buzilishlar tasnifi kasallik shakllari va kechishiga bog‘liq. Kasallik yengil shaklining
ikkinchi kuniyoq uyquchanlik, bo‘shashganlik, yomon kayfiyat kabilarni o‘z ichiga
olgan astenik alomatlar kelib chiqadi. Bolalarda uchraydigan o‘rta va og‘ir
shakllarining 3-4 kunlarida esa tashqi olamdan uzilib qolish ham qo‘shiladi.
Bemorlar savollarga qiynalib tushunishadi va qisqa tanaffusdan so‘ng javob bera
olmaydilar. Tez o‘qilgan gaplarni eslab qolmaydilar va tez charchab qoladilar.
Skarlatinaning og‘ir shakllarida deliriy va oneyroid ko‘rinishlardagi psixozlar kelib
chiqadi. Bunda, psixoz tez-tez kayfiyatning o‘zgarishi bilan boradigan to‘lqinsimon
kechadigan bo‘ladi. Kamquvvat, tez-tez og‘rib turadigan kasalmand bolalarda
skarlatinaning atipik shakli 4-5 haftada yuzaga keladi. Klinik manzarasida vaqti-
vaqti bilan kuchayib turuvchi gallyutsinatsiya bilan oneyroid psixozlar ko‘proq
uchraydi. Gallyutsinatsiya fantaziya tabiatida bo‘lib, bemor faoliyatsiz bo‘ladi va
psixoz astenik holat bilan tugaydi. Bolalarda astenik buzilishlar skarlatinadan keyin
nevrotik reaksiyalarning hosil bo‘lishida alohida o‘rin tutadi. Skarlatinaning
zaharlanishi, toshmali shakllari bosh miyaning ensefalit va meningit ko‘rinishidagi,
organik zaharlanishdagi kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday
holatlarda tutqanoqsimon sindromlar, xotiraning pasayishi, bemor shaxsiyatida
o‘zgarishlarni kuzatish mumkin. Toshmali shakli esa kasallikning 3-5 haftasida
gemiplegiya va miya qon tomirlarining emboliyasi bilan asoratlanishi mumkin.
Ko‘pincha skarlatinadagi ruhiy buzilishlar oxiri yaxshilik bilan tugaydi.
Infeksion ruhiy buzilishlar bosh miya organik kasalliklari bilan qiyoslanadi.
Gripp. Gripp virusining neyrotropligiga va kasallikning epidemik tarqalishga
qaramasdan yaqqol ruhiy buzilishlar sezilmaydi. Gripp kasalligida astenik
simptomlar: madorsizlik, adinamiya, bosh og‘rig‘i, qo‘zg‘aluvchanlik xosdir.
Ba'zida bu belgilarga uyquning va tetiklikning buzilishi (ba'zida kunduzgi
uyquchanlik) yoki sutkaning hamma vaqtida uyquchanlik qo‘shiladi. Bu alomatlar
(simptomlar) 1-2 haftada yo‘qolib ketadi. Kamdan-kam hollarda ruhiy buzilishlar,
ayniqsa postinfeksion davrda yaqqol va rang-barang bo‘ladi. Astenik ko‘rinishlarga
xissiy buzilishlar qo‘shiladi. Kayfiyatning umumiy foni depressiv holga o‘tadi,
bunda g‘amginlik, qo‘rquv, vahima fikrlar paydo bo‘ladi. Boshqa holatlarda
kayfiyatning umumiy foni maniakal holatga yaqin bo‘ladi. Yana amentiv holatlar:
birdaniga harakat qo‘zg‘alishi bilan, doimiy bo‘lmagan eshituv va ko‘rish
gallyutsinatsiyalari bilan, yaqqol depersonalizatsiya va derealizatsiya sindromlari
bilan kechadi. Bu o‘tkir epizodlar 2-3 kun davom etadi. Uzoq davom etuvchi (bir
necha oygacha) psixozlar bo‘lishi mumkin. Ular asteniya fonida kelib chiquvchi
cho‘zilgan amentiv holat yoki ko‘z yoshli depressiya ko‘rinishlari bilan
xarakterlanadi. Gripp bilan og‘rigan bemorlarda shizofreniyaga xos manzarani
kuzatish mumkin. Agar grippozli gemorragik ensefalit bo‘lsa, ruhiy buzilishlarda
ongning xiralanishi mahsulotsiz simptomatika bilan yoki qo‘rquv, ko‘ruv va eshituv
gallyutsinatsiyalari bilan kechadi.
Oxirgi yillarda grippning toksik formali asoratlariga diensefal sindromning
turli
shakllarini
kiritish
mumkin.
