Yozuvning paydo bo‘lishi tarixi va uning jamiyat tarixida tutgan o‘rni
Reja:
1.
Yozuvning paydo bo’lishi va rivojlanish bosqichlari.
2.
Alfavit.
Yozuvning paydo bo’lishi va rivojlanish bosqichlari. Bugun biz
hayotimizni kitobsiz tasavvur qilolmaymiz. Inson o’zining uzoq yillik tarixi
davomida kitobdan yaxshiroq do’st va mehribon ustozni uchratmadi. U
insonga kamolot yo’lini ko’rsatdi va hamma vaqt og’irini yengil qilib keldi.
Lekin shuni ham unutmaslik lozimki, agar yozuv bo’lmaganda inson kitobday
bebaho do’stga sohib bo’lmagan bo’lur edi. Kitob yaratish tarixi ham ancha
qadimga borib taqaladi. Biz bu borada mukammal ma’lumot bermaymiz,
faqatgina o’tmishda yaratilgan ba`zi bir kitoblar bilan yuzaki tanishib
chiqamiz:
Sopol taxtachadagi kitob (Vavilon)
Qadimgi Misrda kitob
Papirusli kitob Qadimgi o’rama kitob
Yozuv qachon paydo bo’lgan? U qanday davrlarni boshidan kechirib,
hozirgi mavqega erishgan? Bu savollarga javob topish uchun insoniyat
tarixiga nazar tashlash, uning aqliy yuksalish bosqichlvarini birma-bir ko’zdan
kechirish lozim.
Albatta, inson, avval, gapirishni o’rgandi, so’ngra unga tajribalarini
kelgusi avlodlarga yetkazish istagi shakllandi va u qo’liga qalam (avval bu
vazifani oddiy tosh bajargan) oldi.
Xo’sh, yozuv o’zi nima? Yozuv muayyan bir tilda qabul etilgan va
kishilar o’rtasidagi muloqotga xizmat qiladigan yozma belgilar yoki tasvirlar
tizimi. U kishilarning o’zaro aloqa qilishida, fikr almashishida muhim
vositadir. Yozuvning paydo bo’lishi, aloqaning maxsus vositasi sifatida
xizmat qilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi. Yozuv tufayli kishilik tajribasi
avloddan-avlodga yetkazilmoqda. Shuning uchun ham yozuvni kishilik
jamiyati madaniy taraqqiyotining tom ma’nodagi ibtidosi, bashariyatning
uzoq va murakkab tadrijiy takomili jarayonidagi omillarning eng
asosiylaridan biri, deb hech ikkilanmasdan aytish mumkin. Faqat yozuv
borligi uchungina biz tilning tarixiy taraqqiyotini kuzatish imkoniyatiga ega
bo’lamiz, oldingi avlodlarimiz tilini o’rganib, uni tilimizning hozirgi bosqichi
bilan qiyoslash imkoniyatiga ega bo’lamiz.
Tabiiyki, yozuv tildan ancha keyinroq paydo bo’lgan. Olimlarimizning
ta’kidlashlaricha tovush tili 400-500 ming yillar ilgari yuzaga kelgan.
Yozuvning paydo bo’lganiga esa 4-5 ming yillar bo’lgan. Inson ovozi (nutqi)
zamon (vaqt) va makon (masofa) nuqtai nazaridan nihoyat cheklanganligi
hammamizga ma’lum. Ana shu cheklanishni bartaraf etish istagi va zaruriyati
yozuvning paydo bo’lishiga olib keldi. Inson o’z og’zaki tili (nutqi) bilan
fikrini muayyan va cheklangan masofaga yetkazib biladi, xolos. Boshqa
sharoitlarda tilga ehtiyoj paydo bo’lishi bilan inson bu ehtiyojni qondira
oluvchi boshqa vositalarni qidira boshladi. Bu qidiruv va izlanishlar samarasi
sifatida belgilar tizimidan iborat yozuv ixtiro qilindi.
