VIRUSOLOGIYANING PREDMETI VA VAZIFALARI
Reja:
1. Virusologiya fanining ahamiyati
2. Viruslarning ochilishi va uning ahamiyati
3. Viruslar tabiati haqidagi D.I.Ivanovskiylarning fikrlari.
Virusologiya fanining ahamiyati. Odam, hayvon va o’simlik
viruslarining keltiradigan zarari. Viruslarning ochilishi va uning
ahamiyati. D.I.Ivanovskiy ishlarining ahamiyati. Bakteriofaglarning
kashf qilinishi. Tvort, D.Errel ishlarining ahamiyati. Viruslar tabiati
haqidagi D.I.Ivanovskiylarning fikrlari.
XVIII asr oxirlarida ishlangan ba’zi rasmlarda, kishilarni shoxli
qilib yoki ular oyog’ining mol tuyog’iga o’xshatib chizilganligini
ko’rish mumkin. Buning sababi Shundaki, o’sha davrda, Angliyada
odamlarni ancha kuchsiz o’tadigan mol chechagi bilan emlab,
ularda odam chechagiga qarshi immunitet hosil qilish boshlangan
edi. Ko’pchilik bunga shubha bilan qarar edi. Chunki ularda, bu xil
emlash natijasida odamlarga molning tabiati o’tishi mumkin,
degan fikr hukm surar edi.
Bunday emlash, aslida, Xitoy va Turkiya, keyinchalik, yana
Angliyada keng qo’llanilgan. Ammo bu tadbir emlash yaxshi yo’lga
qo’yilmaganligi sababli, ko’pincha, kasallikdan saqlash o’rniga
kishilarning o’limiga sabab bo’lardi.
Angliya sut sog’uvchilarining, ko’pincha, mol chechagi bilan
yengil-yelpi kasallanib, odam chechagi bilan og’rimasligi vrachlar
e’tiborini jalb etdi. Kuzatishlar natijasida angliyalik Eduard Djenner
chechak bilan og’rimaslik yo’lini topdi. U mol chechagi
pufakchalari ichidagi suyuqlikdan odamlarni emlashda foydalandi.
Emlangan kishilar mol chechagi bilan yengil kasallansada, og’ir
kasallik bo’lgan odam chechagi bilan, umuman, kasallanmagan.
Djenner bu metodni «Vaktsinatsiya» deb atadi («vaktsa» -
lotincha «sigir» degan ma’noni bildiradi).
Vaktsinatsiyaning asl sababi nima? Kishilarni vahimaga
solgan chechak, poliomielit kasalliklari qaysi sabablarga ko’ra
yuzaga keladi? Bu kasalliklarning tabiati qanday, degan savollarga
yuz yillardan keyin, viruslarning kashf etilishi va ularning asl
tabiati o’rganilgandan so’nggina javob topildi.
Odamlar, hayvonlar va o’simliklarning bir qancha yuqumli
kasalliklari qadim zamondan beri ma’lum. Ulardan eng xavflilari
atrofga juda tez tarqalar, ko’plab aholi va tirik jonzotlarning qirilib
ketishi, o’simliklarning nobud bo’lishiga sabab bo’lar edi. Masalan:
VI asrda o’lat kasalligidan Rim imperiyasining yarim aholisi, 1916
yili Nьyu-Yorkda poliomelit kasalligidan 2000 kishi nobud bo’ldi
va 7000 kishi mol kasalligiga uchradi. 1918 yildagi gripp
epidemiyasidan jahon bo’yicha 500 million kishi kasallangan
bo’lsa, ulardan qariyb 20 millioni halok bo’ldi. Bunga o’xshash
misollarni ko’plab keltirish mumkin.
Buyuk frantsuz olimi Lui Paster qutirish kasalligi ustida uzoq
vaqt tajribalar o’tkazib, bu kasallikni vujudga keltiruvchi
«sababchi»si bosh va orqa miyada joylashganligini aniqladi.