Diensefal
sohadagi
qon
tomirlar
o‘tkazuvchanligining oshishi toksinlar va viruslar uchun sharoit yaratadi.
Ko‘pincha bu sindromning vegetativ - tomir shakli kelib chiqadi.
Davosi. Infeksion psixozlarda birinchi o‘rinda asosiy kasallikni davolash
kerak. Keyin dezintoksikatsion (zararsizlantirish), sedativ terapiya, neyroleptiklar
(aminazin, nozepam, galoperidol), nootroplar (nootropil, aminalon, piratsetam)
ishlatiladi.
ORTTIRILGAN IMMUNITET TANQISLIGI SINDROMI (OITS)
OITS - o‘ziga xos kasallik bo‘lganligi uchun biologik va tibbiyot
mutaxassislari qatori psixiatrlar ham o‘rganishi kerak bo‘ladi. OITSda kuzatiladigan
ruhiy buzilishlar turli-tumandir. Ma'lumki, OITS virusi markaziy nerv tizimi
hujayralarini zararlaydi. Shuning uchun ruhiy buzilishlar paydo bo‘lishi bilan ko‘p
o‘tmay bemorda immunitet pasayib ketadi. Ularda OITSga xos harorat ko‘tarilishi,
tunlari terlash, diareya va limfoadenopatiya yuzaga chiqadi.
OITSda ruhiy buzilishlar kelib chiqishining asosiy sabablaridan biri bemorning
siqilishidir. Bunda qo‘zg‘aluvchanlik, ipoxondrik siqilish, depressiya , qisqa vaqtli
reaktiv psixozlar, paranoid shizofreniyaga oid psixozlar kuzatiladi.
Shuni unutmaslik kerakki, ko‘pincha depressiya OITSning birinchi sindromi
bo‘lishi mumkin. Qo‘zg‘aluvchanlik qo‘rquv, anoreksiya va uyqusizlik bilan boradi.
Shuningdek, bemorda murakkab psixopatologik belgilar kelib chiqadiki,
shizofreniyaga o‘xshash o‘tkir, paranoid va depressiv psixozlar hamda turg‘un
gipomaniakal va maniakal holatlar kabi qator endogen kasalliklar bilan qiyosiy
tashxislash kerak bo‘ladi.
Bunda vasvasa mayli, gallyutsinatsiya, paranoid verbigeratsiya va boshqa
simptomlar kuzatiladi. Shu xil ruhiy holat oylab davom etadi, keyin miya
zararlanishiga hamda demensiyaga o‘tadi. Agar bemorning yaqinlaridan biri
OITSdan vafot etgan bo‘lsa, bemor o‘z-o‘zini o‘ldirishga harakat qilib ko‘radi.
Bu kasallikda nevrotik depressiya nisbatan kam uchraydi. Depressiya natijasida
yoki mustaqil ravishda bemorda obsessiv-komulsiv buzilishlar tavsiflidir. Bu
buzilishlar bemorni ko‘p soatlab o‘z tanasida toshmalar axtarishi, o‘lim haqida
o‘ylashi, kasallik yuqishi mumkin bo‘lgan jinsiy aloqa haqida o‘ylashi kabi
holatlarga olib keladi. Shuni ham hisobga olish kerakki, OITSning psixopatologik
simptomlari rakning terminal bosqichidagi bemorda kuzatiladigan belgilarga juda
o‘xshab ketadi.
Bu
davolanmaydigan
og‘ir
kasalliklar
sharoitida
psixopatologik
o‘zgarishlarning universalligini tekshiruvchiga eslatib o‘tadi.
Kasallikning o‘tib borishiga qarab 40% hollarda bosh miyaning organik zararlanishi
simptomlari, 80% hollarda operativ yo‘l bilan diffuz ensefalopatiyasi tasdiqlanadi.
Bunday holatlarda bemorlarning diqqati asta-sekin pasayadi va bo‘lib o‘tgan
voqyeani tez unutadi. Bir necha hafta ichida bemorda aql pastlik, ong buzilishlari,
mutizm, siydik-najasni tuta olmaslik va koma yuzaga chiqadi. Kompyuter
tomografiyada xar 10-13% hollarda serebral atrofiya aniqlanadi.
Shunday qilib, OITS murakkab, kam o‘rganilgan va hozircha davosiz
kasallikdir. Bunda juda ko‘p a'zo va tizimlar o‘z faoliyatini bajarmay qo‘yadi.
Ayniqsa, markaziy nerv tizimidagi o‘zgarishlar nevrologik va ruhiy buzilishlarga
olib keladiki, natijada bemorni ijtimoiy mehnat va ruhiy dezadaptatsiyaga olib
keladi.