Yozuvning paydo bo’lishi va taraqqiyoti jamiyat rivoji, shuningdek,
muayyan masofadagi kishilarning o’zaro aloqa qilish ehtiyoji, siyosiy,
huquqiy, diniy va estetik xarakterdagi axborotlarni qayd etish, saqlash
zaruriyati bilan bevosita bog’liq.
Yozuv og’zaki tilga nisbatan ikkilamchi, qo’shimcha aloqa vositasi bo’lsa-
da, unga qaraganda ko’p afzalliklarga ega. Ayniqsa, tilning insoniyat qo’lga
kiritgan tajriba – bilimlarini saqlash va avlodlarga yetkazishdan iborat vazifasi
yozuv orqali bajariladi.
Ta’kidlaganimizdek, yozuv bugungi shaklini olgunga qadar uzoq va
murakkab tadrijiy taraqqiyot yo’lini bosib o’tgan. Inson bu yo’lda juda kop
izlandi. Eng qadimgi davrlarda dunyo xalqlarining deyarli barchasida keng
tarqalgan “eslatuvchi” belgilar ana shu uzoq va zahmatli izlanishlarning ilk
ko’rinishlari edi. Masalan, muayyan miqdorni ifodalash uchun turli toshlar,
chig’anoqlardan foydalanilgan, tayoqlar, daraxtlarga har xil iplar bog’lash,
tugunlar tugib qo’yish va bu vositalar bilan muayyan axborotni esda saqlash
yoki muayyan masofaga yuborishga harakat qilingan. Gohida bir xabarni uzoq
masofaga yetkazish uchun tutun, gulxan, baraban ovozi va shu kabilar
qo’llangan. Ma’lumot yoki xabarni uzoq vaqt saqlash uchun ramziy ma’no
berilgan buyumlardan foydalanilgan: qo’rg’on – marhum ko’milgan joy
belgisi; “shaharlarni ishg’ol etish” iborasi yonayotgan xonaqoh tarzida;
“sayohat” – qator izlar silsilasi bilan; “qurbonlik qoni” – gul tasviri bilan;
slavyan qabilalarda non-tuz – do’stlik belgisi; trubka – tinchlik, sulh belgisi va
boshqalar. Tasvir rangi ham u davrlarda katta ahamiyatga ega edi. Masalan,
sariq rangga bo’yalgan odam rasmi ayol kishini, binafshrang esa yuqori
mansabdagi hukmdorni bildirar edi. Rang ramzi (nishonasi) ham qo’lyozma
madaniy yodgorliklarda katta rol o’ynar edi: ko’k rang janubni, qora va qizil
ranglar “xiradmandlik” va “yozuv” tushunchalarini bildirar edi. “Buyumli
yozuv” nomi bilan yuritiladigan bunday axborot vositalarining qoldiqlarining
ba’zilari hozir ham saqlangan. Masalan, biror fikrni esdan chiqarib qo’ymaslik
uchun ro’molchaning uchini tugib qo’yish odatini yodga olish mumkin.
Bunday holatni o’zimizning afsonalarimizda ham uchratish mumkin.
Masalan, ba’zi afsonalarda asosiy qahramon yovuz kuchlar ta’qibiga uchrab
qochadi va ulardan omon qolish uchun turli xil buyumlardan foydalanadi.
Masalan, qayroqtosh, oyna va taroq. Agar asar qahramoni orqasiga oynani
tashlasa katta dengiz paydo bo’ladi, agar taroqni tashlasa kishi o’tmas o’rmon
hosil bo’ladi, agar toshni tashlasa baland cho’qqili tog’ paydo bo’ladi va
yozuv kuchlar bu to’siqlardan o’tolmaydilar.
Neolit davriga kelib odamlar ba’zi hodisa va voqealarni uzoq masofaga
yetkazish niyatini jonli va jonsiz narsalarning rasmini chizish orqali amalga
oshirganlar. Bunday yozuv frazeografiya deb nom olgan. Frazeografiya -
fraza, gap, grafiya - yozaman, ya’ni gap yozaman ma’nosini bildiradi.