L.Paster quturgan hayvon miyasini ma’lum qismidan namuna olib,
kasallik qo’zg’ash xususiyatini pasaytirdi va bu modda sog’lom
itga yuqtirilganda, itning bu kasallik bilan kasallanmaganligi
aniqlandi. Natijada, odamlar va hayvonlarda qutirish kasalligining
oldini olish choralari topildi.
Lui Pasterdan bir necha asr ilgari (980-1037) Abu Ali ibn Sino
qutirish hamda qizamiq kasalliklarining paydo bo’lishi va uning
davolash yo’llarini o’zining «Al qonun» nomli asarida ko’rsatib
berdi.
O’simliklar dunyosida virus kasalliklari, masalan: lola gulining
har xil tusda ochilishi, kartoshkaning kasallanishi, shaftolining
sariq kasalligi qadimdan ma’lum. Virus kasalligi sababli, bir yillik
va ko’p yillik o’simliklardan olinadigan hosilning kamayib ketishi
yoki bu o’simliklarning tag-tugi bilan yo’qolib ketishi kabi hollarni
ko’plab uchratish mumkin.
Masalan: Amerikaning shimoliy-sharqida, shaftoli daraxtining
sariq kasalligi keng tarqalgan yillari yuz minglab daraxtlar,
Djordjiya shtatida esa, bu daraxtlarning «kalta bo’g’im»
(ukorochenie mejdu uzlami) kasalligiga uchrashi tufayli milliondan
ortiq meva daraxti kesib tashlandi.
Bu kasallikdan tashqari, Shimoliy Amerikada shaftolining 18
xil virus kasalligi aniqlandi. O’simliklarning virus kasalligi, G’arbiy
Afrikada millionlab kakao daraxtlarini yo’q bo’lib ketishiga
sababchi bo’ldi. Dunyo miqiyosida yetishtiriladigan kartoshka
hosili 10 foizgacha kamaydi.
Tamaki mozaikasi virusi ta’sirida Qo’shma Shtatlarning
o’zida, tamakidan kelgan zarar 18143,7 tonnani tashkil etdi.
Angliya parniklarida yetishtiriladigan pomidor hosilining kamayib
ketishi ham virus kasalliklarining natijasidir.
Virus kasalligi ko’pgina o’simliklar, jumladan, qulupnoy va
malinaning qimmatbaho navlarini yo’qolib ketishiga sabab
bo’lmoqda. Karam, lavlagi, dukkakli o’simliklar, qovoqsimonlar,
gullarning ham viruslar bilan kasallanishi qishloq xo’jaligiga
ko’plab zarar yetkazadi.
Yillar o’tishi bilan bu kasalliklarni keltirib chiqaruvchi sabablar
aniqlana boshlandi. Ayniqsa, D.I.Ivanovskiy tomonidan
viruslarning kashf etilishi mikroorganizmlar dunyosining juda
kengligini va bakteriyalardan ham mayda bo’lgan hujayrasiz
organizmlar mavjud ekanligini ko’rsatdi. Bular bakteriyalarni tutib
qoluvchi chinni filtrlardan ham o’tuvchan, turli yuqumli kasalliklar
tug’diruvchi hujayrasiz organizmlardirki, ular fanda filtrlanuvchi
viruslar «virus» so’zi lotin tilida «zahar» degan ma’noni bildiradi.
Viruslarning ochilishi va uning ahamiyati.
Filtrlanuvchi virus, dastlab, 1892 yilda rus olimi Dmitriy
Iosifovich Ivanovskiy tomonidan ochilgan edi.
