor. Urug‘chisi tumshuqcha, ustuncha
va tugunchadan iborat. Gul kosasi tutashib o‘sgan, beshta gultojibargi bor.
Kartoshka o‘zidan changlanadi. Mevasi yumaloq, ikki uyali sersuv rezavor meva
bo‘lib, juda ko‘p mayda yassi urug‘i bor. 1000 dona urug‘ining vazni 0,5 g keladi.
Ammo hamma navlari meva tutmaydi. Kartoshka tuganagi yo‘g‘onlashgan qisqa
poyadan iborat. Kartoshka tuganaklari yumaloq, cho‘zinchoq va ovalsimon shaklda
bo‘ladi. Bu kartoshka naviga va yetishtirilayotgan sharoitga ko‘ra o‘zgarib turadi.
Tuganaklarining eti oq, sariq, qizil va zangori rangda bo‘ladi. Po‘sti sariq, pushti,
qizil, och zangori yoki ko‘k rangda bo‘lishi mumkin. Tuganaklarining po‘sti
kartoshka naviga bog‘liq bo‘lib, silliq, g‘adir-budur yoki to‘rsimon bo‘lishi
mumkin. Kartoshka tuganagi usti epidermis bilan qoplangan, pishib yetilganda u
ko‘chib to‘kilib ketadi. Po‘stloq o‘z navbatida havo o‘tkazmaydigan, periderma
bilan qoplanadi. Uning ustida po‘kak qatlami shakllanib, kartoshka po‘sti paydo
bo‘ladi, bu esa uni tashqi muhit ta’siridan saqlaydi. Ichki qismi yirik, g‘ovak
parenxima hujayralaridan iborat, ularning ichi oqsil moddalari va kraxmal donalari
bilan to‘lgan. Po‘stloq ostida hosil qiluvchi to‘qima (kambiy qatlami) mavjud.
Tuganak ana shu kambiy hisobiga o‘sadi.
Biologik xususiyatlari. Kartoshka past temperaturaga mutlaqo chidamaydi.
7-80 C dan past temperaturada yaxshi o‘smaydi. Ko‘pgina olimlar yozishicha
issiqqa chidamsiz, ammo, sug‘orish yordamida hosil qilingan mikroklimat ta’sirida
kartoshka issiq havodan qiynalmaydi. Faqatgina tuproqda nam yetarli bo‘lmasa
uning kasalliklarga moyilligi ham ko‘payadi, hosildorligi keskin kamayib ketadi.