Frazeogramma yozuvi ikki turga bo’linadi: a) aks (tasvir) yozuvi; b)
qadimgi shartli alomatlar. Aks (tasvir) yozuvini piktografiya (piktus-
tasvir, grafiya-yozaman) deb ataganlar. Piktografiya (rasmli yozuv)da rasm
bilan yozuv o’rtasida uzviy bog’liqlik mavjud bo’lgan, chunki har ikkalasi
ham ko’rish orqali idrok qilinadi. Piktografik yozuvni ibtidoiy tasviriy san’at
ichida yuzaga kelgan deyish mumkin. Ma’lumki, arxeolog olimlarimiz juda
ko’p qadimiy rasmlarni kashf etganlar. G’or devorlari, turli xildagi toshlar,
suyaklar va boshqa predmetlarga o’yib ishlangan xilma-xil hayvonlarning
rasmlari, umumiy mazmunga birlashuvchi tasviriy lavhalar – bularning bari
piktografik yozuvning asoslaridir.
Xulosa qilib aytish mumkin, ibtidoiy tasviriy san’at ikki yo’nalishda –
umuman rasmlar va muayyan axborot vositasi, ya’ni yozuv sifatida shakllana
borgan. Buni dunyo tillarining juda ko’pchiligidagi “yozmoq” ma’nosidagi
so’zlarning etimologiyasiga e’tibor qilganda ham bilish mumkin. Bunday
so’zlarning etimologiyasida asosiy mazmun rasm chizish jarayoni bilan
bog’liq holda namoyon bo’ladi. Masalan, qadimgi turkiy tillarda “yozmoq”
tushunchasi “bit(i)moq” fe’li (“bitik” – yozuv, kitob) bilan ifodalangan. Bu
fe’lning o’zagi xitoycha “bi” (mo’yqalam) so’zi bilan aloqador bo’lib,
dastlabki ma’nosi “o’ymoq, o’yib bezamoq”, undan keyin “yozmoq”
demakdir. Slavyan tillardagi “pisati” (rus. “pisat” – “yozmoq”) fe’lining
ma’nosi ham dastlab mo’yqalamda rasm chizish bilan bog’liq bo’lgan (rus.
“jivopis” – rangtasvir so’zi bilan qiyoslang). Bu fe’lning o’zagi lot.
“pingere” (rasm solmoq) so’zi bilan aloqadordir, “pisati” fe’lining dastlabki
ma’nosi, ko’rinadiki, “rasm solmoq”, “bezamoq”-dan iborat bo’lgan.
Gotcha “melian” (yozmoq) fe’lining dastlabki ma’nosi ham mo’yqalamda
“rasm solmoq” bo’lib, bu fe’l hozirgi nemis tilida “malen” shaklida va “rasm
solmoq” ma’nosida qo’llanadi. Yunon tilidan ko’pgina tillarga o’tgan
“grafika” so’zi ham etimologik jihatdan o’yish, tirnash tushunchalarini
ifodalaydi. Yoqorida keltirganlarimiz barcha misollar yozuvning rasm bilan
uzviy bog’liq ekanligini yaqqol ko’rsatadi.
Qadimgi shartli alomatlar sirasiga avlod va qabila nishonlari, avlod,
qabila va shaxs mulki alomatlari (masalan, tamg’a, dog’), ustalar muhri va
boshqalar kirardi. Bu nishon va alomatlar uy hayvonlari, qurol-aslaha,
sapoldan yasalgan idishlar va hatto asirlar (qullar)ga qo’yiladi. Tilga olingan
qadimgi shartli belgi va alomatlarni hozir ham ba’zi bir taraqqiyotdan orqaga
qolgan xalqlar (masalan, Amerika hindulari, Uzoq Shimol, Afrika, Avstraliya
xalqlari) ishlatishadi. Taraqqiyot bilan baravar qadam tashlayotgan xalqlar
ham bu belgi va alomatlarga ayrim hollarda murojaat qilishadi. Masalan,
pogonlar, oliy maktab, gerb va bayroqdagi nishonlar, xaritalardagi belgilar
bunga misol bo’la oladi.