D.I.Ivanovskiy 1887 yili qishloq xo’jaligida katta zarar
keltirayotgan tamakidagi mozaika (chiporlanish) kasalligini
o’rganishga kirishdi va bu kasallikning o’ziga xos belgilarini:
mozaika doimo o’simlikning yosh barglaridan boshlanishi, so’ng
o’simlik tanasiga tarqalishi, kasallangan barg rangining sekin-asta
o’zgarib borishini aniqladi. Olib borilgan tajribalarda, kasallangan
barglarda ajratib olingan hujayra shirasi bakteriyalarni tutib
qoluvchi chinni filtrdan o’tkazilib, filtrat (filtrdan o’tgan suyuqlik)
bilan sog’lom o’simlik kasallantirilganda chiporlanish alomatlari
sodir bo’ldi. Shuningdek, chiporlanish kasalligiga uchragan
o’simlikdan ajratib olingan va bakteriyalardan tozalangan hujayra
shirasi bilan ikkinchi sog’lom o’simlik, bu o’simlik ham
kasallangandan so’ng, undan ajratib olingan shira bilan uchinchi
o’simlik va hokazolar zararlantirilganda ham hujayra shirasining
kasallantirish xususiyati saqlangan. Bu holat o’simlikda kasallik
tug’diruvchi «virus»ning ko’payishidan dalolat berdi. Keyinchalik
D.I.Ivanovskiy kasallangan tamaki bargining ko’ndalang
kesmalarini mikroskop ostida o’rganib, hujayra ichida «virus
zarralari to’plami» mavjud ekanligi ni aniqlaydi. Hozirgi paytda
bu to’plam uning sharafiga «Ivanovskiy kristallari» deb ataladi.
Angliyalik mikrobiolog F.V.Tvort 1915 yili mikroblarning ham
kasallanishini aniqladi. Kasallik qo’zg’atuvchi bu agent
bakteriyalarni tutib qoluvchi filtrdan osonlik bilan o’tadi.
Mikroorganizmdan xoli, deb o’ylagan bu suyuqlik, qaytadan
mikroorganizmlarga qo’shilsa, mikro-organizmlar o’lar ekan. Tvort
filtrlangan bu suyuqlik mikroblardan ham mayda va mikroblarni
o’ldiruvchi qandaydir tirik organizm bor deb, taxmin qildi va
bakteriofaglarning ochilish davrini boshlab berdi. Xuddi shu
davrda, kanadalik bakteriolog F.D.Errel dizenteriya mikroblarida
kasallanish alomatlari borligini aniqladi. U dizenteriya bilan
kasallangan kishi axlatini bakteriyalarni tutib qoluvchi filtrdan
o’tkazib, dizenteriya bakteriyalariga qo’shilsa, dizenteriya
bakteriyalarining nobud bo’lishini aniqladi va bakteriyalarni
o’ldiruvchi – bakteriofaglarning kashf etilishi ga katta hissa qo’shdi
(«fagos» – grekcha bo’lib, «yutuvchi» degan ma’noni anglatadi).
Bakteriologiya usullarini keng ko’lamda qo’llanishi hozirgi
zamon meditsi-nasi tarmoqlarining tez rivojlanishiga turtki bo’ldi.
Ammo bu usul chechak, quturish kabi kasalliklar mohiyatini
aniqlashga ojizlik qiladi. Ko’p o’tmay Ivanovskiy yuqorida aytilgan
kasallik qo’zg’atuvchilarning bakteriyalarni tutib qoluvchi
filtrlardan o’tishi va odatdagi bakteriyalar o’sadigan oziq
muhitlarida ularning o’smasligini aniqlashda hamda yuqumli
kasalliklarni o’rganish sohasida yangi bir usul kiritdiki, bu usul
hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotmagan.
Ivanovskiy kashfiyotidan keyin «qirov» kasalligi, qoramol
o’lati, sariq bezgak, paranda va qo’ylar chechagi, cho’chqalarning
qutirishi va o’lati, it o’lati, chechak, traxoma, poliomelit,
bakteriofaglar, qizamiq va uchuq viruslari ochildi. Hozirgi vaqtda,
virusologik tadqiqotlar natijasida, viruslarning teri, miya, nerv
hujayralari, o’pka, yurak, ichak, turli bezlar va organlarni
zararlashi aniqlangan.
Bundan tashqari xatarli o’sma kasalligining yuzaga kelishida
viruslarning hissasi hisobga olinsa, hayvon va inson organizmining
hamma to’qimalari viruslar bilan kasallanishi mumkin, degan
xulosaga kelinadi.
Viruslar, barcha tirik organizmlar uchun umumiy bo’lgan
irsiyat mexanizmlari, oqsil va nuklein kislota sintezini o’rganishda
eng qulay ob’ekt bo’lib kelmoqda. Keyingi yillarda biologiya fanida