Keyinchalik rasmlarning soddalashuvi, ularning o’zlari ifoda etgan
buyumlarning nomiga, ramziga aylanishi va asta-sekin bu ramzlarning og’zaki
til bilan doimiy bog’lanishi yozuvning takomillashib borishini belgilab berdi.
Yozuv belgilari ideografik, ieroglifik belgilar sifatida muayyan so’zlarning
ifodachilariga aylandi, bu yozuv “so’z yozuvi” yoki “logografik yozuv”
nomi bilan umumlashtiriladi. Eng qadimgi logografik yozuv tizimlari (misr
ieroglifikasi, Eron hududida Haxomanishlar hukmronligi davrida amal qilgan
mixxatlar, xitoy ieroglifikasi va boshqalar. 1- va 2- rasmlar) miloddan avvalgi
4-ming yillikning oxiridan miloddan avvalgi 2-ming yilliklarning
boshlarigacha bo’lgan davrda shakllangan. Haqiqiy ma’nodagi yozuv tizimlari
dastlab Qadimiy Sharqda vujudga kelgan.
1- rasm. Shumer mixsimon xati, eramizdan 4 ming yil avval
2- rasm. Grek yozuvi, eramizdan 3 ming yil avval
Logografiya (logos - so’z, grafiya - yozaman) yozuvdagi har bir alomat
(logogrammalar) bir so’zni bildirar edi. Bu yozuvda, alomatlar miqdor so’zlar
miqdoriga, aniqrog’i mustaqil fe’l (xabar)ning semantik vohidlariga tengdir.
Logografik yozuvning piktografik yozuvdan afzalligi quyidagilardan
iborat:
a) logografik yozuv xabar qilinishi lozim bo’lgan mazmunni ancha
mufassal aks ettira oladi.
b) piktografik yozuvda so’z tarkibi va so’z shakllari noaniqroq, logografik
yozuvda esa aniq bo’ladi.
Logografik yozuvning birinchi mukammallashgan shakli ieroglifik
yozuvdir. “Ieroglifik” so’zi yunoncha so’zdan olingan bo’lib, “muqaddas
yozuv” degan ma’noni anglatadi. Bu yozuvdan dastavval Arabistonda keng
foydalanilgan. Keyinchalik Xitoy davlati ham shu yozuvga o’tadi va bu
yozuvdan hozirgi kunda ham foydalanib kelinmoqda.
I-II asrlarda Stoy Shenm Xitoy ierogliflarining katalogini tuzib, bunda
10,5 ming ieroglifni kiritadi. Xitoy tilining to’liq lug’atlarida 40 ming
iyerogliflar qayd qilingan.
Yozuvning ommaviylashuvi uchun uni, albatta, osonlashtirish,
soddalashtirish, qulaylashtirish zarur edi. Masalan, “ko’z yoshi” so’zini yozib
ko’rsatish uchun “ko’z” va “suv”ning kombinatsiyasi ko’rsatilgan. Lekin
bunday soddalashtirish unumsiz edi.
Yozuv tarixining uchinchi bosqichga orfografiya yozuvlari kiradi. Bora-
bora logogrammalar so’z asosi (morfemalar)ni bildiradigan bo’ldi (masalan,
kelishik qo’shimchalari) va natijada morfemografiya yozuvlari keng tarqaldi.
To’rtinchi tur yozuvlar, bu sillabografiya (bo’g’in) yozuvlaridir. Bunda
har bir alomat bir bo’g’inni ifodalaydi. Bu yozuv turi milodgacha bo’lgan 2-1-
ming yilliklarda paydo bo’lgan. Bu yozuvni uch guruhga bo’ladilar: birinchi
guruhga mayya, mexiy va koreya yozuvlari kiradi. Bularda alomatlar har xil
bo’g’inlar - alohida unlilar, undosh va unli ovozlarni ifodalaydi. Ikkinchi
guruhga krit(?), kipr, habash va yapon yozuvlari mansubdir. Uchinchi guruhga
hind yozuvlari kiradi.